2-ma’ruza: Xattotlik san’ati. Husnixat darslarini tashkil etishga qo’yiladigan tashkiliy va metodik talablar



Yüklə 0,58 Mb.
səhifə1/4
tarix25.01.2023
ölçüsü0,58 Mb.
#80614
  1   2   3   4
Husnixat 2-ma\'ruza

2-ma’ruza: Xattotlik san’ati.Husnixat darslarini tashkil etishga qo’yiladigan tashkiliy va metodik talablar.

R e j a:


  1. Xattotlik – chiroyli va to’g’ri yozish san’ati.

  2. Xushnavislikning o’ziga xos talab va qonuniyatlari.

  3. Kitobatchilik bilan shug’ullangan tarixiy shaxslar

  4. Xattotlik maktablari

  5. Sinfda o’quvchilar ish joyini to’g’ri tashkil etish.

  6. Partaga o’tirish gigiyenasi.

Xattotlik – chiroyli va to’g’ri yozish san’ati. Xattotlik (kalligrafiya) -chiroyli va to’g’ri yozish san’ati, kitob ko’chirish kasbidir. Bu san’at O’rta Osiyoda qadimdan rivoj topgan. Xattotlik tarixi yozuv taraqqiyoti va kitobatning asosiy silohi qalam (nayqalam) bilan chambarchas bog’liqdir. Yozuv va qalam paydo bo’lgandan keyin maxsus kishilar xattotlik bilan shug’ullana boshlaganlar. Ayniqsa, arab yozuvi tarqalgandan keyin xattotlik keng rivoj topgan.
Matbaachilik vujudga kelganga qadar kitob tayyorlash, ularning nusxasini ko’paytirish ishi bilan xattotlar shug’ullanganlar. Saroylarda, ayrim amaldorlar huzurida xattotlik jamoalari tashkil etilgan. Masalan, Mirzo Boysung’ur o’z saroyida 40 xattotdan iborat guruhni to’plagan edi. Shunday xattotlardan biri Sultonali Mashhadiy bo’lib, u 1432-yilda tug’ilib, 1520-yilda vafot etgan. U “Qiblatul kuttob” (Kitoblar qiblasi) va “Sutonul-xattotayn” (Xattotlar sultoni) kabi faxriy laqablar bilan mashhur bo’lgan. Unda shoirlik zavqi ham begona bo’lmagan.
Nasta’liq xati o’zining go’zalligi va nafosati uchun “xatlar kelinchagi” deb nom olgan va XIV asrdan buyon Xuroson, Movarounnahr, Eron, Hidiston, Ozarbayjon va Turkiyada tarixiy, badiiy asarlar ko’chirishda, imoratlar kitobalarida istifoda etilgan.
Arab imlosidagi klassik yetti yozuv turi yoki yetti qalamning biri bo’lmish nasta’liq xati XIV asr ikkinchi yarmida Tabrizlik ustod xattot Xoja Mir Ali tomonidan ixtiro qilingan.
Nasta’liq xatining Movarounnahrda keng tarqalishida va o’ziga xos xattotlik uslubi va maktabining shakllanishida Sulton Ali Mashhadiy va Mir Ali Xeraviyning ustot xattot sifatidagi xizmatlari va sermahsul ijodlari juda muhim ahamiyatga ega bo’lgan. Sulton Ali Mashhadiy xattotlikni o’rganishda asosan nazariy mashq – boshqalar xatini aynan ko’chirish va xayoliy mashq – erkin mashqqa katta e’tibor bergan edi.
Sultonali Mashhaqiy 1461- yil Nizomiyning “Maxzanul-asror” masnaviysi, 1464- yil Hofiz Sheroziyning devoni, 1465-1466- yillar esa Alisher Navoiyning g’azaliyot devonini kitobat qilib, shuhrat topdi. Keyinchalik Navoiyning taklifi bilan Mashaddan Hirotga kelib, Husayn Boyqaro kitobxonasida xattotlarga boshchilik qilgan. Hozirga qadar u oqqa ko’chirgan 50 ta asar bizgacha etib kelgan.
Sultonali Mashhadiyning faoliyati borasida Hazrat Navoiy “Majolisun-nafois”da, Qozi Ahmad va Som Mirzolar tazkiralarida ma’lumot berib o’tganlar.
Yaxshi va chiroyli yozishdan maqsad faqat oson o’qish emas, balki o’quvchiga estetik zavq bag’ishlash, yozuvni maleh va bade qilishdir. Ta’kidlaganimizdek, xattotlik san’ati yaqin Sharq xalqlari o’rtasida arab yozuvi asosida keng tarqaldi. Arab yozuvida oltita yozuv shakli juda mashhurdir. Bular quyidagilar:
1. Kufi –الكوفي – Kufa shahridan
2. Suls – الثلث – «uchdan bir»
3. Nasx – النسخ – «nusxa ko’chirish»
4. Ta’liq – التعليق – bu yozuv turini “forsiy” ham deydilar
5. Devoniy – الديواني
6. Riqo – الرقعة
Xattotlik usuli yozuv turiga bog’liqdir. Xattotlik o’z nazariy va amaliy qonunlariga ega ediki, xushnavislar bunga qat’iy rioya etar edilar. Xattotlik nazariyasiga X-XI asr mashhur xattotlari Abu Ali Muhammad (Ibni Musla) va Ali Ibni Nihol (Ibni Vavvob) asos solganlar. Ular an’anasini Yoqut Musta’simiy nazariy jihatdan rivojlantirdi. Quyida arab xattotlik san’atidan namunalar keltiramiz:
Arab harflarining yozilishini hisobga olib, doira ichidagi uchburchak, kvadrat va beshburchak shakllaridan foydalanganlar. Dol, qof, mim va vov harflarini yozishda uchburchakdan foydalansalar, jim harfining boshi va shunga o’xshash harflarni yozishda beshburchak andoza sifatida xizmat qilgan. Ba’zan bu murakkab sistema o’rniga oddiy usul-nuqtalar hisobi qo’llangan. Masalan, suls yozuvida alif harfi yetti nuqtaga, muhaqqaq yozuvida sakkiz nuqtaga, tavqe yozuvida olti nuqtaga, be harfi esa suls yozuvida olti nuqtaga muhaqqaqda etti, tavqe’da besh nuqtaga, jim va ayn harflarining xatdan pastgi qismi suls yozuviga 10,5, muhaqqaq va tavqe yozuvlarida to’qqiz nuqta hajmida belgilangan va yozilgan.
Xattotlik san’atini rivojlantirishda Ibn Muqla, Ibni Tavvob va Yoqut Mustaqsimiy bilan bir qatorda XV asrning mashhur xushnavisi Sultonali Mashhadiyning xizmatlari kattadir. Uning “Obod ul-mashq“ risolasiga birinchi bor chiroyli yozuvga o’rgatishning ikki usuli - nazariy va qalamiy usullari bayon etilgan. Nazariy usul- o’tgan ustozlar yozuvini o’rganish va mushohada etishni taqozo etsa, qalamiy usul - chiroyli nusxada qarab payvasta mashq qilishni talab etadi.
Xushnavislikda aksariyat ikki tarzda - jalliy va xafiy tarzida yozardilar. Odatan xafiy mashqi kunduzi, jalliy mashqi kechasi amalga oshirilar edi. Chunki xafiy xati kichik yozilsa, jaliy yozuvi katta-katta yozilar edi. Ko’pgina kitoblarning hoshiyalariga xafiy xatiga kitobat qilingan yozuvlarni ko’ramiz. O’rta asrlarda har bir xushnavis hech bo’lmaganda uch xil yozuvda - suls, nasx, nasta’liq yozuvlarida mashq qilib bilar edi. Aksariyat oltilik va nasta’liq yozuvida juda yaxshi va chiroyli yoza olar edilar. Xushnavislarning qurollari siyoh, rangli jo’shalar, oq va rangli qog’oz, nayqalam, qalamtarosh, mistar, qalamdon, siyohdon, mehrak va qalamqat edi (1- rasm). Sultonali Mashhadiyning “Risolai xat”, Mirali Hiraviyning “Midod ul-xutut”, Mirimodi Qazviynining “Obod ul-mashq“, Majnun ibn Kamoliddin Mahmudi Rafiqiyning “Risolai xati manzum”, Shafeoniyning “Risolai xat” kabi risolalarida siyohning tayyorlash texnologiyasi, nayqalam, qog’ozning sifatini bilish usullari, umuman yozish qurollari borasida qimmatli ma’lumotlar berilgan.
Xushnavislikka ma’lum va joriy bo’lgan qoidalar o’n ikkilik qoidasi deb nomlanar va bular: usul, tarkib, kursi, suud, nuzul, nisbat, davr, sath, quvvat, za’f, safo va nishon edi.
VII asrda arab yozuvining keng tarqalgan uslublaridan biri kufiy xati ixtiro qilinguncha (ixtirochisi Ya’rab ibn Kahton) O’rta Osiyoda turli yozuv usullari mavjud bo’lgan. Masalan, makkiy, madaniy, basariy va boshqalar. Bu xatlardan oldinroq ma’daliy (tik chiziqli) yozuvi mavjud edi. Kifiy yozuvi ko’pincha madaniy yodgorliklarning naqshlarida saqlanib qolgan. Xalifa Muqtadir zamonida yashagan olim Ibn Muqla (864-934) ni xatti sitta (olti xil yozuv: suls, nasx, muhaqqaq, rayhoniy, tavqe, riqo) ixtirochisi deb tan olganlar.
Vaqt o’tishi bilan kufiy yozuvining turli variantlari ixtiro qilingan. Qur’oni Karimning ilk namunalari shu yozuvda yozilgan. Zamonlar o’tishi bilan xattotlar bu yozuvni ham binolarning bezaklarida ishlatganlar. Muhaqqaq yozuvi kufiyning bir oz o’zgartirilgan shaklidir. Rayhoniy uslubi muhaqqaq yozuvida o’xshagan, lekin harf shakllari rayhon barglariga o’xshagani uchun shu nomga loyiq topilgan. Nasx yozuvi kufiy va muhaqqaq xatlaridan ko’ra Qur’on ko’chirishda ma’qulroq topilgan. Tavqe yozuvi esa asosan buyruq va farmonlar yozishda qo’llangan. Riqo yozuvi tavqega ancha yaqin, lekin undan nozikroq. Asosan munshaot (maktub yozish)da ishlatilgani va qog’ozlarga nafis qilib yozilgani uchun riqo deb atalgan. Mazkur yozuvlardan tashqari tumor, g’ubor, shajariy, tug’ro va boshqa xat turlari ham bo’lgan. Tug’ro imzo qo’yishda ishlatilgan.
XV asr boshlaridan kitob ko’chirishda (fors-tojik va eski o’zbek tillarida) nasta’liq xati rasm bo’ldi. Hazrat Alisher Navoiy ta’biricha, xattotlar sultoni bo’lgan Sultonali Mashhadiy nasta’liq xatini ajoyib san’at darajasiga ko’targan ekan.
Xattot va madaniy hayot. Sharq xalqlari, shu jumladan, o’rta Osiyo xalqlarining madaniy tarixi eng qadimiy va ko’p sohalarda yuksak taraqqiyot bosqichiga erishilganligi bu kunda butun dunyo ilm-fan axli tomonidan e’tirof etilgan haqiqatdir. O’rta Osiyo xalqlari o’z o’tmishida bir necha dafa iqtisodiy, siyosiy va madaniy taraqqiyot davrini boshidan kechirgan.
Arablar istilosidan so’ng IX-XI asrlarda o’rta Osiyoda, ayoniqsa, Xorazmda madaniy va ilmiy tafakkur beqiyos barq urib gulladi. Jahonga tanilgan al-Farobiy, Ibn Sino, al-Beruniy singari ulug‘ mutafarkir olimlar dahosidan xozirgacha bashariyat bahramand bo‘lib kelmoqda. Shuni alohida qayd etish zarurki, bu porloq davr arab istilosining mahsuli emas, aksincha, arab istilosiga qadar o’rta Osiyoda mavjud bo’lgan xorazmiylar va so’g’diylarning uzoq asrlik boy madaniyatining qonuniy taraqqiyotidan iborat bolgan. Arab istilosiga qadar o’rta Osiyo xalqlari, shu jumladan, turkiy xaqlar (ayniqsa, uyg’urlar) yaratgan madaniy obidalar fikrimizning isbotidir. Ayniqsa, 1965 yili Samarqandda ochilgan Afrosiyob arxeologik yodgorliklari arablarga qadar o’rta Osiyo xalqlarining mislsiz taraqqiyot darajasida ekanini yana bir marta tasdiqlaydi. XIII-XIV asrlarda mo’g’ullar O’rta Osiyoni vayron qilib, obod shaharlarni xarobaga aylantiradilar. Madaniy yodgorliklar parchalanib, ilm-fan xazinasi bo’lgan minglab qo‘lyozma kitoblar gulxanlarda kuydiriladi. Mo’g’ul bosqinchilari qancha barbod bermasinlar, ijodkor xaq o’z madaniy merosini ardoqlaydi, eng og’ir va mashaqqatli hollarda madaniy hayot olg’a tomon boraveradi. XIV-XV asrlarda Temuriylar davrida o’rta Osiyo feodalizm jamiyatida qisqa muddatli bo‘lsa ham markazlashgan feodal davlati joriy qilinib, mamlakat hayotida iqtisodiy, siyosiy va madaniy yuksalish ro’y berdi. Ayniqsa, XV asr Hirotda, Samarqandda o’rta Osiyo xadlqlari madaniyati o’zining eng porloq davrini boshidan kechirdi. Mirzo Ulugbek, Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Xondamir, Behzod, Sulton Ali va Mirzo Bobir bu davrning aql egalaridan bo’lganlar.
XVI asrning boshidan safaviylar va shayboniylar hokimiyat tepasiga kelishi bilan iqtisodiy va madaniy hayot asta-sekin inqirozga yuz tuta boshlaydi. XIX asrga kelganda, ayniqsa, o’rta Osiyoning Rossiya bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalari kuchaya borgan sari madaniy hayotda yana kotarilish roy bera boshladi. Shunday qilib, IX asrdan to XX asrgacha, taxminan 1000 yillik tarixida o’rta Osiyo xalqlarining ilm-fan va ma’naviy madaniyat sohasida yaratib qoldirgan buyuk merosi bizning davrimizgacha, asosan, qo’lyozma kitoblar shaklida etib kelgandir.
Arab yozuvida kitobat qilingan ming yillik madaniy meros nasldan-naslga qo‘lyozma shaklida o’tib kelgan. Shu qolyozma kitoblar tufayligina o’rta Osiyo xalqlari ota-bobolari yaratib qoldirgan madaniy merosdan bahramand bo’lganlar. Shu qo’lyozma tufayli O’rta Osiyodagi har bir xalq, har bir millat o’z tarixiga ega bo’lgan. Nihoyat, shu qo’lyozmalar tufayli o’rta Osiyo xalqlari jahon madaniyat tarixi taraqqiyotiga o’z hissasini qo’sha olgan.
Bu qo’lyozma kitoblarning muallif tomonidan parcha-parcha qog’ozlarga yozilib ijod etilgandan so’ng, uni oqqa ko’chirib, kitob tusiga kirituvchi g’oyat murakkab, mashaqqatli, ayni vaqtda sharafli vazifani bajaruvchi shaxs kitob bo’lgan. Kotiblik da’fatan qaraganda kishiga bir texnik vazifaga o’xshab ko’rinadi. Kitob go’yo muallifning yaratgan asarini harfma-harf ko’chiruvchi kishidek bolib tuyuladi. Haqiqatda esa bunday emas. O’rta asr tarixida va u davrdagi madaniy hayotda kitobatlik hunari eng sharafli va muqaddas vazifa hisoblangan. Avvalombor kotibning savodli bo’lishining o’zi feodalizm sharoitida ko’p vaqt hokimlar, amirlar savodsiz bo’lgan bir paytda uni (kotibni) yuqori mavqega olib chiqadi. Ikkinchidan, kotib kitobat qilish munosabati bilan har bir ko’chirgan kitobning mazmunini o’zlashtira boradi. Shuning natijasida haqiqiy kotib o’z zamonasining o’qimishli ilm-ma’rifat egalari qatoridan joy oladi. Demak, o’rta asr Sharq mamlakatlarida kitob ko’chirish bilan shug’ullangan xattotlarni biz oddiy ko’chiruvchilik vazifasini bajaruvchi shaxs deb emas, balki har bir xattotni o’z zamonasining o’qimishli ma’rifatparvar, ilg‘or ziyolisi va yirik madaniyat arbobi deb tushunishimiz kerak. Arab yozuvi O’rta Osiyoga islom dini bilan kirib kelgan. Shu sababli arab mamlakatlaridagi va shuningdek, O’rta Osiyodagi bir gurux xattotlar Qur’on hamda diniy kitoblarni ko’chirish bilan shug’ullanganlar. O’z zamonasida nihoyatda muqaddas hisoblangan «kalomi sharif», din, shariat haqidagi kitoblarni kochirish vazifasi har kimning qolidan kelavermagan.Bulardan tashqari tarixdan yana shu narsa ma’lumki, o’rta asrlar yashagan bir qancha olim, shoir va fozil kishilar yoshlikdan xattotlik san’atini egallab, keyinchalik kotiblikda ham nom chiqarganlar. Bunday ulug’ zotlar faqat o’z asarlarinigina kitobat qilmasdan, balki boshqa mualliflar asarini hamko’chirganlar. Masalan, Hofiz Sheroziy Xusrav Dehlaviyning «Xamsa»sini ko’chirgan. Temuriy bolalaridan bir nechalari (Boysunqor Mirzo, Rolib Mirzo, Badiuzzamon) kitobat bilan shug’ullanganlar. Alisher Navoiyning mohir xattot ekanligi tarixiy manbalardan ma’lum. Mirzo Bobir arab grafikasining turkiy xalqlarga moslab islox qilingan engil yozuv «xatti boburiy»ni ijod etgan. Munis Xorazmiy xattotlik san’ati haqida «Savodi ta’lim» nomli risola yozgan va Alisher Navoiyning «Xamsa»sini nihoyatda go’zal xat bilan ko’chirgan. Nihoyat, Buxoro xattotlik maktabining so’ngi vakillaridan XIX asrning buyuk olimi, ensiklopedik aql egasi Axmad Donish o’ndan ortiq zebo qo’lyozmalar ko’chirib qoldirgan. Ibn Bavvobning xat san’ati haqidagi risolasidagi asosiy g’oyalar keyinchalik juda ko’p risolalarda taraqqiy ettiriladi va yangi amaliy maslahatlar, nazariy fikrlar bilan boyitiladi.
Biroq Ibn Bahob ixtiro etgan xat namunalari haqida XVI asrgacha, deyarli, hech qanday aniq ma’lumot yo’q. Faqat XV asrning II yarmida yashab 908/1502-03 yilda vafot etgan arab xattotlaridan Muhammad bin Hasan al-Tibiy o’zining risolasida Ibn Bahob Tomonidan 17 xil xat ixtiro etilganligini to’la ravishda bayon qiladi hamda bu 17 xil xatni Ibn Bawob yozgan mo’tabar nusxalardan ko’chirib, ularning nomlarini birma-bir ko’rsatadi. Muxammad Bin xasan al-Tibbiy risolasini arab olimlaridan doktor Saloxdddin al-Munajjid 908/1502-03 yilda ko’chirilgan nusxasini 1962 yilda faksimal shaklida nashr qildirgan va unga katta so’z boshi yozgan.
Mazkur risola orqali biz Ibn Bavvobga nisbat berilgan xat namunalari bilan tanishish imkoniga egamiz. Arab xatining husnixatdagi eng muhim qoidalari va turlarini mashhur ixtirochi Ibn Bawob 36 tur xatdan tubandagi 16 turini Ibn Muqladan keyin ixtiro qilinganligi va takomillashtirganini XVI asr (1519 yil)da yashagan ulug’ xattot Muhammad binni Hasan Tibiy o’zining «Jome’i mahosini kitobat ul-kuttab» nomli asarida Ibn Bawob usulidan suratlarini yozib ko’rsatgan.
O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qolyozmalar fondida mavjud minglab kitoblar va san’ati, husnixat to’g’risidagi qator risolalarda berilgan ma’lumotlardan husnixat san’ati o’rta Osiyo xalqlarining ma’naviy madaniyat tarixida etakchi rol o’ynagan san’atlardan bolgan degan xulosa chiqarish mumkin.
O’rta Osiyoda xattotlik san’atinining keng taraqqiyoti Temur va Temuriylar davridan boshlanadi. Husnixat san’ati dastlab Xuroson poytaxti Hirotda rivojlanib, u yerda Sulton Ali Mashhadiy boshliq yirik xattotlik maktabi tashkil topadi. Maktabning o’ziga xos xususiyati shundan iboratki, bu erda, asosan, XIV asrda Mir Ali Tabriziy yaratgan nasta’liq xat uslubi Sulton Ali tomonidan takomillashtiriladi. Bu uslub yirik va mayda nasta’liq kitobat ishlarida keng qo’llanib, badiiy va tarixiy asarlar faqat nasta’lish xatida kitobat qilingan. Diniy va ba’zi ilmiy asarlar esa nasx xatida ko’chirilgan. Kofiy, riqo’. Sulsva nasx xatlari esa ko’proq me’morchilik, naqqosh san’atida va Sharq epigrafiyasida ishlatilgan.

Yüklə 0,58 Mb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin