2.2 Maktabgacha ta’lim muassasalarida va oilada jismoniy tarbiya bayramlarini o‘tkazish metodlari
Hozirgi kunda maktabgacha yoshdagi bolalarning jismoniy tarbiyasi tizimida bolalar faol dam olishining eng maqbul va samarali shakli sifatida namoyon bo‘lgan sport bayramlari mustahkam o‘rin egallaydi. Sport bayramlari bolalarning har tomonlama rivojlanishi va tarbiyasi uchun katta ahamiyatga ega. Bayram vaqtida bolalar turli xil harakat faoliyatida – mashqlar, harakatli o‘yinlar va sport o‘yinlari, estafeta, raqslar attraksionda qiziqib ishtirok etadilar. Katta emotsional ko‘tarinki ruh bilan harakat qilib musobaqa sharoitida eng yaxshi natijalarga erishishga intilib, bolalar jismonan takomillashadilar. Tengdoshlari jamoasidamustaqillik va tashabbuskorlikni namoyon bo‘lishi bolalar bilan ilgari o‘zlashtirilgan harakat ko‘nikma va malakalarning faol qo‘llanishiga, epchillik, tezlik, chidamlilik va boshqa foydali sifatlar hamda qobilyatlarni rivojlantirishga yordam beradi. Bayramlarga qatnashish va ularga tayyorlanish davomida bolalar katta emotsional va estetik qoniqish hosil qiladilar, umumiy quvonchli kechinmalar bolalar va kattalarni birlashtiradi, ularning xotirasida saqlanib qoladi. O‘rtoqlar bilan birgalikdagi faoliyat o‘yinlar, bayram va boshqa musobaqa turlari o‘tadigan joylarning chiroyli jihozlanishi, ajoyib kiyimlar, rang-barang emblemalar, musiqani yangrashi, bayramni tantanali ochilishi va yopilishi bolalarda go‘zallik hissi, yaxshi did, tasavvurini rivojlanishiga ta’sir qiladi. Bularning barchasi bolalar ijodini rag‘batlantiradi. Sport bayramlari bola shaxsiyatining shakllanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Bolalar o‘rtoqlari yutug‘i va mag‘lubiyatlarini birgalikda boshdan kechirishga, ular yutuqlariga xursand bo‘la olishlariga, o‘zaro yaxshi, do‘stona munosabatlarini qo‘llab-quvvatlashga, o‘zidan kichiklarga g‘amxo‘r bo‘lishiga o‘rganadi. Ularda nafaqat individual, balki jamoa yutuqlariga erishishga intilish tarbiyalanadi. Maktabgacha ta’lim muassasalaridagi sport bayramlari dasturidagi ko‘rsatmalarga muvofiq ravishda tashkil qilinadi. Ularning yil mobaynidagi soni (o‘rta guruhda bir yilda ikki marta, katta va tayyorlov guruhlarda-uch marta), o‘tkazish davrlari davomiyligi (60 minut, 1 soat, 30 minut), bolalarning yoshi, bayram o‘tkazish sharti, vazifalari va mazmuniga muvofiq farqlanadi. Yil boshida sport bayramlari o‘tkazilishini aniq belgilash maqsadga muvofiqdir. Bu esa sport bayramlarini, “Navro‘z”, “Mustaqillik” va boshqa umumxalq tantanalari kunlari bilan qo‘shib olib borish imkonini beradi. Bayram dasturini tuzishda turli yil fasllari o‘rtasidagi bog‘lanishni e’tiborga olish zarur. Sport bayramlarini yozgi sog‘lomlashtirish davrida tashkil qilish qulay. Bunday bayramda barcha bolalarning faol harakati bayramni nishonlashning ta’lim va tarbiyaviy ahamiyatining muhim omilidir. Ochiq havoda tashkil qilingan sport bayramlaribolalarni sog‘lomlashtirish va chiniqtirish uchun juda katta foyda keltiradi. Bayram vaqtida bolalarning kiygan kiyimlari yuqori harakatlanish faoliyatiga mos bo‘lishi kerak. Sport bayramlarini xonada o‘tkazish uchun qoidalarga rioya qilish, bolalarning ochiq havoda bo‘lish vaqtini bayramlar hisobiga qisqartirishga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Umumxalq bayramlarini va boshqa bayramlarni o‘tkazishda yaqinda joylashgan sport inshootlari, maydon, manej, sport zallari, basseyn va boshqalardan keng foydalanish tavsiya etiladi. Bu