112-modda. Xodim bilan muddatli mehnat shartnomasi tuziladigan hollar Muddatli mehnat shartnomasi:
mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, mehnat shartnomasiga muvofiq ish joyi o‘zida saqlanib qoladigan, yo‘q bo‘lgan xodimning majburiyatlarini bajarish vaqti uchun;
vaqtinchalik (ikki oygacha) ishlarni bajarish vaqti uchun;
tabiiy sharoitlar tufayli ish faqat muayyan davr (mavsum) ichida amalga oshirilishi mumkin bo‘lganda mavsumiy ishlarni bajarish uchun;
ish beruvchining odatdagi faoliyati doirasidan tashqariga chiqadigan ishlarni (rekonstruksiya qilish, montaj qilish, ishga tushirish-sozlash ishlari va boshqa ishlar), shuningdek ishlab chiqarishni yoki ishlar (mahsulot, xizmatlar) hajmini oldindan ma’lum bo‘lgan vaqtinchalik (bir yilgacha) kengaytirish bilan bog‘liq ishlarni bajarish uchun;
ta’sis hujjatlariga binoan oldindan belgilangan muddatga tashkil etilgan tashkilotlarga ishga kirayotgan shaxslar bilan;
ishning tamomlanishi aniq sana bilan belgilanishi mumkin bo‘lmagan hollarda muddatli xususiyatga ega bo‘lgan, oldindan belgilangan ishlarni bajarish uchun qabul qilinadigan shaxslar bilan;
ishlab chiqarishda o‘qitish shartnomasi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ishlarni bajarish, haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotini yoki stajirovkani o‘tash uchun;
mehnat organlari tomonidan vaqtinchalik xususiyatga ega bo‘lgan ishlarga yoki haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yuborilgan shaxslar bilan;
muqobil xizmatni o‘tash uchun yuborilgan fuqarolar bilan;
O‘zbekiston Respublikasiga uning hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qonuniy ravishda kirib kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilan tuziladi.
Muddatli mehnat shartnomasi ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunga muvofiq o‘zga hollarda ham tuzilishi mumkin.
113-modda. Xodim bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin bo‘lgan hollar Xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra muddatli mehnat shartnomasi:
mikrofirmalar yoxud yakka tartibdagi tadbirkorlar bo‘lgan ish beruvchilarga ishga kirayotgan shaxslar bilan;
jismoniy shaxslar bo‘lgan ish beruvchilarga shaxsiy xizmat ko‘rsatish va uy xo‘jaligini yuritish bo‘yicha yordam berish maqsadida ishga kirayotgan shaxslar (uy ishchilari) bilan;
cho‘ldagi, baland tog‘li, aholisi kam bo‘lgan tumanlarda joylashgan tashkilotlarga ishga kirayotgan shaxslar bilan, agar bu ish joyiga ko‘chib o‘tish bilan bog‘liq bo‘lsa. Bunday tumanlarning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda belgilanadi;
halokatlar, avariyalar, baxtsiz hodisalar, epidemiyalar, epizootiyalarning oldini olish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirish, shuningdek ushbu va boshqa favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etish uchun;
madaniy-tomosha tashkilotlarining, televideniye, radioeshittirish tashkilotlarining va boshqa ommaviy axborot vositalarining ijodiy xodimlari, professional sportchilar, shuningdek asarlarni yaratishda va (yoki) ijro etishda (namoyish etishda) ishtirok etuvchi boshqa shaxslar bilan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda ishlar, kasblar, lavozimlarning tasdiqlanadigan ro‘yxatlariga muvofiq;
agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, o‘z tashkiliy-huquqiy shakllaridan va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, tashkilotlarning rahbarlari, rahbar o‘rinbosarlari va bosh buxgalterlari, shuningdek ular alohida bo‘linmalarning rahbarlari bilan;
kunduzgi o‘qitish shakli bo‘yicha ta’lim olayotgan shaxslar bilan;
o‘rindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar bilan tuzilishi mumkin.
Xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra muddatli mehnat shartnomasi ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunga muvofiq o‘zga hollarda ham tuzilishi mumkin.