Mavzu: O’zbekistonda pillachilikni rivojlantirish masalalari



Yüklə 23,73 Kb.
tarix28.04.2023
ölçüsü23,73 Kb.
#104343
Mavzu O’zbekistonda pillachilikni rivojlantirish masalalari


Fan:Tarmoq iqtisodiyoti
Mavzu:O’zbekistonda pillachilikni rivojlantirish masalalari.
Reja:

  1. Pillachilik tarmog’i

  2. Mamlakatimizda pillachilik sohasi faoliyati.

  3. O’zbekistonda pillachilikni rivoji.

1. Pillachilik — ipak qurti boqish, pilla yetishtirish majmui; qishloq xoʻjaligining ipakchilik sanoati uchun xom ashyo yetkazib beradigan asosiy tarmoqlaridan biri.


Pillachilik tarmoq sifatida Pillaning ozuqa manbai boʻlgan tutzorlar barpo qilish; tutning yangi navlarini yaratish; ipak qurtining zotlari va durapillalarni yaratish; naslchilik ishlari, ipak qurti boqib, uning tuxumini yetishtirish; ipakchilik sanoati uchun tirik pilla tayyorlash; pillani quritib, quruq pilla standarti talablariga moye keltirib korxonalarga topshirish; pillani dastlabki qayta ishlash va boshqalarni o'z ichiga qamrab oladi.
Oʻzbekistonda tut ipak qurti urugʻini tayyorlash, qurtini boqish, pillani dastlabki ishlash (dimlash va quritish), yangi qurt zotlari va duragaylarini yaratishni va tutchilikni oʻz ichiga olgan mukammal majmua yaratilgan. Tut ipak qurti respublikaning barcha viloyatlarida yetishtiriladi. Respublika xududida tut ipak qurti juda qadimdan boqiladi. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, ipak qurti boqish milodiy 4-asrda Xitoydan Oʻrta Osiyoga tarqalgan. 1913-yilda Oʻzbekistonda 4 ming tonnaga yaqin pilla yetishtirilgan boʻlsa, uning 90% Fargʻona vodiysiga toʻgʻri kelgan. 1922-yilda Toshkentda "Turkipak" aksiyadorlik jamiyatining tashkil etilishi pillachilikni rivojlantirishda muhim bosqich boʻldi. 1927-yil Toshkent ipakchilik styasi negizida Oʻrta Osiyo ipakchilik i.t. instituti (1991 yildan Oʻzbekiston ipakchilik instituti) tashkil etildi. 1930-yillarda tut koʻchati yetishtirishga aloxida eʼtibor berila boshlandi.
1940—90-yillarda Pillachilikda yuqori oʻsish surʼatlariga erishildi, pilla yetishtirish deyarli 3 baravarga koʻpaydi. 1991-yilda respublikada 33,8 ming tonna pilla tayyorlandi. 1993-yildan pilla yetishtirish davlat buyurtmasidan chiqarilib, uni harid qilish erkin kelishilgan narxlar asosida olib boriladi. Respublikada Pillachilik tarmogʻida 13 hududiy (viloyat) "Pilla" aksiyadorlik birlashmasi, 122 tuman "Pilla" aksiyadorlik jamiyatlari, tut urugʻi, niholi, koʻchatlari yetishtirishga ixtisoslashgan 10 shirkat xoʻjaligi, 3 ta naslli urugʻchilik zavodi (Andijon, Samarqand, Fargʻona), 13 pillachilik - tuxumchilik zavodi (Andijon, Asaka, Buxoro, Shahrisabz, Navoiy, Namangan, Samarqand, Toshkent, Kattaqoʻrgʻon, Fargʻona, Qoʻqon, Urganch, Xoʻjaobod), 8 pillakashlik korxonalari (Toshkent "Tola", "Margʻilon ipagi", Fargʻona "Buyuk ipak yoʻli", Samarqand "Hujum", "Buxoro ipagi", "Namangan ipagi", "Bulokboshi ipagi", "Xorazm ipagi") aksiyadorlik jamiyatlari faoliyat koʻrsatadi. 2002-yilda Respublika Pillachilikda 21500 tonna tirik pilla, 8290,2 tonna quruq pilla tayyorlandi, 1003,2 tonna xom ipak, 130 tonna yigirilgan ipak ipi ishlab chiqarildi, 415 ming quti ipak qurti tuxumi tayyorlandi, 1,5 million dona tut koʻchati yetishtirildi. Tarmoqda 19 mingga yaqin xodimlar band.
Tutchilik, zotli tuxumchilik muammolari va Pillachilik sohasi uchun kadrlar tayyorlash bilan Toshkent agrar universiteti ipakchilik kafedrasi va Oʻzbekiston ipakchilik instituti shugʻullanadi.
Jahonda pilla yetishtirish va xom ipak ishlab chiqarish boʻyicha Oʻzbekiston Xitoy, Yaponiya va Hindistondan keyin 4-oʻrinni egallaydi. Hozirgi kunda yetishtirilayotgan pilla respublikaning hamma pillakashlik korxonalarini toʻliq taʼminlash bilan birga uni chet elga sotish imkonini ham beradi.
Pillachilik Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Koreya, Braziliya, Tayvan, Pokiston, Suriya, Turkiya, Ispaniya, Misr va boshqa mamlakatlarda rivojlangan. Tabiiy ipak jahonda ishlab chiqariladigan toʻqimachilik tolalarining faqatgina 0,5% ni tashkil etadi, lekin ipak va ipak gazlamalarning texnika va maishiy turmushda keng qoʻllanilishi tufayli jahon bozorida tabiiy ipakka boʻlgan talab juda yuqori
2. Mamlakatimizda pillachilikni rivojlantirishga qaratilgan e'tibor, yaratilgan qator imtiyoz va imkoniyatlar o'z-o'zidan mazkur yo'nalishda faoliyatini olib borish istagidagi korxonalar sonining ortishiga zamin yaratdi. 2017 yilning sentyabr` oyida O'zbekiston dunyo mamlakatlari orasida yigirmanchi davlat sifatida Xalqaro ipakchilik Kengashiga (ISC) a'zo bo'lgach, “O'zbekipaksanoat” uyushmasi qoshida 13 ta hududiy, 144 ta tuman “Agropilla” MCHJlar faoliyati yo'lga qo'yildi. Ayni paytda tizimda 11 ta ipak qurti urug'i tayyorlovchi, 71 ta klaster usulida pillani etishtirish va qayta ishlash asnosida ipak mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud. Jami 761 ming nafar, shundan, 24 ming 440 nafari doimiy va 736 ming 567 nafari mavsumiy ish o'rinlari yaratilgan.
Oxirgi ikki yilda yangi loyihalarning amalga oshirilishi, sohada ilmiy-tadqiqot ishlarining rivojlantirilishi natijasida 10 ta ipak mato, ipak gilam va tayyor ipakli mahsulotlar, 3 ta ipak va jun aralashmalaridan qo'lda gilam to'quvchi yirik korxona hamda 1 ta ipak qurti g'umbagidan oqsil ishlab chiqaruvchi quvvat ishga tushirildi. Ipak qurti g'umbagidan yog' ishlab chiqarish, uning asosida esa qimmatbaho dorivor va farmakologik vositalar, kosmetologiya yo'nalishidagi mahsulotlar, pilla sovuni, shuningdek, tut bargidan choy ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi.
“Inter Silk Pro” MCHJda esa hozirgi kunda ipak qurti g'umbagidan xitin va xitozan oqsillari ham tayyorlanyapti. Bu O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti bilan birgalikda yo'lga qo'yilgan mazkur loyiha o'zini oqlayotganini ko'rsatadi. 2020 yil I-II mavsumlarda 20 610,9 tonna (101,47 foiz), takroriy III-IV masumlarda 872,8 tonna (100,55 foiz) pilla xomashyosi etishtirilishida mazkur korxonaning hissasi katta.
Shuningdek, joriy yilda ipak qurtining mahalliy zot va duragaylarini ko'paytirish maqsadida Samarqand va Farg'ona viloyatlarida superelita va elita urug'larini tayyorlaydigan 2 ta naslchilik korxonasi ishga tushdi. Ular tomonidan shu yilning o'zida 2 447 ta dastlabki tuxum quymalari, 721 quti superelita va 1 800 quti elita urug'lari tayyorlandi.
Uyushma tarkibidagi qayta ishlash korxonalarini pilla xomashyosi bilan muntazam ta'minlash natijasida ularning mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 2017 yildagi 54 foizlik daraja bugunga kelib 94 foizga etdi. Sohaning eksport hajmi esa 2020 yil yakunida 2017 yilga nisbatan qariyib 4 barobarga oshishi kutilmoqda. Kelgusida pillani qayta ishlash korxonalari negizida chuqur qayta ishlash va boshqa yo'nalishlar bo'yicha bir qator loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Sohani rivojlantirishda shubhasiz, xalqaro sherikchilik aloqalarni mustahkamlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. O'tgan davr mobaynida pillachilik tarmog'iga jami 175,4 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilishi natijasida 40 ta pillani qayta ishlash korxonasi modernizatsiya qilinib, 2019-2020 yillarda 14 ta yangi pilla qayta ishlash, 4 ta ipak qurti urug'i, 1 ta tut bargidan choy ishlab chiqarish korxonalari barpo etildi.
2020 yilda sohaga jami 15,6 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan bo'lib, shundan 6,34 million dollari korxonalarning o'z mablag'i, 6,04 million dollari tijorat bank kreditlari hamda 3,23 million dollari to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni tashkil etadi.
Bundan tashqari, ipakchilikni rivojlantirish bo'yicha bir qancha xalqaro hamkorlik kelishulariga ham erishilgan. 2018 yilning 4—13 iyul` kunlari “O'zbekipaksanoat” uyushmasi delegatsiyasi Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Vengriya, Avstriya, Italiya, Bel`giya va Turkiya davlatlarida bo'lib, xalqaro tashkilotlar, ipakchilik sohasida faoliyat yuritayotgan hamda texnologik asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchi etakchi kompaniyalar vakillari bilan tashkil etilgan uchrashuvlar davomida qator hamkorlik hujjatlarini imzolashga muvaffaq bo'ldi.
Xususan, delegatlar YUNIDO (BMTning sanoatni rivojlantirish tashkiloti)ning bosh direktori janob Li Yong bilan uchrashib, O'zbekistonda pillachilik tarmog'ini rivojlantirish bo'yicha OFID (Neftni eksport qiluvchi davlatlar — OPEKning sanoatni rivojlantirish fondi) va FAO (BMTning Qishloq xo'jaligi va oziq ovqat tashkiloti) bilan birgalikda amalga oshiriladigan loyihalar bo'yicha muzokaralar olib bordi.
To'qimachilik sohasida asbob-uskunalar ishlab chiqarish bo'yicha dunyoning etakchi texnologik kompaniyalari — “Picanol” va “Vandewiele” bilan tuzilgan strategik sheriklik shartnomalariga ko'ra, yurtimizda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan, ipakchilik sohasi xodimlari malakasini oshirishga yo'naltirilgan servis va o'quv markazini tashkil etish rejalashtirilgan.
Sohada amalga oshirilishi ko'zlangan bunday xalqaro hamkorliklar hali talaygina. Ularning bari yagona maqsad — O'zbekistonda pillachilik va ipakchilik tarmog'ini rivojlantirish, jahon bozorida ipak mahsulotlarimizga bo'lgan talabni oshirish hamda milliy matolarimizning dunyo miqyosidagi o'rni va nufuzini yanada yuksaltirishga qaratilgan.
3. Pillachilik juda qisqa muddatda – 30-35 kunda eksportbop mahsulot olsa bo`ladigan tarmoq. Dunyoda 20 dan ortiq pilla etishtiruvchi mamlakat bo`lsa, O`zbekiston Xitoy va Hindistondan keyingi o`rinda turadi. Lekin yurtimizning jahon bozoridagi ulushi – atigi 2,5 foiz.
Oxirgi ikki yildagi sa`y-harakatlar natijasida, xususan, yiliga to`rt marta ipak qurti boqish hisobiga pilla hosili 19 ming tonnaga etkazildi.
Yig`ilishda bu tarmoqdagi bozor kon`yunkturasi tahlil qilinar ekan, mamlakatimizda katta imkoniyatlar borligi ta`kidlandi. Bundan samarali foydalanilsa, yaqin yillarda yillik eksport hajmini kamida 500 million dollarga etkazish mumkin.
Ayni paytda, tarmoqda qator muammolar bor. Jumladan, tutzorlarning 6 ming gektari yaroqsiz ahvolda. Yana 37 ming gektarda hosildorlik 30 foizga ham etmaydi. Yuqori ozuqaviy navlar tutzorlar va yakka qator tutlarning bor-yo`g`i 5-6 foizini tashkil etadi. Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash o`z vaqtida sifatli amalga oshirilmayotgani bois ozuqa bazasi yo`qotilmoqda.
Ipak qurti urug`ining 80 foizi import qilingan. Yurtimizda super-elita ipak urug`i yaratadigan yagona muassasa – Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutining moddiy-texnika bazasi eskirgan.
Shulardan kelib chiqib, 2022 yil yakuniga qadar 20 ming gektar yangi tutzorlar barpo etish hamda 10 ming gektar eskirgan tutzorlarni yangilash rejalashtirilgan. 
Buning uchun mavjud tutzorlar oilaviy pudrat asosida aholiga 1 gektardan 3 gektargacha bo`lib beriladi. Pillachilik klasterlari tomonidan tutzorlarni yangilash uchun tut ko`chatlari va mavsumda ipak qurti urug`i tarqatiladi. Pilladan olinadigan daromad bilan bir qatorda, tutzorlar orasiga ekiladigan qo`shimcha ekinlar ham to`lig`icha aholi ixtiyorida qoladi. 
Qishloq xo`jaligi vazirligi, “O`zbekipaksanoat” uyushmasi, viloyat hokimlari va tegishli idoralar rahbarlariga tutzorlar tashkil etish uchun er ajratish, eskilarini yangilash, suv tejovchi texnologiyalarni qo`llash bo`yicha topshiriqlar berildi. Kelgusi yili pilla etishtirish hajmini 21 ming tonnaga, 2025 yilgacha esa 30 ming tonnaga etkazish vazifasi qo`yildi.
2020 yilda tarmoq korxonalari tomonidan 76,5 million dollar (yillik prognoz 73,8 mln doll.) miqdorida ipak mahsulotlari eksport qilindi. 2021 yil 3 yanvar kuni O'zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish qo'mitasida mazkur sohalardagi xalqaro hamkorlik istiqbollariga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi. Bu haqda Pillachilik va qorako'lchilikni rivojlantirish qo'mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Qo'mita rahbariyati, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari, konsullari va savdo-iqtisodiy masalalar bo'yicha maslahatchilar, klasterlarga a'zo bo'lgan ipak, qorako'l teri va junni qayta ishlash ishlash korxonalari vakillari, ekspertlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Tadbirdan ko'zlangan maqsad – ipakchilik va qorako'lchilik sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ushbu sohalarning investitsion va eksport salohiyati taqdimotini o'tkazishdan iborat bo'ldi.
Ta'kidlanganidek, O'zbekiston ipak ishlab chiqarish hajmi bo'yicha Xitoy va Hindistondan keyin dunyoda uchinchi o'rinni egallaydi. Shu jihatdan ipak valyuta tushumlarining ishonchli manbai hisoblanadi. Sohadan olinayotgan hosilning 70 foizi xom-ashyo, quritilgan pilla, ipak kalava va mato ko'rinishida Hindiston, eron, Xitoy, Bangladesh, Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya va Rossiya kabi mamlakatlarga eksport qilinadi. Bundan tashqari, pillachilik qishloq joylaridagi ko'plab oilalar bandligini ta'minlaydi. Shu jihatdan mazkur soha investitsiyalar uchun jozibador tarmoq hisoblanadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. . “Buyuk Ipak yuli”ni tiklanish halqaro anjumanidagi O‘z.Res.Prezidenti I.A.Karimovning nutqi.

  2. Abduqodirov SH. – Pillachiligimiz tarixidan lavhalar. Toshkent, «Fan», 2000 y.,

  3. K.M.Rojdestvenskiy, Z.T.Toirov, A.A.SHeveleva. «Tut ipak qurti biologiyasi ». “ O‘qituvchi ” nashriyoti . Toshkent -2009 y

  4. O‘zbekiston ensklopediyasi .553 bet.

  5. Pillachilikning oziqa bazasini mustahkamlash va ipakchilik mahsulotlari etishtirish hajmlarini ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori. Toshkent 2000 yil 15 mart, Xalq so‘zi ro‘znomasi 16 mart 2000 yil.

Internet manbalari:

  1. www.edu.uz

  2. www.ziyonet.uz

  3. www.google.com

  4. www.lex.uz

  5. www.kutubxona.com

Yüklə 23,73 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin