223
Dastlabki tirik organizmlar – protobiontlar, geterotrof bo‘lgan, ya’ni tayyor
organik moddalar bilan oziqlangan. Atmosferada erkin kislorod bo‘lmagani
uchun hayotiy jarayonlar anaerob usulda kechgan. Abiogen sintez juda
sekin kechgani uchun organik moddalar zaxirasi kam bo‘lgan. Evolutsiya
jarayonida tabiiy tanlash ta’sirida avtotrof organizmlar kelib chiqqan. Fotosintez
xususiyatiga ega organizmlar – birlamchi ko‘k-yashil suvo‘tlarining kelib
chiqishi eng yirik aromorfozlardan biri hisoblanadi. Fotosintez atmosferani
kislorod bilan boyitadi. Fotosintezning kelib chiqishi organizmlarning abiogen
sintezlanuvchi organik moddalar uchun raqobatini susaytiradi. Fotosintez
natijasida atmosferada ozon ekranining paydo bo‘lishi ultrabinafsha nurlarining
halokatli ta’siridan organizmlarni himoya qiladi. Atmosferada erkin kislorod
paydo bo‘lishi natijasida organizmlar aerob nafas olishga o‘ta boshlagan.
Aerob nafas olish anaerob usulga nisbatan juda samarali bo‘lgani uchun
organik olamning rivojlanishi va murakkablashishi tezlashadi. Hozirgi vaqtda
anaerob organizmlar faqat kislorod yetishmaydigan sharoitlardagina mavjuddir.
Dastlabki organizmlar prokariotlar bo‘lgan, atmosferada kislorodning miqdori
ko‘paya boshlagandan keyin eukariot organizmlar paydo bo‘lgan.
Dostları ilə paylaş: