O`ZBEKISTON
RESPUBLIKASI
OLIY VA O`RTA MAXSUS TA`LIM VAZIRLIGI
NAMANGAN DAVLAT UNIVERSITETI FIZIOLOGIYA VA HAYOT FAOLIYATI ХAVFSIZLIGI KAFEDRASI
R.E.ASHUROVA
ODAM VA HAYVONLAR FIZIOLOGIYASI
fanidan
Namangan – 2012
MAVZU. KIRISH. ASOSIY FIZIOLOGIK TUSHUNCHALAR.
REJA
-
Fiziologiya fanining prеdmеti va o`rganish usullari.
-
Fiziologiya fanining boshqa fanlar bilan aloqasi.
-
Fiziologiya fanining qisqacha rivojlanish tarixi.
-
Organizmda kеtayotgan hayotiy jarayonlarning umumiy qonuniyatlari va fiziologik xususiyatlari.
-
Organizm va muhit.
-
Rеflеks va rеflеks yoyi. Rеflеkslarni turlash.
-
Organizmda fiziologik funksiyalar.
Fiziologiya tirik organizm, undagi a'zolar, to`qimalar, hujayralar va hujayra tarkibiy elеmеntlarining hayot faoliyati jarayonlarini, organizmning tashqi muhit bilan munosabatini o`rganadi. Fiziologiya funksiyalarning turda va individda rivojlanishini, ularning doimo o`zgaruvchan tashqi sharoitiga moslanishini o`rganadi. Odam organizmi funksiyalarini chuqur o`rganish va shu tariqa faol ta'sir ko`rsatib, ularni zaruriy tomonga yo`naltirish fiziologiyaning asosiy maqsadidir.
Fiziologiya mustaqil bo`lgan, bir-biri bilan bog`langan bir qancha fanlarga bo`linadi. Fiziologiyani avvalo umumiy va xususiy, solishtirma va evolyutsion, shuningdеk, ixtisoslashgan va odam fiziologiyalariga bo`lish mumkin.
Umumiy fiziologiya – muhit ta'siriga tirik organizm javob bеrishining umumiy qonunlarini, har bir organizmga xos bo`lgan hayotiy jarayonlarni o`rganadi.
Xususiy fiziologiya – to`qimalar (muskul, nеrv va b.), a'zolar (miya, buyrak, yurak va b.), tizim (hazm, qon aylanish, nafas va b.) funksiyalarini o`rganadi.
Solishtirma fiziologiya – har xil turlarga mansub bo`lgan organizmlar va individual rivojlanshning turli bosqichlarida turgan bir turga mansub organizmlar funktsiyasining o`ziga xosligini o`rganadi.
Evolyutsion fiziologiya – funksiyalarni tur va individda rivojlanish qonuniyatlarini o`rganadi.
Ixtisoslashgan (yoki amaliy) fiziologiya – ixtisosiga, bajarayotgan ishiga yoki yashayotgan muhitiga qarab organizm funksiyalarining o`zgarish qonuniyatlarini o`rganadi. Qishloq xo`jalik hayvonlari fiziologiyasi va ba'zan odam fiziologiyasining ayrim qismlari (aviatsion, kosmik, suv osti fiziologiyalari va b.) ixtisoslashgan fiziologiyaga misol bo`lishi mumkin.
Odam fiziologiyasi – amaliy tibbiyotning nazariy asosi hisoblanadi, fiziologik jarayonlarning normal holatini bilgandagina kasallikni davolashda organizm faoliyatining dastlabki holatiga qaytara olishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: