5-mavzu. Olimning ijtimoiy mas’uliyati


Neytralizm va ijtimoiy mas’uliyat



Yüklə 98,93 Kb.
səhifə2/5
tarix26.12.2023
ölçüsü98,93 Kb.
#197967
1   2   3   4   5
5 мавзу

Neytralizm va ijtimoiy mas’uliyat. Fan falsafadan hali ajralib chiqmagan davrda uning ijtimoiy-madaniy mazmunini asosan ilmiy bilimlarning bilish-dunyoqarashga doir va mafkuraviy ahamiyatida ko‘rganlar. Olimlar madaniy an’analar va siyosiy-mafkuraviy mo‘ljallar tazyiqi ostida yashaganlar va faoliyat ko‘rsatganlar, jamiyat (davlat, jamoatchilik fikri) ularning dinga, cherkovga va hukumatga nisbatan xayrixohligini kuzatib borgan. Antik demokratiya andozasi sanalgan davlat – Afinada Anaksagor va Suqrot o‘z noan’anaviy qarashlari uchun jazoga tortilgan, O‘rta asrlarda esa «dahriyona» fikrlarni rivojlantirishga jur’at etganlar qattiq ta’qibga duchor bo‘lganlar.
Uyg‘onish davrida fan ilohiy sxolastika va falsafiy mushohadalar doirasidan chiqib, diniy aqidalarga bog‘liq bo‘lmagan haqiqatga doir izlanishlarning qaltis yo‘liga kirgach, olimlar erkin ilmiy izlanish o‘zlari shakkoklikda ayblanishlariga olib kelishi mumkinligi bilan hisoblashishga majbur bo‘ldilar.
«Shakllanayotgan yangi fan uchun ijtimoiy-madaniy va siyosiy hayotning uch sohasi – din, axloq va davlat hokimiyati ayniqsa xavfli edi. Yangi fanning mazkur sohalar bilan munosabatlaridagi keskinlikni pasaytirish talab etilardi».
Bu masalaning echimi neytralizm tamoyilida topildi. Mazkur tamoyil London qirollik jamiyati Nizomida bayon etilgan: fan dinga ham, axloqqa ham, siyosatga ham aralashmaydi. Ammo fan rivojlanishining navbatdagi, klassik bosqichidayoq ilmiy hamjamiyatda ikki tendensiya o‘rtasida tafovut yuzaga keldi.
Bu tendensiyalardan biri neytralizm an’anasini davom ettiradi va fan muammolarini mafkura, din, siyosat va axloq muammolaridan ajratishni nazarda tutadi. Olim o‘z ishi bilan shug‘ullanishi – o‘rganishi, kashf etishi, ishlab chiqishi, loyihalashi lozim. Uning tadqiqotlari, kashfiyotlari, ishlanmalari va loyihalarining natijalari amalda qanday qo‘llanilishi fan chegarasidan tashqaridagi masaladir. Uni echish mas’uliyati fanga yoki olimlarga emas, balki mazkur masala yuzasidan qarorlar qabul qilish huquqi va hokimiyatiga ega bo‘lganlarga yuklatiladi.
Neytralizm nuqtai nazari zamirida ilmiy bilimning tabiatan qadriyat emasligi haqidagi nazariya yotadi. Bu nazariyaga muvofiq, ilmiy bilim faqat deskriptiv (tavsiflovchi) va proskriptiv (buyuruvchi) iboralar sifatida ta’riflanishi mumkin, qadriyatlarga doir iboralar (ya’ni biror narsaning inson uchun qimmati haqidagi mulohazalar) fan vakolatiga kirmaydi va ilmiy bilimda mavjud bo‘lishi mumkin emas.

Ikkinchi tendensiya olimning ijtimoiy mas’uliyati tamoyili ilgari surilishi bilan bog‘liq. Bu tamoyilga muvofiq, olim o‘z ilmiy faoliyatining metodlari va maqsadlari uchun ham, uning natijalari va oqibatlari uchun ham jamiyat oldida javobgar bo‘lishi insoniyat oldidagi mas’uliyatni his qilishi lozim. Hamonki fan o‘z kashfiyotlari jamiyatga keltiradigan foydani o‘z xizmati deb bilar ekan, u mazkur kashfiyotlarning zararli oqibatlarida o‘zini aybdor deb ham bilishi kerak. Olimning neytralligi uning ilmiy haqiqatga amal qilish, muayyan qadriyatlar va ijtimoiy-madaniy (mafkuraviy, diniy, estetik, siyosiy, axloqiy va boshqa) mo‘ljallarga o‘z munosabatidan qat’i nazar, bu haqiqatni himoya qilishga intilishi bilangina cheklanishi lozim. Ammo olim fan yutuqlaridan qanday foydalanilayotganiga bir chekkada qo‘l qovushtirib qarab turishi mumkin emas. U o‘ziga berilayotgan ijtimoiy buyurtmaga askar o‘z boshlig‘ining buyrug‘iga qaragandek munosabatda bo‘la olmaydi. Hamonki ilmiy tadqiqotlar olib kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni hech kim olimlardan yaxshiroq baholay olmas ekan, bu ularga ilmiy kashfiyotlardan g‘ayriinsoniy maqsadlarda foydalanilmasligiga erishish majburiyatini yuklaydi. Bundan tashqari, o‘z ilmiy faoliyatining maqsadlari va metodlariga olimlarning o‘zlari axloqiy nuqtai nazardan baho berishlari, axloqiy me’yorlarni buzish bilan bog‘liq bo‘lgan tadqiqotlardan voz kechishlari lozim. Olim o‘z tadqiqotlarining g‘ayriinsoniyligi va ulardan foydalanish uchun javobgarlikni to‘laligicha ishni buyurtma qilgan va unga haq to‘lagan ijtimoiy kuchlar, hukumatlar, firmalar yoki ayrim shaxslarga yuklashga haqli emas.
Albatta, yirik ilmiy kashfiyotning barcha oqibatlarini ham oldindan aytib bo‘lmaydi. Ularni baholashda kelishmovchiliklar va xatolar bo‘lishi mumkin. Ilmiy tadqiqotning maqsadlari va metodlariga berilgan axloqiy baho ham bahsli bo‘lishi mumkin. Ammo bu hol bunday baholarni berish va ular uchun ijtimoiy javobgar bo‘lish majburiyatini olimlar zimmasidan soqit etmaydi.
Olimlarning ijtimoiy mas’uliyati masalasi atom quroli yaratilishi munosabati bilan ayniqsa dolzarb ahamiyat kasb etdi. Endilikda fan yutuqlari ekologik yoki boshqa xil halokatlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan har bir holda ushbu masala ko‘tariladi. Hozirgi vaqtda olimlarning ijtimoiy mas’uliyati g‘oyasi umume’tirof etilmoqda.
Amalda fanni u yoki bu vazifalarga yo‘naltiruvchi ijtimoiy muhim masalalar yuzasidan uzil-kesil qarorni kamdan-kam holda olimlarning o‘zlari qabul qiladilar. Atom elektrostansiyasini yoki biron-bir gidrotexnika inshootini qurish o‘rinli bo‘ladimi? Sayyoralararo kosmik kemalarni yaratishga misli ko‘rilmagan mablag‘larni sarflash arziydimi? Ajal urug‘ini sochuvchi yangi qurolni ishlab chiqishni moliyalashtirish kerakmi? Bunday masalalarni hokimiyat tepasidagilar, aksariyat hollarda olimlar bilan maslahatlashmasdan va ularning tavsiyalarini e’tiborga olmasdan hal qiladilar. Bu erda olimlarning ijtimoiy mas’uliyati prinsipi ular uchun muhim ijtimoiy-madaniy mo‘ljal bo‘lishi lozim. Agar hokimiyat organlari qabul qilgan qarorlar olimlar vijdonining da’vatiga zid bo‘lsa, ular bunday qarorlarni bajarishda ishtirok etishdan bosh tortishlari va norozilik ovozini ko‘tarishlari lozim. Aks holda ular o‘z ishtiroki uchun ijtimoiy javobgar bo‘ladilar.
Biz yuqorida fan ustidan ijtimoiy nazoratni tilga oldik. Ammo ijtimoiy nazoratning o‘zi kifoya qiladimi? Axir rang-barang ijtimoiy kuchlar, shu jumladan fanni insoniyatning bir qismiga foyda keltirish va boshqalarga zarar etkazishga qodir bo‘lgan natijalarni olishga yo‘naltiruvchi kuchlar ham bor-ku. Jamiyat va jamoatchilik fikrini bunday kuchlar boshqargan taqdirda, ijtimoiy nazorat ham ularning qo‘liga o‘tadi. Bu holda ular ilmiy izlanishlarning insoniyat uchun xayrli bo‘lmagan yo‘nalishlariga nafaqat monelik qilmaydilar, balki ularni o‘zlari rag‘batlantiradilar. qurollanish poygasi buning yorqin misolidir.
Olimlarning ijtimoiy mas’uliyati ijtimoiy nazoratni to‘ldiruvchi, jamiyat uni yo‘lga qo‘ya olmagan holda uning o‘rnini bosuvchi omil bo‘lishi va jamiyat yoki boshqa biron-bir ijtimoiy kuch uni monopoliyalashtirgan va undan g‘ayriinsoniy maqsadlarda foydalangan hollarda unga qarama-qarshi kuchga aylanishi lozim.

Yüklə 98,93 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin