So’z mulkini sultoni



Yüklə 123 Kb.
səhifə6/8
tarix02.04.2023
ölçüsü123 Kb.
#92552
1   2   3   4   5   6   7   8
Istiqlol she’riyati milliy adabiyotimizning yetakchi turidir. A. Oripov, Rauf Parfi, H. Xudoyberdiyeva, Shavkat Rahmon, Azim Suyun, Usmon Azim, Ikrom Otamurod, Abduvali Qutbiddin, Aziz Said, Iqbol Mirzo, Bahrom Ro‘zimuhammad, Muhammad Yusuf, Faxriyor, Zebo Mirzo, Xosiyat Rustamova, Halima Ahmad, Rustam Musurmon singari shoirlarning she’rlarida olamni poetik idrok etish yangi bosqichga ko‘tarilgani namoyon bo‘ladi.
Bu satrlarda odatdagi she’rlar kabi qofiya ham, turoq ham, musiqiylik ham yo‘q. Ammo unda ijodkorning chigal kayfiyati bor. Xo‘roz qichqirig‘i tongning belgisi. Demak, tong otsa, xo‘roz qichqiradi va uning qichqirig‘i barobarida shafaqrang qishloq namoyon bo‘ladi. Qishloqning shafaqrangligi ham bejiz emas. Ehtimol, qishloq endigina ko‘tarilayotgan quyosh nuriga ko‘milganligi uchun ham shunday ta’riflanayotgandir. Ehtimol, bu o‘rinda shoir xo‘roz qichqirig‘idan so‘ng tunning ko‘rpasi ko‘tarilib, ostidan qishloq ko‘rinishini nazarda tutgandir. Shoir she’riyatning odatiy tartibini inkor qiladigan uslubga murojaat etgan. Uni oddiy mantiqning qoliplari bilan izohlab bo‘lmaydi. Ushbu she’r faqat shu ijodkorgagina taalluqli bo‘lgan badiiy mantiq qonuniga muvofiq yaratilgan. Odatda, chinakam badiiy hodisa o‘ziga xos olam va u o‘zining qoidalarigagina muvofiq keladi. Shu bois asl badiiy hodisa bir bor yaraladi, unda takror yo‘q. Qonuniyat esa takrorni taqozo qiladi. Yuqoridagi parchada shoirning alohida ruhi, o‘zigagina xos nuqtayi nazari sezilib turadi. Ayni vaqtda she’r o‘quvchini jalb etadi, uning e’tiborini tortadi, o‘yga toldiradi. Uning tafakkuriga-da nimadir yangilik yetkazadi, ko‘ngliga-da qandaydir yengillik bag‘ishlaydi. Dunyoni shu tarzda ko‘rgan, olam ranglarini shu taxlit tuygan shoirga e’tiroz qilib, tayyor qoliplarni tiqishtirib bo‘lmaydi.
Poeziyaning o‘z asl manbasiga qaytganligi, ko‘ngil rozlarini, ruhiy tovlanishlarni nozik ishoralar, nazokatli obrazli ifodalar orqali tasvirlashga o‘tilganligi istiqlol davri o‘zbek she’riyatiga xos asosiy xususiyatlardan bo‘ldi, deyish mumkin. Bu davr milliy she’riyatida ommaviylikdan, hammaboplikdan qochishga urinish kuchaydi. She’riyat omma uchun emas, balki, avvalo, muallifning o‘zi uchun, qolaversa, ijodkorga tuyg‘udosh shaxslar uchun yaratiladigan bo‘ldi. Shu bois, she’rxonlar adadi birmuncha kamaygan esa-da, ularning poetik so‘zni, obrazli ifodani anglash darajasi ortdi. Chunki baland she’riyat yuksak didli she’rxonni talab qiladi va uni shakllantiradi. Mustaqillik davrida o‘zbek poeziyasi o‘quvchi darajasiga tushishdan she’rxonni o‘z darajasiga ko‘tarish pallasiga kirdi. Shu tariqa azaldan she’rparast bo‘lgan millatning badiiy zavqi ingichkalashib, so‘z jozibasini anglash qudrati sezilarli darajada oshib bormoqda.
O‘zbek she’rxonlarida birorta tinish belgisi ishlatilmagan tizmadan ham, murakkab mavhum assotsiativ obrazlilikka to‘la she’riyatdan ham, tasavvufiy ilhom samarasi o‘laroq, dunyoga kelgan munojotlardan ham, poetik mim deyish mumkin bo‘lgan ramziy ifodalardan ham, meditativ nazm namunalaridan ham ta’sirlanish, ularni baholay olish ko‘nikmasi shakllanib bormoqda.
Nasr istiqlol adabiyotining salmoqli va og‘ir karvon turidir. Agar mustaqillik davri she’riyatida yoshlar faol, yangi avlod shoirlari ko‘zga yaqqolroq tashlangan bo‘lsa, nasrda ijodiy davomlilik ustuvorligi namoyon bo‘ldi. Taniqli nosirlarimiz ham ijodiy tajribalar o‘tkazish, yangi usullarni qo‘llashdan cho‘chiyotganlari yo‘q. Keyingi o‘n yillikda O. Yoqubov, Sh. Xolmirzayev, Muhammad Ali, O‘. Hoshimov, O. Muxtor, T. Malik, Tog‘ay Murod, A. Dilmurod, N. Norqobilov, X. Do‘stmuhammad, N. Eshonqulov, T. Rustamov, A. Yo‘ldoshev, U. Hamdam, S. Vafo, A. Nurmurodov, Abbos Said singari turli avlodga mansub ijodkorlar o‘ziga xos yo‘sinda qalam tebratib, milliy proza taraqqiyotini ta’minlayotirlar.
Ijodiy tajribalar qilish, kutilmagan tasvir yo‘sinlarini qo‘llash, badiiy ifodaning kutilmagan, yangi tamoyillaridan foydalanish o‘zbek nasrining bu bosqichi uchun yetakchi xususiyatlardir. O. Muxtorning tamomila yangicha ifoda usullarida yaratilgan «Ming bir qiyofa», «Ko‘zgu oldidagi odam», «Tepalikdagi xaroba», «Ffu”, «Ayollar saltanati va mamlakati», «Maydon» romanlari, Nazar Eshonqulning jahon prozasining eng ilg‘or tajribalari asosida sof milliy obrazlar yarata olgan «Qora kitob» qissasi, «Shamolni tutib bo‘lmaydi», «Tobut shahar», «Quyun» hikoyalari, X. Do‘stmuhammadning «Bozor» romani, «Oromkursi» qissasi, «Jajman», «Qorachiqdagi uy» hikoyalari tasvirning quyuqligi, inson ruhiyati qatlamlarini aks ettirish miqyosining kengligi va ifoda tarzining favquloddaligiga ko‘ra milliy adabiyotimiz uchun yangi badiiy hodisalar bo‘ldi.
N. Eshonqul-milliy istiqlol davri o‘zbek nasriga yangi ohang olib kira oldi. Uning «Shamolni tutib bo‘lmaydi» hikoyasi ifodaning qabariqligi, tasvir markaziga olingan shaxs tabiatining mutlaqo kutilmagan va yangiligidan tashqari ohangning o‘zgachaligi bilan ham kishini hayratga soladi. Shu vaqtga qadar bu taxlit ko‘p qatlamli, zalvorli, hikoya maromining o‘zi bilan badiiy kayfiyat hosil qila biladigan nasr namunasi milliy adabiyotimizda yo‘q edi hisob. Nazar Eshonqul nasrimizni shunday ohang bilan boyitdiki, bu ohang o‘zbekka xos jihatlarni ifodalash imkoniyati jihatidan tengsizdir:
«Qishloqdoshlari bahor kelishi bilan eski yaylovlarga ko‘chib chiqishar va yer shudgorlar, har kim o‘z tashvishiga berilib ketardi. Qishloqda qolgan Bayna momo esa bu paytda yolg‘izlik dashtini shudgorlar, u yerga haryili Zamon otboqar hukumat odamlari bilan kelib, eri va o‘g‘lini otib tashlagan oqshomni ekar va so‘ng yolg‘iz o‘zi hosilini ham yig‘ib olardi. Bayna momo har kecha ko‘z yoshlari bilan to‘lgan qayiqda yillar qoyalari orasida qolib ketgan eri bilan o‘g‘lining ilma-teshik bo‘lgan murdasi va Zamon otboqarning muzaffar qamchisi yotgan qonli xalqob bilan to‘lgan ayvonga suzib borar, ertalablari ho‘l bo‘lib ketgan yostig‘ini xuddi qadim ajdodlarning unut bo‘lgan yaloviday... baland tolga osib, oftobda quritardi». Ifodadagi zalvor, serqatlam estetik bosim, ruhiy holat manzaralari tasvirining ayni shu tarzda zanjirsimon va boloxonador qilib berilishining o‘zi hikoyada o‘ziga xos ohang paydo qilgan. Bu ohang momoning yolg‘izligi va baxtsizligi miqyoslarini tuyish va tushunish imkonini bergan.
Ulug‘bek Hamdamning «Muvozanat», «Isyon va itoat» romanlari, «Yolg‘izlik» qissasi, qator hikoyalari qahramonlar ruhiy olamini tadqiq etish ko‘lami va yo‘sinlari jihatidan adabiyotimiz uchun tamomila yangilik bo‘ldi. Ularda bayon, ifoda etish, ko‘rsatish, tasvirlash singari usullar badiiy tadqiqqa olz o‘rnini bo‘shatib bergan. Yozuvchi uchun qahramonlarining xatti-harakatlarini ko‘rsatish emas, balki uning o‘y-u sezimlaridagi tovlanishlarni aks ettirish muhim. Arastu zamonlaridan buyon adabiyotning mohiyati hayotdagi xaos, ya’ni tartibsizlikni badiiyatning kosmosi, ya’ni tartibiga aylantirishdan iborat deb tushunib kelingan. Voqelikdagi ,,tartibsizlik»lar muayyan muntazamlik kasb etishi, intizomga solinishi bilan badiiy asar yuzaga keladi deb qaralgan. U. Hamdamning «Yolg‘izlik» qissasida esa aynan shu tartibsizlikning o‘zi, voqelikdagi emas, inson xayoli, kechinmalaridagi tartibsizlik tasvir obyektiga aylangan. Qissada muallif qahramon o‘y-u xayollarini uning xarakterini ochish vositasiga aylantirmaydi. Bil’aks, o‘y-xayollarning tartibsiz va noizchil oqimini berishning o‘zini maqsadga aylantiradi. Ma’lumki, inson xayolotida izchillik, muntazamlik bo‘lmaydi. Ko‘p hollarda, odam xayolni emas, xayol odamni yetaklaydi. Shu tariqa milliy adabiyotimizda, sirtdan qaraganda, badiiy maqsadga bo‘ysunmaganday taassurot qoldiruvchi, aslida esa, o‘ychil inson tafakkuri va hissiyoti manzaralarini namoyon etuvchi asar dunyoga kelgan.
Sh. Xolmirzayev «Olabo‘ji», «Dinozavr» romanlari, «Bulut to‘sgan oy» qissasi, ,,O‘zbeklar», «Ozodlik», «Navro‘z, navro‘z» hikoyalarida, N. Norqobilov «Oqbo‘yin», «Qoyalar ham yig‘laydi» qissalari, «Oriyat», «Quvonchli kun» hikoyalari, Sh. Bo‘tayev «Sho‘rodan qolgan odamlar» qissasi, «Darvesh» hikoyasi, Tog‘ay Murod «Otamdan qolgan dalalar» romanida nasrning an’anaviy tasvir yo‘sinidan mahorat bilan foydalangan holda millat vakillarining g‘oyat o‘ziga xos jonli badiiy timsollarini yaratdilar. Ularda an’anaviy tasvir yo‘nalishi o‘ziga xos badiiy izlanishlar hamda dunyo adabiyotidagi eng so‘nggi ifoda usullarini dadil qo‘llash bilan omixtalashib ketgan. Mustaqillik davri o‘zbek nasrida inson shaxsini xilma-xil rakurslarda aks ettirish, uning xatti-harakatlari va o‘y-xayollari ruhiy asosini tadqiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Milliy adabiyotimiz aholisi qisqagina vaqt orasida Ulton, Gulsara, Tavakkal, Husan polvon, Ernazar polvon, Zuhra, Bayna momo, O‘sar, Ko‘klam singari yirik, o‘ziga xos, boshqa adabiy qahramonlar orasida yo‘qolib ketmaydigan qabariq obrazlar hisobiga boyidi.
Milliy tafakkurda yalpi yangilanish boshlangandan beri ko‘pchilik tomonidan anglab yetilgan va tan olingan haqiqatlardan biri shu bo‘ldiki, odamning eng kichigi, eng ko‘rimsizi, eng zabuni, eng noshudi ham odamdir. Binobarin, badiiy adabiyot kichik odamning katta va chigal ichki dunyosidagi behudud poyonsizlikni, turfalikni tadqiq etishi lozim. Bir qator asarlarda sirtdan qaraganda, ko‘zga tashlanib turadigan jihati yo‘q, hamma qatori, ammo botinida ulkan iztiroblar, ruhiy po‘rtanalar mavjud bo‘lgan «kichik» odamlarning ichki dunyosi bor bo‘yicha aks ettirilgan. Nosirlarimizda ma’naviy dunyosi quruqshagan, risoladagi odamlarday fikrlash va o‘zgalarni tuyish saodatidan mahrum bo‘lgan ma’naviyatsiz kimsalarni tasvirlash mahorati shakllanayotganligi ham quvonarli holdir. Sh. Bo‘tayevning «Sho‘rodan qolgan odamlar» qissasi, A. Yo‘ldoshevning «Otchopar» qissasi va «So‘qir» hikoyasida ayni shu xildagi qahramonlar tasvir etilgan. Bu asarlarda ma’naviyatdan mahrum, shaxsligi sindirilgan, shu bois o‘zligi yitgan shaxslarning g‘aroyib qismati aks ettirilgan. Ular hamisha ham ojiz, notavon, noshud emaslar. Ba’zan juda ishchan, olg‘ir, uddaburon bo‘lishlari ham mumkin. Lekin bunday kimsalarning umumiy xislati ichki olamning omonatligi, quruqshaganligi, ma’naviyatining kichikligidir.
Mustaqillik davri o‘zbek nasri qahramonlar tasvirida sxema-tizimdan qutulib bormoqda. Badiiy asarda odamga ijobiy-salbiy yoki tipik-notipik singari qoliplar orqali emas, balki mavjudligining o‘zi bilan adadsiz sir-u sinoatlarga to‘la tirik inson tarzida yondashish qaror topib borayotir. Bu fazilatlar barcha ijodkorlar uchun ham xos deb bo‘lmaydi, albatta. Lekin odamga yondashishda jo‘nlikdan, qolipdan voz kechilganligining o‘ziyoq nasrimiz taraqqiyotida sog‘lom tamoyillar qaror topayotganligini ko‘rsatadi.
O‘zbek milliy tafakkuri, estetik qarashlarida sodir bo‘lgan evrilishlar dramaturgiya taraqqiyotiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu vaqtda yaratilgan asarlar orasida Usmon Azimning “Bir qadam yo‘l», Ilhom Hasanning «Bir kam dunyo», Abdulla A’zamning «Dugohi Husayniy», Erkin Samandarning «Arabmuhammad Bahodirxon», O. Yoqubovning «Bir koshona sirlari» kabi asarlari dramaturgiyada erishilgan o‘ziga xos yutuqlardan bo‘ldi. Dramaturgiya garchi sahna talablariga bog‘liqlik nuqtayi nazaridan konservativ tur bo‘lsa-da, shakliy izlanishlar qilish, ijodiy tajribalar o‘tkazish to‘xtab qolgan emas. U. Azim, E. Samandar va A. A’zam qalamiga mansub dramalar sahna asarlari yaratishdagi dadil tajribalar mahsulidir. Dramaturglar tomonidan son-sanoqsiz hayotiy vaziyatlarda harakat qilayotgan qahramonlar tabiatidagi evrilishlar ham adoqsiz darajada turfa bo‘lishi mumkinligi nozik his etilgan va drama-versiya, drama-vaziyat singari ifoda shakllari o‘ylab topilgan. Bu hol mazkur sahna asarlarining muvaffaqiyatli chiqishini ta’minlagan.
Ayni vaqtda, milliy dramaturgiyada tilga olishga loyiq badiiy yutuqlar kam ekanligini tan olish kerak. Istiqlol dramaturgiyasi bozor iqtisodi talablariga eng ko‘p berilgan adabiy tur bo‘ldi deyish mumkin. Bu hol sahna asarlarining sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmadi, albatta. Aytish kerakki, miqdor jihatidan dramachilik taraqqiyotiga e’tiroz bildirib bo‘lmaydi. Lekin keyingi o‘n yillikda dunyoga kelgan dramalardan qirqqa yaqini tekshirib chiqilganda, ularning uchdan biri turli yubileylar munosabati bilan yozilganligi aniqlandi. Komediya degan nomga da’vogar sahna asarlarining esa deyarli barchasi teatrlarning buyurtmasi bilan yaratilgan. Albatta, ijtimoiy buyurtma yo‘li bilan ham yetuk badiiy asarlar dunyoga kelishi mumkin. Bunga milliy va jahon adabiyoti tajribasidan istagancha misollar topsa bo‘ladi. Ammo butun boshli milliy dramaturgiyani faqat buyurtma yo‘li bilan taraqqiy ettirishga urinishni badiiyat nuqtayi nazaridan sog‘lom hol deb bo‘lmaydi.
Dramalar, asosan, tarixiy shaxslarning yubileylari munosabati bilan yaratilayotgani sahna asarlarining nomlarini sanashdayoq ma’lum bo‘ladi. To‘ra Mirzoning «Amir Temur», Abdulla Oripovning «Sohibqiron», Odil Yoqubovning «Fotihi muzaffar yoki bir parivash asiri» dramalari jahongir Amir Temurga bag‘ishlangan bo‘lsa, Hayitmat Rasulning «Piri koinot», Yo‘ldosh Sulaymonning «Al-Farg‘oniy muhabbati», Ibrohim Rahimning «Farg‘ona farzandi» asarlari buyuk matematik va astronom ajdodimizga atalganligi ko‘rinib turibdi. Shuningdek, Mashrab, Cho‘lpon, Usmon Nosir singari mashhur yurtdoshlarimiz yubileylari munosabati bilan ham bir qator sahna asarlari dunyoga keldi. Badiiyat nuqtayi nazaridan bu asarlarni yoppasiga salbiy baholab bo‘lmaydi. Lekin ularning estetik kashfiyot bo‘lmaganligi ham haqiqatdir. Bu xil asarlarda, aksariyat hollarda, drama mualliflarining ezgu niyati badiiy voqelikka aylanmay qolgan. Chunki asar ichki ruhiy ehtiyojdan ko‘ra ko‘proq ijtimoiy zaruriyat tufayli dunyoga kelgan.
Istiqlol davri komediyalarining saviyasi kishida haqli e’tiroz va jiddiy xavotir uyg‘otadi. Negaki, o‘zbek komediyachiligining dastlabki qadamlariyoq juda zalvorli va esda qolarli bo‘lgan. Hamza, A. Qahhor, Sh. Boshbekovlarning teran ma’noli kulgi asarlarini eslashning o‘zi da’voimizning nechog‘lik haq ekanligini ko‘rsatadi. Bugungi komediyalarning badiiyati na ijrochilarga, na tomoshabinlarga va na o‘quvchilarga biror estetik ozuqa bera oladi. Sahnaviy ijodning komediya deb atalmish muqaddas bir turiga ko‘cha so‘zlari, ko‘cha hissiyoti, tiyiqsiz chuchmallik, pardasizlik dadil kirib kelmoqda. Mualliflar to‘qnashuvlar tarangligi haqida emas, bachkana qiliqlar, pardasiz so‘zlarni ko‘proq qo‘llash haqida bosh qotirishmoqda. Bu xildagi bitiklar to‘xtovsiz sahnalashtirilayotganligi, boz ustiga, ko‘plab tomoshabinlarga ega bo‘layotganligi esa milliy estetikamiz uchun jiddiy xavfdir. Chunki millatning badiiy didi shakllanishiga to‘g‘ri yo‘nalish bermay turib, uning ma’naviyatini yuksaltirish, komil shaxsni tarbiyalash haqida gapirish behudadir.
Istiqlol davrida she’riyat va nasr borasida mustaqillikkacha bo‘lgan yaqin o‘tmishdagi estetik yuksakliklarga yetilibgina qolmay, undan balandroq cho‘qqilarni egallash imkoniyati yuzaga kelganligi ayon haqiqat bo‘lsa, dramaturgiya bobida shu vaqtgacha erishilgan sahnaviy yuksaklikka yaqin kelinmayotganligi ham bor gapdir.
Davr ahli ruhiyatidagi oshkora asabiylik, sezimlar nozikligi, munosabatlar dramatizmidagi taranglik hali-hanuz pyesalarga ko‘chganicha, sahna hodisasiga aylanganicha yo‘q. Ehtimol, milliy tafakkurdagi to‘xtamlarning, estetik qarashlardagi qanoatlarning qat’iylashmaganligi, hozirgi voqelikning ijodkorlardan yetarlicha uzoqlashmaganligi, shu hayot tufayli yuzaga kelgan hissiyotlar junbushining tiniqmaganligi, ijtimoiy to‘qinishlar ruhiyatlarda bergan aksi sadoni sahnabop shaklda moddiylashtirish qiyinligi bunday holning ro‘y berishiga sababdir. Holbuki, har qanday keskin ijtimoiy o‘zgarish va yangicha hayotiy vaziyat dramatik turdagi asarlar yaratilishi uchun mo‘l-ko‘l material bera oladi.
Har bir odamda bo‘lgani kabi har bir millatning va har bir davrning ham o‘z mo‘ljallari, egallanishi orzu etiladigan marralari bo‘ladi. Mustaqillikka erishilganidan keyingi davr o‘zbek adabiyoti uchun inson ma’naviyati qirralarini tekshirish, odam ruhiyatidagi ko‘z ilg‘amas sezimlarni tadqiq etishga erishish ana shunday baland marradirki, milliy adabiyotimiz ana shu marrani egallashga intilmoqda.

REFERAT
Mavzu: ABDURAUF FITRAT




Yüklə 123 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin