Prenatal davr. Organizmning individual o‘sishi va rivojlanishi tuxum hujayrasining urug‘lanishidan boshlanadi. Urug‘langan tuxum hujayra blastomerlarga bo‘linadi va bu jarayon 5-6 kun davom etadi. Blastomerlar bir haftalik bo‘lgandan boshlab bachadonning shilliq kavatida rivojlanadi. Keyingi ikki haftada gastrulyatsiya jarayoni bo‘ladi va a'zolar shakllana boshlaydi. Gastrulyatsiya davomida embrionning ikki qavati ekto - va endodermalar hosil buladi. Keyinchalik ular orasida uchinchi qavat - mezoderma paydo bo‘ladi. Endodermadan ovqat hazm bo‘lishida ishtirok etuvchi bezlar, oshqozon va ichaklar shilliq qavatlari, ichki sekretsiya bezlar, o‘pkalar hosil bo‘ladi. Olti haftali homilaning bo‘yi 2 santimetrga yetadi, unda bilinar-bilinmas qo‘l va oyoq panjalari, ustki va pastki jag‘lar shakllana boshlaydi. Sakkiz haftali homilaning bo‘yi taxminan 4-5 santimetrga yetadi, bosh qismi kattalashadi, bosh miya yarim sharlari rivojlana boshlaydi. Uning yuz qismdagi a'zolarni ham bir-biridan ajrata olish mumkin.
Uch oylik embrion odam qiyofasiga kirgan bo‘ladi va embrion yo‘ldosh yordamida oziqlanishga o‘tganda homila davri boshlanadi. Homilaning uzunligi o‘rtacha 8-10 sm bo‘lib, bosh qismi tanasiga nisbatan katta bo‘ladi. Uning yuz qismi to‘liq shakllanadi. Homila hayotining 28 haftasida tez o‘sadi va rivojlanadi hamda ona organizmidan tashqarida hayot kechirishga layoqatli bo‘ladi. Bunday homilaning bo‘yi 35,5 sm va massasi esa 1300 g bo‘ladi. To‘kqiz oylik homilaning bo‘yi 50 santimetrga yaqin, og‘irligi esa 3,0 — 3,5 kilogrammga yetishi mumkin. Har bir organizmning prenatal davrda bosib o‘tiladigan hayot jarayonlari, a'zo va tizimlarning shakllanishi genetik dasturga kiritilgan bo‘lib, dasturning rivojlanishida tashqi muhit omillarining (ijtimoiy omil, ovqatlanish omili, iqlim omillari va boshqalar) roli katta bo‘ladi.
Postnatal davr. Prenatal davrning oxirgi kunlarida odam organizmi funktsional jihatdan tug‘ilishga tayyor bo‘ladi va bunday organizm tug‘ilganidan keyin tashqi muhitga moslasha olish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Moslashish nerv, endokrin, nafas olish, ovqat hazm bo‘lishi, yurak-qon tomirlari, ayirish tizimlarining funktsional shakllanishiga bog‘liq. Ba'zi tizimlar tuzilish jihatdan shakllangan bo‘lsada, funktsional shakllanishi nihoyasiga yetmagan bo‘ladi. Tanadagi barcha to‘qimalar o‘sadi, biroq bu jarayonning tezligi odam umrining turli davrlarida bir xil bo‘lmasdan, turli tizimlar tarkibiga kiradigan to‘qimalar va a'zolar uchun har xil bo‘ladi. O‘sish jarayonining yoshga oid chegaralari mavjud, chunonchi o‘smir qizlar uchun u taxminan 16-18 yoshgacha, o‘smir bolalar ychyn 18-20 yoshgacha davom etadi. A'zo va tizimlarning o‘sish va rivojlanish jarayonlari geteroxron holda, ya'ni birtekis bormaydi.