Kirish 1
1.Korxonalarda mehnatga haq to’lashni tashkil etishning mohiyati 4
2.Mehnatga haq to’lashning tarif tizimi 7
3.Mehnatga haq to'lash shakllari va tizimlari. 15
4.Mehnatga haq to'lashning alohida muhim shartlari va korxonada ish haqini tartibga solish. 24
5.Bozor sharoitiga o’tish davrida ish haqining o’rni 31
Xulosa 38
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yhati 40
Kirish
O’zbekiston Respublikasining bozor iqtisodiyotiga o’tishi iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlashni taqozo etadi. Bu o’z navbatida mamlakatimizning boy tabiiy resurslaridan, mineral manbalaridan, fan-texnika va mehnat omillaridan samarali foydalanishni vazifa qilib qo’yadi.
Mehnat omillaridan oqilona va samarali foydalanish iqtisodiy taraqqiyotning
muhim sharti bo’lib, bu mehnatkashlar turmush darajasini oshirishda hal qiluvchi
omil hamdir.
O’zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o’tish sharoitida mehnat omillaridan samarali foydalanish muammolarini o’rganish, ularni hal etish yo’llarini hozirgi
zamon talabiga mos holda belgilash va takomillashtirish bugungi kunning dolzarb
vazifalaridandir. Bunda ishlab chiqarish unumdorligini oshirish bo’yicha muammolarni hal etish o’ta muhim bo’lib, u ishlab chiqaruvchi kuchlarni rivojlantirish va ishlab chiqarish munosabatlarini takomillashtirish bilan bog’liqdir.
Bu murakkab vazifani boshqaruvning ma’muriy buyruqbozlik uslubiga tayanadigan, sarf-xarajati katta xo’jalik mexanizmi doirasida hal etish mumkin emasligiga ko’p yillik amaliyot jarayonida ishonch hosil bo’ldi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mehnat
unumdorligini o’stirish juda muhim bo’lib, keyingi yillarda korxonalarda ma’lum bir darajada amaliy ishlar bajarilmoqda. Ko’pgina korxonalar chet el investitsiyasini kiritish yo’llarini qidirmoqdalar, yangi texnologiyalarni qo’llash asosida ishlab chiqarish samaradorligini oshirmoqdalar.
Lekin ko’p korxonalar, shu jumladan Respublikamizdagi yengil sanoatga qarashli korxonalar yangi texnologiyalarni, yangi texnikalarni chet eldan sotib olish imkoniyatiga ega emaslar, chunki keyingi yillardagi respublikalar orasidagi iqtisodiy shartnomalarning buzilishi, narx-navolarning keskin oshib ketishi, korxonalarning to’la quvvatda ishlamayotganligini korxonalarni iqtisodiy inqirozga olib keldi, ayrim korxonalar nochor ahvolga tushib qoldilar.
Shuning uchun korxonalar qo’shimcha mablag’ sarflamasdan, o’z imkoniyatlarini qidirib topishlari va ularni ishga solishlari kerak. Buning uchun korxonalarda bor bo’lgan ichki imkoniyatlarni qidirib topish va ularni ishlab chiqarishga joriy etish yo’llarini izlash kerak.
Iqtisodiy adabiyotlar va tavsiyanomalardan ma’lumki, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishning ikkita yo’li mavjud bo’lib, ulardan asosiysi mehnat
unumdorligini oshirish hisobiga ishlab chiqarilgan mahsulot sonini ko’paytirishdir.
Bunda mehnatni ilmiy tashkil etish - korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini yaxshilashda asosiy omillardan bo’lib, hozirda tadbirkorlar, olimlar va
mutaxassislarning diqqat e’tibori shunga qaratilgan bo’lishi maqsadga muvofiqdir.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlayotgan ko’plab xorijiy mamlakat korxonalarining ish tajribasini o’rganish shuni ko’rsatadiki, yirik-yirik firma va
kompaniyaning xo’jayinlari sarmoyalarini juda ham ehtiyotkorlik bilan sarflaydilar.
Mehnat unumdorligi ko’proq inson omilidan oqilona foydalanish asosida ko’paytiriladi. Shularni hisobga olgan holda bozor iqtisodiyotiga o’tish davridagi
qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun korxona rahbarlari katta kapital mablag’lar
sarflamasdan, mahsulot birligini ishlab chiqarish uchun sarflanadigan mehnatni
qisqartirish yo’llari asosida ko’plab sifatli, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishlari, foyda va daromadlarning miqdorini oshirishlari shart. Bu esa mehnat
jarayonini tashkil etish asosida amalga oshiriladi. Mehnat jarayonini oqilona tashkil etishdan maqsad ishchining qobiliyatidan to’la foydalangan va uni saqlagan holda ish vaqtini tejash, yuksak mehnat unumdorligini ta’minlashdan iboratdir.
Jamiyat taraqqiyotining hozirgi bosqichining o’ziga xos xususiyatlari qatoriga aholining, ayniqsa, yoshlarning ta’lim va madaniy darajasini oshirish, iqtisodiyotning miqdori va sifat jihatidan yaxshilash, O’zbekiston Respublikasini jahonning taraqqiy etgan davlatlari qatoriga chiqishini ta’minlashni kiritish mumkin. 1 Ma’lumotlar ham vaqt o’tishi bilan eskiradi, chunki dunyo doimo o’zgarishda bo’ladi: hayot ham, ishlab chiqarish sohasidagi hamda kishilarning o’zaro munosabatlari ham o’zgarib boradi. Bunday sharoitlarda korxonalarning yashovchanligi yoki aniqroq aytganda barqarorligi ko’p jihatdan iqtisodiy faoliyatning holatiga, ya’ni ishlab chiqarishni rejalashtirish va tashkil etish usullari, mehnatni tashkillashtirish va unga haq to’lash me’yorlariga rioya qilish, bozor talablariga o’z vaqtida javob berish, texnik va investitsion qaror qabul qilishda yanglishmaslik va hokazolarga bog’liq bo’ladi. Ishlab chiqarishda bu masalalarni hal etish nechog’lik to’g’ri va samarali amalga oshirilishiga korxona va uning har bir xodimi hamda butun davlatning ravnaqi va gullab-yashnashi ham bog’liq bo’ladi.
Mazkur kurs ishi kirish, 5 ta reja, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro’yhatidan iboratdir.1-reja korxonalarda mehnatga haq to’lashni tashkil etishning mohiyatiga, 2-reja mehnatga haq to’lashning tarif tizimiga, 3-reja mehnatga haq to’lash shakllari va tizimlariga, 4-reja mehnatga haq to’lashning alohida muhim shartlari va korxonada ish haqini tartibga solishga hamda oxirgi reja 5-reja esa bozor sharoitiga o’tish davrida ish haqining o’rniga bag’ishlangan bo’lib mavzu o’rganib chiqilgan. Korxonada mehnatga haq to’lashni tashkil etish va takomillashtirish bo’yicha xulosa va takliflar berilgan.