esa bolalar qalbida bir umr muhrlanib qoladi. Bayramlarni tashkil qilishga bo‘lgan muhim talablardan yana biri ularni turli yil fasllarida o‘tkazishdir. Shunga ko‘ra, ular turli xil tabiiy shart-sharoitlarda o‘tkazilishi mumkin. Bayramning o‘tkazilish joyi ko‘p holda uning mavzusi, tuzilishi, tayyorlov ishlari va jihozlanishning o‘ziga xosligiga bog‘liqdir. Bayram dasturini tuzishda, mavzusini aniqlashda, mazmuni va jihozlanishni tanlashda iqlim-geografik, iqtisodiy, ijtimoiy sharoitlarning o‘ziga xosligi, O‘zbekiston Respublikasi, viloyat, tuman, milliy an’analari xususiyatlarini hisobga olish maqsadga muvofiq. Sport bayramini muvaffaqiyatli o‘tkazishni ta’minlash uchun unga o‘z vaqtida tayyorgarlik olib borilishi kerak. Bayramlar soni, ularni o‘tkazish muddatlari maktabgacha ta’lim muassasasi ish rejasida belgilanadi. Jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari katta guruhlarda haftasiga 2 marta, tayyorlov guruhlarida 3 marta mashg‘ulot o‘tkaziladi. Ular katta guruhlarda 20-25 minut, tayyorlov guruhlarida esa30-35 minut davom etadi. Tayyorlov guruhlarida uchinchi mashg‘ulot kunning ikkinchi yarmida, uyqudan so‘ng o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlarning mazmuni katta va tayyorlov guruhlarda bir tomondan ko‘pgina yangi, ancha murakkab mashqlar hisobiga, ikkinchi tomondan egallab olingan ayrim malakalar beixtiyor amalga oshiriladigan harakatlar hisobiga murakkablashib boradi. Asosiy har akatlar qoidasini va umumrivojlantiruvchi mashqlar qoidasini o‘rganishni chuqurlashtirish, davom etadi. Katta guruhlarda harakatlarni o‘rganishning boshlanishidanoq odatdagi xatolarni o‘z vaqtida aytib o‘tish mumkin. U guruh bolalar bilan har doim o‘tkaziladigan, amaliyotda ko‘p qo‘llanadigan aralash tipdagi mashg‘ulotlardan tashqari mu jassam mashg‘ulotlar keng o‘rin egallay boshlaydi. Bunday mashg‘ulotlarda tarbiyachi va faqat bir maqsadni ko‘zlamasdan bir mashg‘ulotda ikki va uchta maqsadni ko‘zlashi mumkin. Masalan: bolalarni shakllar bilan tanishtirish, yurish, yugurishga o‘rgatish, saflanish va qayta saflanishga o‘rgatishni davom ettirish. Bu maqsadga erishish uchun tarbiyachi jismoniy mashg‘ulotlarning kirish qismida bolalarni buben jo‘rligida turli yurishlarga o‘rgatib boradi va ularni turli shaklda (doira, to‘rtburchak, uchburchak) saflanishlarni taklif etadi. Bu yoshdagi bolalar bilan mashg‘ulot o‘tkazish jarayonida og‘zaki, ko‘rgazmali va amaliy metodlardan keng foydalaniladi va bolalarni mashg‘ulotlarda uyushtirish metodlari frontal, guruhiy, individual, musobaqa metodlaridan foydalanadi. Harakatlarni va harakat sifatlarini har tomonlama rivojlantirishga mashq va o‘yinlar o‘tkazishning musobaqa metodi yaxshi yordam beradi. Endilikda bolalar harakatli musobaqalarda komanda tarkibida jamoa bo‘lib ishtirok etishni uddalaydigan bo‘lib qoladilar. Musobaqalar bolalarning harakat qobiliyatlari maksimal sur’atda namoyon bo‘lishiga yordam beradi, harakat malakasi va sifatlarining jadal sur’atda takomillashuviga olib keladi. Ko‘pincha tayyorlov guruhida turli o‘yin-estafetalar o‘tkazilgan vaqtda mana shunday komanda bo‘lib musobaqalashishga to‘g‘ri keladi
Maktabgacha tayyorlov guruh bolalariga mo‘ljallangan taxminiy mashg‘ulot Mashg‘ulotning vazifasi: bolalarni orqa bilan yurishga mashq qildirib o‘rgatish, to‘p olib yurishni takrorlash – to‘pni qo‘llar bilan uzatish va jismoniy sifatlarni rivojlantirish. Jihozlar: plan-konspekt, qum xaltacha, tayoqcha, to‘ldirma to‘plar.
I qism. Oddiy yurish mashqi, oyoq uchlarida va yarim cho‘qqayib yurish; polga o‘tirish, turish, ishoraga qarab turli tomonlarga tarqalib yugurish, navbatdagi ishora bilan sherengaga saflanish, sherenga bo‘lib oldinga va orqaga yurish, o‘ngga burilish va zal bo‘ylab bir-birining orqasidan (ikki marta doira yasab) yugurish, zveno bo‘lib saflanish
II qism. Umumrivojlantiruvchi mashqlar. 1.D.h.: tik turish, tovonlarni juftlab uchlarini ochish, qo‘llar bosh orqasida. B.: 1–2 qo‘llarni yon tomonlarga kaftni yuqoriga qilib uzatish, oyoq uchlarida ko‘tarilish (8 marta). 2. D.h.: shu holatning o‘zi qo‘llar pastga tushirilgan. B.: 1-4 qo‘llar navbatma-navbat va baravariga aylanma harakat qilish (8-10 marta). 3.D.h.: oyoqlarni chalishtirib chordona qurib o‘tirish, qo‘llar belda; B.: o‘ngga burilish; o‘ng qo‘lni yon tomonga uzatish va unga tikilish. O‘sha harakatlarning o‘zini chap tomonga takrorlash (6 martadan). 4. D.h.: tizzada o‘tirish, qo‘llar pastga tushirilgan. B.: 1-2 tizzaga engashish, boshni engashtirib tizzagacha bukish, 3-4 qo‘llarni oldinga uzatish va dastlabki holatga qaytish. Rostlanish (4-6 marta). 5. D.h.: chalqancha yotib, qo‘llarni gavda bo‘ylab uzatish. B.: 1-2 oyoqlarni tikka uzatib, asta-sekin yuqoriga ko‘tarish, 4 ohista tushirish (6 marta). 6. D.h.: qorin bilan yotib, qo‘llarni po‘lga tirash. B.: 1-2 qo‘llarni po‘ldan uzish, 3–4 oyoqlarni poldan ko‘tarib cho‘zish, dastlabki holatga qaytish (6 marta). 7. D.h.: shuning o‘zi, qo‘llar yuqoriga ko‘tarilgan. B.: 1-2 orqa bilan o‘girilib, chalqancha yotib olish, 3-4 qorin bilan yotib olish (bunda qo‘llar bilan yordam bermaslik kerak). Asosiy harakat turlari 1. Qopchani yotiq nishonga 3 metr masofadan pastdan uloqtirish (5-6 marta); 2. Tayoqcha ustidan o‘ng va chap yon bilan sakrab o‘tish (6 marta); 3. To‘ldirma to‘plar orasidan oyoq uchida yurish (2-3 marta). Tarbiyachi 3 savatcha qo‘yadi. Bolalar nishondan 3 metr narida joylashadilar, har bir bolaning qo‘lida 2 tadan qopcha bo‘ladi. Qopchalardan biri qo‘lida bo‘lib, ikkinchisi poldayotadi. Tarbiyachining ishorasiga binoan bolalar qopchalarini nishonga otadilar (2 marta). Zal o‘rtasiga 2 ta tutqich qo‘yilib, unga poldan 40 sm baland qilib tizimcha tortiladi. 1-guruh bolalari uning tagidan o‘ng va chap yon bilan o‘tadilar (3-4 marta takrorlanadi). So‘ngra bolalar bir qator bo‘lib to‘ldirma to‘plar orasidan muvozanat saqlab yurish mashqini bajaradilar. Harakatli o‘yin. «Ovchilar va quyonlar»
III qism. «Ovozidan top» tinch o‘yini.
Xulosa
Bolalarni oilada va davlat muassasalarida jismoniy tarbiyalashning vazifalari yagonadir, ular ota-onalar va maktabgacha ta’lim muassasalarining umumiy harakati bilan hal qilinishi lozim. Ishchi va xizmatchilarga dam olish kunlari, ko‘p bolali oilalar va yosh bolasi bo‘lgan ayollarga qo‘shimcha imtiyozlar yaratilishi - bularning hammasi ota-onalarga o‘z bolalarining tarbiyasiga ko‘p vaqt ajratish imkonini beradi. Oilada jismoniy tarbiyani to‘g‘ri amalga oshirish uchun ota-onalar bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalarida, shuningdek, bolalarning sport maktablarida qanday jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanishlarini va kun hamda butun hafta davomida qanday jismoniy yuklama bajarayotganligini bilishlari zarur. Maktabgacha ta’lim muassasasiga qatnamaydigan bolalarning ota-onalari ularning to‘liq jismoniy rivojlanishini ta’minlashga majburdirlar. Oilada tarbiyalanayotgan bolalarga jismoniy tarbiya vositalari kompleksi qo‘llanishi muhim. Ular uchun eng qulay gigiyena sharoitlarini yaratish, tabiatning tabiiy omillari (quyosh, havo, suv)dan foydalanish muhimdir. Oila tarbiyachisi bola bilan ertalabki gimnastika, jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari, harakatli o‘yinlarni hovlida, maxsus jismoniy tarbiyaga oid jihozlangan xonalarda yoki imkoniyatlardan kelib chiqib jixozlanmagan xonalarda ham tashkil etishi mumkin. Bunda havoning haroratiga qarab ochiq havoda o’tkazilishi maqsadga muvofiqdir. Hozirgi davrda, Mustaqil O‘zbekistonda ko‘pgina oila bolalarining tarbiyasiga oila tarbiyachisini yollamoqdalar. Maktabgacha ta’lim muassasasidagi tarbiyaning dastur vazifalariga muvofiq tarzda barcha asosiy harakatlarning rivojlanishiga yordam beradigan jihozlar tanlanadi. Masalan, bolalarni sakrashga o‘rgatish mashg‘ulotlarida qator maxsus qo‘llanmalar: sakrab o‘tish uchun zarur narsalar (arqonlar, kubiklar, to‘siqlar); sakrab o‘tish paytida o‘yinchoqlarni osib qo‘yishga kerak bo‘ladigan ustunlar; gimnastika yashigi - qutisi (tepalikkairg‘ib chiqish, balanddan sakrab tushish); sakrash bilan bajariladigan harakatli o‘yinlar uchun atributlar talab etiladi. Bolalar harakatlari rivojlanishining yosh xususiyatlari va ularning jismoniy tayyorgarligiga oid bilimlarga asoslangan holda, topshiriqlarni asta-sekin murakkablashtira borish muhimdir. Masalan, tirmashib chiqishga mo‘ljallangan mashqlar dastlab qiyaroq narvonchalarda, uncha baland bo‘lmagan tik narvonlarda, keyinroq gimnastik devorlarda, zinali arqonlarda, langar cho‘p, arqon, piramida va boshqalarda o‘tkaziladi. Muvozanatni saqlash bo‘yicha o‘tkaziladigan mashqlar uchun uzun arqonlar, har xil uzunlik va kenglikda taxtalar, taxtachalar, g‘ishtlar, qiya taxtalar, qiya maydonchalar, har xil balandlikdagi gimnastik skameykalar, maydonchadagi o‘rnatilgan har xil shakldagi to‘nkalar bo‘lishi zarur. Har xil maqsadlar uchun foydalaniladigan jihozlar alohida qiziqish uyg‘otadi: tebranma kursilar, qirra yuzasidan yurish, tirmashib chiqish, emaklab tagidan o‘tish, tebranish; gardish aylantirish umumrivojlantiruvchi mashqlarni bajarish, uloqtirish (tik osilganida yoki polga qo‘yilganida); qarama-qarshi devorlarga mustahkamlangan reykalar, voleybol to‘rlarini, sakrab ushlash uchun shnurlarni osib qo‘yishga; hatlab o‘tish, tagidan o‘tib yurish uchun arqonlarni osish qulaydir. Jismoniy tarbiya inventarlari mashqlar doirasini kengaytirish, o‘ziga xos harakat malakalarini shakllantirishga yordam beradi. Masalan, har xil vertikal, aylanma, gorizontal, harakatlanayotgan, harakatli tebranma nishonga irg‘itish; halqa tashlash (har xil balandlikda joylashgan qiya joylarga, arg‘imchoqlarga halqa tashlash); juft bo‘lib, kichik guruh bilan mashqlar bajarish (tayoqchalar, langar cho‘plar shnurlar, katta halqa). Umumiy rivojlantiruvchi mashqlar to‘plamiga tuzilishi bo‘yicha har xil harakatlarda foydalaniladigan inventarlar (lentalar, pirpiraklar, ro‘molchalar, bruslar, tayoqchalar va boshqalar) kiradi. Ular umumrivojlantiruvchi mashqlarning organizmga ta’sirini kuchaytirishga yordam beradi. Maxsus tanlangan inventarlar va o‘yinchoqlar muskulning ayrim bo‘limlarini maqsadga yo‘naltirilgan tarzda ta’sir etish imkonini beradi. Masalan, panja va barmoq muskullarining rivojlanishiga yig‘ma o‘yinchoqlar, mayda o‘ynichoqlar, yirik munchoqlarni terib chiqish yordam beradi. Bu o‘yinlar bolalarga ilk yoshdanoq tavsiya etiladi. Kattaroq yoshdagi bolalarga mozaykalar (yassi, qo‘ziqorinsimon, hajmli), konstruktorlar, qoqib kiritadigan o‘yinlar) “O‘z rangini topib qo‘y”, “Epchil kalavachilar va boshqalar) bilan o‘tkaziladigan mashqlar ham foydalidir. Oyoq muskullarini mustahkamlash uchun g‘o‘lacha va tayoqchalar (o‘ngga va chapga qadam tashlash), chizimchalar, halqachalar, sharchalar (barmoqlar bilan ushlash uchun), to‘pchalar (irg‘itish uchun), har xil konstruksiyadagi qirrali taxtachalarni qo‘llaydilar, maydonda yuzi har xil (qum, chim, shag‘al, qipiqlar bilan) yo‘llar quradilar.
Foydalanilgan adabiyotlar royxati
Ta’lim to’g’risidagi Qonun 2020-yil Toshkent
Maktabgacha ta’lim va tarbiyaning Davlat standartlari Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-dekabrdagi 802-son qarori
“Ilk qadam” davlat o’quv dasturi Toshkent-2018-yil
Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish Chora-tadbirlari to’g’risida” O’zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3261sonli qarori
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Mirziyoyev Shavkat Miromonovichning O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 25-yilligiga bag`ishlangan “Konstitutsiya — erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishning mustahkam poydevoridir” nomli ma’ruzasidagi nutqidan
Mirziyoyev Sh.M. “Yoshlar – O’zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi” 2020-y O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017 — 2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida». 2016 yil 29 dekabr PF - 2707 –sonli qarori.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-sentabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PF–5198-sonli Farmoni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8-maydagi PQ-4312-sonli
“O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish
konsepsiyasi”//lex.uz
Sodiqova Sh. “Maktabgacha pedagogika” darslik. Toshkent.2017 yil.
Qayumova N.M. “Maktabgacha pedagogika” TDPUnashriyoti -T.: 2013 y.
R.X. Djurayev, S.T.Turg’unov “Ta’lim menejmenti” T.: 2006 y.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-sentabr kun «Maktabgacha ta'lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Qarori
Ochilov M.” Muallim qalb me’mori”,Toshkent ”Tarbiyachi” nashriyoti, 2001y.
F.Qodirova va boshqalar “Maktabgacha pedagogika” darslik 2019-yil