Oʼzbekistonning eng yangi tarixi


Tovar va xomashyo bozorida xizmat qiluvchi



Yüklə 0,69 Mb.
səhifə9/57
tarix17.05.2023
ölçüsü0,69 Mb.
#115648
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   57
O zbekistonning eng yangi tarixi

Tovar va xomashyo bozorida xizmat qiluvchi — tovarlar va xomashyo birjalari, biznes inkubator, auditorlik va konsalting firmalari, kо‘plab savdo uylari, auksionlar, tijoratchilik idoralari, reklama firmalari, savdo – sotiq va ularni nazorat qiluvchi davlat muassasalari tashkil etildi. Bu sohadagi dastlabki qadam — mahsulot yetkazib berishga majburiy davlat buyurtmasining tugatilishi bо‘ldi. Davlat buyurtmasi tugatilgach, tovar resurslarini markazlashgan tartibda taqsimlashga mutasaddi ta’minot tashkilotlari ham tugatildi. Ularning о‘rniga to­varlar bozorini shakllantiruvchi birjalar tizimi tashkil etildi. О‘zbekistonda 1991 yilning avgustidan «О‘zbekiston» respublika universal agrosanoat birjasi, «О‘zulgurjibirjasavdo» — О‘zbekistonda ulgurji va birja savdosi bо‘yicha Respublika davlat – aksiyadorlik uyushmasi (1994 yil mart), «Toshkent» Respublika tovar – xom ashyo birjasi (1994 yil 8 aprel) va boshqa birjalar faoliyat kо‘rsatmoqda. 1992 yil 12 avgustda О‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi «Birjalar va birja faoliyati tо‘g‘risida» qaror qabul qildi.
Bozor munosabatlarini rivojlantirishda axborot infratuzilmasi alohida ahamiyatga ega. Shu boisdan iqtisodiy faoliyat uchun zarur bо‘lgan axborotlar, xabarlar va ma’lumotlarni tо‘plovchi, umumlashtiruvchi vositalar, firmalar vujudga keldi.
Xо‘jalik yurituvchi subyektlarni moliya – kredit munosabatlariga xizmat qiluvchi infratuzilma — yangi bank tizimi, о‘z – о‘zini kreditlash idoralari, sug‘urta kompaniyalari, moliya kompaniyalari, soliq undirish idoralari, pul jamg‘armalari yaratildi.
Respublikamizda tadbirkorlar va aholini ehtimoli bо‘lgan turli zararlardan himoya qiluvchi sug‘urta bozori vujudga keldi. Davlat ishtirokida bozor munosabatlariga xizmat qiluvchi «О‘zbekinvest» (1994 yil 13 aprel), «О‘zagrosug‘urta» (1997 yil 25 fevral), «Kafolat» (1997 yil 14 mart) kabi uchta yirik sug‘urta kompaniyasi tashkil etildi. Kо‘plab xususiy sug‘urta kompaniyalari, shuningdek, xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikda ishlaydigan qо‘shma sug‘urta kompaniyalari ham vujudga keldi. 2002 yilda sug‘urta kompaniyalarining soni 28 taga yetdi, ular moliya bozorida mamlakatimiz fuqarolari va tashkilotlariga 150 turdan ortiq yо‘nalish bо‘yicha sug‘urta xizmati kо‘rsatmoqdalar. «Sug‘urta faoliyati tо‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi (2002 yil 5 aprel), Prezident farmoni bilan 2002 yil 1 fevralidan boshlab sug‘urta tashkilotlarining 3 yil muddatga daromad solig‘idan ozod qilinishi mamlakatimizda sug‘urta bozorini yanada erkinlashtirish va rivojlantirishga xizmat qilmoqda. 2006 yil 1 yanvardagi holatiga kо‘ra О‘zbekiston sug‘urta bozorida 25 ta sug‘urtalovchi kompaniya va 1 ta sug‘urta brokeri fao­liyat kо‘rsatadi.
Bozor iqtisodiyotiga о‘tish sharoitida ish bilan bandlik masalasi jiddiy muammoga aylanadi. Negaki, iqtisodiy tizim о‘zgarayotgan paytda malakasiz kishilargagina emas, ma’lum ixtisosga ega bо‘lgan xodimlarga ham talab cheklanadi, ishsizlar toifasi kengayadi. Bunday sharoitda ishsizlar sonining kо‘payishiga yо‘l qо‘ymaslik tadbirlari kо‘rildi. 1993 yildan О‘zbekistonda Mehnat birjalari paydo bо‘ldi. Respublika «Mehnat birjasi» va joylardagi 225 dan ortiq mehnat birjasini о‘z ichiga oluvchi katta tarmoq barpo etildi. Har bir tumanda mehnat birjasi tashkil etildi. Ishsizlarni rо‘yxatga olish, ularni kasbini о‘zgartirish mexanizmi yaratildi, ishsizlik bо‘yicha nafaqa tо‘lash yо‘lga qо‘yildi. Yangi ish о‘rinlarini tashkil etishga e’tibor berildi. 1993 yilda Respublikada tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 185,1 ming yangi ish о‘rinlari tashkil etilgan bо‘lsa, 1998 yilda bu kо‘rsatkich 345,9 mingni tashkil etdi yoki 1,8 marta kо‘p yangi ish о‘rinlari yaratildi. 2000 yilda faqat kichik va xususiy biznes rivoji hisobiga 192,5 ming yangi ish о‘rinlari yaratilgan bо‘lsa, bu kо‘rsatkich 2004 yilda 425 mingdan oshdi. 2003 yil 1 yanvarda iqtisodiyot sohasida band bо‘lganlarning 76,6 % nodavlat sektor hissasiga tо‘g‘ri keldi.
Iqtisodiy islohotlarning birinchi bosqichidayoq narxlar erkinlashtirildi. Bu jarayon ijtimoiy larzalarsiz о‘tdi. Negaki, davlat turli kompensatsiya jamg‘armalari tuzdi, bolalar uchun nafaqalar joriy etdi, eng kam ish haqi, pensiya, nafaqalar va stipendiyalar muntazam suratda oshirib borildi.
Narxni erkinlashtirish iqtisodiyotda raqobatchilik muhitini vujudga keltirish bilan bevosita bog‘liq. 1992 yil 8 avgustda О‘zbekiston Respublikasining «Monopol faoliyatni cheklash tо‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilindi. Bu qonun asosida raqobatchilikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator normativ hujjatlar ishlab chiqildi va amalga oshirildi. Moliya vazirligi tizimida tuzilgan antimonopol va narx – navo siyosatini о‘tkazish bosh boshqarmasi monopol mavqeidagi korxonalarni belgilab, ularning mahsulotlari bо‘yicha narxlarni va rentabellikni tartibga solib turibdi.
Iqtisodiy islohotlar borasida qо‘yilgan yana bir muhim qadam – 1994 yil 1 iyuldan milliy valyutamiz – sо‘mning muomalaga kiritilishi bо‘ldi. Bu tadbir katta siyosiy ahamiyatga, e’tiborga molikdir, chunki о‘z milliy valyutasiga ega bо‘lmagan davlat chinakam mustaqil bо‘la olmaydi. Respublika hukumati milliy valyuta qadrini mustahkamlash, uning erkin aylanishini ta’minlash choralarini amalga oshirib bordi. 2003 yil 15 oktabrdan boshlab sо‘m qisman konvertatsiyalanadigan valyuta maqomiga kо‘tarildi.
Muxtasar qilib aytganda, mustaqillik yillarida amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar natijasida bozor iqtisodiyoti asoslari shakllandi. Kо‘p ukladli iqtisodiyotni, mulkdorlar tabaqasini shakllantirishdan iborat strategik vazifa amalda rо‘yobga chiqdi. 2004 yil boshlarida respublikamizda mulkchilikning nodavlat sektori (xususiy mulk egalari, fermer, shirkat va dehqon xо‘jaliklari, aksiyadorlik jamiyatlari, qо‘shma korxonalar, kooperativlar, jamoa mulki, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, jamoat tashkilotlari)ning ulushi 90,2 %ga yetdi. Davlat tasarrufidagi korxonlar ulushi esa 9,2 %ga tushdi.
Bozor iqtisodiyoti, avvalo, turli xil mulk shakllariga, kо‘p ukladli iqtisodiyotga asoslanadi. Shu boisdan О‘zbekistonda mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, mulkdorlar tabaqasini shakllantirish iqtisodiy islohotlarda birinchi о‘rinda turdi.
О‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasida iqtisodiyot xilma – xil mulk shakllaridan iborat bо‘lishi, har bir shaxs mulkdor bо‘lishga haqli ekanligi, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligi, barcha mulk shakllarining teng huquqli ekanligi belgilab qо‘yilgan. Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat tomonidan himoya qilinadi.
О‘zbekistonda chek (vaucher) asosida xususiylashtirishga yо‘l qо‘yilmadi. Davlat mulkini sotish orqali xususiy­lashtirish yо‘li tutildi. Shu bilan birga xususiylashtirish chog‘ida imtiyozlar tizimi yaratildi. Xususiylashtirilayotgan korxona mehnat jamoasining xodimlariga aksiyalarni imtiyozli shartlar bilan sotib olish imkoniyati berildi. Eskirgan asosiy fondlar, ijtimoiy infratuzilma obyektlari yangi mulkdorga tekinga topshirildi. Qishloq xо‘jaligi davlat xо‘jaliklarining mol – mulki, fermalar, bog‘lar va uzumzorlar imtiyozli shartlar asosida xususiylashtirildi.
Xususiylashtirishga davlat boshchilik qildi. Bu jarayonni tashkil etish va rahbarlik qilish uchun 1992 yil 10 fevralda О‘zbekiston Respublikasi davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish qо‘mitasi (Davlat mulk qо‘mitasi) tuzildi, 1994 yilda uning funksiyalari kengaytirilib, Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qо‘llab – quvvatlash davlat qо‘mitasi sifatida qayta tashkil etildi.
Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan mulkni «Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiy­lashtirish tо‘g‘risida» gi va «Davlat uy – joy» fondini xususiy­lashtirish tо‘g‘risidagi (1993 yil 7 may) qonunlar va 20 dan ortiq maxsus davlat dasturlari asosida amalga oshirildi.
Xususiylashtirish savdo, xizmat kо‘rsatish va mahalliy sanoat korxonalarini, uy – joy fondini, qishloq xо‘jalik mahsulotlarini tayyorlovchi xо‘jaliklarni davlat tasarrufidan chiqarishdan boshlandi. Bu kichik xususiylashtirish deb nom oldi.
1993 – 1994 yillarda davlat ixtiyorida bо‘lgan bir milliondan ortiq kvartira yoki davlat uy – joy fondining 95 %dan ortiqrog‘i fuqarolarning xususiy mulki bо‘lib qoldi. Bunda har 3 kvartiraning bittasi egalariga imtiyozli shartlar bilan bepul berildi. Urush faxriylari, о‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, ilmiy xodimlar va ijodiy ziyolilarga kvartiralar bepul berildi. 2002 yilga qadar Respublika uy – joy fondining 98 %ga yaqini xususiylashtirildi.
1994 yil 21 yanvarda e’lon qilingan «Iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish chora – tadbirlari tо‘g‘risida»gi va 1994 yil 16 martda e’lon qilingan «Mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonini yanada rivojlantirishning ustuvor yо‘nalishlari tо‘g‘risida»gi Prezident farmonlari xususiylashtirish jarayonida yangi turtki bо‘ldi.
1992 – 1994 yillarda 54 mingga yaqin savdo, xizmat kо‘r­satish, avtomobil transporti, qurilish, qishloq xо‘jalik korxona va obyektlari davlat tasarrufidan chiqarildi. Shularning 18,4 ming­tasi xususiy mulkka, 26,1 mingtasi aksiyadorlik, 8,7 mingtasi jamoa, 661 tasi ijara korxonalariga aylandi. Qishloq xо‘jaligida bog‘larning yarmi, uzumzorlarning 40 % xususiy foydalanish uchun berildi. 14 mingdan ortiqroq fermer xо‘jaliklari tashkil topdi, ularga 193 ming gektar yer ajratib berildi. Xususiy tadbirkor subyektlarining soni 300 mingga yetdi, ularning 250 mingtasini patent asosida yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadigan kishilar tashkil etdi. 1994 yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotining deyarli yarmi iqtisodiyotning davlatga qarashli bо‘lmagan sektorida ishlab chiqildi, bu sektorda 4 millionga yaqin kishi ish bilan band bо‘ldi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik — jamiyatda ham iqtisodiy, ham siyosiy vaziyatni mо‘tadillashtirishga yordam beradigan о‘rta tadbirkorlar tabaqasini paydo bо‘lishi demakdir. Kichik biznes, tadbirkorlik bozorni zarur iste’mol tovarlari va xizmatlar bilan boyitishga hamda daromad va foyda olishga qaratilgan faoliyatdir. Bu – yangi ish о‘rinlarini yaratish, aholini ish bilan bandligini ta’minlash, aholi daromadlarining asosiy manbaidir.
Jahondagi rivojlangan mamlakatlarning tajribasidan kelib chiqqan holda О‘zbekistonda kichik biznesni, tadbirkorlikni rivojlantirishga iqtisodiy islohotlarning hal qiluvchi, strategik ahamiyatga ega bо‘lgan ustuvor yо‘nalishlaridan biri sifatida e’tibor berildi.
О‘zbekistonning har bir fuqarosi korxonalar va tashkilotlar tuzish, sotib olish, sotish, qayta qurish yо‘li bilan tadbirkorlik faoliyati yuritish huquqiga ega. Tadbirkor ish yuritish uchun boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning mulki, pul mablag‘larini ixtiyoriylik asosida jalb qilish, mustaqil ravishda ishchilar yollash va bо‘shatishga haqlidir, tadbirkorlik daromadlaridan soliq tо‘lab turadi.



Yüklə 0,69 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   57




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin