Sabot istasang, mulk bunyodig’a, Adolat bila et ulus dodig’a. Mutafakkir aytmoqchi, agar podshoh o’z mamlakatining gullab-yashnashi, o’zining uzoq umr ko’rishini va umrining oxiriga qadar toj kiyib, taxtda o’tirishini istasa, huzuriga arz bilan kelganlarning arzini tinglab, ularni mamnun qilishi lozim. Chunki o’sha mamnun odam umrining oxirigacha bu hukmdorning duosida bo’ladi, boz ustiga hammaga uning ta’rifini qiladi, o’zi sadoqat bilan xizmat qiladi, boshqalarni ham sidqidildan xizmat qilishga undaydi.
Adolat qilinsa, mamlakat xalqlari tinch va osuda, farovon hayot kechiradilar. Ularning yaratgan boyliklari o’zlariga nasib qiladi, tinch mehnat qilish bilan ertaning tashvishida bo’lmaydilar, ya’ni erta-indinlik eguliklarini g’amlab qo’yadilar, birovning moliga boshqa odam ko’z olaytirmaydi. Bordiyu biron nobakor chiqib qolib zo’ravonlik bilan biror kishining molini o’zlashtirmoqchi bo’lsa, u adolatli hukmdor tomonidan o’z jazosini oladi. Mana shunday siyosiyhuquqiy g’oyani Munis quyidagi bayt orqali ifodalaydi: Adolatdin o’ldi el osoyishi, El osoyishi–mulk oroyishi. Munisning fikricha, qaysi mamlakatning hukmdori odil bo’lsa, o’sha mamlakatda odamlar to’q va farovon yashaydilar. Chunki hamma ham tabiatan adolat va farovonlikni istaydi:
Qayu mulkkim shohi odildurur, Anga barcha el ko’ngli moyildurur. Zotan, Munisning bu baytidagi siyosiy g’oya mazmuni Aristotelning Iskandarga qilgan nasihatini eslatadi: «Bilgilki, adolat buyuk va qudratli xudoning er yuzidagi o’lchovidir. Uning yordamida zaif bo’lgan haq odam, kuchli bo’lgan nohaqdan o’z haqini oladi».
Munis shohlarni ikkiga-odil va zolim shohlarga ajratadi. U «adolat mulkini tuzatib» o’z qo’li ostidagi fuqaroning och va to’qligidan xabardor hukmdorni odil va dono podshoh deb ta’riflaydi:
Shoh uldurki, adolat ila mulkin tuzatib, Bo’lsa g’amgin fuqaro ochig’a, xurram to’qig’a. Munisning fikricha, adolat qilgan shoh shon-shuhratlarga burkanadi. U adolat qilganida butun xalq xushnud bo’ladi. O’z bandalarining mana shunday mamnuniyat bilan yashayotganlariga sababchi bo’lgan adolatli hukmdordan parvardigorning o’zi ham mamnun bo’ladi. Zero, xudo ham bunday xalqparvar va adolatparvar hukmdorning baxtini, saodatini, taxtu ravonini mustahkamlaydi: