Reja : Kichik maktab yoshidagi bolalar kitobxonligi 2



Yüklə 40,15 Kb.
səhifə2/3
tarix26.04.2023
ölçüsü40,15 Kb.
#102893
1   2   3
Ximmatova Xurshida1

O‘smirlar kitobxonligi esa o‘quvchilarning shu yoshdagi ruhiyatiga monand ancha murakkab. O‘smirlik insonning bolalikdan kattalar olamiga o‘tayotgan va aytish mumkiinki, nisbatan keskinroq, murakkabroq kechishi bilan farqlanib turuvchi davridir. Bu bolaning 5-6-sinfda o‘qish paytlariga to‘g‘ri kelib, 13 yoshdan 16-17 yoshgacha bo‘lgan davr oralig‘ida kechadi. Ayrim bolalarda bu 1-2 yil ertaroq yoki kechroq kuzatilishi ham mumkin. O‘smirlikda rivojlanishning fiziologik, biologik, aqliy, ijtimoiy-tarbiyaviy jihatdan to`lisha borishi ko‘zga tashlanadi. O‘smirlar o‘z ideallari (mutlaq ijobiy)ni orzu qilib, uni o‘zlarida ro‘yobga chiqarishni xohlaydilar. Bu yoshda biror kasb yoki hunarni egallashga qiziqish va intilish paydo bo‘ladi. Muhimi, o‘smir o‘zini tarbiyalashda kitob, kinofilm qahramonlaridan andaza oladi.
Shunday ekan, o‘smirlarga mo‘ljallangan badiiy adabiyotning vazifasi ham o‘ta mas’uliyatli va serqirradir. Unutmaslik kerakki, o‘smirlik inson hayotining ajoyib pallasi, shaxs sifatida shakllanishining asosi. O‘smirning aqliy kamolotga yetishuvi muhim o‘ringa ega. Ularning o‘z fikrini aniq ifodalashga yo‘naltirish, mustaqil mulohaza yuritish ko‘nikmasiga ega bo‘lish, qolaversa, bu jarayonni anglab yetishlarida badiiy ijodning ta’siri diqqatga sazovor. Xususan, Oybek, A.Qahhor, M.Osim, N.Safarov, O.Muxtor, T.Malik kabi yetuk adiblarning biografik va avtobiografik qissalari, esse hamda hayotiy hikoyalari bu jarayonda dasturulamal bo‘la oladi. O‘smirlardagi ulkan ma’naviy ehtiyoj va shaxs sifatida kamol topish zaruratini o‘z vaqtida payqagan M.Gorkiy XX asrning 30-yillarida “Mashhur kishilar hayoti” ruknida badiiy-biografik asarlar ijod etish tashabbusi bilan chiqqan edi. Shu munosabat bilan mashhur yozuvchi, olim, bastakor, harbiy sarkarda, mohir hunarmandlar-u jahon urushi va mehnat qahramonlarining hayoti, ijod yo‘li badiiy-tadqiqiy namunasi bo`lgan yuzlab asarlar yaratildi. Yakunlangan asrning yetmishinchi yillariga kelib, bu ruknda asarlar ijod etish an’anasi o‘zbek ijodkorlari faoliyatida ham ko‘rina boshladi. Endilikda Aziz Qayumovning “Alisher Navoiy”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Abu Ali ibn Sino”; Laziz Qayumovning “Hamza”; Naim Karimovning “Hamid Olimjon”, “Oybek”, “Cho‘lpon”, “Usmon Nosir”; Adham Akbarovning “G‘afur G‘ulom”; Ozod Sharafiddinovning “Abdulla Qahhor”; Bo‘riboy Ahmedovning “Mirzo Ulug‘bek”, “Amir Temur”; Otayorning “Mirtemir”, “Islom shoir”; Habib Karimovning “O‘ral Tansiqboyev” singari asarlari shu yo‘nalishdagi izlanishlarning samaralari bo‘lib, o‘zbek voqeligini ilmiy-ma’rifiy asosda badiiy tadqiq etganligi bilan e’tibor qozonib borayotir. Bunday asarlar o‘smirlarni insonparvarlik, tarixiy qadriyatlarga muhabbat ruhida tarbiyalaydi, ularning kasb tanlashlariga ko‘maklashadi, ajdodlar jasoratidan iftixor qilish tuyg‘ularini o‘stirib, chinakam vatanparvar inson sifatida kamol topishlariga ta’sir ko‘rsatadi.
Binobarin, o‘smirlik ham jismoniy, ham ma’naviy-axloqiy balog‘atga yetishuv bo‘sag‘asi ekan, qahramonlar xatti-harakati orqali shu yoshdagi o‘quvchilarga ibratli saboq berish – ularga mo‘ljallangan kitoblarning asosiy vazifasidir.
Albatta, yangi ming va yuz yillikda o‘smirlar kitobxonligi arsenali bundan-da ortib borishi, jahonga mashhur mumtoz va o‘zbek adiblarining tarixiy, detektiv, biografik roman va qissalarini, esse hamda she’riy asarlarni, ilmiy-ommabop kitoblarni mutolaa qilishlarini taqozo etayotir. Shuningdek, ular endi bolalar adabiyoti bilan cheklanib qolmay, umumadabiyot xazinasidan keng bahramand bo‘layotirlar. Bugungi o‘smir P.Qodirovning “Yulduzli tunlar”, “Avlodlar dovoni”, M.Osimning “Karvon yo‘llarida”, “Zulmat ichra nur”,”Ibn Sino qissasi”, O.Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” singari tarixiy, biografik roman va qissalarni o‘qimay turib, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Ulug‘bek, A.Navoiy, Bobur kabi ulug‘ ajdodlar hayot yo‘lini to‘liq tasavvur qila olmaydilar. T.Malikning “Alvido bolalik”, “Shaytanat” qissasi ham ularga jamiyatda shaxsning shakllanishidagi muhim omillaridan saboq berishi uchun g‘oyat zarur. Shuningdek, X.To‘xtaboyevning “Mungli ko‘zlar”, “Jannati odamlar”; O‘.Hoshimovning “Ikki eshik orasi”, “Urushning so‘nggi qurboni”, “Dunyoning ishlari” kabi asarlari, M.Yusuf, A.Oripov, E.Vohidov she’rlari ham o‘smirlar qo‘lidan tushmay kelayotir. Bu shundan dalolat beradiki, o‘smirlar kitobxonligida asosan ikki yo‘nalish ko`proq kuzatiladi:
Birinchidan, o‘tgan asr o‘rtalaridan bolalar va o‘smirlar uchun maxsus ijod qilgan H.Nazir (“Yonar daryo”, “Lochin qanotlar” kabi), N.Fozilov (“Shum bolaning nabiralari”, “Saraton” k.), X.To‘xtaboyev (deyarli barcha asarlari), F.Musajonov, L.Mahmudov, T.Malik, H.Shayxov, M.A’zam A.Obidjon, T.Adashboyev singari adiblarning badiiy teran asarlari o‘z o‘quvchisini yo‘qotmay kelayotir.
Ikkinchidan, o‘smirlarning bugungi intilishlari, qiziqishlariga mutanosib asarlar maxsus yaratilmayotganidan, ular umumadabiyot namunalarini katta qiziqish bilan o`qimoqdalar. Bunda yuqorida zikr etilgan asarlar, shuningdek, jahon adabiyotining namunalari sujeti, mavzusi dolzarbligiga ko‘ra o‘smirlar e’tiboriga ko`proq sazovor bo‘layotir.

Yüklə 40,15 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin