O`zbekiston respublikasi oliy va o`rta maxsus



Yüklə 2,58 Mb.
səhifə6/38
tarix16.09.2023
ölçüsü2,58 Mb.
#143990
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   38
Majmua Tarixshunoslik 2022

Tayanch iboralar:
Istoriografiya, tarixnavislik, aniq-tahliliy usul, mantiqiy usul, xronologik usul, davriylashtirish usuli.
Epos, Iliada, Odissеya, Alpomish, Goʻroʻgʻli, Gеrodot, umumjahon tarixi, pragmatik tarix, Fukidid, Polibiy, Tabiriy, Maqdisiy, ibn Xaldun, zardushtiylik, «Avеsto», Meri Boys.
Mavzuga oid savollar:

  1. Tarixshunoslik fani nimani oʻrganadi?

  2. Tarixshunoslik fanining tarix fani va boshka ijtimoiy fanlar doirasida tutgan oʻrni qanday ?

  3. Qanday tarixiy tadqiqot usullarini bilasiz?

  4. Tarixshunoslikning fan sifatida shakllanishi jarayonini aytib bеring.

  5. Tarixiy asarlarni qanday ilmiy tahlil qilinadi?

  6. Qanday qadimgi yodgorliklarni bilasiz?

  7. «Avеsto» qanday tarixiy-ma’rifiy ahamiyatga ega?

  8. Qadimgi yunon tarixshunosligi haqida nimalarni bilasiz?

  9. Musulmon tarixshunosligi nima?

  10. Xorijiy tarixshunoslikning Markaziy Osiyo tarixini oʻrganishdagi ahamiyati nimalardan iborat?

Mavzuga oid adabiyotlar:

  1. Saidqulov T.S. Oʻrta Osiyo xalqlari tarixining tarixshunosligidan lavhalar (1 qism) T. «Oʻqituvchi» 1993-y.

  2. Hamidov A.B.Arabskiе rukopisi i arabskaya rukopisnaya traditsiya. M.1985.

  3. Kamoliddinov Sh. Istorichеskaya gеografiya Yujnogo Sogda i Toharistana po araboyazichnim istochnikam IX nachalo-XIII vеk T.1996.



2-maruza: O‘zbekstonda qadimgi davr tarixining o‘rganilishi
Reja
1. Qadimgi Eron manbalari. “Avesto”.
2. Antik va Xitoy manbalari.
3. Ilk o’rta asr yozma manbalari.


Qadimgi Eron manbalari. «Avesto». O‘rta Osiyoda yashagan eng qadimgi xalqlar haqida ma’lumot beruvchi ilk yozma manbalar qatoriga qadimgi Eron epigrafik yodgorliklari kiradi. Epigrafik manbalar deganda toshga, qoyalarga sopol va yog‘ochga o‘yib yozilgan matnlar tushiniladi. Eng qadimgi ajdodlarimiz to‘g‘risida ma’lumot beruvchi dastlabki epigrafik yodgorlik Behiustun yozuvi hisoblanadi. Behiustun yozuvi SHimoliy Eronda, Kirmonshoh shahridan 30 km masofada, Zagros tog‘idagi tik qoyaga o‘yib yozilgan. Uning uzunligi 22 metr, balandligi esa 7,8 metrni tashkil etadi. Yozuv qadimgi fors, elam va bobil tillarida bitilgan. Behiustun yozuvi boshqa ma’lumotlar qatorida O‘rta Osiyo xalqlari tarixi, ularning ozodlik kurashi to‘g‘risida ma’lumotlar beradi. Yozuv Doro I hukmronligi davrida O‘rta Osiyo aholisi Ahamoniylar davlati tarkibiga kirganligi va ajnabiy bosqinchilarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarilganligi haqida axborot beradi. «Men Bobilda bo‘lganligimda, deyiladi Behiustun yozuvida Doro I nomidan, - mening davlatimdan Parfiya, Marg‘iyona, Skifiya mamlakatlari ajralib chiqdilar. Marg‘iyonada bu erlik Frada ismli kishi hukmdor deb e’lon qilindi. Men o‘zimning Baqtriyadagi satrapim fors Dadarshishga buyurdim: «Borgin va meni tan olmayotgan qo‘shinni tor-mor qilgin». Dadarshish qo‘shinlari bilan borib, marg‘iyonaliklar bilan jang qildi. Axuramazda meni qo‘lladi. Axuramazdaning irodasi bilan mening lashkarim isyonchilarni mag‘lub etdi. Bu jang Assidia oyining 23 kunida (ya’ni, miloddan avvalgi 521-yilning 10 dekabrida) sodir bo‘ldi. SHundan so‘ng bu mamlakat menga bo‘ysundi».
Marg‘iyonadagi qo‘zg‘olon shavqatsizlik bilan bostirildi. Behiustun yozuvida aytilishicha, 55 ming isyonchi qatl etildi. Bu raqam bir muncha oshirilgan bo‘lishi mumkin, lekin bundan qat’iy nazar bu fakt Marg‘iyonadagi qo‘zg‘olonning ko‘lami keng bo‘lganligidan dalolat beradi.
Behiustun yozuvida Doro I ning Orol bo‘ylarida yashagan saklar va massagetlar diyoriga qilgan yurishi haqida ham ma’lumotlar keltiriladi. Doro I maqtanib, saklarni tor-mor etilganligi va ularning boshlig‘i Skunxani asir etib, uning o‘rniga boshqa odamni ularga boshliq etib ta’minlanganligini ta’kidlaydi. Doro I saklarning mardonovar qarshiligi oqibatida ularning raxbarini almashtirib, o‘z yurtiga qaytib ketganligi ehtimolidan holi emas.
Epigrafik manbalarning yana bir guruhi – bu sopolga o‘yib yozilgan yozma yodgorliklardir. Qadimgi Eronning poytaxt shaharlaridan biri bo‘lgan Persopoldan topilgan sopoldagi yozuv o‘z mazmuni jihatidan Behiustun yozuviga yaqindir. Unda Doro I o‘zi bosib olgan mamlakatlarni sanab o‘tadi. Mazkur katibada Parfiya, Ariya, So‘g‘diyona, Xorazm va saklar mamlakati unga o‘lpon to‘laganligi qayd etiladi. Persopoldan topilgan boshqa bir yodgorlik miloddan oldingi 486-480-yillarga mansub bo‘lib, Doro I nomidan undan keyin hukmronlik qilgan Kserks buyrug‘i bilan bitilgan bu sopol yozuvda ham yuqorida sanab o‘tilgan O‘rta Osiyo viloyatlari Eronga bo‘ysunganligi qayd etiladi. Mazkur katibaning ahamiyati shundaki, Kserks davrida amalga oshirilgan diniy islohat unda o‘z aksini topgan. Kserks o‘ziga bo‘ysungan ayrim mamlakatlarda odamlar devlarga sig‘inganligini ta’kidlaydi. «Men, - deb yozadi u, - devlar makonlarini buzib tashladim va aytdim: «Devlarga sig‘inmanglar». SHundan so‘ng Eron davlatining barcha viloyatlarida Ahuramazdaga sig‘inish joriy etildi.
Doro I ning Suza shahri xarobalaridan topilgan yana bir mixxat yozuvi bu erda uning farmoni bilan bunyod etilgan sayro qurilish haqida ma’lumot beradi. Bu saroyni bezash uchun Baqtriyadan oltin, So‘g‘ddan tovlanib turadigan toshlar (samotsveto‘), qizil va qishg‘ish rangdagi toshlar, lazur, serdolik, Xorazmdan esa to‘q ko‘k tovlanuvchi toshlar, feruza (biryuza) olib keltirilganligi ta’kidlangan. Demak, o‘sha davrda O‘rta Osiyoda ko‘rsatib o‘tilgan qimmatbaho toshlar va oltin konlari mavjud ekan. Eronlik bosqinchilar esa bu konlardan foydalanganlar.
Diqqatga sazovar bo‘lgan yana bir epigrafik yodgorlik boshqa tarixiy davr, ya’ni Sosoniylar hukmronligi davriga oiddir. Shopur I ning buyrug‘i bilan «Zardusht ka’basi» deb atalgan joyda qoyaga o‘yib yozilgan bu yodgorlikda o‘sha paytda Eronga bo‘ysundirilgan mamlakatlar sanab o‘tiladi. Ular qatorida Kash (Kesh, Qashg‘ar), Turon, So‘g‘d kabi viloyatlar tilga olinadi. Shopur davlati chegaralari SHoshgacha cho‘zilganligi qayd etiladi. Demak, Shosh Sosoniylarga bo‘ysunmagan va o‘z mustaqilligini saqlab qolgan.
Shu tariqa, Eron epigrafik yodgorliklar Vatanimizning eng qadimgi tarixiga oid oz bo‘lsada, nihoyatda qimmatli ma’lumotlar beradi. Bu katibalarda Eron shoxlarining takabburligi sezilib tursada, lekin ularda keltirilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi va ishonarligi shubhasizdir.
Eng qadimgi tariximizga doir manbalardan yana bittasi zardushtiylik dinining muqaddas kitobi «Avesto»dir. Bu kitobda O‘rta Osiyoning qadimgi eroniyzabon xalqlarining turmushi, ijtimoiy tuzumi va ma’naviy dunyosi xaqida turfa ma’lumotlar olish mumkin.
«Avesto»ning vujudga kelish davri xaqida ilmiy adabiyotlarda turli nuqtai nazarlar bayon qilingan. Ko‘pchilik tadqiqotchilar bu kitob miloddan avvalgi VII asrdan milodiy III asrgacha bo‘lgan davr ichida tadrijan yaratilganligini ta’kidlaydilar. «Avesto»ning qaerda yaratilganligi xanuzgacha jahon eronshunoslari o‘rtasida tortishuvlarga asos bo‘lib kelmoqda. Uzoq vaqtlar bu dinning payg‘ambari Zardusht Ozarbayjonda yashagan Safid Tuman degan kishining farzandidir, deydi. Biroq, keyingi jiddiy tadqiqotlar bu hususda boshqacha hulosalar chiqarish imkoniyatini beradi. Zardusht yaratgan madhiyalarning mazmuni va tili hisobiga olinadigan bo‘lsa, bu asar O‘rta Osiyo hududlarida yaratilgan, degan fikr tug‘iladi. Bunga «Avesto»ning o‘zidan ham dalillar topish mumkin. Masalan, «Avesto»da Zardusht tug‘ilgan va o‘z faoliyatini boshlagan diyorning tasviri beriladi: «bu shunday diyorki, deyiladi «Avesto»da, u erda o‘tloqlar va suvga serob baland tog‘lar chorvachilik uchun zarur barcha narsani etkazib turadi. U erda chuqur ko‘llar bor, u erda kemalar qatnaydigan keng daryolar o‘z to‘lqinli suvlarini shiddat bilan Ishkat va Porut, Mour, Xareva, So‘g‘dning Gav viloyati va Kayrizem mamlakatiga eltadi». YUqorida keltirilgan parchani tahlil etib, «kemalar qatnaydigan daryolar» Amudaryo va Sirdaryo, Mour-Marv, Xareva-Ariya, ya’ni Xirot, Kayrizem - hozirgi Xorazm, deb tahmin qilish mumkin.
"Avesto" so‘zining etimologik mazmuni hususida ham turlicha nuqtai nazarlar mavjud. Ko‘pchilik olimlar bu so‘z qadimgi fors so‘zidan olingan bo‘lib, lug‘aviy ma’nosi «asos», «poydevor» ekanligini ta’kidlaydilar.
"Avesto" bilan bir qatorda "Zand-Avesto" kitobi ham mavjud. «Zand» tushunchasi «tafsir», «sharx» degan ma’noni bildiradi. SHunday qilib, «Zand-Avesto» – "Avesto" ning sharxi, unga yozilgan tafsirdir.
"Avesto" to‘liq saqlanmagan. "Avesto" ni Kayonin hukmdorlaridan Gishtasp (Vishtasp) zamonida kitob holatiga keltirilgan. Lekin keyingi jangu jadallar jarayonida uning nushalari yo‘q bo‘lib ketgan. Asarning saqlanib qolgan qismlarini kitob holiga keltirish Sosoniylar davrida davom ettiriladi. SHopur II davrida (IV asr) "Avesto" to‘la tartibga keltirildi. SHarx va izohlar bilan boyitildi («Zand-Avesto») va paxlaviy tiliga tarjima qilindi. Lekin arablar istilosi davrida "Avesto" va «Zand-Avesto»ning ko‘p qismlari yana yo‘qotildi. Hozirgi kunda "Avesto" bizga qisman etib kelgan, xolos.
"Avesto" asosan to‘rt qismdan iborat: YAsna, YAsht, Vispered va Vendidod. Bu muqaddas kitob O‘rta Osiyo xalqlarining ma’naviy dunyosi, ulardagi ijtimoiy munosabatlar, ho‘jalik xayoti, turmush tarzi to‘g‘risida qimmatli ma’ulmotlar beradi. "Avesto" jahondagi ko‘pgina tillarga, shu jumladan o‘zbek tiliga xam tarjima qilingan.

Yüklə 2,58 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   38




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin