5-mavzu. Olimning ijtimoiy mas’uliyati


Hozirgi zamon olimining portreti



Yüklə 98,93 Kb.
səhifə4/5
tarix26.12.2023
ölçüsü98,93 Kb.
#197967
1   2   3   4   5
5 мавзу

Hozirgi zamon olimining portreti. Xo‘sh, hozirgi zamon olimi kim va u qanday sifatlarga ega? Pol Feyerabend qalamiga mansub sahifalar davrimiz olimining o‘ziga xos xususiyatlarini anglab etish, uning portretini yaratishga qaratilgan falsafiy ijodning yorqin namunasidir. U o‘z do‘sti va hamkasbi Imre Lakatos obraziga murojaat etib, olim portretini yaratadi. Portret juda aniq yaratilgan, chunki metodologning asosiy vazifasi haqiqatni ko‘rsatishdir. Zamondoshlarining xotiralariga ko‘ra, Pol Feyerabendning o‘zi hazil-mutoyibaga moyilligi kuchli, ekstravagant shaxs bo‘lgan. U soxta tavoze va har xil dabdababozliklar ustidan kulgan. Tanqidiy kayfiyatdagi shaxs sifatida, u ayovsiz tanqid tig‘i ostiga olingan va muqarrar tarzda o‘ziga nisbatan dushmanlik tuyg‘ularini uyg‘otgan.
Shunday qilib, hozirgi zamon olimining portreti qo‘yidagicha: Hozirgi davr olimi eng bahsli g‘oyalarni vijdoni qiynalmay himoya qilishga qodir. U biron-bir muassasa va mafkuraga nisbatan boqiy muhabbat yoki nafrat tuyg‘ularini his etmaydi. Uning maqsadlari barqaror bo‘lishi yoki mulohazalar, zerikish, tajribaning o‘zgarishi yoki atrofdagilarda kuchli taassurot qoldirish niyati ta’sirida o‘zgarishi mumkin. U maqsadga yo bir o‘zi, yo uyushgan guruh yordamida erishishga harakat qilishi mumkin. Bunda u aql-idrok, emotsiyalar, mutoyiba, «jiddiy manfaatdorlik pozitsiyasi» va odamlar o‘ylab topgan har qanday vositalardan foydalanishi mumkin. U doim universal g‘oyalar va universal andozalarga ochiq-oydin qarshi chiqadi. U ilmiy halollikni shijoat bilan himoya qilishda har qanday Nobel mukofoti sohibidan o‘zishga qodir. U Karlos Kastaneda tavsiflagan taomillar, hodisalar va kechinmalarga juda qiziqadi1. Feyerabend, olim o‘zini tabiat qonunlari bilan bog‘lashga yo‘l qo‘ymagani uchungina muvaffaqiyatga erishadi, deb e’lon qiladi. Olim konformizm yo‘lini butunlay rad etadi. Uning tafakkurida aql va antiaql, ma’no va ma’nosizlik, mo‘ljal va tasodif, ong va ongsizlik, insonparvarlik va antigumanizm yaxlit holda mujassamlashadi. Ba’zan u o‘z opponentlarining kayfiyatini juda aniq tushunadi, biroq emotsional, ma’naviy va ijtimoiy tizginlardan nafratlanishi ham mumkin. Xullas, insoniyat va fanga faqat o‘z ishi bilan shug‘ullangan odamlargina foyda keltiradi.
Olim portretiga yana shuni qo‘shimcha qilish lozimki, u haqiqatni hamma narsadan ustun qo‘yadi, bilim – hayotning oliy in’omi, haqiqat har qanday e’tiqodlar, mafkuralar va jamoatchilik fikridan muhimroq ekanligi, olimning vazifasi haqiqatni tarqib qilishdan iboratligi, demak, u shogirdlar va izdoshlarga ega bo‘lishi lozimligiga uning ishonchi komil. Koinot va tabiatning azaliy muammolarini o‘rganar ekan, u dunyoning o‘tinchini eshitmaydi. Haqiqatni izlash, cheksiz olamni «anglash sifatini oshirish»ni olim o‘z hayotining mazmuni deb hisoblaydi. Darhaqiqat, jonli mavjudot tug‘ilishi bilan anglash qobiliyatiga ega bo‘ladi va o‘lganidan keyin undan ayriladi, biroq anglash sifati inson bosib o‘tgan hayot yo‘li, uning tajribasi va o‘zlashtirgan bilimlar majmui bilan belgilanadi. Har bir inson o‘z borlig‘ini anglash va olam qonunlarini tushunib etishga intilishda erkindir.
Ma’lum ma’noda olim-noaniqlik, bemulohazalik va yolg‘on-yashiqlar maydonidagi jangchi. Kurash bahs orqali olib boriladi. Bahsda haqiqat tug‘iladi. Ilmiy bahs, munozara jangning qabul qilingan shakllari bo‘lib, unda olim-jangchi o‘zi aniqlagan haqiqiy bilimni himoya qiladi. Kurash bir necha frontlarda boradi. Olim jaholat va mutaassiblikka, o‘z manmanligiga qarshi kurashadi. Muvaffaqiyatsizliklar olimni tanlagan yo‘lidan to‘xtata olmaydi. Shu sababli olim niyat yordamida boshqariladigan kuch-g‘ayratning uzluksiz oqimi sifatida tushuniladigan ulkan irodali shaxs, deb aytish mumkin. Ilgari ma’lum bo‘lmagan narsalarni aql chirog‘i bilan yoritishga qaratilgan o‘z faoliyatida u katta qiyinchiliklarni engib o‘tadi. Haqiqiy olim bilimlarni insoniyat ravnaqi uchun foydali qilishga intiladi, u odamlar ustidan hokimiyatni egallash va ularni boshqarishga urinishlardan uzoq bo‘ladi.
Oqilona qobiliyatlarning haddan ortiq rivojlanishi dunyoni idrok etishning boshqa barcha yo‘llari torayishi va hatto buzilishiga sabab bo‘ladi, degan taxmin mavjud. Albatta, borliq haqidagi ma’lumotlar axborot bazasining kamayishi uni yaxlit tushunib etishga ko‘maklashmaydi, balki aksincha, dunyoni tor tushunishga yo‘l ochadi. Olimlar intuitsiyaga tayanar ekan, bu bilan ular o‘zining oqilonalik chegarasidan chetga chiqishga intilishini e’lon qiladi. Ratsionalizm ob’ektni va dunyoning butun rang-barangligini konsepsiya chegarasiga so‘zlar va tushunchalar tarzida sig‘dirishga harakat qiladi. Ratsionalizm olimni ma’lum narsalar va hodisalar bilan bog‘laydi va uni noma’lumni ma’lumga aylantirishga yo‘naltirib, o‘zi ma’lum koordinatalar tizimida qolishni ma’qul ko‘radi. Butun fan binosining poydevorini tashkil etuvchi ilmiy tushuntirish mexanizmining mohiyati shundan iborat.
Tadqiqotchilar intellektual elita tipologiyasini tavsiflar ekanlar, ba’zan «prometeylar» va «sintetiklar» atamalariga murojaat etadilar. Bu nomlar mohiyati intuitsiya darajasida aniq. Prometeylar – bu yangi tushunchalar, nazariyalar, yangi fikrlash uslublarining bunyodkorlari. Sintetiklar umumlashtiruvchi xususiyatga ega kashfiyotlar qilishga moyil bo‘ladilar. Intellektual elitaga mansublikning eng diqqatga sazovor ko‘rsatkichi kashfiyot yoki ta’limotga stixiyali tarzda uning muallifi nomi berilishidir. (Masalan, Rentgen nurlari, Dalton kasalligi, Botkin kasalligi, Lobachevskiy geometriyasi, Fridman nurlari). Intellektual elitaning hamma vakillariga ular faoliyatining barcha davrlarida yuqori darajada mahsuldorlik xosdir. Intellektual elita o‘ta faolligining ikki davri ko‘p kuzatiladi. Birinchi davr 32-36 yoshga, ikkinchisi – 42-46 yoshga to‘g‘ri keladi.
Shunday qilib, intellektual elita – ziyolilarning tug‘ma emas, balki funksional tipi. U o‘z zimmasiga yuklangan jamiyatning ma’naviy va intellektual rivojlanishini ta’minlash funksiyasi bilan bog‘liq. Mazkur qatlamning o‘ziga xos xususiyatlari jumlasiga uning ochiqligini kiritish mumkin. Ziyolilarning aynan iqtidorli vakillari intellektual elita safini to‘ldiradilar. Ziyolilarning u yoki bu vakilini intellektual elitaga mansub deb topish masalasini hal qilishda ayrim zarur belgilarga ishora qiluvchi metodikalar mavjud. Bunday belgilar sifatida quyidagilar taklif qilinadi:
- muayyan olim fanlar akademiyasi, ilmiy muassasalar va jamiyatlarga haqiqiy a’zo, muxbir a’zo yoki faxriy a’zo etib saylangani;
- ilmiy faoliyat uchun mukofot va medallarga sazovor bo‘lganlik;
- maxsus biografik ma’lumotnomalar va ensiklopediyalarga kiritilganlik;
- ilmiy nufuzi katta bo‘lgan nashrlarning tahrir hay’atlarida ishtirok etish;
- olimning asarlari jahon ilmiy hamjamiyati a’zolari tomonidan yuksak baholanishi va ulardan iqtiboslar olish indeksining yuqoriligi.
Fanda amal qiluvchi «Matfey effekti»ga ko‘ra, ilmiy hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan olimlar yangi mukofotlarga o‘zlarining hali dovruq qozonmagan hamkasblariga qaraganda osonroq erishadilar.

Intellektual elitaning ontopsixologiyasi ijodiy o‘sishni rag‘batlantiruvchi omillarning ikki darajasi mavjudligini ko‘rsatadi. Birinchi daraja shaxsiy manfaatlar va ambitsiyalarga to‘la stimullardan iborat bo‘lib, ularning orasida o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish ehtiyoji, liderlikka intilish muhim o‘rin tutadi. Ikkinchi daraja ijtimoiy ahamiyatga molik rag‘batlantiruvchi omillar bilan belgilanadi. Bu erda ayrim faoliyat jabhalarining ustunligi, umuman jamiyat yoki uning ayrim tuzilmalari manfaatlari o‘z rolini o‘ynaydi. Unda ijodkor shaxsning ahamiyatiga urg‘u berish, ijodni targ‘ib qilishning har xil imkoniyatlaridan, shuningdek moddiy stimullar: grantlar, shaxsiy stipendiyalar, byudjetdan moliyalashtirishdan foydalaniladi. Har qanday jamiyat o‘z intellektual salohiyatini o‘stirishdan manfaatdor bo‘lishi lozim.

Oliy ta’lim muassasalarida pedagogik faoliyat olib borish bilan bir qatorda muayyan ilmiy mavzu bo‘yicha muntazam tadqiqot ishi olib boruvchilar ilm ahlidir. Ilm ahli (odamlari) vakillari o‘z faoliyati mahsullarini olimlar jamoasiga taqdim etishi, konferensiya va davra suhbatlarida ishtirok etishi va pirovord natijada intellektual elita darajasiga chiqishi mumkin.
«Ilm ahli» ilmiy izlanishlarning mahsullarini faqat fan sohasida tayyorgarlikka ega, bilimdon odamlarga berishlari mumkin. Tayyorgarlikka ega bo‘lmagan odamlar ularni o‘zlashtira olmaydilar. SHu narsa diqqatga sazovorki, «ilm ahli» - olimlar butun dunyo bo‘ylab tarqalgan va butun insoniyatga tegishli. Ular bir-birini qidiradi, bir-biri bilan aloqa qiladi. Olimlarning uchrashuvlari va muloqotini ta’minlash shakllari har xil nom bilan ataladi – bular seminarlar va konferensiyalar, simpoziumlar va kongresslar. Biroq muloqotning eng qulay va keng tarqalgan yo‘li – olimlarning ilmiy asarlarini e’lon qilish. Maxfiy ishlovlarni hisobga olmaganda, har bir olim muammoga nisbatan o‘z yondashuvi, erishishga o‘z hayotini bag‘ishlagan natijalari bilan butun dunyoni tanishtirishga harakat qiladi.

Yüklə 98,93 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin