www.ziyouz.com кутубхонаси
205
58. U holda, bizlar ham senga xuddi o'shanday sehr keltirurmiz. Bas, sen o'zing bilan bizlarning o'rtamizda bir joy tanlaginki, u sen ham, bizlar ham qarshilik qilmaydigan o'rta bir joy bo'lsin". 59. (Muso) aytdi: "Va'da ziynat (bayram) kunidir. Odamlar choshgohda to'planurlar". 60. Bas, Fir'avn borib, o'zining makrini (sehrgarlarini) yig'di. So'ngra (va'da qilingan joyga) keldi. 61. Muso ularga (sehrgarlarga) dedi: "Hollaringga voy! Sizlar Alloh sha'niga yolg'on to'qimanglar (mo''jizani sehr demanglar), u holda (Alloh) sizlarni azob bilan halok qilur! Yolg'on to'qiganlar noumid bo'lishlari aniqdir".
62. Bas, ular (qiladigan) ishlarini talashib-tortishib, asta shivirlasha boshladilar. 63. (So'ng bir-birlariga) aytdilar: "Albatta, bu ikkovi (Muso va Horun) o'z sehrlari bilan sizlarni yeringizdan chiqarmoqni va yuksak yo'lingizni (diningizni) yo'qotishni istaydigan sehrgarlardir. 64. Bas, makr-hiylangizni yig'ingiz, so'ng saf tortib kelingiz. Bugun ustun bo'lganlar iqbolli bo'lurlar". 65. (Maslahatlari bitgach,) dedilar: "Ey, Muso, sen (qo'lingdagi asoyingni) tashlaysanmi yoki bizlar birinchi tashlovchi bo'laylikmi?" 66. (Muso) aytdi: "Yo'q, sizlar tashlanglar" (ular qo'llaridagi aso va iplarni tashlagan edilar) banogoh iplari va asolari - sehrlari sababli - unga (Musoga) yurib ketayotgandek tuyuldi. 67. Bas, Muso ichida bir qo'rquvni his etdi. 68. Biz aytdik: "Qo'rqmagin! Albatta, sen o'zing oliy (g'olib)dirsan. 69. Qo'lingdagi narsani (asoyingni) tashlagin, ular yasagan narsalarni yutib yuborur. Ularning yasagani faqat bir sehrgarning makridir. Sehrgar esa, qayerda bo'lmasin zafar topmas".