Sintaktik sinonimlikka xos uslubiy xususiyatlar. Sinonimlik nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham sintaktik uslubiyatning asosini tashkil etadi. Chunki sinonimlikda avvalo, maqbul konstruksiyalarni nutq jarayoni va sharoit, janrga moslab tanlab olish imkoniyati mavjud boʻladi.
Denotativ ma’nosi bilan bir-biriga yaqin, ammo konnotativ ma’nosi bilan farqlanuvchi turli konstruksiyalar sintaktik sinonimiyani tashkil qiladi. Sintaktik sinonimiyada mazmunan bir-biriga yaqin boʻlgan fikrni har xil konstruksiyalar, gaplar orqali berish tushuniladi: Kitobni ukasiga oldi – Kitobni ukasi uchun oldi. Buni hamma biladi – Buni kim bilmaydi? kabi.
Sintaktik sinonimiya uslubiy vosita sifatida ogʻzaki va yozma nutqda keng qoʻllaniladi Sintaktik sinonimlarni hosil qilishda soʻz va soʻz shakllari muhim rol oʻynaydi. Shaklan turlicha, mazmunan bir-biriga yaqin boʻlgan gaplar biri ikkinchisidan hissiy ta’sirchanligi yoki biror uslubga taalluqligi bilan farq qiladi. Chogʻishtiring: U darsga kechikib kiradi – U darsga kechikmay kirmaydi. Ikkinchi gapda ta’sirchanlik kuchli.
Sintaktik sinonimlarni xoh ogʻzaki, xoh yozma nutqda boʻlsin, soʻz qoʻllashning boyligi nuqtai nazaridan baholash lozim. Chunki sintaktik sinonimlar ham, asosan, leksik sinonimlar kabi nutqda turli ma’no nozikliklarini keltirib chiqaradi, uslubiy boʻyoqdorlikni, fikrning aniq ta’sirchan boʻlishini ta’minlaydi. Shuning uchun yozuvchilar bir jumlaning oʻzida ularning turli koʻrinishlaridan foydalanishga harakat qiladilar: Toʻgʻonbek chalasavod boʻlsa ham, ilm-fanning qadr-qimmatini biladi. Talabalarning suhbat va munozaralariga diqqat bilan quloq soladi, lekin bu sohani oʻzi uchun begona hisoblaydi. Sintaktik sinonimiya soʻz birikmasi va gap doirasida boʻlishi mumkin.
Soʻz birikmasi doirasida sinonimiya. Mazmunan bir-biriga yaqin, ammo tuzilishi va uslubiy boʻyogʻi turlicha boʻlgan soʻz birikmalari sinonimik soʻz birikmalari hisoblanadi: Ikkinchi uy – ikkinchi sondagi uy – nomer ikkinchi uy.
Soʻz birikmalari sinonimiyasida mavjud predmet, belgini emas, balki ana shu predmet, belgini ifodalashda sintaktik aloqa munosabati va shu munosabat asosida kelib chiqadigan konnotativ ma’nolar ifodalanadi: Xoʻjalikka yaraydi – xoʻjalik uchun yaraydi – xoʻjalik uchun yaroqli.
Soʻz birikmalaridagi sinonimlik ikkiga: kelishikli konstruksiyalardagi oʻzaro sinonimiya hamda kelishikli va koʻmakchili konstruksiyalar sinonimiyasiga boʻlinadi.
Kelishikli konstruksiyalardagi sinonimiya, asosan, kelishik qoʻshimchalarining oʻzaro almashinib ishlatilishi natijasida hosil boʻladi. Bunda, asosan, chiqish kelishikli birikmalar qaratqich va joʻnalish kelishikli konstruksiyalar bilan sinonimlik munosabatga kirishadi. Tinglovchilardan biri soʻzladi – Tinglovchilarning biri soʻzladi. Biz sizning qoʻshningiz boʻlamiz – Biz sizga qoʻshni boʻlamiz kabi.
Kelishikli va koʻmakchili konstruksiyalar sinonimiyasi barcha nutq uslublarida uchraydi. Biroq xalq maqollari, shiorlar, gazeta sarlavhalari va rubrikalari uchun koʻproq qisqalik, ya’ni kelishikli konstruksiya muvofiqdir. Chogʻishtiring: Dunyoga tinchlik! Dunyo uchun tinchlik! Kamtarga kamol, manmanga zavol. (Maqol.) Bersang olasan, eksang oʻrasan. (Maqol.)
Harakatning bajarilishidagi vosita ma’nosini ifodalashda oʻrin-payt kelishikli konstruksiya “bilan” koʻmakchili konstruksiyalar bilan sinonimlik hosil qiladi: Qalamda yozdi – qalam bilan yozdi,poyezdda ketdi – poyezd bilan ketdi.
Koʻmakchili birikmalar ish-xarakatning bajarilish holatini, sababini, paytini, oʻrnini ham ifodalab keladi: Siz bilan yuksalajak shonimiz, kamolimiz (Gʻ.Gʻ.) Choʻl bilan olishuv davom etmoqda (Gaz.) Bunday qurilmalarni biror-bir kelishikli konstruksiya bilan sinonim qilib ishlatib boʻlmaydi.
Atalganlik, tegishlilik ma’nosidagi sinonim konstruksiyalarda hokim qism ifodalagan predmet shaxsga tegishli boʻlsa, koʻproq kelishikli kontrukstiya, oʻsha predmet jonivorlarga taalluqli boʻlsa, asosan, koʻmakchili konstruksiya ishlatiladi: Mohir sportchilarga sovrinlar (Gaz.). Sigir uchun omuxta ozuqa (Gaz.).
Soʻz birikmasida sabab ma’nosi ifodalanib kelganda deb, uchun, tufayli konstruksiyalari oʻzaro sinonimlik hosil qila oladi:
– Sizni deb keldim, Yoʻlchi aka! – Men uchun keldingizmi? (O.).
Koʻmakchili va kelishikli konstruksiyalar sinonimiyasi janr, uslub xususiyatiga koʻra bir-biridan farqlanib qoʻllanadi. Jumladan, nasrda koʻmakchili konstruksiya nisbatan faol qoʻllanadi. She’riyatda koʻproq kelishikli konstruksiyalar ishlatiladi.
Erkin soʻz bogʻlamalari ikki soʻzning ma’lum bir qonun-qoida asosida birikishidan hosil boʻladi. Shu birikmalarning koʻpchiligi uslubiy betaraf boʻlsa, ayrimlari uslubiy boʻyoqdor boʻladi. Uslubiy boʻyoqdor soʻz birikmalari, odatda, bir soʻzning boshqasi bilan birikish imkoniyati va qonuniyati buzilgan holatiga toʻgʻri keladi. Demak, bir soʻz ikkinchi bir soʻz bilan qoʻshila olsa, boshqa birisi bilan birika olmaydi. Soʻzlar oʻzaro birikishi uchun mantiqan bir-biriga toʻgʻri kelishi kerak. Masalan, mazali osh deyish mumkin, ammo mazali tosh deb boʻlmaydi. Chunki toshda ta’m semasi yoʻq.
Badiiy adabiyotda koʻchma ma’noli soʻzlar koʻproq qoʻllanadi. Shuning uchun ham badiiy nutqda soʻzlarning qoʻshilishida ayrim cheklanishlar yoʻqoladi. Masalan alangali yillar, shirin soʻz, qon yigʻlamoq, yoqut piyola kabi birikmalardagi soʻzlar aynan oʻz ma’nosida tushunilsa, mantiqsiz boʻladi. Ammo ular badiiy nutqda obrazlilik va jozibadorlik kasb etadi.
Badiiy soʻz ustalari odatdagi nutqda oʻzaro bogʻlanishi chegaralangan soʻzlarni bogʻlash orqali turli ma’no nozikliklari, ta’sirchanlikni yuzaga keltiradilar.