Uchinchidan
,
davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish maqsadida davlat
xizmatiga malakali mutaxassislarni jalb etishga qaratilgan yagona kadrlar
siyosatini shakllantirish zarur.
Bugun oddiy bir haqiqatni tan olishimiz kerak. Davlat idoralarida malakali va
yetuk kadrlar yetishmayapti.
Hanuzgacha davlat xizmatchilarining maqomi belgilanmagan, davlat xizmatiga
qabul qilishning oshkora mexanizmlari ishlab chiqilmagan.
Bu boradagi muammolarni hal etish uchun, avvalo, davlat xizmatchilari faoliyatini
xolisona baholash boʻyicha samarali tizim joriy etish zarur.
Eʼtiboringizni yana bir muhim masalaga qaratmoqchiman.
Davlat organlarida ertaga, istiqbolda qanday vazifalar dolzarb boʻlishi, sodda qilib
aytganda, besh, oʻn, yigirma yildan keyin qanday muammolar oldimizda
koʻndalang boʻlishini prognoz qiladigan tizim hali shakllangani yoʻq.
Prezident Administratsiyasiga tarmoqlar faoliyatini samarali boshqarishda
strategik tahlil, rejalashtirish va prognoz tamoyillariga asoslangan uzoq
muddatli davlat siyosati Konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi yuklatiladi.
Bunda davlat boshqaruvi idoralarida strategik tahlil va prognozlashtirish
tuzilmalarini tashkil etish lozim.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida alohida Ekspert
kengashi tashkil etilib, unga xorijiy mamlakatlarning nufuzli olimlari va
amaliyotchilari jalb qilinishi lozim.
Toʻrtinchidan, mahalliy hokimiyat organlarining vakolat va masʼuliyatini
qayta koʻrib chiqishimiz, ularning mustaqilligini yanada oshirishimiz lozim.
Hududlarni rivojlantirishga oid masalalarni hal etishda aksariyat hokimlarda
masʼuliyatni oʻz zimmasiga olib, mustaqil qaror qabul qilish va tashabbuskorlik
yetishmayapti.
Maʼlumki, 2018 yilda Toshkent shahrida eksperiment tariqasida davlat
boshqaruvining yangi tartibi joriy etilib, shahar hokimi va tuman hokimlariga
moliya, iqtisodiyot, investitsiya, qurilish, uy-joy va kommunal xizmat sohalari
rahbarlarini tayinlash vakolati berildi.
Natijada 30 dan ortiq komissiya va kengashlar tugatilib, ularning vakolatlari
tegishli hududiy organlarga berildi. Samarasiz ishlayotgan 12 ta davlat unitar
korxonasi tugatildi.
Davlat byudjetiga tushadigan mablagʻlarning bir qismini mahalliy byudjetlar
ixtiyorida qoldirish tartibi oʻrnatilgani tufayli Toshkentda soliq tushumi prognozga
nisbatan 2 trillion soʻmga koʻpaydi.
Davlat boshqaruvi sohasida ijobiy natija berayotgan ana shu eksperimentni endi
boshqa hududlarda ham joriy etishimiz zarur.
Kelgusida hokimning ayni vaqtda xalq deputatlari Kengashi raisi sifatida faoliyat
koʻrsatishiga doir tartib bekor qilinishi lozim.
Oliy Majlis palatalari rahbarlariga (N.Yoʻldoshev, N.Ismoilov) 2019 yil davomida
ushbu masalalarni parlamentda atroflicha muhokama qilib, amaliy choralar
dasturini qabul qilish tavsiya etiladi.
Kelgusi yili mamlakatimizda Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga navbatdagi
saylov oʻtkaziladi.
Yurtimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻlgan
ushbu siyosiy jarayonni milliy qonunchiligimiz va xalqaro standartlar asosida
yuqori saviyada oʻtkazish uchun har tomonlama tayyorgarlik ishlarini
boshlashimiz zarur.
Dostları ilə paylaş: |