LEKSIKOLOGIYA. (yunoncha- lexicos so'z, so'zga doir, logos- ta'limot) leksika(so'z) haqidagi ta'limotdir. Demak, so'z va uning ma'nolarini o'rganuvchi bo'lim leksikologiya ba'zan leksika deb ataladi. So‘zning ma’no xususiyatlari leksikologiyaning semosiologiya bo‘limida o‘rganiladi.So‘z tilning muhim unsurlaridan biri bo‘lib, ma’lum ma’no doirasida birlashgan tovush va tovushlar majmuyidan tashkil topadi. Biroq har qanday tovushlar birligi so‘z yoki uning ma’nosini shakllantira olmaydi. Masalan, olma so‘zidagi tovushlar birligi meva tushunchasini ifodalagan holda, shu so‘zdagi tovushlarning mloa, oalm shaklidagi yig‘indisi hech qanday ma’noga ega emas. Ayni paytda, tovushlarning bunday birligini so‘z deyish ham mumkin emas. Shunday ekan, har qanday tovush va tovushlar yig‘indisi ma’no ifodalovchi vosita sifatida emas, ma’no tovush va tovushlar majmuyini shakllantiruvchi vosita sifatida muhim ahamiyatga egadir.
SO'Z VA LEKSEMA. Ma'lum ma'no bilan bog'langan,morfologik shakllangan tovush yoki tovushlar birikmasi-so'z hisoblanadi. So'zda ikkita tomoni bor: moddiy (harflar ketma-ketligi) va ma'no. Bundan tashqari so'zda ikkita ma'nosi bor: atash(leksik) va grammatik ma'no.
ATASH MA'NOSI yoki LEKSIK MA'NO- so'zlar borliqda nimani ifodalashi ya'ni so‘zning ob’yektiv borliqdagi narsa, belgi, harakat kabilar haqidagi ma’lumoti. So'zlarning borliqdagi qanday narsa-hodisalar, belgi-xususiyatlar, harakat-holatlarni bildirishi uning atash ma'nosi sanaladi. Faqat mustaqil so'zlargina atash ma'nosiga ega bo ladi. Olmoshlar bundan mustasno. Ular atash ma'nosiga ega bo'lgan so'zlarga ishora qiladi. Masalan, anor, tosh so‘zlarining narsa haqida ma’lumot berishi, qattiq, shirin so‘zlarining belgi haqida ma’lumot berishi shular jumlasidandir. Demak, so‘z borliqdagi narsa, belgi, harakat kabilarning atamasi – nomi bo‘lishi yoki aksincha bunday xususiyatga ega bo‘lmasligi mumkin. Shunga ko‘ra ular mustaqil va yordamchi so‘zlar turkumlariga ajratiladi. Tildagi mustaqil so‘zlargina leksik(lug‘aviy) ma’noga ega bo‘ladi va ular leksikologiyaning asosiy o‘rganish manbai hisoblanadi.