Saljuqiylar kelib chiqishi bo‘yicha turkiy o‘g‘uz qavmiga tegishli bo‘lib, Sirdaryoning o‘rta oqimidagi erlarda ko‘chmanchi tarzda hayot kechirar edilar



Yüklə 26,27 Kb.
tarix21.12.2023
ölçüsü26,27 Kb.
#187714
Saljuqiylar kelib chiqishi bo


Saljuqiylar kelib chiqishi bo‘yicha turkiy o‘g‘uz qavmiga tegishli bo‘lib, Sirdaryoning o‘rta oqimidagi erlarda ko‘chmanchi tarzda hayot kechirar edilar. O‘g‘uz qabilalari bir necha urug‘larga bo‘lingan edi. Ushbu urug‘lardan biri-qiniq urug‘i bo‘lib, uning sardori – Saljuq ibn Do‘kak ismli kishi bo‘lgan. Tarixchilar, xususan Ibn al-Asir Saljuqni iste’dodli, o‘z fikr-mulohazasiga ega rahbar sifatida ta’riflagan. Ular ma’lum sabablarga ko‘ra X asrning o‘rtalarida Jand viloyatiga kelib o‘rnashib, so‘ngra islom dinini qabul qiladilar. Bu erda boshqa ko‘chmanchi turkiy qavmlar bilan turli darajadagi kurashlar bo‘lib bo‘lib o‘tdi.
Saljuqning Arslon, Mikoil va Muso ismli o‘g‘illari bo‘lgan. Tarixiy manbalarning xabariga ko‘ra u Jandda 107 yoshda vafot etib, o‘sha erga dafn etilgan. Mikoil ham o‘zaro kurashlarning birida halok bo‘lib, uning o‘g‘illari YAbg‘u, To‘g‘rulbek Muhammad, CHag‘ribek Dovudlar Buxorodan 12 farsah uzoqlikdagi erlarga kelib o‘rnashdilar. Qoraxoniylarning Amudaryodan janubga o‘tishlariga qarshi harakat boshlagan Mahmud G‘aznaviy saljuqiylarning kuch-quvvati, harbiy salohiyatini guvohi bo‘ldi. U saljukiylardan Arslon ibn Saljuqni qo‘lga oldi. SHu voqeadan so‘ng Mahmud G‘aznaviy 1025 yili 4000 oiladan iborat Saljuqiylarga Amudaryodan kechib o‘tib, Saraxs, Farova, Obivard atroflaridagi erlarga kelib o‘rnashishga ruxsat berdi. Saljuqiylarning bir qismi Isfahon va Kirmonga ketishlari ma’lum ziddiyatlarni keltirib chiqardi. 1029 yili Mahmud G‘aznaviy ularga qarshi kurash olib bordi. Saljuqiylar avval Mahmud G‘aznaviy, so‘ngra uning o‘g‘li Ma’sudning soliq siyosatiga qarshi chiqa boshladilar. Bu paytda Xorazmda ham vaziyat keskinlashdi. G‘aznaviylarga qaram bo‘lgan Oltuntosh vafotidan so‘ng uning o‘g‘li Horun ibn Oltuntosh Xorazm hokimi etib tayinlangan edi. Horun qoraxoniylar bilan til biriktirgan holda, 1030 yili Xurosonga yurish qildi.
Ma’sud Horunni yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ldi hamda qoraxoniylar bilan diplomatik kelishuvni amalga oshirdi. 1035 yilga kelib saljuqiylarlarning Xurosonda navbatdagi norozilik isyonlari boshlandi. Isyonlar oqibatida ko‘plab nomaqbul ishlar, talonchilik harakatlari ham bo‘lib o‘tib, bu haqli tarzda oddiy aholi noroziligiga olib keldi. 1038-1039 yillarda Ma’sud G‘aznaviy Balxdan Saraxs tomon qo‘shin tortib, saljuqiylarning o‘sha erdagi qismlarini tor-mor keltirdi. Ma’suddan uzoqroqda bo‘lgan To‘g‘rulbek esa Nishopur atroflarini egallab, katta o‘ljani qo‘lga kiritdi. Saljuqiylarning To‘g‘rulbek va CHag‘ribek Dovud boshchiligidagi qo‘shinlari Xurosonning turli hududlarida o‘z mavqelarini oshirdilar. 1040 yil bahorida Saraxs va Marv oralig‘idagi sahroda joylashgan Dandanakon nomli kichik qal’a yonidagi jang g‘aznaviylar sultoni Ma’sud G‘aznaviyning (1030-1041) mag‘lubiyati bilan tugadi.
Ma’sud G‘aznaviy qolgan qutgan qo‘shinini olib tezlik bilan orqaga chekinishga majbur bo‘ladi. Jang maydonining o‘ziga taxt olib chiqilib, To‘g‘rulbek yangi yuzaga kelgan saljuqiylar davlatining birinchi hukmdori deb e’lon qilindi (1040-1063). Ma’sud G‘aznaviy Xuroson va Movarounnahr aholisi ichida uni qo‘llab-quvvatlovchilar ko‘p bo‘lmasligini anglagan holda Hindiston tomonidan qo‘shin yig‘ishga harakat qilmoqchi bo‘ladi. SHu yo‘nalishda o‘z ukasi Muhammadni tutqinlikdan ozod qilib, o‘zi bilan safdosh qilish rejasi chippakka chiqdi. 1041 yili Muhammad va uning tarafdorlari tomonidan Ma’sud o‘ldirildi. Ma’sudning o‘g‘li Mavdud bu voqeadan xabardor bo‘lgach, katta qo‘shin bilan Dinur (Fathobod) yonidagi jangda amakisi Muhammadni mag‘lubiyatga uchratdi. Mavdud garchi Termiz va Balxni qo‘lda ushlab qolgan bo‘lsada, lekin u yuborgan qo‘shin ham saljuqiylardan mag‘lub bo‘ldi.
Saljuqiylar rahnamosi To‘g‘rulbek (1040-1063) boshchiligidagi qo‘shin tez orada Xurosonning katta qismi, Xorazm, Dehiston, Gurgonni qo‘lga kiritdi. 1042 yili To‘g‘rulbek otliqlari SHimoliy Erondagi Ray viloyatini qo‘lga kiritdilar. Saljuqiy otliqlar Ozarbayjon, Fors, Iroq erlariga tez-tez hujum uyushtirib turdilar. To‘g‘rulbek qo‘shini 1055 yili Bag‘dodga kirib keldi. Bag‘doddagi abbosiylar xalifasi al-Qayum (1031-1075) To‘g‘rulbek hukmini tan olgan holda, uni ― sulton deb e’lon qildi. To‘g‘rulbek qo‘shinlari Kirmon va Forsni egallab, Kavkazda Vizantiya imperiyasiga qaqshatqich zarba berdi. Tez orada Xorazm, Xuroson, Eron, Iroq va Kavkazning bir qismini o‘z ichiga olgan saljuqiylar davlati yuzaga keldi. To‘g‘rulbekning kuchli markazlashgan davlatni yuzaga keltirish, mamlakatda o‘zaro parokandalikni tugatish, turli ayirmachi diniy guruhlarga qarshi kurashini aholining katta qismi, xususan xalifaning o‘zi ham qo‘llab-quvvatlar edi.
To‘g‘rulbek vafotidan so‘ng taxtga uning jiyani Muhammad Alp-Arslon o‘tirdi (1063-1072). Alp-Arslon taxtga o‘tirgach, uni tan olishni hohlamagan ba’zi saljuqiy qarindoshlariga qarshi kurash olib bordi. Alp-Arslonning amakisi Faxr al-Mulk Hirotda o‘zini mustaqil deb e’lon qildi. Alp-Asrlon katta qo‘shin bilan Hirotni egallashga muvaffaq bo‘ladi. Faxr al-Mulk uni yagona va qonuniy sulton sifatida tan oldi. SHundan so‘ng kuchli harbiy lashkarboshi bo‘lgan Alp-Arslon CHag‘oniyonga yurish qiladi. CHag‘oniyon hokimi Muso jangda asir olindi. 1065 yili Alp-Arslon Jayxun (Amudaryo)dan o‘tib, Jand va Sabronga yurishni amalga oshirdi. Jand ham uning hukmini tan oldi. SHu tariqa davlat hududi yanada kengaydi. Bosib olingan erlarda odatda mahalliy hokimlar, sulolalar hukmiga deyarli chek qo‘yilgan. Ular o‘z aholisidan yillik boj solig‘i to‘lashar, oliy hukmdor sifatida saljuqiylar sultonini tan olishar edi. Sulton ko‘p holda istilo qilingan erlarni o‘z qarindosh-urug‘lari, taniqli harbiy boshliqlarga bo‘lib bera boshladi. Alp-Arslon keyingi harbiy harakatlarni davom ettirib, 1071 yili Kichik Osiyodagi Mansikert qal’asi yonida Vizantiya imperatori Roman IV Diogenga (1067-1071) hal qiluvchi zarba berdi. Imperator butun qo‘shini bilan Alp-Arslonga asir tushdi. Mansikert yonidagi jang Dandanaqon (1040) jangidan so‘ng saljuqiylar tomondan amalga oshirilgan ikkinchi yirik harbiy operatsiya bo‘ldi. Bu jang hosilasi o‘laroq saljuqiylarning Old Osiyoga kirib kelishlariga keng yo‘l ochildi. Alp-Arslon Movarounnahrga harbiy yurish vaqtida 1072 yili mahalliy qal’a boshliqlaridan biri YUsuf al-Xorazmiy tomonidan og‘ir yaralandi. Asirlikdagi YUsufning qahramonona hatti-harakatiga darhol chek qo‘yilib, o‘zi o‘sha zahotiyoq saljuqiy askarlar tomonidan o‘ldirildi. Og‘ir yaralangan sulton Alp-Arslon ham tezda vafot etdi. Sulton Marvga dafn etildi.
Ibn al-Asirning yozishiga ko‘ra, Alp-Arslon hayotlik chog‘idayoq 1066 yili Eron shimolidagi Radkon (Radakon) degan joyda saroy a’yonlari oldida o‘g‘li Malikshohni taxt vorisi deya e’lon qilgan edi. Jaloliddin Malikshoh nomi bilan taxtga o‘tirgan yangi sulton hukmronligi roppa-rosa yigirma yil davom etdi (1072-1092). Uning davri saljuqiylar hukmronligining eng gullab-yashnagan davri bo‘ldi. Sulton Jaloliddin Malikshoh avval qoraxoniylardan Termizni qaytarib oldi. Qoraxoniylar sulton ustunligini tan oldilar. 1089 yili saljuqiylar sultoni Jaloliddin Malikshoh Qoraxoniylar xoni Ahmadxondan norozi guruhlar bilan kelishgan holda Movarounnahrga yurish qilib, Samarqand va Buxoroni egalladi. SHundan so‘ng sulton Qashg‘ar tomonga yurish qila turib, Farg‘onaning O‘zgand shahriga etib keldi. Sultonning harbiy yurishidan cho‘chigan Qashg‘ar hokimi uning oliy hukmronligini tan olganligi haqida chopar jo‘natdi. Keyinchalik Samarqandda ko‘tarilgan qo‘zg‘olon bois shahar ikkinchi marotaba mahv etildi.
Jaloliddin Malikshoh davrida saljuqiylar davlatining chegaralari SHarqiy Turkistondan O‘rta er dengiziga qadar cho‘zilib ketdi. Ta’kidlash joizki, bu ulkan hududdagi erlardagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotni boshqarish uchun malakali mutaxassislar kerak bo‘lar edi. SHunday bir vaziyatda Movarounnahr va Xuroson madaniy qatlamlaridan chiqqan o‘qimishli mahalliy xalq vakillarini davlat ishlariga jalb etish boshlandi. SHunday kishilardan biri asli Tusdan bo‘lgan Abu Ali ibn Ali ibn Ishoq bo‘lib, u deyarli 30 yil davomida (1063-1092) Alp-Asrlon, Malikshoh saroylarida bosh vazir lavozimida bo‘lgan. Uning yuksak salohiyati, aqlu-zakovatiga yuqori baho berib, sulton Malikshoh vaziriga ― Nizomulmulk (Davlat nizomi, qonun-qoidasi) faxriy taxallusini berdi. Nizomulmulk o‘zining mashhur ― Siyosatnoma asarida davlat boshqaruvi, siyosat tamoiyllari haqida so‘z yuritgan.
Davlatni markazlashtirish, o‘zaro parokandalik va ayirmachilikka qarshi kurash, xo‘jalik va madaniy hayotni yuksaltirishda Nizomulmulkning hissasi yuksak darajada bo‘lgan. Nizomulmulk markazlashgan, qudratli Nizomulmulkning ― Siyosatnoma asari 1997 yili o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Davlat uchun kerak bo‘ladigan amaldorlarni tegishli qonun-qoidalar uslubida tarbiyalashda qator shaharlarda – Nizomiya madrasalarini tashkil etdi. U an’anaviylik tarafdori bo‘lib, ijtimoiy-ma’naviy hayotda ismoiliylik diniy oqimiga qarshi turgan.
Sulton Jaloliddin Malikshoh o‘limidan so‘ng (1092), o‘zaro toju-taxt uchun kurashlar boshlanib ketdi. Bu kurashda sultonning yosh o‘g‘li Berkiyoruq (1094-1105) g‘olib bo‘ldi. Keyinchalik ham nizolar davom etib, XII boshlarida saljuqiylar davlati amalda ikki qismga bo‘linib ketdi. Movarounnahr va Xuroson kirgan sharqiy saljuqiylar qismida Malikshohning o‘g‘li Sanjarning ta’siri ortib bordi. 1097 yildan Xuroson hokimi bo‘lgan Sanjar oliy hukmdorga rasman bo‘ysunsa-da, amalda mustaqil harakatlar olib bordi. 1099 yil u Toharistonni, 1102 yil Samarqandni qo‘lga oldi. Termiz yonida qoraxoniylar xoni Qodirxon qo‘shinini mag‘lubiyatga uchratib, Movarounnahr taxtiga boshqa qoraxoniy vakili, o‘z jiyani Arslonxonni o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi.
1104 yili G‘azna qo‘lga kiritildi. G‘aznaviylardan taxtga o‘tkazilgan Bahromshoh har yili Sanjarga besh ming dinor boj solig‘i to‘lash majburiyatini oldi. Oliy sulton G‘iyosiddin Muhammad I (Muhammad Topar) vafotidan keyin boshlangan o‘zaro kurashlarda Sanjar g‘olib bo‘ldi. Taxtga Sulton Muiziddin Sanjar (1118-1157) nomi bilan o‘tirgan yangi hukmdor sharqiy va g‘arbiy saljuqiylarni birlashtirdi. O‘z g‘alabasidan manfatdor tarzda Mozandaron, Damovand, Qumis, Damg‘on, Ray erlarini ham egalladi. Uning hukmdorlik rutbasini Seyiston, Xorazm, G‘azna, Movarounnahr erlari ham tan oldi. Sanjarning sultonlik hokimiyatini olishda xorazmshoh Qutbiddin Muhammad katta ko‘mak ko‘rsatdi. Garchi sulton Sanjar barcha saljuqiylarning oliy hukmdori sanalib, uning nomi ramziy tarzda xutbada, tangalarda qayd etilsada, lekin Iroq, Kichik Osiyo, Janubiy Kavkazda uni rasman tan olishar, aslida bu erlarda mustaqil saljuqiy hokimlar hukmronlik qilishar edi. Sulton Sanjar qo‘lida uzoq vaqt Mozandaron, Xorazm, Seyiston, G‘azna, Movarounnahr qaram bo‘lib keldi. Sanjarni uzoq hukmronligi davrida o‘z davri kishilik jamiyati, muarrixlar «Malik al-mashriq», – buyuk sulton, ― sultonlar sultoni, ulug‘ shahanshoh nisbalari bilan ulug‘lashgan. Sulton Sanjar o‘z poytaxti sifatida Marv shahrini tanlagan.
Ta’kidlash lozimki, Saljuqiylar davlati singari ulkan hududlarni o‘z ichiga olgan davlatni yagona markazdan turib boshqarish oson emas edi. SHuning uchun ham markazdan turib boshqaruvdagi qiyinchiliklar, sulola, vakillarining toj-taxt uchun kurashlari, mahalliy hukmdorlarning mustaqillikka intilishlari, qaram o‘lkalardagi norozilik harakatlari Saljuqiylar davlatining zaiflashuviga sabab bo‘lgan edi. Natijada Sulton Sanjar davriga kelib Saljuqiylar davlatining g‘arbiy Iroq qismida Nizomulmulk tomonidan olib borilayotgan siyosiy yo‘l ma’lum davlat amaldorlariga maqbul emas edi. Turli fitna-fasodlar bois Nizomulmulk 1092 yil iste’foga chiqib, hajga yo‘l olgan paytida ismoiliy josus tomonidan o‘ldirildi. Mamlakatning sharqiy qismi – Eron, Afg‘oniston, Xorazm va Movarounnahrda Sultonning ta’siri birmuncha kuchli edi. Ammo, 1141 yilda Sulton Sanjar va uning vassali hamda ittifoqchisi, Qoraxoniy Mahmudxonning birlashgan qo‘shinlari bilan qoraxitoylar o‘rtasida Samarqand yaqinidagi Qatvon cho‘lidagi jangda Sulton Sanjar qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchraydi. Natijada Movarounnahr qo‘ldan ketib, sultonning mavqei ancha pasayib ketdi. Saljuqiylarning mag‘lubiyatidan Xorazmshoh Qutbiddin Muhammad Otsiz ustalik bilan foydalanib, 1141 yilning qishida Saljuqiylarning poytaxti Marvni bosib oldi va 1142 yilda Nishopurga yurish qildi. Lekin, Sulton Sanjar Xorazm qo‘shinlarini Xurosondan quvib chiqardi va Otsizni yana o‘ziga bo‘ysundirishga erishdi. Sulton Sanjarning harakatlariga qaramay, Saljuqiylar davlati o‘zining avvalgi qudratini yo‘qota boshlagan edi. Saljuqiylarga hal qiluvchi zarbani Balx va Xuttalon viloyatlarida yashovchi o‘g‘uz qabilalari berdi. 1153 yilda ular Sulton Sanjar qo‘shinlarini tor-mor etib, uning o‘zini asir oldilar. O‘g‘uzlar himoyasiz qolgan Marv va Nishopur shaharlarni talon-taroj qilib, o‘t qo‘ydilar. Sulton Sanjar 1156 yilda asirlikdan qochishga muvaffaq bo‘lsa ham, lekin Saljuqiylar davlatini tiklay olmadi va bir yildan keyin vafot etdi. Sulton Sanjar vafoti bilan (1157 y.) saljuqiylarning O‘rta Osiyodagi hukmronligi o‘z poyoniga etdi.
Saljuqiylar
(1040 – 1157 yy.)
To‘g‘rulbek
(1040 – 1063 yy.)
Alp Arslon
(1063 – 1072 yy.)
Jaloliddin Malikshoh I
(1072 – 1092 yy.)
Mahmud I
(1092 – 1094 yy.)
Rukniddin Berkiyoruq
(1094 – 1104 yy.)
Malikshoh II
(1104 – 1105 yy.)
G‘iyosiddin Muhammad
(1105 – 1118 yy.)
Muiziddin Sanjar (Sulton Sanjar) – (1118-1157 yy.)
Yüklə 26,27 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin