Janubi-sharqiy Osiyoning yangi industrial mamlakatlarida eksportga yo‘naltirilgan strategiyaga o‘tish XX asrning 60-70-yillarida boshlandi.
Iqtisodiyotni modernizatsiyalashning dastlabki bosqichida import o‘rnini qoplash siyosati muhim rol o‘ynadi:
arzon mahalliy tovarlar ichki bozorni tezda to‘ldirdi;
eksportdan tushgan xorijiy valyuta tushumi iste’molga moijallangan tovarlarni import qilishga emas, balki zamonaviy texnologiyalar, asbob-uskunalar sotib olishga sarflandi. Bu, o‘z navbatida, sanoatlashtirish jarayonini jadallashtirdi.
Ushbu mamlakatlarda davlat sanoatlashtirish strategiyasini aniqlash, milliy iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini tanlash, eksportni rag‘batlantirish usullari va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xorijiy raqobatdan himoya qilishni belgilab berdi.
Yuqoridagi sabablarga ko‘ra Janubi-sharqiy Osiyo yangi industrial mamlakatlarining iqtisodiy rivojlanish modeli qator kamchiliklarga ega bo‘ldi:
davlat va biznesning hamkorligi aksariyat mamlakatlarda davlat bilan iqtisodiyotning birlashib ketishiga olib keldi. Bu jarayon markazlashgan holda tartibga solish (Malayziya), davlat tomonidan yirik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash (Janubiy Koreya), yarim davlat kompaniyalari tizimini yaratish (Indoneziya) kabi shakllarda amalga oshirildi. Korrupsiya ko‘pchilik mamlakatlarda jiddiy iqtisodiy muammoga aylandi;
iqtisodiy o‘sish sur’atlariga mutanosib ravishda ish haqi va aholi daromadlarining o‘sishi sodir bo‘lmadi. 1980-yillarda Tailand, Malayziya va Indoneziyada aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM ko‘rsatkichi yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlariga qaramasdan «katta yettilik» mamlakatlari ko‘rsatkichlariga nisbatan mutanosib ravishda 7,2 va 34 %ga qisqardi. Bu yangi industrial mamlakatlarning o‘z ichki bozorlariga tayanish imkonini bermadi va eksportga yo‘naltirilganlikning mezoniy darajasini saqlab qolishga majbur qildi;
Janubi-sharqiy Osiyoning yangi industrial mamlakatlarida aholining savodxonlik darajasi rivojlangan mamlakatlarga nisbatan pastligicha qolmoqda. Janubiy Koreyada yoshlarning hammasini maktablarga borgani holda Tailandda yoshlarning 40 %, Indoneziyada 45 % maktabga borish imkoniyatiga ega. Agar AQSh da kollej bitiruvchilarining 65 % oliy o‘quv yurtlariga kirsa, Malayziyada ushbu ko‘rsatkich 12 %ni tashkil etadi;
ushbu mamlakatlarda fond bozorlarining kapitallashish darajasi juda yuqori. Misol uchun, 1990-yillarda rivojlangan mamlakatlarda fond bozorlarining kapitallashish darajasi 100 %ni tashkil etgani holda, ushbu ko‘rsatkich Singapur, Malayziya, Gonkongda mos ravishda 259, 452 va 631 %ga teng bo‘lgan.