O`quv muammoli vaziyat (o`quv keysi) tashkil etishning maqsadi guruh xonasida aniq muammoli vaziyatni mavjud imkoniyatlar va tavakallikni hisobga olgan holda muqobil yechimlarini muhokama qilish orqali qarorlar qabul qilish muhitini yaratishdan iboratdir.
Keys usulini samarali qo`llash o`quv guruhiga muammoli vaziyatni muhokama qilish imkoniyatini berish orqali talabalarning anglashini faollashtiradi, o`z bilimi va g`oyasini mujassamlashtirish, muhokama jarayoni va mazmunini kuzatish uchun sharoit yaratadi.
Ma’lumki, o`qitishning dastlabki bosqichlarida talabalar juda ham faol bo`lmasdan o`z fikrlarini ochiq bayon etishga qodir bo`lmaydi. Bunday to`siq talaba uchun qarashlari va fikrlarini guruh yoki o`qituvchi tomonidan tanqidga uchrashishi mumkinligidan xavfsiragan holda ma’lum qiyinchiliklar tug`diradi.
Ko`pincha shunday hollar bo`ladiki, o`qituvchi vaqtning tig`izligi tufayli talabalar bilan suhbat-muloqot yoki to`liq savol-javob o`tkaza olmaydi. Ana shunday hollarda zamonaviy pedagogik texnologiya usullaridan biri bo`lgan keys usulidan foydalanish mumkin.