Vazirligi huzuridagi


USHBU HAFTA “AXBOROT VA MURABBIYLIK SOATI” MASHGʻULOTLARINI OʻTKAZISH UCHUN TAYYORLANGAN YORDAMCHI MATERIALLAR



Yüklə 60,94 Kb.
səhifə9/9
tarix29.11.2022
ölçüsü60,94 Kb.
#71206
1   2   3   4   5   6   7   8   9
DK81546725

USHBU HAFTA “AXBOROT VA MURABBIYLIK SOATI” MASHGʻULOTLARINI OʻTKAZISH UCHUN TAYYORLANGAN YORDAMCHI MATERIALLAR




Mavzu: “Qomusimiz erkin va farovon hayotimiz kafolati”
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilishi tarixi haqida so‘z yuritishdan oldin “Konstitutsiya nima?” degan savolga javob berish maqsadga muvofiqdir.
Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi.
Har bir davlat o‘z taraqqiyot yo‘lini tanlar ekan, eng muhim maqsad va vazifalarini belgilab oladi. Mamlakatimiz mustaqilligining ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiyada ham xalqimizning xohish-irodasi, inson huquq va manfaatlari, davlat tuzilishi o‘z ifodasini topgan. Bosh qomusimiz, jinsi, irqi, millati,
dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini qayd etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimizning ko‘p ming asrlik boy milliy davlatchilik tarixiy-huquqiy va ma’naviy merosiga asoslangan. O‘zbekiston hududida davlatchilik va huquq tarixi o‘zining chuqur ildizlariga ega bo‘lib, qadim-
qadim davrlarga borib taqaladi.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz “Davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yo‘qoladi”, deb ta’kidlagan edilar. Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash biz bunyod etayotgan demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni hisoblanadi.
Bugungi kunda mustaqil O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining butun asosi bo‘lmish milliy davlatchiligi, huquqiy tizimni qaytadan yaratildi va yanada takomillashtirilmoqda. Mamlakatimiz Konstitutsiyasining yaratilish tarixiga oid eng muhim huquqiy qadamlar haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi birinchi huquqiy qadam – o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishidir.
Bu haqda gap borganda, avvalambor, 1989-yilning 21-oktabr kuni qizg‘in bahs va tortishuvlardan so‘ng siyosiy-ma’naviy hayotimizdagi unutilmas hodisa amalga oshirilgani – milliy qadriyatlarimizning asosiy ustunlaridan biri bo‘lgan ona tilimizga davlat tili maqomi berilgani istiqlol tarixining eng yorqin sahifalaridan birini tashkil etishini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
“Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunda mustahkamlangan muhim huquqiy qoidalar endilikda Asosiy Qonunimizning 4-moddasida quyidagicha muhrlab qo‘yildi:
“O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf- odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi ikkinchi huquqiy qadam – Prezidentlik instituti ta’sis etilishi va yangi davlat ramzlarini tayyorlash bo‘yicha komissiya tuzilishi bilan bog‘liq.
Yurtimiz hayotidagi ushbu muhim voqea 1990-yilning mart oyida bo‘lib o‘tganini eslash joiz. O‘shanda, ya’ni Mustaqilligimiz e’lon qilinishidan bir muncha vaqt oldin, o‘n ikkinchi chaqiriq Oliy Kengashning birinchi sessiyasida sobiq ittifoq tarkibidagi respublikamizda Prezidentlik lavozimi joriy etildi, davlat ramzlari haqidagi masala muhokama qilinib, bu borada maxsus komissiya tuzildi. Mustaqil O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasini yaratish g‘oyasi ilk bor ana shu sessiyada ilgari surildi.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi uchinchi huquqiy qadam – “Mustaqillik deklaratsiyasi”ning e’lon qilinishidir.
O‘zbekiston Oliy Kengashi tomonidan 1990-yil 20-iyunda e’lon qilingan “Mustaqillik deklaratsiyasi”ning 8-bandida O‘zbekiston “o‘zining taraqqiyot yo‘lini, o‘z nomini belgilaydi va davlat belgilarini (gerb, bayroq, madhiya) o‘zi ta’sis etadi” degan qoida mustahkamlangan.
Deklaratsiyaning 12-bandida esa ushbu hujjat respublikaning “yangi Konstitutsiyasini ishlab chiqish uchun asos” bo‘lishi qayd etilgan.
O‘sha paytda bunday mazmundagi hujjat sobiq ittifoq hududida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda qabul qilingan edi.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi to‘rtinchi muhim qadam – Konstitutsiyaviy komissiyaning tashkil etilishiga borib taqaladi.
Oliy Kengash qarori bilan 1990-yil 21-iyun kuni davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislardan iborat 64 nafar a’zoni o‘zida jamlagan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi va Konstitutsiya loyihasi ana shu komissiya tomonidan 2 yildan ortiq vaqt mobaynida tayyorlandi.
Konstitutsiyaviy komissiya ish boshlashi bilan mamlakatimizning o‘ziga xos jihatlarini va xususiyatini munosib ravishda aks ettiradigan, xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan, jahon tajribasini, demokratiya va eng rivojlangan mamlakatlar konstitutsiyaviy qonunchiligi erishgan yutuqlarni inobatga oladigan Asosiy Qonun loyihasini tayyorlashga bevosita kirishildi.
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi beshinchi huquqiy qadam – Davlat mustaqilligining e’lon qilinishidir.
1991-yil 31-avgustda, o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasida 1-sentabr respublikamizda Mustaqillik kuni, umumxalq bayrami deb e’lon qilindi.
Xuddi o‘sha kuni Oliy Kengash O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida Bayonot qabul qildi. Bayonotda ta’kidlanganidek, “Bundan buyon O‘zbekiston Respublikasi hududida respublika Konstitutsiyasi va qonunlari shak-shubhasiz ustun deb e’tirof etiladi”.
Shu kuni “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Undan bo‘lajak Konstitutsiyaning o‘zak qoidalarini o‘zida aks ettirgan bir qator muhim moddalar joy oldi. Jumladan, mazkur Qonunga muvofiq:
“O‘zbekiston Respublikasi to‘la davlat hokimiyatiga ega, o‘zining milliy davlat va ma’muriy hududiy tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv idoralari tizimini mustaqil belgilaydi” (3-modda);
“O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va uning qonunlari ustundir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat idoralarining tizimi hokimiyatni qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyatiga ajratish tartibi asosida quriladi” (5-modda).
1992-yil 8-dekabr kuni Bosh Qomusimiz qabul qilindi. Shu kundan e’tiboran, 8-dekabr – umumxalq bayrami deb e’lon qilindi.
Shunday qilib, O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qilgan sanadan e’tiboran dunyo sahnida yangi, suveren davlat qaror topgan bo‘lsa, birinchi Konstitutsiyamiz qabul qilingan kuni davlatimiz yangidan tug‘ildi, haqiqiy mustaqilligimizga mustahkam huquqiy poydevor qo‘yildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy- huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi sifatida demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, aholining erkin va obod turmushini ta’minlash, mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish hamda barcha sohalarda islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yurtimiz taraqqiyotining yangi bosqichida xalqimizning tinch va farovon hayoti uchun ishonchli kafolat bo‘lgan Bosh qomusimizni bugungi davr talablariga mos holda, eng muhimi, fuqarolarimiz xohish-irodasi va fikri hamda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi bo‘lgan “Inson -
jamiyat – davlat” tamoyili asosida haqiqiy xalq Konstitutsiyaga aylantirish ishlari izchil amalga oshirildi.
Zero, inson huquq va erkinliklariga amal qilinishini ta’minlash, har bir shaxsning qadr-qimmatini e’zozlash Yangi O‘zbekiston barpo etayotgan ochiq, erkin va adolatli jamiyatning ajralmas xususiyatidir. Bunday prinsip asosiy qonunimizda qat’iy belgilangan. Asosiy qonunimiz o‘zining tamoyillari va qoidalari bilan mamlakatimiz taqdiri, har bir insonning huquq va erkinliklarini belgilashda muhim hujjatdir.
Asosiy qomusimiz 128 moddadan iborat bo‘lgani holda uning 30 dan ortiq moddalari bevosita inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangandir. Konstitutsiyamiz inson huquqlari umumjahon deklarasiyasining deyarli barcha prinsipial qoidalarini o‘zida mujassamlantirgan.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat inson huquqlari bo‘yicha bir qator majburiyatlar olgan bo‘lib, ularga xususan davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshirishi, davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas'ul ekanliklari, O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an'analari hurmat qilinishini ta'minlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi, O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlashi kabilarni misol qilib keltirish mumkin.
Bosh qomusimizning 13-moddasida O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanishi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinishi belgilab qo‘yilgan.
Shu ma’noda, Prezidentimiz rahbarligida inson huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha barcha sohada, ayniqsa, sud-huquq tizimida chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, xalq farovonligini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar esa jahon hamjamiyati tomonidan keng e’tirof etilmoqda.
Umuman olganda mamlakatimizda 2017-2021-yillarda amalga oshirilgan Harakatlar strategiyasi hamda hozirgi davrda amalga oshirilayotgan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasidagi g‘oyalar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining normalaridan olingan. O‘z navbatida undagi yangi g‘oyalar asosida Konstitutsiyaning o‘zi ham takomillashtirilmoqda. Bugun O‘zbekiston mazkur hujjatlarning o‘zaro aloqasi tufayli siyosiy, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’anaviy taraqqiyotga erishmoqda.
Yüklə 60,94 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin