Reja: Milliy davlat boshqaruv hokimiyati tizimining shakllantirilishi



Yüklə 24,04 Kb.
səhifə1/2
tarix02.12.2023
ölçüsü24,04 Kb.
#171012
  1   2

Mavzu: Mustaqil O‘zbekistonda hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi.

Reja:



1.Milliy davlat boshqaruv hokimiyati tizimining shakllantirilishi.
2.Mustaqil O‘zbekistonda hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi
3.Ko‘ppartiyaviylik tizimining shakllanishi


O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat ishlari vazirligining strukturasi, faoliyati va ish yuritish usullari tubdan o‘zgardi. Umummilliy ahamiyatga molik bo‘lgan tarmoqlarda, masalan, sayyohlik, transport, madaniyat, kino, televideniye va radio tizimi va boshqalarda iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘lgan milliy kompaniyalar tashkil etildi. Shunday qilib, mustaqillik qo‘lga kiritilgandan beri o‘tgan qisqa tarixiy davrda huquqiy davlat, uning zamonaviy hokimiyat organlari barpo etildi, ixcham, ochiq rivojlanishga ega bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy tizim yaratildi. Mahalliy davlat hokimiyati tubdan isloh qilindi. Islohotlar O‘zbekiston Respublikasining Kons-titutsiyasi, „Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida“ gi Qonun (1993 yil 2 sentabr), „Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylovlar to‘g‘risida“ gi Qonun (1994 yil 5 may) asosida amalga oshirildi. Konstitutsiyaning 99- moddasida viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlar, shuningdek, shahar tarkibiga kiruvchi tumanlardan tashqari) hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari bo‘lib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab o‘z vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etadilar, deb belgilab qo‘yildi. Konstitutsiyada mahalliy hokimiyatning ikki mustaqil organga — vakillik va ijro hokimiyat organlariga bo‘linishi belgilandi. „Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida“ gi Qonunning 1-moddasida „Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan, shuningdek, shaharlar tarkibiga kiruvchi tumanlardan tashqari) xalq deputatlari Kengashlari davlat hokimiyatining vakillik organlaridir“, deb aniq belgilab qo‘yildi. Shahar tarkibiga kiruvchi tumanlarda va tumanga bo‘ysunuvchi shaharlarda vakillik organlari tuzilmaydi. „Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida“ gi Qonunda vakillik organlariga 21 yoshga to‘lgan fuqarolar saylanadi. Saylovlar ko‘ppartiyaviylik, muqobillik asosida o‘tadi. Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga 60 tadan ko‘p bo‘lmagan, tuman va shahar Kengashlariga esa 30 tadan ko‘p bo‘lmagan deputatlar 5 yil muddatga saylanadi. Mustaqillik yillarida 1994 yildan e’tiboran har 5 yilda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga ko‘ppartiyaviylik, muqobillik asosida saylovlar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, 1999- yilgi saylovda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 6145 nafar deputat saylandi. O‘zbekiston Respublikasida mahalliy ijroiya hokimiyati organi qayta tashkil etildi. Bu borada milliy davlatchilik tarixi tajribasidan ijodiy foydalanildi. Jumladan, Amir Temur davridagi davlatchilikka nazar tashlasak, o‘sha zamonlarda viloyatlar, shaharlar hokimlar tomonidan yakkaboshchilik asosida boshqarilganiga guvoh bo‘lamiz. 1992 yil 4 yanvarda „O‘zbekiston Respublikasining mahalliy hokimiyat idoralarini qayta tashkil etish to‘g‘risida“ Qonun qabul qilindi. Mazkur qonunga muvofiq respublikaning hamma hududida mahalliy ijro hokimiyati organi sifatida hokim lavozimi ta’sis etildi. Hokimlar faqatgina ijro hokimiyati organlarigagina emas, shuningdek, mahalliy vakillik organlariga ham rahbarlik qiladigan organ sifatida mustahkamlandi. Hokimning vakolat muddati 5 yil bo‘lib, u tegishli hududda vakillik organiga ham, ijro hokimiyatiga ham boshchilik qiladigan mansabdor shaxs hisoblanadi. Ijro organlarida bog‘liqlikni ta’minlash maqsadida, viloyat hokimlari O‘zbekiston Prezidenti tomonidan, tuman va shahar hokimlari viloyat hokimi tomonidan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda bu masalalar tegishli xalq deputatlari Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi. Vakillik organlari tuzilmaydigan shahar tarkibidagi tumanlarda va tumanga bo‘ysunuvchi shaharlarda ham hokimiyatlar ta’sis etildi, ularning apparati - hokimiyat tashkil etildi. Viloyat hokimlari va Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Prezidentining shu joylardagi vakili hisoblanadi. Toshkent shahar tumanlari hokimlari esa Toshkent shahar hokimining vakillari hisoblanadi. 1992 yilda Toshkent shahrida va 12 ta viloyatda, 159 ta qishloq tumani va 18 ta shahar tumanida hamda 120 ta shaharda hokimlar tayinlandi va tasdiqlandi, ularning apparati - hoki-miyatlar tuzildi. Mahalliy hokimiyat organlari vakolatiga kiradigan masalalar va vazifalar Konstitutsiyaning 100 va 101 moddalarida aniq belgilab qo‘yilgan.
Ular quyidagilardan iborat:
• qonuniylikni, huquqiy tartibotni va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash;
• hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish;
• mahalliy budjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yig‘imlarni belgilash, budjetdan tashqari jamg‘armalarni hosil qilish;
• mahalliy kommunal xo‘jalikka rahbarlik qilish;
• atrof-muhitni muhofaza qilish;
• fuqarolik holati aktlarini qayd etishni ta’minlash;
• normativ hujjatlarni qabul qilish hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish;
• O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident farmonlari, davlat hokimiyati yuqori organlarining qarorlarini amalga oshirish;
• xalq deputatlari quyi Kengashlari faoliyatiga rahbarlik qilish, respublika va mahalliy ahamiyatga molik masalalarni muhokama qilishda qatnashish.
Mustaqillik yillarida mahalliy hokimiyatni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar natijasida ijro hokimiyati bilan vakillik hokimiyati bir-biridan rasman ajratildi. Hokimlar xalq deputatlari Kengashlariga bo‘ysunmaydi, ammo Kengash oldida hisob berib turadi. Shu bilan birga hokimlarni joylarda ham vakillik, ham ijro hokimiyati organlariga boshchilik qilish holatini vakillik organlari hokimlarga bo‘ysunadi, deb tushunmaslik kerak. Vakillik organlari hokimlarga bo‘ysunmaydi, vakillik organlari ishini tashkil qilishga hokimlar boshchilik qiladilar. Hokim mahalliy ahamiyatga molik barcha masalalarni fuqarolarning manfaatiga mos ravishda hal qilish bilan shug‘ullanadi. Shu maqsadda barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar qabul qiladi. Hokimlar o‘zlari rahbarlik qilayotgan organlarning qarorlari va faoliyati uchun shaxsan javobgardir. O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyot tarixi guvohlik beradiki, ayrim hokimlar o‘z faoliyatida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ymoqdalar. O‘zlariga yuklatilgan mas’uliyatli vazifalarni bajarishni uddalay olmagan, o‘z lavozimini suiiste’mol qiluvchi hokimlar ham uchrab turadi. Bunday hollarda ular vakolat muddatidan oldin hokimlik lavozimidan chetlashtirilmoqda. Shunday qilib, Mustaqillik yillarida markaziy, viloyat, shahar va tumanlar darajasidagi davlat hokimiyati va boshqaruv tartiblari tubdan yangi shaklda barpo etildi. Mahalliy davlat hokimiyatini shakllantirishda o‘zbek milliy davlatchiligining tarixiy an’analari, rivojlangan davlatlarning zamonaviy tajribalari inobatga olindi.

2.Mustaqil O‘zbekistonda hokimiyatlar bo‘linishi prinsipi


Ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi o‘zining tarkibiy tuzilishi va unda faoliyat yuritayotgan partiya fraksiyalari va deputatlar uyushgan bloklar soni jihatidan birinchi chaqiriq Oliy Majlisga nisbatan anchagina yangilandi. Qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyati ham yanada mukammallashdi. Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning tobora chuqurlashib borayotganligidan kelib chiqadigan tabiiy holdir. Ikkinchi chaqiriq Oliy Majlis qo‘mitalari va komissiyalarining tarkibiy tuzilishi, uning faoliyatida 5 ta partiya fraksiyalari va 2 ta deputatlar blokining faol ishtiroki milliy parlamentni rivojlantirishda yangi bosqich bo‘ldi. Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan mamlakatimiz aholisining yarmidan ziyodini tashkil etgan yoshlarning manfaatlari, intilishlari, muammolarining yechimlarini topishga yo‘naltirilgan „Yoshlar ishlari komissiyasi“ning tuzilishi va keyinroq uning „Yoshlar ishlari qo‘mitasi“ga aylantirilishi parlamentning bu dolzarb masalaga e’tiborini, mas’uliyatini oshirdi. Parlament tarkibida „Oila va ayollar muammolari komissiyasi“ning tuzilishi oilani mustahkamlash, xususan, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy mavqeyini ko‘tarish bilan bog‘liq bo‘lgan muammolarning huquqiy yechimlarini topish va amalga oshirish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Oliy Majlis tarkibida „Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi“ ning tuzilishi va yangi qonunlar ishlab chiqishdagi faoliyati ijtimoiy-siyosiy hayotni erkinlashtirish jarayonini tezlashtirishga ko‘maklashdi. O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyoti davrida respublika bir palatali parlamenti yangi jamiyat qurishning ishonchli huquqiy asoslarini yaratuvchi 446 ta dan ortiq qonun, 10 ta kodeks, 2 ta milliy dastur va mingdan ortiq qarorlar qabul qildi. Yuqorida qayd etilgan raqamlardan ko‘rinib turibdiki, respublika parlamenti bir palatali bo‘lsa-da, qonun chiqarish jarayoni ancha jadallik bilan bordi. Birinchi galda hayotning o‘zi talab qilayotgan eng kerakli qonunlar ishlab chiqildi va qabul qilindi. Natijada, mustaqillik munosabati bilan dastlabki paytda vujudga kelgan huquqiy bo‘shliq tezroq to‘ldirildi. Respublika parlamenti jamiyatimizda siyosiy muvozanatni, tinchlik va barqarorlikni saqlab turishda ishonchli omil sifatida faoliyat yuritdi. Qabul qilingan qonunlar turkumini ularning mazmuniga ko‘ra besh yo‘nalishga bo‘lish mumkin. Birinchi yo‘nalishga - O‘zbekistonning Davlat mustaqilligini mustahkamlash, demokratik-huquqiy davlat asoslarini yaratish, davlat boshqaruv tizimini yangilashga doir qonunlar kiradi. Mazkur qonunlar jamiyatimizda xalq hokimiyati, qonun ustuvorligi tamoyillarining qaror topishiga, shaxs erkinligi va huquqlarining himoya qilinishiga xizmat qilmoqda. Yangi qonun hujjatlari, bir tomondan, mamlakatimizda ma’muriy-buyruqbozlik tizimining hukmronlik qilishiga chek qo‘yish, ikkinchi tomondan, milliy davlatchiligimizning eng yaxshi an’analari, o‘zbek xalqining ma’naviy-madaniy qadriyatlarini tiklash, uchinchi tomondan, xalqaro huquq normalarini hamda umum e’tirof etilgan demokratik va insonparvarlik qadriyatlarini inobatga olish yo‘lida rivoj topdi. Respublika parlamenti jamiyatimizda siyosiy muvozanatni, tinchlik va barqarorlikni saqlab turishda ishonchli omil sifatida mustahkamlandi. Prezident Islom Karimov 2000 yil 25 may kuni ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiningikkinchi sessiyasida ikki palatali parlament tuzish g‘oyasini ilgari surdi. Bu demokratik islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish tamoyiliga mos ravishda respublika parlamentini ikki palatali asosda yanada takomillashtirishni nazarda tutgan g‘oyadir. 2001 yil 6-7 dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining yettinchi sessiyasida ikki palatali parlament tuzish masalasi muhokama qilindi. Sessiya ikki palatali professional parlament faoliyati uchun eng zarur bo‘lgan omil - yuqori malakali siyosatshunoslar, yuristlar, iqtisodchilar korpusi shakllanib yetilganligini, jamiyatimizda huquqiy madaniyat darajasining ortganligini inobatga oldi va parlamentni ikki palatali qilib tuzish zarur, degan xulosaga keldi.
Ikki palatali parlamentning bir qator ijobiy tomonlari bor:
• populistik maqsadni, ayrim guruhlar manfaatini ko‘zlovchi, mukammal bo‘lmagan qonunlar qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
• mamlakat mintaqalari (viloyatlar, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi)ning manfaatlari to‘laroq inobatga olinadi;
• milliy davlatchilik institutlari tizimi o‘rtasida parlamentning nufuzi ortadi, qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati o‘rtasidagi munosabat mutanosiblashadi;
• parlament qabul qilayotgan qonunlarning sifatini yaxshilashga, xalqning xohish-irodasini to‘laroq namoyon bo‘lishiga imkon beradi;
• parlament ishida demokratik fikrlar xilma-xilligi ko‘proq namoyon bo‘ladi;
• jamiyatni liberallashtirishni tezlashtiradi;
• deputatlar faoliyatini professionallashga, siyosatchilar tabaqasini shakllantirishga ko‘proq imkoniyat yaratadi.
Oliy Majlis 2002 yil 27 yanvar kuni kelgusi chaqiriqda ikki palatali parlamentni shakllantirish masalasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Referendumda ovoz berish byulleteniga „ Siz kelgusi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi parlamenti ikki palatali qilib saylanishiga rozimisiz?“ degan savol kiritildi. Referendum 2002 yil 27 yanvar kuni keng demokratik asosda, ochiq va oshkora, keng jamoat-chilik vakillari, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, fuqarolarning tashabbuskor guruhlari kuzatuvchilari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Referendumda ovoz beruvchilar ro‘yxatiga kiritilgan 13.266.602 nafar fuqarolarning 12.113.070 nafari yoki 91,58 foizi ishtirok etdi. „Siz kelgusi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi parlamenti ikki palatali qilib saylanishiga rozimisiz?“ degan masala yuzasidan ovoz berishda qatnashgan fuqarolarning 11.344.242 nafari yoki 93,65 foizi yoqlab ovoz berdi. Saylovchilar ikki palatali parlament tuzish masalasini qo‘llab-quvvatladilar.
2002 yil 4-5 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining sakkizinchi sessiyasida „Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil eti-lishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida“ Konstitutsiyaviy qonun va „2002 yil 27 yanvarda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi referendumining yakunlari bo‘yicha amalga oshiriladigan qonunchilik ishlarining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida“ Qaror qabul qildi. Bu hujjatlar ikki palatali parlament tuzish ishlarini boshlashga huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi. 2002 yil 12–13 dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan Oliy Majlisning o‘ninchi sessiyasi xalqimizning xohish-irodasi bilan „O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida“ va „O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida“ Konstitutsiyaviy qonunlarni hamda ularni amalga kiritish to‘g‘risida qarorlarni qabul qildi. Shuningdek, 2003 yil 24 aprelda „O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida“ Qonun qabul qilindi. Mazkur qonunlar bo‘lg‘usi parlamentning ikkala palatasi vakolatlarini va faoliyatining tashkiliy shakllarini aniq belgilab berdi. Bundan keyin ham O‘zbekiston Respublikasining Oliy davlat vakillik organi - parlamentning nomi Oliy Majlis deb atalaveradi. Uning tarkibida ikkita palata tuziladi. Yuqori palata - Senat, quyi palata - Qonunchilik palatasi, deb ataladi. Ikkala palataning vakolat muddati - 5 yil etib belgilangan. 2004 yil dekabr - 2005 yil yanvar oylarida mamlakatimizda ilk bor ikki palatali parlamentga saylovlar bo‘lib o‘tdi. Quyi palataga saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida 120 ta deputat saylandi. Senatga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining har biridan teng miqdorda - 6 nafardan, jami 84 kishi saylandi. Senatning 16 nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlandi. Qonunchilik palatasining 2005 yil 27 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan birinchi majlisida E.H. Xalilov Qonunchilik palatasining Spikeri etib saylandi. Shuningdek, Spiker o‘rinbosarlari, qo‘mita rahbarlari saylandi, siyosiy partiyalar fraksiyalari tashkil etilib ro‘yxatga olindi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2005 yil 27 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan birinchi majlisida M. Sharifxo‘jayev Senat Raisi etib saylandi. Shuningdek, Senat Raisi o‘rinbosarlari hamda Senat qo‘mitalari raislari saylandi. Shunday qilib, ikki palatali parlament tashkil etildi va o‘z faoliyatini boshladi. Ikki palatali parlamentning tashkil etilishi natijasida Qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati o‘rtasida vakolatlar yanada demokratik asosda qayta taqsimlandi. Parlamentning jamiyat hayotidagi mavqeyi o‘sdi. Qonun loyihalari dastlab Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqiladi va qabul qilinadi. So‘ngra Senat tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Qonun Prezident tomonidan imzolanib, matbuotda e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi. Prezident vakolatlarining bir qismi - davlat, sud tizimi va maxsus xizmatlarning rahbarlarini, chet ellar xalqaro tashkilotlardagi diplomatik vakillarni tayinlash va tasdiqlash Senat vakolatiga o‘tkazildi va Senat tomonidan amalga oshirilmoqda. Ikki palatali Oliy Majlis 2005-2009 yillarda ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish ishida katta ahamiyatga ega bo‘lgan 250 dan ziyod qonun qabul qildi. Milliy davlatchilik institutlari tizimi o‘rtasida parlamentimizning nufuzi yanada o‘sdi. Qabul qilinayotgan qonunlarning sifati yaxshilandi. Deputatlar faoliyati professionallashib, siyosiy partiyalar fraksiyalarining faoliyati, fikrlar xilma-xilligi kuchaydi. Deputat va senatorlarning vakolat muddati tugashi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga 2009 yil 27 dekabr kuni saylovlar - 2010 yil 10 yanvar kuni takroriy saylovlar demokratiya, muqobillik va oshkoralik ruhida bo‘lib o‘tdi. Qonunchilik palatasida 135 deputat, O‘zbekiston Ekologik harakatining konferensiyasida 15 nafar deputat, jami 150 nafar deputat saylandi. Senatga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining har biridan teng miqdorda - 6 nafardan, jami 84 senator saylandi. Senatning 16 nafar a’zosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlandi. 2010 yil 22 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisida Dilorom Toshmuhamedova Qonunchilik palatasi Spikeri etib saylandi. 2010 yil 26 yanvar kuni Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida Ilgizar Matyoqubovich Sobirov Senat Raisi etib saylandi. Davlatimiz rahbari taqdimiga binoan Oliy Majlis O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri etib Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni tasdiqladi. O‘zbekiston parlamenti mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, mamlakatni modernizatsiya qilish, bozor munosabatlarini chuqurlashtirish yo‘lida faoliyat ko‘rsatmoqda.


Yüklə 24,04 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin