10-Mavzu: Musulmon dunyosining diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashi Reja



Yüklə 52,04 Kb.
səhifə1/7
tarix13.12.2023
ölçüsü52,04 Kb.
#175028
  1   2   3   4   5   6   7
10-Mavzu ekstremizm


10-Mavzu: Musulmon dunyosining diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashi


Reja:

1. Diniy ekstremizmning musulmon dunyosi uchun xavfi.


2. Diniy ekstremistik tashkilotlar: umumiy jihatlar.
3. Musulmon mamlakatlarining diniy ekstremizmga qarshi kurash tajribasi.
4. Terrorizmni oziqlantirayotgan ijtimoiy-iqtisodiy omillarni bartaraf etish.


Tayanch tushunchalar: Musulmon mamlakatlari, qarshi kurash, qarshi kurashning siyosiy-huquqiy asoslari, diniy ekstremizmga qarshi kurashning ma’naviy-ma’rifiy asoslari.


1. Diniy ekstremizmning musulmon dunyosi uchun xavfi.
Jahonda 1,5 milliarddan ortiq kishi islomga e’tiqod qiladi. Musulmonlarning uchdan ikki qismidan ko’prog’i Osiyoda, qariyb 30 foizi Afrikada yashaydi. Dunyodagi musulmon jamoalari mavjud bo’lgan 120 dan ortiq mamlakatdan 40 dan ziyodida musulmonlar aholining ko’pchiligini tashkil qiladi. Jumladan, Indoneziyada 210 million, Pokistonda 150 million, Bangladeshda 110 million, Nigeriyada 80 million, Eron va Turkiyada 65 milliondan, Misrda 60 million, Marokash va Jazoirda 30 milliondan, Saudiya Arabistonida 17 milliondan ortiq musulmon istiqomat qiladi. Hindistondagi musulmonlarning soni 140 milliondan ortgan. Bulardan tashqari Kavkaz (Ozarbayjon) hamda Rossiyaning Tatariston, Boshqirdiston, Shimoliy Kavkaz (Checheniston, Ingushetiya, Kabardin- Balqar) kabi bir qator mintaqalari, Markaziy Osiyo davlatlarida ham musulmonlar ko’pchilikni tashkil etishini qayd etish lozim. Hozirgi kunda islom omili tobora katta kuchga aylanmoqda. U davlatlarning ichki va tashqi siyosati, ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga, davlatlararo va xalqaro munosabatlarga ta’sir etib kelmoqda.
Hozirda siyosatchilar musulmon olamiga dunyo hamda xalqaro munosabatlar istiqboliga ta’sir ko’rsatuvchi kuch sifatida qaramoqdalar. Islom omilining kuchayishida musulmon mamlakatlari hududlarining kattaligi, ya’ni jo’g’rofiy-strategik imkoniyatlarining ham o’ziga xos o’rni bor. Ayni paytda, musulmon aholi sonining tez o’sishi, ya’ni demografik omilni ham nazardan qochirmaslik kerak. Musulmon mamlakatlarida aholining o’sishi har yili o’rtacha 2,6% (dunyo buyicha - 1,7%, rivojlangan davlatlarda – 0.9%)ni tashkil etmoqda. Islom dunyosida “demografik portlash” kuzatilmoqda. Musulmon mamlakatlarining neft, gaz va boshqa tabiiy resurslarning ulkan zahiralariga egaligi G’arb iqtisodiyoti uchun nihoyatda katta ahamiyatga ega. G’arb dunyosining Yaqin va O’rta Sharqdagi uglevodorod resurslariga bo’lgan bog’liqligi yaqin istiqbolda ham saqlanib qoladi. Buni anglagan musulmon davlatlari tabiiy resuslardan maksimal ravishda foydalanib, o’z iqtisodiyotlarini rivojlantirishga harakat qilmokdalar. Bir qator musulmon mamlakatlarida chet eldan yangi qurol-yarog’ sotib olish hamda zamonaviy harbiy infratuzulma yaratish orqali o’zining harbiy kuch-qudratini oshirish, hatto ommaviy qirg’in quroliga ega bo’lishga intilish jarayonlari tobora kuchayib bormoqda. Pokiston yadroviy qurolga ega bo’ldi.
Zamonaviy texnologiyalarni qo’llash orqali yirik musulmon mamlakatlari milliy sanoatini rivojlantirib bormoqda. Oxirgi paytda ayrim musulmon mamlakatlarining, ayniqsa, Pokiston, Eron, Saudiya Arabistoni, Misr va Indoneziya kabi davlatlarning xalqaro maydondagi ta’siri kuchayib bormoqda. Ayni paytda, xalqaro maydonda birlashib, yakdil siyosat olib borish yo’lidagi harakatlar chuqurlashib bormoqda Shu bilan birga, xalqaro islom tashkilotlarining nufuzi ham ortib bormoqda. 1969 yilda tuzilgan Islom konferentsiyasi tashkiloti hozirda o’z safiga 57 mamlakatni qamrab olgani ham shunday xulosa chiqarish imkonini beradi.
XX asrning ikkinchi yarmida xalqaro miqyosda o’zini baralla namoyon etayotgan xatarli voqeliklardan biri bo’lgan diniy ekstremizm va undan oziqlanayotgan hamda diniy shiorlar bilan niqoblangan terrorizm ana shu mintaqalar va mamlakatlar hayotiga birdek tahdid solmoqda. Keng ko’lam va xilma-xil ko’rinishlar kasb etayotgan ushbu tahdidga qarshi kurash nafaqat musulmon mamlakatlari, balki butun dunyo uchun ham dolzarb bo’lib qolmoqda. Dastlab saltanat sohiblari va davlat arboblariga qarshi qurolli hujumlar shaklida paydo bo’lgan siyosiy terrorizmni bugun har qadamda uchratish mumkin.
XX asrning 60-yillaridan boshlab, dunyoning butun-butun mintaqalari turli-tuman terrorchilik tashkilotlarining o’chog’iga aylana boshladi. Ma’lumotlarga ko’ra, bugun dunyo bo’yicha 500 ga yaqin terrorchilik tashkilotlari faoliyat ko’rsatmoqda. Zamonaviy terrorizmning ikkita alohida xatarli belgisini ajratib ko’rsatish mumkin: bir tomondan, u tobora shafqatsizroq g’ayriinsoniy mohiyat, ikkinchi tomondan, aqlga sig’dirish qiyin jug’rofiy ko’lamlar kasb etib bormoqda. Hozirda har kuni dunyoning u yoki bu burchagida kimlarnidir qo’rquvga solish orqali muayyan maqsadlarga erishishni ko’zlagan qo’poruvchilik harakatlari amalga oshirilmoqda. Va, afsuski, ularning soni muntazam oshib bormoqda.
Ekstremizm va terrorizm odamlarning ertangi kunga bo’lgan ishonchiga putur etkazibgina qolmasdan, turli diniy e’tiqod vakillari bo’lgan xalqlar, hattoki, tsivilizatsiyalar orasidagi o’zaro ishonchga ham soya tashlamoqda, jahon taraqqiyotining tamal toshi bo’lgan xalqaro iqtisodiy va madaniy hamkorlikning rivojlanishiga to’siq bo’lmoqda.
Ekspertlarning fikricha, dunyoda faoliyat ko’rsatayotgan terrorchilik tashkilotlarining yuzdan oshig’i eng zamonaviy qurollar bilan yaxshi ta’minlangan yirik uyushmalardan iborat. Ular turli qo’poruvchiliklarni sodir etish jarayonida o’zaro hamkorlik qiladilar, ma’lumotlar almashadilar, zarur hollarda, bir-birlariga harbiy, moliyaviy va boshqa shakldagi yordamni ko’rsatadilar. Bunday tashkilotlarning eng yiriklari qatoriga “al-Qoida”, “Al-Jihod al- islomiy”, “At-Takfir val-hijra”, “Abu Sayyof” (Filippin), “Ozod Achex” va “Lashkari jihod” (Indoneziya), “Qurolli islomiy harakat” (Jazoir) kabilarni kiritish mumkin. Oxirgi yillarda xalqaro miqyosda amal qilayotgan yana bir islomiy tashkilot – “Hizb at-tahrir al-islomiy” ham asosli ravishda dunyoning turli mamlakatlarida terrorchilik amaliyotlarni sodir etgan deb hisoblanmoqda. Dinni qurol qilib olgan bunday ekstremistik harakatlar bugun umuman kishilik jamiyati hayotiga jiddiy tahdid solmoqda. Masalaning yana bir taassufli jihati shundaki, diniy liboslarga o’ralgan terrorchi tashkilotlarning mutlaq ko’pchiligi muqaddas islom dinini o’ziga niqob qilib olgan. Bayon etilganlarni nazarda tutib fikr yuritilsa, mustaqillik davrida turli ko’rinishlarda amalga oshirilgan qo’poruvchilik xurujlari kuchli tashkiliy tuzilmalar va ulkan moliyaviy imkoniyatlarga ega yirik terrorchi tashkilotlar va ularning sheriklari tomonidan xalqaro miqyosda amalga oshirilayotgan keng ko’lamli qo’poruvchiliklarning uzviy qismi ekaniga ishonch xosil qilish mumkin.
Mutaxassislar fikricha, «islom» ekstremizmi va u bilan bog’liq terrorizm dunyoning 15 dan ortiq mamlakatlariga alohida tahdid solmoqda. Er kurrasining turli qit’alarida joylashgan bunday mamlakatlarni shartli tarzda bir necha guruhga bo’lish mumkin.
Birinchi guruhga mansub Shimoliy Afrikada joylashgan ayrim arab mamlakatlari, jumladan, eng katta arab davlati bo’lgan Misr Arab Respublikasi uchun diniy ekstremizm bilan bog’liq terrorchilik harakatlari haqiqiy muammoga aylandi. 1970–1980 yillarda bunday jarayon Tunisni ham qamrab oldi. Mazkur mintaqada joylashgan yana bir arab davlati - Jazoirdagi diniy ekstremistik tashkilotlarning qo’poruvchilik faoliyati tufayli o’n minglab begunoh insonlar halok bo’lgan bo’lsa, radikal oqimlar Sudanda ichki ijtimoiy-siyosiy barqarorlikning mutlaqo izdan chiqishiga, Darfur mintaqasining dunyoning eng fojiali nuqtalaridan biriga aylanishiga sabab bo’ldi.
Ikkinchi guruhga Osiyo qit’asida joylashgan yana bir necha arab davlatlarini kiritish mumkin. Turli-tuman siyosiy, iqtisodiy va diniy-mafkuraviy sabablarga ko’ra, Falastin hududlari, Iroq Respublikasi diniy ekstremizm bilan bog’liq terrorchilik harakatlaridan katta talafot ko’rmoqda. Saudiya Arabistoni Podshohligida ham terrorizm o’zining mudhish qiyofasini namoyon etmoqda. Vaziyatning keskinlashib ketishi diniy arboblarning aksilterror siyosatini faol qo’llab-quvvatlashga jalb qilinishiga olib kelmoqda. Xususan, 2003 yilning fevralida Saudiya Arabistoni ulamolar Kengashi Podshohlikdagi chet el fuqarolariga hujum qilishni taqiqlovchi fatvo chiqardi. Unda chet elliklarga “kofir” deb qarash islom tamoyillariga mutlaqo zid ekani ta’kidlanadi.
Diniy ekstremistik faoliyatning uchinchi o’chog’i Janubi- Sharqiy Osiyo mintaqasida joylashgan deyish mumkin. Ushbu xatarning olovli nafasi, ayniqsa, Pokiston, Indoneziya, Malayziya hamda Hindiston va Filippinning ayrim hududlarida o’zining halokatli oqibatlarini namoyon etmoqda. Boshqacha aytganda, qadim- qadimlardan buddaviylik, hinduiylik, islom va boshqa dinlarga e’tiqod qiluvchilar tinch-totuv yashab kelgan ulkan hududda ham ekstremizmning qo’poruvchilik salohiyati o’zini ko’rsatmoqda.
Islom mafkura sifatida musulmonlarni birlashtiruvchi kuchli omil bo’lib kelgan. Asrlar davomida turli ijtimoiy tabaqalar va millatlarni qamrab olishi natijasida, bugungi kunda islom o’z rivojlanishida katta qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Islom dini doirasida yuzaga kelgan turli qarama-qarshiliklar oqibatida jangari millatchilik va diniy ekstremizmga asoslangan siyosiy kuchlar va ittifoqlar paydo bo’lmoqda. Ikki tizimli voqelikning yo’qqa chiqishi sharoitida aholi turmush darajasining pasayishi, ma’naviy qashshoqlashuvi G’arb urf- odatlari va madaniyatining kirib kelishi va mahalliy urf- odatlarning asta-sekin siqib chiqarilishi kabi omillar islom bayrog’i ostidagi diniy fundamentalizm va ekstremizmning rivojlanishiga zamin yaratmoqda. Murakkab ichki ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy muammolar yuki ostida qolgan musulmon mamlakatlari aholisining ko’pchiligi hayotda hech qanday istiqbolni ko’ra olmasligi sharoitida, islomning “oltin davri” atalmish Muhammad sallollohu alayhi vasallam va to’rt xalifa davri vaqtiga qaytishga intilish kayfiyati ustuvor bo’lib bormoqda.
Islom bayrog’i ostidagi ekstremizm o’z navbatda din va dinning tozaligi yo’lida “kofirlarga” qarshi kurash, murosasizlik, kerak bo’lsa, kuch ishlatish lozimligini asoslovchi radikal musulmonlarning mafkurasi va siyosiy amaliyoti bo’lib qolmoqda.Ular o’z tamoyillari va g’oyalarini jamiyatga singdirib, shariat asosida boshqariladigan islomiy davlat tuzishni niyat qilib qo’ygan. Diniy ekstremistlar dunyoviy jamiyatga nafrat ruhi bilan yo’g’rilgan, G’arb madaniyatini inkor etishga asoslangan g’oyalarni odamlarning ongiga singdirishga harakat qilmoqdalar. Ular iqtisodiy qiyinchiliklar, aholi moddiy ahvolining og’irlashuvi, siyosiy kuchlarning qutblashuvi kabi muammolardan foydalanib, konstitutsiyaviy tuzumga qarshi kurash olib bormoqda. Bunday kurash ochiqdan-ochiq to’qnashuv shakllari (ko’cha namoyishlari, norozilik chiqishlari, ish tashlash)ni qo’llab-quvvatlash hamda aholining turli tabaqalari o’rtasida noqonuniy targ’ibot uslublardan foydalanib davlat tizimiga qarshi qo’poruvchilik olib borish kabi ko’rinishlarda namoyon bo’lmoqda.
Zamonaviy islom radikallariga xos bo’lgan xususiyatlar ichida dunyoni “oq-qoraga” bo’lish, odamlar va jamiyatni “o’zimizniki- begona”larga ajratish “agar kim biz bilan bo’lmasa, u bizga qarshi” g’oyasini olg’a surish hamda hukumat va jamiyatni kufrda (xudosizlikda) ayblash alohida o’rinni egallashini ta’kidlash zarur.
Xalqaro maydonda islom radikallari ko’pincha panislomizm, ya’ni “butun dunyoga islomni tarqatish va islom davlatlarini birlashtirish lozimligi” haqidagi g’oyaga suyanib kelmoqda. Ularning asosiy maqsadi kurashning turli usullaridan, shu jumladan, kuch ishlatishdan foydalanib, hokimiyatni qo’lga olish. O’zlarining g’arazli maqsadlariga etish uchun ular hatto keskin choralar, masalan, jihod e’lon qilishga ham tayyordirlar. Islom bayrog’i ostida faoliyat ko’rsatayotgan ko’pchilik ekstremistik tashkilotlari bitta reja asosida ish olib borishadi. Bunda qonuniy tuzumni beqarorlashtirish, aholini keng ko’lamda hokimiyatga qarshi chiqishlarga gij-gijlash, mamlakat rahbariyatini hokimiyatdan chetlatish, islomiy hukumatni shakllantirish (boshida boshqa muxolifat kuchlar bilan birgalikda, keyin esa hokimiyatni o’z qo’liga to’laligicha olish) markaziy o’rinni egallaydi. Mazkur rejani amalga oshirishda ekstremistlar terrorchilik amaliyotlarini o’tkazishga alohida e’tibor berishadi. Bu ularning o’z maqsadlariga erishishda birinchi navbatda vaziyatni beqarorlashtirishga urinishga harakat qilishlarini ko’rsatadi. Lekin bunday amaliyotlarning vaqti, ularni o’tkazishning maqsadga muvofiqligi, siyosiy oqibatlari inobatga butunlay olinmaydi. Ularning fikricha, vaziyatni tizimli ravishda beqarorlashtirish, jamiyatda norozilik kayfiyatlarini uyg’otish va shu yo’l bilan hokimiyatni qo’lga olish uchun qulay sharoit yaratish muhim hisoblanadi. Ekstremistlar g’oyasi bo’yicha bitta muvafaqqiyatli o’tkazilgan yirik terrorchilik amaliyoti xalq qo’zg’oloniga turtki bo’lishi mumkin. Diniy ekstremizmni o’ziga qurol qilib olgan terrorchilarning butun dunyoning nafratini qo’zg’atgan 2001 yil 11 sentyabrda sodir etgan vahshiyliklari bashariyat tarixidagi eng mash’um sahifalardan bo’lib qolishiga hech kim shubha qilmaydi. O’tgan asrning 70-yillari intihosidan boshlab Afg’oniston diniy ekstremizm va fundamentalizmning eng yirik o’chog’iga aylana boshladi. Ushbu mamlakatdagi siyosiy beqarorlik tufayli turli mamlakatlardan o’zining xunuk qilmishlari uchun badarg’a bo’lgan qora kuchlar Afg’onistonga oqib keldilar va mustahkam o’rnashib oldilar. “Tolibon” nomi bilan atalgan ekstremistlar ularga boshpana berdilar. Afsuski, ayrim yirik davlatlar ham o’zlarining shubhali geosiyosiy manfaatlarini ro’yobga chiqarish ilinjida Afg’onistondagi radikal guruhlarni amalda qo’llab-quvvatladilar. Natijada, ushbu mamlakat ekstremizm va terrorizmning haqiqiy o’chog’iga aylandi. Bu hol nafaqat uning, balki unga tutash mamlakatlarning xavfsizligiga ham tajovuz solgani yaxshi ma’lum. Ta’kidlash joizki, diniy ekstremizm va u bilan bog’liq terrorizmning O’zbekistonga kirib kelishida aynan Afg’oniston o’ziga xos darvoza vazifasini o’tadi. O’tgan asrning so’nggi yillarida mazkur mamlakatdan panoh topgan, “Tolibon” harakati va “al-Qoida” tashkiloti bilan mustahkam aloqalar o’rnatgan diniy-siyosiy guruhlar O’zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridagi barqarorlikka putur etkazishga intilib kelmoqda. Ko’pgina mamlakatlarda yashirin faoliyat olib borishga urinayotgan “Hizbut-tahrir” tashkiloti o’zini terrorchilik faoliyatiga aloqasi yo’qdek qilib ko’rsatishga intiladi. Uning ushbu iddaosini haqiqat deb qabul qilishga tayyor kuchlar ham bugungi dunyoda, afsuski, yo’q emas. Lekin hizbuttahrirchilar tarqatayotgan varaqalarning mazmuni ushbu guruhning tinchliksevar ekani haqidagi da’volar haqiqatdan nechog’lik yiroqligini, uning “beozor siyosiy kuch” ekaniga ishonayotganlar qanchalik xato qilayotganiga hech qanday shubha qoldirmaydi. O’z umrini yashab, tarix sahnidan tushib ketgan, bugungi voqelikka mutlaqo to’g’ri kelmaydigan xayoliy xalifalikni barpo etish uchun har qanday amaliy harakatlardan tiyilmaslik, jumladan, qurol ishlatishni targ’ib qilish orqali musulmonlar ongiga eng ashaddiy siyosiy g’oyalarni singdirishni o’zining dasturiy vazifasi qilib olgan hamda uni hayotga tatbiq etishga jon-jahdi bilan urinayotgan bunday guruhni terrorchilik faoliyatga aloqador emas deb bo’ladimi? O’zbekiston diniy ekstremizm bilan to’qnash kelayotgan birinchi davlat emas. Yuqorida qayd etilganidek, u bugun dunyoning ko’plab mamlakatlari xavfsizligiga tahdid solmoqda. Shunga mos ravishda dunyoda diniy ekstremizm va u bilan bog’liq terrorizmga qarshi kurash bo’yicha salmoqli tajriba to’plangan. Mazkur tajribadan kelib chiqadigan eng asosiy xulosa shuki, diniy ekstremizm va terrorizm bilan kurashda, asosan, huquq-tartibot organlariga suyanish, faqat jazo choralarini qo’llash orqali unga barham berishga intilish mazkur salbiy hodisaning oqibati bilangina kurashish bilan barobardir. Boshqacha aytganda, bunday yo’ldan borilganda, diniy ekstremizm va terrorizmni oziqlantirib turgan “ildiz”lar beshikast qolaveradi, vaqt o’tishi bilan ular yangi “kurtak”lar berishda davom etaveradi. Shuning uchun ham, diniy ekstremizm va terrorizm bilan to’qnash kelayotgan davlatlar ushbu xatarli hodisaga qarshi kurashishda tobora ko’proq yalpi va maqsadli yondashuv yo’lidan borishga harakat qilmoqda. Hayot-mamot jangi. Biz shunday davrda yashamoqdamizki, uni hech bir mubolag’asiz, insoniyat taqdirini belgilab beradigan jang sodir bo’layotgan davr deb atash mumkin. Ushbu jangda foydalanilayotgan vosita tom ma’nodagi qurol emas, balki g’oyalardir. Yaxshi ma’lumki, g’oyalar har xil bo’ladi: azal-azaldan dunyoda bunyodkor g’oyalar bilan bir qatorda, buzg’unchilik mafkurasi ham yashab keladi. Aslida, bashariyat tarixi, muayyan ma’noda, bunyodkorlik va buzg’unchilik o’rtasidagi kurash tarixidir. Ushbu kurashda bunyodkorlik g’olib bo’lgan paytlardagina insoniyat olg’a bosgan, buzg’unchilik, yovuzlikning qo’li baland kelgan vaqtlarda esa, tanazzulga yuz tutgan. Axborot almashish va etkazish imkoniyati bugun shunday darajaga etdiki, ular inson hayotini yaxshilashga xizmat qilish bilan bir qatorda, uning tinchini buzishga ham sabab bo’lmoqda. Internet kabi ma’lumotlar uzatish vositalari tom ma’nodagi ijobiy jihatini namoyon qilish bilan birga, xalqaro terrorchilar, jumladan, diniy-siyosiy jangarilikning o’z g’araz maqsadlari yo’lida faol foydalanayotgan quroliga ham aylanib qolmoqda. Bugun muayyan kuchlar o’zlarining g’arazli maqsadlariga erishishda kiber bo’shliqdan foydalanishini ifodalovchi “kiberterrorizm” degan tushuncha ham paydo bo’ldi. U mutaxassislar tomonidan terrorizmning boshqa har qanday ko’rinishidan ham ko’ra xavfliroq hodisa sifatida qayd etilmoqda. Xalqaro terrorizmning rivojlanishidagi navbatdagi yangi bosqich kiber urushlar shaklida bo’lishi shubhasiz ekani ta’kidlanmoqda. Xalqaro ko’lamdagi, chegara bilmas bunday salbiy hodisaga qarshi kurashning xalqaro tizimini shakllantirish hayotiy zaruratga aylanmoqda. Darhaqiqat, internet qo’poruvchilikni amalga oshirish uchun mo’ljallangan nishonlar haqida ma’lumotlar manbai, ularni sodir etish uchun lozim mablag’ni to’plash va terrorchi tashkilotlar orasidagi ishonchli tezkor aloqa vositasi, ma’lum belgilar bo’yicha turli-tuman odamlarni birlashtirish yo’li, g’arazli maqsadlarni tashviqot qilish va buzg’unchi g’oyalarni targ’ib qilish quroli, psixologik terrorizmning tashabbuskori vazifasini o’tashi mumkin va afsuski, shunday bo’lmoqda ham. Internet masofadan, ya’ni muayyan mamlakat hududlaridan turib boshqa o’lkada qo’poruvchilikni amalga oshirish imkonini bermoqda.
“Bizdan uzoq-yaqin masofalarda joylashgan ayrim islom davlatlarida o’rta asrlarda mavjud bo’lgan musulmon xalifaligini tiklashni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan muayyan tashkilotlar mavjud”, – deb yozadi I.Karimov. Bugungi kundagi mavjud voqelik, jahon sahnida kechayotgan jarayonlarga teran ko’z bilan qaraydigan bo’lsak, Yurtboshimizning so’zlari chuqur mazmunga egaligini anglab etish mumkin. Zero, musulmon dunyosida qonunlar doirasida siyosiy, ma’rifiy-madaniy, xayriya ishlari bilan shug’ullanuvchi rasmiy islomiy tashkilotlardan tashqari, bir qator ekstremistik diniy-siyosiy guruhlar ham faoliyat olib bormoqda. Ularning asosiy maqsadi islom dinini siyosiylashtirgan holda, yagona mafkuraviy makon barpo qilish asosida hokimiyatni qo’lga kiritishdir. Ushbu maqsad yo’lida ular targ’ibot-tashviqot ishlari bilan bir qatorda, terrorchilik amaliyotidan ham keng ko’lamda foydalanishmoqda. Xususan, davlat rahbarlari, huquqni muhofaza qilish tizimi xodimlari, jurnalist va siyosatchilar, chet ellik fuqarolarni o’ldirish yoki garovga olish, etakchi G’arb davlatlariga tegishli ob’ektlarda qo’poruvchilik ishlarini amalga oshirish orqali jamiyatda ijtimoiy-iqtisodiy beqarorlik keltirib chiqarish hamda hukumatning G’arb dunyosi bilan hamkorligiga putur etkazishga intilish g’arazli maqsadlar yo’lida amalga oshiriladigan harakatlar zanjirining uzviy xalqalari hisoblanadi. Hozirgi kunda diniy-ekstremistik tashkilotlarning faoliyati yuqorida qayd qilinganidek, Jazoir, Misr, Indoneziya, Hindiston, Filippin, Pokiston, Iroq, Afg’oniston, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya Federatsiyasining Kavkaz mintaqasi kabi katta jug’rofiy hududda kuzatilmoqda. Diniy ekstremizm va terrorizmning jamiyat barqarorligi va rivojiga salbiy ta’siri xalqaro terrorchilik tizimida etakchi o’rinlarni egallab turgan ba’zi tashkilotlarning mohiyati tahlil qilinganda yanada yaqqol namoyon bo’ladi. Ular sirasida bunday tashkilotlar vujudga kelishiga asos va namuna bo’lgan “Musulmon birodarlar” guruhining faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi.



Yüklə 52,04 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin