O‘zbekiston tarixi



Yüklə 1,22 Mb.
səhifə1/18
tarix19.09.2023
ölçüsü1,22 Mb.
#145327
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18
Ўзбекистон тарихи-2005 академия



O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI ICHKI ISHLAR VAZIRLIGI
A K A D E M I YA



O‘ZBEKISTON TARIXI
TOSHKENT
O‘ZBEKISTON TARIXI
Ma’ruzalar kursi
Toshkent 2005

63.3 (2O‘) O‘-33
O‘-33 O‘zbekiston tarixi: Ma’ruzalar kursi / Hasanov B. V. va boshq. - T.: O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, 2005. - 251 b.
Ushbu ma’ruzalar kursi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tavsiya qilgan O‘zbekiston tarixi namunaviy dasturi asosida tayyorlangan bo‘lib, unda tariximizni hozirgi kun nuqtai nazaridan o‘rganish, unga xolisona munosabatda bo‘lish prinsiplari bayon etilgan.
Mualliflar jamoasining ayrim olingan davr, voqelik, ya’ni tarixiy jarayonlarga oid yozilgan ma’ruzalari “O‘zbekiston tarixi” fanini o‘qitish, uni o‘zlashtirib olishda qo‘llaniladi.
Oliy o‘quv yurtlarining o‘qituvchilari, tinglovchilari hamda keng qiziquvchilar ommasiga mo‘ljallangan.
BBK 63.3 (2O‘)
Taqrizchilar: tarix fanlari doktori,
professor S. S. A’zamxo‘jayev;
tarix fanlari doktori R. M. Abdullayev
© O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, 2005

KIRISH
O‘zbekiston tarixida 1991 yil 31 avgustdan boshlab yangi, mustaqillik davri boshlandi. Xalqimiz o‘zi tanlagan yo‘lidan borib, huquqiy demokratik davlat qurish, mamlakatimizni rivojlangan buyuk davlatlar darajasiga ko‘tarishdek murakkab, oliy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish uchun sobitqadamlik bilan mehnat qilmoqda.
Mustaqillik ruhi mamlakatimiz miqyosida davlatchilik, iqtisodiyot, siyosat sohasida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar bilan bir qatorda ijtimoiy- siyosiy qarashlar, ma’naviyatni shakllantirish masalalariga yangicha yondashishni talab qilmoqda. Sanab o‘tilgan muammolarning yechimini topishda tarix fanining ahamiyati kattadir. Tarix faniga, xususan, O‘zbekiston tarixiga nisbatan turli yondashuvlar ko‘zga tashlanmoqda. Buning bir qancha sabablari bor. 74 yillik sobiq sovetlar davrida kommunistik mafkuraning tazyiqi ostida juda ko‘p tarixiy jarayonlar siyosiy maqsadda buzib ko‘rsatilgan yoki xaspo‘shlab o‘tilgan. Natijada haqiqatga putur yetgan. Bundan tashqari, unchalik uzoq davr bo‘lmasa ham mustaqillik yillarida nafaqat tarixchilar, balki faylasuf, siyosatchi, tilshunos, iqtisodchi olimlar, shuningdek, jurnalistlar, publitsistlar tomonidan juda katta ishlar olib borildi. Yangi tarixiy faktlar ochildi, arxiv hujjatlari matbuot yuzini ko‘rdi, ilmiy, obyektiv xulosalar shakllandi. Bularning barchasi Vatanimizning yangicha, haqiqiy tarixini yaratishga imkon tug‘dirdi.
Bay on qilingan vaziyatni hisobga olib, O‘zbekistonning tarixini yaratishga yangicha yondashuvga alohida ahamiyat berib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1996 yil 16 dekabrda O‘zbekiston tarixining yangicha talqinini tayyorlash va nashrdan chiqarish haqida maxsus qaror qabul qildi. Ushbu qarorda tarixiy jarayonlarni va shaxslarni talqin qilishning, baholashning metodologik yo‘nalishlari belgilab berildi.
Mazkur taqdim qilinayotgan ma’ruzalar to‘plamini yuqorida qo‘yilayotgan talablarni ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi bir tajriba deyish mumkin. Ma’ruzalar so‘nggi bir necha yillar davomida IIV Akademiyasida O‘zbekiston tarixi kafedrasi tomonidan tinglovchilarga ta’lim berish jarayonida sinovdan o‘tdi va muayyan mazmun va shaklga ega bo‘ldi.
Haqiqatan ham, O‘zbekiston tarixi fanini o‘qitishda unga xolisona yondashish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri, desak yanglishmaymiz. Tarixiy haqiqatni tinglovchilarga o‘z holicha yetkazish uchun esa biz, murabbiylardan, ozgina jonbozlik, fidoyilik talab etiladi.
Hukmingizga havola etilayotgan ma’ruzalar to‘plami V 380200 «Huquqni muhofaza qilish faoliyati» ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha «O‘zbekiston tarixi» fani namunaviy o‘quv dasturi asosida tayyorlandi. Bu Siz, aziz kitobxonlarga ona Vatanimiz tarixini o‘rganish yo‘lida hadya etilayotgan bir debocha, kichik bir tuhfadir. Albatta, ushbu ma’ruzalar mukammal, kamchiliklardan xoli deyishdan yiroqmiz, unga Siz, aziz o‘quvchilar, tegishli baho berasiz degan umiddamiz.
Ma’ruzalarni yozishda mualliflar B. V. Hasanov (2, 3, 16, 17-ma’ruza- lar), SH. Q. Alimov (6, 7, 14, 15-ma’ruzalar), E. Q. Arifdjanov (1, 8, 9, 10, 11, 12-ma’ruzalar, xulosa), B. A. Irmuhamedov (4, 5, 13-ma’ruzalar), qat- nashdilar. To‘plam haqidagi fikr va mulohazalaringizni bajonidil qabul qilamiz.

  1. ma’ruza

O‘ZBEKISTON TARIXI FANINING MAZMUNI, NAZARIY- METODOLOGIK ASOSLARI VA UNI O‘RGANISHNING
AHAMIYATI
1. O‘zbekiston tarixini o‘rganish - muhim siyosiy vazifa
O‘zbekiston hududida istiqomat qilayotgan xalqlarning tarixi qadim o‘tmishga borib taqaladi. Yashab turgan hududimiz tarixiy manbalari, arxeologik qazilmalari, xalq og‘zaki ijodi namunalari orqali umumjahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lganligini butun olam tan olmoqda. Bu qadimiy va tabarruk zaminda buyuk allomalar, fozilu fuzalolar, siyosatchilar, buyuk sarkardalar yashab o‘tganlar. Diniy va dunyoviy ilmlarning asoslari mana shu yerda yaratilgan, sayqal topgan. Milodgacha va undan keyin qurilgan murakkab suv inshootlari, osori atiqalar dehqonchilik, hunarmandchilik madaniyati, me’morchilik va shaharsozlik san’ati yuksak bo‘lganligidan dalolat beradi. Topilgan ko‘plab qadimgi toshyozuvlar, bitiklar, kutubxonalarda saqlanayotgan 20 mingdan ortiq qo‘lyozmalar, ijtimoiy hayotning turli sohalariga doir o‘n minglab qimmatbaho asarlar o‘lka xalqlari ma’naviyatining yuksakligini namoyon qilib turibdi.
Ota-bobolarimizning asrlar davomida to‘plagan hayotiy tajribalari, diniy, axloqiy, ilmiy qarashlarini sinchiklab o‘rganish, ulardan O‘zbekiston mustaqilligini mustahkamlash, mamlakatimizni buyuk davlatlar qatoriga ko‘tarishda, xalq farovonligini yuksaltirishda foydalanish muqaddas vazifadir. Chunki O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. A. Karimov ta’kidlaganidek, “...kim bo‘lishidan qat’i nazar, jamiyatning har bir a’zosi o‘z o‘tmishini yaxshi bilsa, bunday odamlarni yo‘ldan urish, har xil aqidalar ta’siriga olish mumkin emas. Tarix saboqlari insonni hushyorlikka o‘rgatadi, irodasini mustahkamlaydi”1. Demak, o‘zligini tanigan, tarixiy tajribadan chuqur saboq olgan fuqarolariga ega bo‘lgan davlatni tanlagan yo‘lidan qaytarib bo‘lmaydi. Bunday davlatda tinchlik, taraqqiyot, farovonlik barqaror bo‘ladi.
O‘zbekiston tarixining bog‘chadan boshlab barcha turdagi o‘quv yurtlarida o‘qitilishi yuqoridagi g‘oyadan kelib chiqadi. Fanni o‘qitilishining ahamiyati uning oldiga qo‘yilayotgan vazifalar va maqsadlardan kelib chiqishi tabiiydir. Bizningcha, O‘zbekiston tarixini o‘qitishdan ko‘zlangan maqsadni quyidagi uch jihat bilan izohlash mumkin:
Birinchidan, O‘zbekiston tarixini fan sifatida o‘qitish bilan ijtimoiy jarayonlarni chuqur tahlil qilishga, ularning rivojlanish qonuniyatlari, sabab va oqibatlarini aniqlash va tushuntirib berish orqali yoshlarning ilmiy dunyoqarashini shakllantirishga, intellektual qobiliyatini yuksaltirishga erishiladi. Tarixiy jarayonlar tasodifiy, o‘zaro bog‘lanmagan voqealar emas, balki muayyan qonuniyatga, mantiqqa ega bo‘lgan hodisalar ekanligini tushungan, ongli, bilimli odamni aldab bo‘lmaydi. U har bir narsani aql va mantiq tarozisiga solib ko‘radi va to‘g‘ri xulosalar chiqara oladi.

Yüklə 1,22 Mb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin