Nazariy bosqichda ijtimoiy xizmat mijoziga ta’sir etuvchi sabab-oqibat aloqalari va munosabatlarini aniqlash, maqsadni qo‘yish va shakllantirish, texnologizatsiyalash predmetini aniqlash, tuzilma tarkibiy elementlari o‘rganiladi.
Uslubiy bosqichda ijtimoiy xizmat obyekti holati to‘g‘risidagi axborotni olish yo‘llari va usullari, manbalarini tanlash, shuningdek, uni qayta ishlash va tahlil qilish vositalari va usullari, kelgusidagi faoliyati uchun aniq tavsiyalar ishlab chiqish va maqsad shakllantiriladi.
Amaliyot bosqichida ijtimoiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini tashkil etish, ishlab chiqilgan tavsiyalarni tekshirish, taklif qilingan tavsiyalardan foydalanishdagi kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish hamda harakatlar algoritmini o‘rnatish bilan bog‘liq vazifalarni hal etish ko‘zda tutiladi.
Ijtimoiy ishni faoliyat tarzida tasnif qilish masalasi ancha murakkab. Chunki u ijtimoiy, kasbiy va milliy me’yor hamda qadriyatlar tarkibida, maishiy hayotning aralash jarayonlarida o‘z aksini topgan. Shu sababli, ijtimoiy ishni tushuncha sifatida talqin etish uchun quyidagilarni inobatga olish lozim:
- ijtimoiy munosabatlar tarzini tartibga keltirishda tanlangan me’yorlarning hayot bilan bog‘liqligi;
- ijtimoiy muammolarni bartaraf etishni modellashtirish va prognozini amalga oshirishda etnomadaniy omillarni inobatga olish;
- muammolarga aloqador axborotlar, ular tahlili va maqbul qaror qabul qilish texnologiyasi;
- ijtimoiy siyosat darajasidagi chora-tadbirlar, ularning vujudga kelgan talablarni qondirishga qaratilganligi;
- ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish uchun ta’lim muassasalarida alohida yo‘nalishlarning tashkil etilganligi;
- jamiyat, turli ijtimoiy guruhlar orasidagi muvozanatni ta’minlay olishi;
- ma’naviy tushunchaga e’tibor qaratilganligini va boshqalar.
Ijtimoiy ish faoliyat sifatida bularning barchasining amaliy jihatini aks ettiradi, ijtimoiy xizmat turlari va professional kadrlar faoliyati samaradorligini aniqlaydi. Texnologik jarayonlarning mohiyati, namoyon bo‘lishidagi o‘ziga xosliklarni o‘zlashtirish mutaxassis tayyorlashdagi zaruriy shart va asos hisoblanadi. A.Xolbekov va U.Idirovlar ijtimoiy xizmatga “Ijtimoiy xizmat – korxona, muassasa va tashkilotning xizmatchilar va ishchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash orqali mehnat jamoasini boshqarish sohasi”,39 deya ta’rif berishgan. Vaholanki, korxona va muassasa jamiyat institutlari hisoblanadi. Bu ta’rif xizmat ko‘rsatish qamrovini nisbatan chegaralaydi. Birinchidan, oila, tibbiyot muassasalari, muruvvat uylari, mehribonlik uylari va boshqalar ham ijtimoiy institut hisoblanib, ularning a’zolariga ham ijtimoiy xizmat ko‘rsatiladi. Ikkinchidan, ijtimoiy xizmat “mehnat jamoasini boshqarish sohasi” emas, balki jamoa a’zolariga beg‘araz yordam berish kasbi hisoblanadi.