Sintaktik omonimiyaga xos uslubiy xususiyatlar. Sintaktik omonimiya nutq bosqichiga xos xususiyat boʻlib, soʻz shakllari, birikmalar va gaplar orasida yuz beradi. Sintaktik omonimiyada ifodaning, avvalo, shakl tomoniga, soʻngra mazmun tomoniga e’tibor beriladi. Shakllari bir xil, ammo mazmuni turlicha boʻlgan soʻz birikmalari va gaplardan badiiy tasvirda soʻz oʻyinlari, askiya, ba’zan kulgi yaratish uchun foydalaniladi:
– Afandi, bugun sira ogʻzingizni ochmadingiz, – dedi suhbatdoshlaridan biri. – Esnayverib, ogʻzim ochilib, uning yirtilishiga oz qoldi-ku! – dedi afandi. (Afandi latifalaridan.) “Ogʻiz ochmoq” konstruksiyasi ikki oʻrinda ikki ma’noda kelib, kulgili vaziyat yaratgan.
Erkin soʻz birikmalari oʻzaro hamda turgʻun soʻz birikmalari bilan omonimlik tashkil qila oladi: Ne’matovga qaraydi soʻz birikmasida bir-biridan farq qiluvchi ikki ma’no anglashilgan: 1) boshqa bir shaxs (Ne’matovga qarab, tikilib turibdi; 2) ma’lum bir narsa - predmet unga tegishli ma’nosida. Paltoda oʻtirdi, choponda yotdi birikmalarida ham bu holni koʻrishi mumkin.
Erkin soʻz bogʻlamasi bilan turgʻun soʻz bogʻlamasi omonimlik paydo qilsa, ta’sirchanlik bir qadar kuchli ifodalanadi: ogʻzi katta: a) ogʻzining hajmi katta, ya’ni fizologik holat; b) maqtanchoqlik – frazeologik ibora boʻlib, ta’sirchanlik ifodalangan.
Turgʻun soʻz bogʻlamalari oʻzaro omonimlik tashkil qilganda, ta’sirchanlik va his-hayajon yanada kuchayadi. Buni quyidagi bir gap tarkibida keltirilgan ikki omonimik ibora ma’nolarini qiyoslaganda yaqqol koʻrish mumkin: Bolalar oʻz onalarini ardoqlab boshiga koʻtardi. Onasi uydan chiqishi bilan uyni boshiga koʻtardi.
Shoir Gʻafur Gʻulom shakli bir xil boʻlgan erkin va turgʻun soʻz birikmalarini yonma-yon keltirish orqali tasvirda oʻziga xos jozibadorlikni yuzaga keltirgan:
Primusning kapsulida sinmishdir nina, Dam bermaydi hech. Dam bermaydi hech – Eski turmush tashvishlari Sarviginaga. Sintaktik omonimlik sodda gaplar orasida ham, qoʻshma gaplar orasida ham uchraydi: Nodonligidan gapirdi gapidan ikki xil ma’no anglash mumkin: oʻzi nodon boʻlgani uchun gapirish yoki boshqa birovning nodonligini bayon qilish; nima ekilsa, shu oʻriladi gapi ham nutqda ikki xil ma’no ifodalaydi.
Bir xil grammatik qurilishga ega boʻlgan gapdan ohang va pauzaning oʻrnini oʻzgartirish bilan turli mazmundagi gaplar hosil qilish mumkin. Masalan, qishloqdagi bari yosh yigitlar urushga ketgan gapi hech qanday toʻxtamsiz oʻqilsa boshqacha, yosh soʻzidan soʻng toʻxtam qilinsa tamoman boshqa ma’noli gaplar hosil boʻladi.
Sintaktik omonimlarning barcha koʻrinishlari fikrning ikki xil anglashilishiga sabab boʻladi. Bu, oʻz navbatida, tinglovchini chuqur oʻylashga, fikrlash doirasini kengayotirishga undaydi, tasvirda badiiylikni oshiradi.