Namangan davlat universiteti pedagogika va psixologiya kafedrasi-hozir.org
Psixik jarayonlar va miya faolligi orasidagi o‘zaro munosabatlar Bosh miya xaritasini tuzib, nerv funksiyalarini aniqlashga ilk marotaba Tomas Uillis (1621-1675) qo‘l urgan. Nemis vrachi Frans Gall (1758-1828) miyaning frenologik xaritasini yaratib, unda «ruh layoqatlari» deb nomlanuvchi psixikaning xossalarini joylashtirgan.
Barcha sezgi organlari katta yarimsharlar po‘stlog‘ida o‘zlarining ta’sir doiralariga egadirlar. Masalan, inson miyasining ensa bo‘limida ko‘rish doirasi, chakka bo‘limida – eshitish, hid bilish doirasi esa miyaning bir necha bo‘limlari bo‘ylab tarqalgan. Miya po‘stlog‘ida, shuningdek, assotsiatsiya bilan bog‘liq maydonlar ham mavjud, ularda his-tuyg‘u organlarining birlamchi maydonlaridan keluvchi axborot tahlili va sintezi amalga oshiriladi. Oddiy harakat reaksiyalari orqa miya tomonidan boshqariladi, murakkabroq harakatlar (yurish, yugurish) esa miya va miyacha tomonidan muvofiqlashtiriladi.
XIX asrning o‘rtalaridayoq fransiyalik olim Pol Broka va nemis psixiatri Karl Vernike inson miyasining chap yarim sharida nutqqa tegishli bo‘lgan ikki sohani aniqladilar. Broka sohasining zararlanishida (pastki peshona burmasi orqa tomonining uchdan bir qismida) bemorning nutqi izdan chiqadi (talaffuzi), Vernike sohasi zararlanganida esa (tepa chakka burmasi orqa tomonining uchdan bir qismida), bemor gapira oladi, lekin nutqi mazmunsiz, ma’nosiz bo‘lib qoladi.
Neyropsixologiyaning hozirgi zamon qarashlari (A.R.Luriya)ga binoan inson miyasining tuzilishi uchta asosiy bo‘limdan iborat: 1 – bosh miya po‘stlog‘i yuqori qavatlarining faoliyatini saqlab turuvchi quvvat bo‘limi (miya stvolining yuqori bo‘limlarida joylashgan); 2 – axborotni qabul qilish, qayta ishlash va saqlash bo‘limi (ikkala yarimsharlarning tepa, ensa va chakka bo‘limlarini o‘z ichiga oladi); 3 – faoliyatni oldindan belgilash, boshqarish va nazorat qilishni ta’minlovchi bo‘lim (po‘stloqning peshona bo‘limlari).
Birinchi bo‘lim funksiyalarining zararlanishida diqqat barqarorligi yo‘qolib, loqaydlik, uyquchilik paydo bo‘ladi. Ikkinchi bo‘lim faoliyatining buzilishi (teri va propriotseptiv) sezgirlikning yo‘qolishiga sabab bo‘ladi, harakatlarning aniqligi buziladi va h. Uchinchi bo‘limning zararlanishi xulq-atvor nuqsonlariga, harakatlar sohasidagi o‘zgarishlarga olib keladi.
Bosh miyasining tuzilishiga tegishli ko‘plab farazlar, konsepsiyalar va tajriba ma’lumotlari mavjud. Akademik P.K.Anoxinning taxminlariga ko‘ra, peshona po‘stlog‘ining faoliyati miyaning alohida funksiyalari – xotira, idrok, motivatsiyalar, hissiyotlar bilan bog‘liq bo‘lmasdan, ularning birlashishini, hamkorligini amalga oshiradi, xolos.
Amerikalik neyropsixolog K.Pribram fikricha, peshona po‘stlog‘i motivatsiyalar (ochlik, tashnalik, jinsiy ehtiyoj)ni tashqi ta’sirotlar bilan taqqoslaydiva bu taqqoslash asosida niyatlar yoki istalgan oqibatlarni hisobga olgan holda harakatlar dasturini tuzib chiqadi.
Polshalik tadqiqotchi YU.Konorskiy frontal bo‘limdagi po‘stloqning turli sohalari turlicha funksiyalarni, jumladan, fazoviy yoki qisqa muddatli xotira, tirik mavjudot yoki jonsiz jismning izidan borish kabi funksiyalarni bajarishiga amin bo‘lgan edi. Hozirda miya termografiyasi bo‘yicha o‘tkazilgan oxirgi tadqiqotlarga asoslangan holda ishonch bilan peshona po‘stlog‘ida inson tashqi muhitning taxminiy obrazi bilan real vaziyatni taqqoslash sodir bo‘ladideb e’tirof etish mumkin. Agar miyaning bu bo‘limi zarar ko‘rgan (o‘sma, jarohat, yallig‘lanish) bo‘lsa, tashqi muhitni real holda idrok etish va o‘zini baholash izdan chiqadi.
Ma’lumki, chap yarimsharfunksiyasini verbal-belgili axborot bilan ishlash: o‘qish, hisoblash tashkil etadi. O‘ng yarimsharfunksiyasi esa – obrazlar bilan ish ko‘rish, fazoda harakatni aniqlash va shu kabilar hisoblanadi. Chap yarimshari «mantiq»ni, o‘ngi – «ijodiy jarayon»ni nazorat qiladi; chap yarimshari tananing o‘ng tomonini, o‘ngi – chap tomonini boshqaradi. Miya yarimsharlarining funksiyalarini ko‘rgazmali tarzda quyidagicha tasvirlash mumkin
Shu bilan birga, insonmiyasidaemotsional markazlar ham aniqlangan. Miyaning ayrim nuqtalari qo‘zg‘atilganda sinaluvchilarda juda yoqimli hislar, boshqalari qo‘zg‘atilganda esa cho‘chish, xavotir vahattodahshat hislari yuzaga kelgan. Garchi sinaluvchilar bu hissiyotlar tadqiqotchi tomonidan sun’iy ravishda chaqirilganini tushunib turgan bo‘lsalar ham, ularga bu hissiyotlar real voqelik bo‘lib tuyuladi.
Miya inson organizmidagi barcha hujayralarining to‘rtdan uch qismini tashkil etadi. U organlarga etkaziluvchi axborotlar o‘tadigan neyronlarning to‘plamlaridan iborat.
Voyaga etgan odam bosh miyasining miya og‘irligi 1100 dan 2000 grammgacha bo‘ladi. 20 yoshdan boshlab 60 yoshgacha bo‘lgan vaqt orlig‘ida har bir individ uchun bosh miyaning og‘irligi va hajmi o‘z doimiyligini yo‘qotmaydi. Ammo aqliy qobliyat bosh miyaning kattaligi bilan aniqlanmaydi. Miya o‘lchamlari va tananing umumiy og‘irligi o‘rtasidagi nisbat muhim ahamiyatga egadir: kashalotning bosh miyasi 9 kg og‘irlikka ega, lekin bu tana og‘irligining atigi 0,02 foizini tashkil etadi; fil miyasi 5 kg og‘irlikka ega, lekin bu og‘irlik umumiy massasining 0,1 foizini tashkil etadi, shuning uchun filda misli ko‘rilmagan qobiliyatlar ko‘zga tashlanmaydi; inson miyasining og‘irligi tanaumumiy massasining 2 foizini tashkil etadi.
Miya 15 yoshgacha o‘sadi va 15 yoshdan 25 yoshgacha esa jadal faoliyat yuritadi. 45 yoshdan keyin uning ish qobiliyati neyronlarning nobud bo‘lishi hisobiga pasayadi. Agar 20 yoshda neyronlarning nobud bo‘lish tezligi sutkasiga 10000 hujayrani tashkil etsa, 40 yoshda – bu ko‘rsatkich 50000 hujayraga, 90 yoshda esa – 100 ming hujayraga etadi. Shunga ko‘ra, qarilik davrida bosh miya og‘irligi kamayadi (90 yoshlarda 1,1 kilogramgacha).
Bosh miya po‘stlog‘i hududining yirik bo‘linmalari – qadimgi (paleokorteks), eski (arxikorteks), yangi (neokorteks) va oraliq po‘stloqdan iborat. Inson miyasidagi yangi po‘stloqning yuzasi 95,6 foizni, eski – 2,2 foizni, qadimgi – 0,6 foizni va oraliq – 1,6 foizni tashkil etadi. Miya po‘stlog‘i – uzoq davom etgan evolyusion rivojlanishning mahsulidir. Bu jarayonda baliqlarhid bilish analizatorining rivojlanishi munosabati bilan birlamchi qadimgi po‘stloq yuzaga keladi. Hayvonlarning quruqlikka chiqishi bilan eski va yangi po‘stloq qismlari jadal rivojlana boshlaydi. Evolyusiya jarayonida yangi po‘stloqning assotsiativ doiralari boshqalarga nisbatan ko‘proq o‘zgarishlarga uchrab, kattalashadi, birlamchi, sensor maydonlar esa nisbiy kattaligi jihatdan kichrayadi.
Berklidagi Kaliforniya universiteti gistologi Merian Daymondning tadqiqotlariga ko‘ra, mashhur fizik olim Albert Eynshteynning miyasi asab hujayralarining soni va o‘lchamlari bo‘yicha oddiy odamning miyasidan farq qilmaydi. Lekin ong faoliyatining yuqori shakllarini boshqaruvchi po‘stloqning assotsiativ sohasida nerv to‘qimasining yordamchi elementlari –neyrogliya hujayralarining juda ko‘p miqdori aniqlandi.
Yangi po‘stloqning o‘sishi eski va qadimgi qismlarimiyaning pastki va o‘rta yuzalariga surilib borishiga sabab bo‘ladi. Odam bosh miyasi yarimsharlarining po‘stlog‘i doiralarga bo‘linadi. Hissiy va harakatlantiruvchi doiralar mavjud. Hissiy doira ko‘rish, eshitish, ta’m va hid bilish, shuningdek, teri-mushak doiralariga bo‘linadi. His-tuyg‘u organlari, teri, ichki organlardan chiqqan impulslar hissiy doiralarga o‘tkaziladi. Hissiy doiralar neyronlarining ta’sirlanishidan sezgilar paydo bo‘ladi.
Rochester Universiteti tibbiy maktabining vrachlari bosh miyaning hazil-mutoyiba hissiyotini, bundan tashqari, ijtimoiy va hissiy baholash, rejalashtirish funksiyasini boshqaruvchi qismini aniqlashga muvaffaq bo‘ldilar. U peshona qismining pastki bo‘limlarida joylashgan.
YAqinda amerikalik tadqiqotchilar miyada kechadigan jarayonlarning inson idroki darajasiga ta’sirini ochib berishga erishdilar. Olimlarda oddiy bolalar va IQ darajasi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan bolalarning miya tuzilishidagi tafovut qiziqish uyg‘otdi. Miya salomatligi Milliy instituti (Merilend) ilmiy xodimi Filipp Shau va hamkasblari 307 ta bolaning miya rivojlanishini kuzatdilar. Maxsus testlar yordamida ularning intellekt koeffitsientini aniqladilar va natijalar bo‘yicha uch guruhga ajratdilar. Bir necha yillar mobaynida, 6 yoshdan 19 yoshgacha muntazam ravishda bosh miyaning yadroviy-magnit-rezonans tomografiyasini o‘tkazib bordilar. YAMR-tomografiyasi – bu ichki organlarni tekshirishning maxsus metodi bo‘lib, har xil turdagi hujayra va to‘qimalardagi molekulalar magnit xossalari tafovutlarining kompyuter tahliliga asoslangan, buning uchun hujayra va to‘qimalar kuchli magnit maydoniga joylashtiriladi.
Natijalarni ishlab chiqib, tadqiqotchilar, turli guruhlardagi bolalar miyalarining xususiyatlari bir-biridan farq qilishini aniqladilar. Xotira kabi yuqori darajadagi funksiyalarni nazorat qiluvchi miya ustki qavatining qalinligi «aqlli» bolalarda qolganlariga qaraganda ancha kechroq kamaya boshlar ekan. Miya po‘stlog‘i o‘rtacha 9 yoshdan boshlab, intellekt darajasi yuqori bo‘lgan bolalarda esa 11 yoshda «sayozlasha» boshlaydi. Eng katta tafovut miya po‘stlog‘ining rejalar tuzish va mulohaza yuritishga mas’ul peshona oldi qismlarida kuzatiladi. Lekin vaqt o‘tishi bilan bu tafovut yo‘qolib, 19 yoshlarga etganda barcha odamlarning miya po‘stlog‘i bir xil qalinlikda bo‘ladi.
Miya faoliyatini tushunib etishning mohiyati neyronlar o‘rtasidagi ko‘p sonli aloqaning mavjudligidir. Miya, yangi sifat – odam psixikasining paydo bo‘lishiga xizmat qiluvchi neyronlar o‘rtasidagi juda ko‘p miqdordagi bir soniyali o‘zaro ta’sirlar mavjud bo‘lgan tizimdir.
Miyaga qon juda ko‘p miqdorda etkazib beriladi. Miyadagi qon aylanishining buzilishi natijasida keksa odamlarda aqliy zaiflik rivojlanib, asab tizimining faoliyati sustlashadi.