Insonning kelib chiqishi haqidagi birinchi yondashuv insonning paydo bo‘lishiga olib kelgan tabiatning qonuniy rivojlanishi g‘oyasidan kelib chiqadi. Bundainson jonsiz, keyinchalik esa – jonli moddaning tabiiy evolyusiyasi mahsulisifatida qaraladi. Mazkur konsepsiya, 1859 yilda, inson kelib chiqishiningtabiiy-ilmiy talqiniga asos bo‘lgan, CH.Darvinning «Hayvon va o‘simlik turlarining kelib chiqishi haqida» deb nomlangan mashhur asarini e’lon qilgan evo-lyusion nazariyasiga tayanadi va hozirgi vaqtda molekulyar biologiya va gen injeneriyasi sohasida erishilgan eng so‘nggi yutuqlar ta’sirida o‘z shakl-shamoyilinisezilarli darajada o‘zgartirib, aksariyat olimlar uchun ularning ilmiy faoliyatida o‘ziga xos dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Ikkinchi yondashuv insonga, Xudo yoki kosmik Aql mehnatining mahsuli sifatida qarab, uni g‘ayritabiiy asosdan keltirib chiqaradi. Sharq va G‘arb falsafasida inson muammosi O‘rta asr insoniyat bosib o‘tgan tarixiy taraqqiyot jarayonining eng uzoq davom etgan bosqichidir. O‘rta asr falsafasining shakllanish jarayoni Evropada xristian dinining vujudga kelishi va uning tarqalishi bilan bog‘liq bo‘lsa, Osiyo, Afrika mamlakatlarida, xususan Markaziy Osiyoda islom dinining kirib kelishi va uning rivojlanishi bilan bevosita bog‘liqdir. Xristian dini eramizning I-II asrlarida Rim imperiyasining Sharqiy viloyati Falastinda paydo bo‘lib, O‘rta yer dengizi atrofiga yoyildi. Islom dini eramizni VII-VIII asrlarida uchta qit’a (Afrika, Osiyo va Evropa)ni qamrab oldi. Antik dunyoda ko‘p xudolilik dinlari hukmron bo‘lgan bo‘lsa, o‘rta asrlarga kelib yakka xudolik dinlari hukmron bo‘lib oldi. Shuning uchun o‘rta asr falsafasining ildizlari iudaizm, xristianlik va islom dinlariga borib taqaladi. Xristian falsafasi insonda xudoga o‘xshash fazilatlar, xislatlar mavjud ekanligini birinchilardan bo‘lib isbotlashga harakat qildi. Xususan, xristian cherkovining buyuk namoyondalaridan biri Grigoriy Niskiyning tushuntirishicha, xudo podshohdir, butun koinotning jamiki mavjudotning egasidir. Xudoning insonni yaratishdan muddaosi, uni butun olamning xo‘jayini, chinakam podshoh qilish edi. Xristianlik dinigacha hech qaerda, hech qachon xudo bilan inson qiyofasi bir-biriga o‘xshaydi deb tasvirlanmagan. Bu ikki asos: inson va xudo, hech qachon bir-birlari bilan qo‘shilib ketmagan edi. Xristianlik dini o‘zining transsendental xususiyatiga ko‘ra, xudo bilan koinotga hukmronlik da’vosini qildi. Xuddi o‘sha hukmdor xudoni inson tanasiga o‘rnashib olishi ajablanarli holat edi. Xristianlik ta’limotiga ko‘ra, jon tanadan tashqarida yashay olmaydi degan aqida o‘rta asr xristian falsafasida, jon va tana muammosining asosini tashkil etadi. Inson to‘g‘risida ta’limot yaratishga uringan o‘rta asr xristian faylasuflaridan biri Origendir. Uning fikricha, inson degan tirik mavjudot jon, qalb va tanadan iborat. Inson joni o‘ziga bog‘liq emas, chunki u xudo tomonidan in’om etiladi. O‘rta asr xristian falsafasi qadimgi Yunon antropologiyasiga xos antik ratsionalizmni qayta ko‘rib chiqdi. Qadimgi Yunon antropologiyasining butun diqqat e’tibori, inson axloqi, bilimini ulug‘lashga qaratilgan bo‘lsa, o‘rta asr falsafasida esa, eng muhim insoniy fazilat, e’tiqod, ishonchga asoslangan inson erki hisoblanadi. Ya’ni, o‘rta asr sharoitida insonning aql-idroki o‘rniga, erki e’zozlandi. Inson ichki olamini har tomonlama o‘rgangan mashhur xristian faylasufi Avgustinning tushuntirishicha, inson yaxshilikni biladi, biroq undagi erk o‘ziga bo‘ysunmaydi, oqibatida u qilishi kerak bo‘lmagan narsalarni qiladi. Uningcha, Xristianlikka qadar bo‘lgan falsafiy ta’limotlarning hammasiga bir illat, bid’at yuqqan; ularning hammasi ham tafakkurni insonning eng oliy kuch-qudrati deb ko‘klarga ko‘tarib kelgan. Aqlning o‘zi ham dunyodagi eng shubhali va noaniq narsa bo‘lib, vahiy kelmaguncha bizni noma’lumlikdan yorug‘lik tomon olib chiqa olmaydi5 . O‘rta asr falsafiy fikr-mulohazalarida insonning oliy voqelikka munosabati ham o‘zgacha bo‘ldi. Antik falsafa ta’kidlaganidek, har bir kishining shaxsi, xudosi, o‘ziga nisbatan bo‘ladigan barcha munosabatlarni ham belgilab berar edi. Xuddi shu joydan – insonning ichki olamida bo‘ladigan o‘zgarishlarni bilishga qadam qo‘yilardi. Birdamlikda inson ichki olamini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish, xatto stoiklar zamonasiga qaraganda ham ortib ketgan edi. Insonning ma’naviy dunyosi, uning ruhiy olamining shakllanish jarayoni muammolari, o‘rta asrning mashhur xristian faylasuflaridan biri, sxolastikaning yirik namoyandasi Foma Akvinskiyning ham diqqat markazida bo‘ldi. Foma Akvinskiy jamiyat a’zolarining ma’naviy va ijtimoiy muammolari haqida bosh qotiradi. Ushbu muammolarni Yunon faylasuflariga o‘xshab jamiyat va davlat doirasida o‘rganadi. Uning fikriga muvofiq, davlat barchaning farovonligi haqida qayg‘urish uchun yashamog‘i darkor. Lekin u jamiyatda mavjud bo‘lgan turli tabaqaga mansub kishilarning teng bo‘lishiga mutlaqo qarshi edi. Hamma xudoga bo‘ysunishi, barcha xristianlar orzu qilgan ezgulikning asosini tashkil etmog‘i lozim, degan fikrlar olg‘a surildi.
Sharq falsafasida inson muammosi. Inson borlig‘i haqidagi dastlabki tasavvurlar qadimgi Sharq mamlakatlari, ayniqsa Hindiston, Xitoy, Markaziy Osiyo xalqlari tomonidan yaratilib, miflar, ertaklar, dostonlar, qo‘shiqlarda o‘z ifodasini topgan. Odamlar o‘zlari yashab turgan atrof-muhitda sodir bo‘ladigan o‘zgarishlarni turli Xudolar ramzida ifodalashgan. Odamlar va Xudolarning turmush tarzlari bir xil, hatto ular bir xil xislatlar, fazilatlar va bir xil nuqsonlarga ega bo‘lganlar. Lekin Xudolar qudratli, kuchli, salobatli, hamma narsaga qodir, deb ta’riflangan. Asta-sekin o‘sha qudratlilik, yaratuvchanlik, buyuklik, barcha ishlarni uddasidan chiqa olish salohiyati odam, tirik mavjudot tomon og‘a boshlagan. Odam hamma narsaga qodir bo‘lgan. Dastlabki inson obrazini qadimgi Hind Vedalarida tasvirlangan Purusha misolida ko‘rishimiz mumkin. Eramizdan avvalgi XII-VII asrlarda yaratilgan Hind Vedalarida 4 asosiy kitob Rigveda, Atxarvaveda, Samoveda, Yajurveda, ya’ni diniy bilimlar, gimnlar, qo‘shiqlar, to‘plamlarida insonning qiyofasi haqidagi dastlabki fikr-mulohazalarni uchratish mumkin. Lekin bu erda inson va uni yashaydigan joyi bo‘lgan jamiyat haqidagi qarashlar mifologik xarakterga ega. Vedalarda yozilishicha, bir butun yaxlit borliqning ayrim xususiyatlarini o‘zida mujassamlashtirgan inson ikki yirik mohiyat: tana bilan jonning qorishmasidan iborat. Tana bilan jon esa, hamisha o‘zaro aloqadorlikda, biri ikkinchisi bilan bog‘liq. Qadimgi Hind vedalarida aytilishicha, olam bir butun, tirik mavjudotlarning hammasi o‘sha butunning ajralmas zarralaridir. Odam esa o‘sha tirik zotlarning o‘ziga xos shakli, ko‘rinishidir. Hozirgi odamzot tanasining shakli, jonining bir shakli tanadan boshqa shakl tanaga sonsanoqsiz marta kuchib o‘tishlari natijasida sodir bo‘lgan. Hind falsafasida axloqiy hatti-harakatlar o‘zgarishlar zanjiri, hayotning «aylanishi”ga kiritilgan: ..qayta tirilish – hayot – o‘lim – qayta tirilish – hayot – o‘lim... (sansara). Shunday qilib, renkarnatsiya g‘oyasi – bu spetsifik hindcha fenomendir. Buddani to‘rt oliy xaqiqati shu tinimsiz tug‘ilishdan qutilishdan iboratdir. 1. Dunyo azob-uqubatlarga to‘lib ketgan. Tug‘ilish – azob, qarilik – azob, kasallik va o‘lim – azob.O‘zing yomon ko‘radigan odam bilan uchrashish – azob, sevimli kishidan judo bo‘lish – azob, xohlagan narsani qondirish uchun kurashish – azob. Aslida xohish-istaklar va ehtiroslardan ozod bo‘lmagan hayot har doim azob keltiradi. Bu – azob haqidagi haqiqatdir. 2. YAshashga nisbatan kuchli irodaga asoslangan xohish, agar hatto uning izlaydigan narsasi ba’zan o‘lim bilan tugasada, o‘zi xohlagan narsani izlaydi. Bu – azoblarning sababi haqidagi haqiqatdir. 3. Agar insonning barcha ehtiroslari negizida yotgan xohish bartaraf etilishi mumkin bo‘lsa, unda ehtiros o‘ladi va odamning azoblari nihoyasiga etadi. Bu – azoblarning to‘xtatilishi haqidagi haqiqatdir. 4. Xohish-istaklar va azoblar bo‘lmaydigan holatga (nirvanaga) erishish uchun, to‘g‘ri tafakkur, to‘g‘ri fe’l-atvor, to‘g‘ri turmush tarzi, kuchg‘ayratga erishish zarur. Bu – azoblarning sababidan xalos bo‘lish haqidagi haqiqatdir Inson va jamiyat haqidagi dastlabki fikr-mulohazalarni qadimgi Xitoy afsonalarida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Chunonchi, dastlabki inson Odam Ato Pango qiyofasida namoyon bo‘ladi. Eramizdan avvalgi XII asrda mavjud bo‘lgan CHjou davlatida dastlabki inson Odam Ato Pango yashagan ekan. Uning tanasidan tabiatning turli hodisalari kelib chiqqan ekan. Cheksiz bo‘shliqlardan iborat bo‘lgan olam uning qudratli zarbasidan er va osmonga bo‘linib ketgan. O‘zining sehrli kuch qudrati bilan olamda tartib-intizom o‘rnatgan Odam Ato Pangodan odamzot bir umrga qarzdor emish. Inson to‘g‘risidagi mifologik-diniy qarashlar o‘rnini asta-sekin falsafiy qarashlar egallay boshladi. Inson haqidagi dastlabki falsafiy qarashlar Qadimgi Xitoyda eramizdan avvalgi VIII-VI asrlarda vujudga kelgan. Bu davrga kelib, qadimiy Chjou davlatida ijtimoiy munosabatlar keskinlashib ketdi. Ziddiyatlarning keskinlashib borishi o‘sha zamonning ijtimoiy tafakkurida ham o‘z ifodasini topdi. Qadimgi Xitoy faylasuflari fuqarolarning baxtini osmondan emas, balki ular yashayotgan ijtimoiy muhitdan izlay boshladilar. Inson yashayotgan tabiiy-ijtimoiy muhit o‘zgarishi bilan, uning o‘zi ham o‘zgarib borishi haqidagi fikr mulohazalar eramizdan avvalgi VI asrda vujudga kelgan daosizm ta’limotida olg‘a surilgan. Odam degan tirik mavjudotning paydo bo‘lishi sabablari, tabiati, olamdagi o‘rnini aniqlashda, odamning inson darajasiga ko‘tarilishida tarbiyaning ahamiyati haqida, jamiyatda mavjud bo‘lgan axloqiy, huquqiy normalarni tushuntirib berishda Xitoyda keng tarqalgan Konfutsiy ta’limotining ahamiyati katta bo‘lgan. Konfutsiy ta’limotiga ko‘ra odamlar bir-birlariga o‘xshab ketadilar lekin ular tarbiyasiga ko‘ra farq qiladilar. Ayniqsa ijtimoiy shart-sharoitlarning o‘zgara borishi inson xulqatvorining o‘zgarib borishiga sabab bo‘lgan. Chunonchi, mutafakkirning e’tirof etishicha, odamlar o‘z tabiatiga ko‘ra bir xil bo‘lib, lekin xulq atvoriga ko‘ra ular bir-biridan yiroqdirlar. Konfutsiy ta’limotida asosiy axloqiy qonun, asosiy axloqiy tushuncha – jen (insonparvarlik)dir. Lun Yuy (hikmatlar) kitobida shnday deyiladi: “Kimki chin dildan insonni sevishga intilsa, u yovuzlik qilmaydi”, “O‘zingga ravo ko‘rmagan narsani o‘zgaga ham munosib ko‘rma, shunda davlatda ham, oilada ham o‘zingga nisbatan yovlik his qilmaysan”6 . Inson va jamiyat haqidagi fikrlarni er. avv. VII-VI asrlarda o‘rta va yaqin SHarq mamlakatlari, xususan Markaziy Osiyoda keng tarqalgan mifologik-diniy, diniy-falsafiy ta’limotlarda ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Ana shunday ta’limotlardan biri zardo‘shtiylik edi. Zardo‘shtiylik ta’limotining markaziy muammosi odam bilan olam o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik jarayoni tahliliga qaratilganligi edi. Bu ta’limotga ko‘ra, odam borlig‘i olam borlig‘i bilan bevosita aloqadordir. Ushbu ta’limotga ko‘ra, butun olam borlig‘i to‘rt unsurdan iborat. Olam borlig‘ining eng murakkab shakllaridan biri bo‘lgan odamning tabiati ham, shubhasiz o‘sha to‘rt unsur bilan bog‘liq bo‘ladi. Zardo‘shtiylik diniy-falsafiy qarashlarida ta’kidlanishicha, inson iymon e’tiqodining uchta yirik tayanchi bo‘ladi: fikrlar sofligi, so‘zdagi sobitlik hamda faoliyatning insonparvarligi, Avestoda yozilishicha, iymon – e’tiqodning mustahkamligini ifodalovchi alomatlar turli – tuman bo‘ladi. Xususan bergan so‘zning ustidan chiqish, unga sodiq qolish, savdosotiqda tuzilgan shartnomalarga qat’iy amal qilish, aldamchilik va hiyonatdan holi bo‘lish iymon-e’tiqodlilik alomatidir. «Avesto»da axloqiy ideal voqelik bilan shunchalik chambarchas bog‘liqki, gap haqiqat yoki yolg‘on, yaxshilik va yomonlik, hayot va o‘lim, go‘zallik va xunuklik haqida boradimi, barchasi hayotiy amallar orqali er yuzida boylik va ezgulik bunyod etishga qaratilgan. «Avestoda «yaxshi» va «yaxshilik» so‘zi bilan ifodalangan axloqiy idealning mohiyati er yuzini saqlash va e’zozlashga da’vat etilgan poklanish tushunchasi orqali ifodalanadi»7. Zardushtiylik ta’limotida jamiyat va insonning hayoti bilan bog‘langan o‘ziga xos ijtimoiy-tarixiy va falsafiy tizim yaratilgan bo‘lib, ushbu diniy ta’limotda suv, tuproq, olov, va havoni ilohiylashtirgan holda ularni e’zozlash va ezgu fikr, ezgu so‘z va ezgu amal birligida uning ekologik sofligini saqlashni o‘zida ifodalagan. Inson to‘g‘risidagi diniy-falsafiy qarashlarni Markaziy Osiyoda III asrda keng yoyilgan Moniylik ta’limotida ham ko‘rish mumkin. Moniy (216-277) qarashlari Zardo‘sht qarashlaridan farq qilar edi. Moniy o‘zining axloqiy ta’limotini yoyish uchun “Xuastuanift” kitobini yozdi. U turk tilida yozilgan iqrornomadir. Moniylikni targ‘ib qiluvchi ushbu kitobdagi ma’lumotlar Avestoda uchraydigan ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurashni yangicha davomiy ko‘rinishidir. V-VI asrlarda tarqalgan yana bir diniy-falsafiy ta’limot mazdakiylik edi. Mazdak ta’limotiga muvofiq olamda bo‘layotgan o‘zgarishlar ongli va ma’lum bir maqsadga qaratilgan bo‘lmog‘i lozim. Ayniqsa, insonning ongli faoliyati ezgulik ustidan g‘alaba qiladi. Mazdak qarashlarida jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlikka bartaraf etish g‘oyasi markaziy o‘rinlardan birini egallar edi. Uning fikricha, jamiyatda barcha odamlar teng bo‘lishi, ular orasidagi sodir bo‘ladigan turli munosabatlar ijtimoiy adolat tamoyillariga asoslanishi darkor. U jamiyatda xotinqizlar va erkaklarni teng huquqliligini talab qilib chiqqan birinchi islohotchi edi. Musulmon faylasuflari ham odam bilan olam orasidagi o‘zaro aloqadorlik muammolarini bilishga intildilar. Odam deb ataluvchi mavjudotni kim yaratgan? Odamlar qanday unsurlardan tashkil topgan. Odamning inson darajasiga ko‘tarilishi qanday sodir bo‘ladi? Insonning jismi bilan uning ruhiyati, ma’naviyati orasida aloqadorlik mavjudlik kabi savollarga javob topmoqchi bo‘ldilar. Bu savollarga javobni musulmon faylasuflari Qur’oni karimdan izlaydilar. Qur’oni Karimning 7 A’raf surasining 11, 12, 15 – Xizr surasining 26 oyatlarida dastlabki odam (Odam Ato) suratini, Olloh qora botqoqdan, ya’ni loydan yasaganligi, keyin unga tiriklik ya’ni jon ato etganligi, Momo Havoni esa Odam Atoning chap biqinidan yaratilganligi habar qilinadi.
Musulmon madaniyati – ma’naviyatining nazariy-uslubiy asoslarini shubhasiz, islom dinining ikki yirik muqaddas manbasi: Qur’oni karim va Hadisi sharif tashkil etadi. Musulmon falsafasida hadisshunoslik o‘ziga xos o‘rin tutadi. Buyuk hadisshunoslardan Imom Buxoriy 7275 ta sahih hadislarni to‘pladi. Bu hadislarda umuminsoniy axloq to‘g‘risida batafsil gapiriladi. Buxoriyni shogirdi Iso at Termiziy musulmon hadislarni to‘plashda va uni har tomonlama tahlil etishda o‘ta fidoiylik qildi. Ayniqsa, hadislar to‘g‘riligi, ishonchliligining darajasini aniqlashda o‘z ustozi Imom Buxoriydan ham o‘tib ketdi. Bunday nozik ishni bajarishda, u ichki ezoterik uslubdan foydalandi. Birinchidan, u payg‘ambarlar hadislarini vujudga kelishi manbalarini o‘rgandi va uning mazmunini tushuntirib berdi. Ikkinchidan, har bir hadisni islom manbalari nuqtai nazaridan tahlil qildi. At-Termiziy Markaziy Osiyo xalqlarining islomgacha bo‘lgan urfodatlari, rasm-rusumlari, marosimlarini musulmon madaniyati va axloqi qoidalariga moslashtirishda beqiyos ulush qo‘shdi. Musulmon falsafasini yangi ratsional tamoyillar, normalari bilan boyitdi. Ayniqsa, inson ma’naviy madaniyatini shakllantirishda va uni yanada rivojlantirishda aqliy bilish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab o‘tgan. Qaerda bilim, ilmga e’tibor kamaysa, o‘sha erda odamlar axloqan tubanlasha boshlaydilar. Bilimsizlik – xurofotga moyillikni kuchaytirsa, ilm izlamaslik g‘iybatchilikka undaydi va jamiyat ma’naviy inqirozga yuz tutadi. Odamlar orasidan mehr-oqibat ko‘tariladi. Bilimsizlikning dastlabki ko‘rinishi, kishining o‘z iffatini yo‘qotishidir, deb tushuntiradi. SHunday qilib, haqiqiy falsafada muayyan masalalar, ayniqsa, inson bilan bog‘liq murakkab masalalar xususida bir xil fikrlash hollari kuzatilmaydi. Bundan farqli o‘laroq, fanda bir fikrlilik u yoki bu muammoning uzil-kesil echimi topilganidan dalolat beradi. Masalan, «abadiy dvigatel»ni yaratish masalasi xususida olimlar orasida to‘la bir fikrlilik hukm suradi: hozirgi zamon tabiatshunosligi qonunlariga muvofiq bunday dvigatelni yaratish mumkin emas. Ammo fandan farqli o‘laroq, falsafaning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, u har qanday hodisani o‘rganish va tushunishda tayaniladigan qadriyatlar va mo‘ljallar tizimidan tashkil topadi. Ayni shu sababli bu erda u yoki bu faylasufning dunyoni qanday tushunishi, uning hayotga munosabati, ayniqsa, muhim rol o‘ynaydi. U qaysi aksiomalarni ilgari surishi, qaysi ustuvorliklarni qayd etishi, nimani muhim deb hisoblashi, nimaga ishonishi yoki ishonmasligidan faylasufning boshqa narsalarga bo‘lgan tegishli munosabati, uning umumiy va xususiy masalalarga doir falsafiy pozitsiyasi kelib chiqadi.