Namangan davlat universiteti pedagogika va psixologiya kafedrasi-hozir.org
Evolyusion nazariyaning asosiy shartlari, tabiiy tanlanish natijalari O‘zgaruvchanlik tur ichidagi individlarning o‘zaro tafovut qilishidir. Bir turning individlari o‘rtasida kuzatiladigan tafovutlar organizmdagi irsiy xossalarning o‘zgarishiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. O‘zgaruvchanlik organizmning tashqi sharoit bilan o‘zaro munosabatini aks ettiradi. Genetik nuqtai nazardan qaraganda, o‘zgaruvchanlik organizmning individual rivojlanishi jarayonida genotipning tashqi sharoit bilan o‘zaro reaksiyasi natijasidir.
Organizmlarning o‘zgaruvchanligi organik olam rivojlanishining asosiy omillaridan biri bo‘lib, sun’iy tanlash bilan tabiiy tanlanish uchun asosiy manbadir.
O‘zgaruvchanlik xillari. Biologiyada irsiy va noirsiy o‘zgaruvchanlik xillari ma’lum. Noirsiy o‘zgaruvchanlik organizm belgilarining o‘zgarishi bo‘lib, bu o‘zgarish jinsiy ko‘payishda nasldan-naslga o‘tmaydi. Bunday o‘zgaruvchanlikni Darvin aniqo‘zgaruvchanlik deb atagan edi. Hozir u genetikada modifikatsion yoki fenotopik o‘zgaruvchanlik deyiladi.
Irsiy o‘zgaruvchanlik genotip bilan bog‘liq bo‘lganligidan organizmning o‘zgargan belgi-xususiyatlari nasldan-naslga o‘tadi.
Genlarning kombinatsiyasi va rekombinatsiyasidan vujudga keladigan o‘zgaruvchanlik kombinatsion o‘zgaruvchanlik deyiladi. Genlar kombinatsiyasi va ularning o‘zaro ta’siri irsiy o‘zgaruvchanlikni vujudga keltiradi. Genlar kombinatsiyasi ikki jarayon:
1) meyozda xromosomalarning mustaqil tarqalishi va urug‘lanishda ularning tasodifan qo‘shilishi;
2) xromosomalarning chalkashuvi va genlar rekombinatsiyasi asosida amalga oshadi. Kombinatsion o‘zgaruvchanlikda genlar o‘zgarmaydi, balki genotipda ularning qo‘shilish va o‘zaro ta’sir mexanizmigina o‘zgaradi.
Irsiy o‘zgaruvchanlikning ikkinchi xili mutatsion o‘zgaruvchanlik bo‘lib, bunda organizmlarning genotipi o‘zgaradi. Demak, irsiy o‘zgaruvchanlik organizm genotipining, noirsiy o‘zgaruvchanlik organizm fenotipining o‘zgarishidir. Ushbu bobda modifikatsion va mutatsion o‘zgaruvchanlik bilan tanishamiz.