Mavzu: mantiq bilish nazariyasining tadqiqot obekti



Yüklə 319,72 Kb.
Pdf görüntüsü
səhifə3/5
tarix13.03.2023
ölçüsü319,72 Kb.
#87631
1   2   3   4   5
Tushunchaning turlari.
Mantiqda tushunchalar mazmuni va hajmi bo‗yicha bir qancha turlarga bo‗linadilar. Xususan, 
hajmiga ko‗ra yakka va umumiy tushunchalar farq qilinadi.
Yakka tushunchaning hajmida bitta predmet fikr qilinadi. Masalan, «Mars planetasi», «O‗zMU 
asosiy kutubxonasi» va shu kabilar yakka tushunchalardir. Umumiy tushunchalar predmetlar 
guruhini aks ettiradi. «Planeta», «Kutubxona» tushunchalari umumiy tushunchalar hisoblanadi. 
Umumiy tushunchalar aks ettiruvchi predmetlarning miqdori chegaralangan va chegaralanmagan 
bo‗lishi mumkin. Masalan, «kimyoviy element» tushunchasida fikr qilinayotgan predmetlar soni 
chegaralangan. «Yulduz» tushunchasi hajmini tashkil qiluvchi predmetlar soni esa cheksiz.
Fikr yuritish jarayonida ayiruvchi va to‗plovchi tushunchalarni farq qilish ham muhim 
ahamiyatga ega. Ayiruvchi tushuncha shunday umumiy tushunchaki, u aks ettiruvchi belgilar 
berilgan sinfning har bir predmetiga xosdir. To‗plovchi tushuncha ham umumiy tushuncha 
bo‗lib,u aks ettirgan belgilar shu umumiylikni tashkil etuvchi har bir predmetga taaluqli 
bo‗lmaydi. Masalan, ―konferensiya‖ – to‗plovchi, ―konferensiya ishtirokchisi‖ – ayiruvchi.
Mazmuni bo‗yicha tushunchalar, avvalambor, abstrakt va konkret tushunchalarga bo‗linadi. 
Konkret tushunchalarda predmet o‗zining belgilari bilan birgalikda fikr qilinadi. Abstrakt 
tushunchalarda esa predmetning belgilari undan fikran ajratib olinib, alohida aks ettiriladi. 
Masalan, «Inson», «Tabiat» tushunchalari – konkret tushunchalar, «Qahramonlik» (insonga xos 
xususiyatni aks ettiradi), «Go‗zallik» (borliqdagi predmetlarga xos xususiyatni ifoda qiladi) 
tushunchalari abstrakt tushunchalardir.
Mazmuni bo‗yicha yana nisbatsiz va nisbatdosh tushunchalarni ham ajratish mumkin. Nisbatsiz 
tushunchalar nisbatan mustaqil, alohida mavjud bo‗lgan predmetlarni aks ettiradi. «Davlat», 
«Badiiy asar» ana shunday tushunchalardir. Nisbatdosh tushunchalar esa zaruriy ravishda bir-
birining mavjud bo‗lishini taqozo qiladigan predmetlarni aks ettiradi. Masalan, «O‗qituvchi» va 
«O‗quvchi», «Ijobiy qahramon» va «Salbiy qahramon», «Sabab» va «Oqibat» tushunchalari 
nisbatdosh tushunchalar qatoriga kiradi.
Ba‘zi hollarda ijobiy va salbiy tushunchalar ham farq qilinadi. Ijobiy tushunchalarning 
mazmunida predmet unga xos belgilar orqali fikr qilinsa, salbiy tushunchalarning mazmunida 
predmet unga xos bo‗lmagan belgilar orqali fikr qilinadi. Masalan, «savodli kishi», «vijdonli 
kishi» – ijobiy tushunchalar, «savodsiz kishi», «vijdonsiz kishi» esa salbiy tushunchalardir.
Biz yuqorida tushunchalarning bir qancha turlari bilan tanishib chiqdik. U yoki bu tushunchaning 
ana shu turlardan qaysilariga mansub ekanligini aniqlash unga mantiqiy tavsif berish demakdir. 
Masalan, «talaba» – umumiy, ayiruvchi, chegaralangan, aniq, nisbatsiz, ijobiy tushuncha; «A. 


Navoiy nomli O‗zbekiston davlat kutubxonasi» – yakka, to‗plovchi, chegaralangan, konkret, 
nisbatsiz, ijobiy tushunchadir.
Tushunchalar o‗rtasidagi munosabatlar
Ob‘ektiv dunyodagi barcha predmet va hodisalar o‗zaro aloqada bo‗lganligi uchun ularni aks 
ettiruvchi tushunchalar ham o‗zaro ma‘lum bir aloqalarda, munosabatlarda mavjud. Bu 
munosabatlar turli xil bo‗lib, ularni aniqlash uchun, avvalambor, taqqoslanadigan va 
taqqoslanmaydigan tushunchalarni farq qilish lozim.
Taqqoslanadigan tushunchalar umumiy belgilarga ega bo‗lgan, mazmuni va hajmi jihatidan bir-
biriga yaqin turgan tushunchalardir. Masalan, «paxtakor» va «dehqon» tushunchalari ana 
shunday taqqoslanadigan tushunchalar hisoblanadi.
Taqqoslanmaydigan tushunchalar esa bir-biri bilan uzoq aloqada bo‗lgan, ko‗p hollarda moddiy 
yoki ideal bo‗lishdan boshqa umumiy belgiga ega bo‗lmagan predmetlarni aks ettiruvchi 
tushunchalardir. «Ijtimoiy progress» va «Zuhro yulduzi», «ideal gaz» va «go‗zallik» 
tushunchalari taqqoslanmaydigan tushunchalar deb hisoblanadi. Mantiqda faqat taqqoslanadigan 
tushunchalar o‗rtasidagi mantiqiy munosabatlar o‗rganiladi. Taqqoslanadigan tushunchalar esa 
hajm jihatidan sig‗ishadigan va sig‗ishmaydigan bo‗ladi.
Sig‗ishadigan tushunchalarning hajmi bir-biriga butunlay, to‗laligicha yoki qisman mos keladi. 
Ular o‗rtasida uch xil munosabat mavjud: moslik, qisman moslik va bo‗ysunish. Moslik 
munosabatidagi tushunchalar bitta predmetni (predmetlar sinfini) aks ettiruvchi tushunchalar 
bo‗lib, ular bir-biridan faqat azmuni bilangina farq qiladi.
Qisman moslik munosabatidagi tushunchalarning hajmi qisman umumiylikka ega. Masalan:
A – Sportchi.
V – Talaba.
Doiralarning shtrixlangan qismi bir vaqtning o‗zida ham sportchi, ham talaba bo‗lganlarni 
bildiradi.
Bo‗ysunish munosabatida tushunchalardan birining hajmi ikkinchisining hajmiga to‗liq kirib, uni 
tashkil qiluvchi qism hisoblanadi. Masalan:
A – Fan.
V – Mantiq.
Bu munosabatdagi tushunchalardan biri bo‗ysundiruvchi (A), ikkinchisi (V) bo‗ysunuvchi 
bo‗lib, ular jins-tur munosabatida bo‗ladi. Jins tushuncha predmetlarning birorta sinfini, tur 
tushuncha esa shu sinfga mansub predmetlarning bir guruhini yoki bittasini aks ettiradi. 
Mantiqda u yoki bu tushunchaning jins yoki tur ekanligi nisbiy xarakterga ega. Har bir tushuncha 
o‗zidan umumiyroq tushunchaga nisbatan tur, kamroq umumlashgan tushunchaga nisbatan 
jinsdir. Masalan, milliy g‗oya, g‗oya, fikr tushunchalari o‗rtasida quyidagi nisbat mavjud: 
«g‗oya» tushunchasi «fikr» tushunchasiga nisbatan tur, «milliy g‗oya» tushunchasiga nisbatan 
jins bo‗ladi.
Sig‗ishmaydigan tushunchalar hajmi jihatidan umumiylikka ega bo‗lmagan tushunchalar 
hisoblanib, bir sinfga kiruvchi har xil predmetlarni yoki predmetlar guruhini aks ettiradi. 
Ularning umumiyligi faqat ana shunda. Bu tushunchalar o‗rtasida ham uch xil munosabat bor: 
birga bo‗ysunish, qarama-qarshilik, zidlik.
Birga bo‗ysunish munosabati quyidagi tushunchalar o‗rtasida mavjuddir:
A – Fan.
V – Mantiq.
S – Fizika.
Bunda «mantiq» va «fizika» tushunchalari hajmlari jihatidan birgalikda «fan» tushunchasining 
hajmiga bo‗ysunadi.
Qarama-qarshilik munosabatidagi tushunchalarning hajmlari bir-birini istisno qiladi. Ular 
predmetning (predmetlar guruhining) qarama-qarshi belgilarini aks ettiradi, ya‘ni biri 
predmetning ma‘lum bir belgisini ifoda qilsa, ikkinchisi uni inkor qiluvchi boshqa belgini aks 
ettiradi. Qarama-qarshilik munosabatidagi tushunchalar o‗zlari bo‗ysunadigan tushunchaning 


hajmini to‗liq egallay olmaydi. Masalan, «baland bo‗yli odam» va «past bo‗yli odam» 
tushunchalari «odam» tushunchasining hajmini to‗liq qoplay olmaydi.
A – Odam.
V – Baland bo‗yli odam. A
S – Past bo‗yli odam.
Zidlik munosabatidagi tushunchalardan biri predmetning birorta xususiyatini ifoda qilsa, 
ikkinchisi uni inkor qiladi va mazmun jihatidan noaniq bo‗lib qoladi. Zidlik munosabatidagi 
tushunchalar, qarama-qarshilik munosabatidagi tushunchalardan farqli o‗laroq, bo‗ysundiruvchi 
tushunchaning hajmini to‗liq qoplaydi. Masalan:
A – Odam.
V – E‘tiqodli odam.
S – E‘tiqodsiz odam. A
Tushunchalar 
o‗rtasidagi munosabatlarni o‗rnatish ularning mazmuni va hajmini 
aniqlashtirishga, ularni bog‗lab, bir fikr shaklidan boshqa fikr shakliga o‗tishga yordam beradi. 
Masalan, «talaba» va «a‘lochi» tushunchalari o‗rtasidagi munosabatni aniqlash asosida «Ba‘zi 
talabalar a‘lochilardir» degan mulohaza shaklidagi fikrni hosil qilish mumkin.
Tushunchalarni chegaralash va umumlashtirish
Tushunchalarni chegaralash va umumlashtirish tushunchalar ustida olib boriladigan amallar 
hisoblanadi. Ular tushunchaning mazmuni va hajmi o‗rtasidagi teskari nisbat qonuniga muvofiq 
holda amalga oshiriladi.
Tushunchani chegaralash hajmi keng tushunchadan hajmi tor tushunchaga (jins tushunchadan tur 
tushunchaga) fikran o‗tishdan iborat. Masalan, «mexanik harakat» tushunchasidan «aylanma 
harakat» tushunchasiga o‗tsak, uning hajmini chegaralagan bo‗lamiz. Chegaralashda berilgan 
tushuncha – «mexanik harakat» jins tushuncha, deb qabul qilinib, uning mazmuniga tur 
tushuncha hosil qiluvchi belgilar qo‗shiladi. Natijada unga nisbatan tur hisoblangan yangi 
tushuncha – «aylanma harakat» tushunchasi hosil bo‗ladi.
Chegaralash amalini davom ettirib, «Yerning o‗z o‗qi atrofida aylanishi» tushunchasiga o‗tish 
mumkin. Demak, chegaralash davomida hosil bo‗lgan har bir yangi tushuncha avvalgisiga 
nisbatan tur tushuncha bo‗ladi. Chegaralash amali yakka tushuncha hosil bo‗lguncha davom 
ettirilishi mumkin. Chunki yakka tushunchaga nisbatan tur bo‗lgan tushuncha yo‗q.
Tushunchani chegaralash amalining tuzilmasi quyidagicha:
A – Harakat.
V – Mexanik harakat.
S – Aylanma harakat.
D – Yerning o‗z o‗qi atrofida aylanishi.
Tushunchani umumlashtirish hajmi tor tushunchadan hajmi keng tushunchaga (tur tushunchadan 
jins tushunchaga) fikran o‗tishdan iborat. Bunda berilgan tushuncha tur tushuncha deb qabul 
qilinib, uning mazmunidan tur hosil qiluvchi belgilar chiqarib tashlanadi. Natijada mazmun 
jihatidan unga nisbatan torroq, lekin hajmiga ko‗ra kengroq bo‗lgan jins tushuncha hosil bo‗ladi. 
Masalan, «aylanma harakat» tushunchasi mazmunidan faqat ungagina xos bo‗lgan tur belgilarni 
chiqarib tashlasak, «mexanik harakat» tushunchasini hosil qilamiz. Umumlashtirish amalining 
chegarasi eng umumiy tushuncha, ya‘ni kategoriyadir. Chunki kategoriyalar uchun jins bo‗lgan 
tushuncha yo‗q.
Tushunchani umumlashtirish amalining tuzilmasi quyidagicha:
A – Yerning o‗z o‗qi atrofida aylanishi.
V – Aylanma harakat.
S – Mexanik harakat.
D – Harakat.
Tushunchani chegaralash va umumlashtirish amallari kundalik hayotimiz va ilmiy bilishda keng 
qo‗llaniladi. Xususan, barcha kategoriyalar, ular yordamida ifodalanadigan nazariy qonunlar, 
g‗oyalar, nazariyalar mavjud empirik tushunchalarni, empirik qonunlarni umumlashtirish 
natijasida hosil bo‗ladi.


Umumlashtirish muhokama yuritish jarayonida induktiv xulosa chiqarish usulida yaqqol 
ifodalangan bo‗ladi. Tushunchalarni umumlashtirishsiz fanning fundamental tushunchalarini 
yaratib bo‗lmaydi; mavjud bilimlarni tizimga solish qiyin va umuman, fan taraqqiy eta olmaydi.
Tushunchalarni chegaralash amali esa, yaratilgan umumiy bilimlarni (nazariy tushuncha, g‗oya, 
nazariya va shu kabilarni) talqin etishda ishlatiladi. Masalan, Nyuton mexanikasidagi «Inersiya» 
tushunchasi Galiley nazariyasidagi «Erkin tushish» tushunchasi yordamida tushuntirilishi 
mumkin.
Tushunchaning hajmini unda aks etgan predmetlarni ayrim guruhlarga (ayrim predmetlarga) 
ajratish yo‗li bilan aniqlashga tushunchani bo‗lish deyiladi. Bo‗lish amalini bo‗linuvchi 
tushuncha (hajmi aniqlanishi lozim bo‗lgan tushuncha), bo‗lish asosi (predmetning tushunchada 
fikr qilinadigan birorta umumiy belgisi) va bo‗lish a‘zolari (bo‗lish natijasida hosil qilinadigan 
tur tushunchalar) tashkil etadi. Masalan, «inson»larni (bo‗linuvchi tushuncha) jinsiga ko‗ra, 
(bo‗lish asosi) erkak va ayollar (bo‗lish a‘zolari)ga ajratish yo‗li bilan uning hajmi aniqlanadi. 
Bo‗linuvchi tushuncha – jins tushuncha, bo‗lish a‘zolari – tur tushunchalar bo‗lib, ular o‗zaro 
birga bo‗ysunish munosabatidadirlar. Tushunchalarni bo‗lish amalini predmetlarni qismlarga 
ajratishdan farq qilish lozim. Masalan, avtomobilni kuzov, shassi, dvigatel va shu kabilarga 
ajratsak, uni qismlarga bo‗lgan bo‗lamiz. Predmetning qismi predmetning umumiy belgilariga 
ega bo‗lmasligi mumkin. Shuning uchun ham «Kuzov avtomashinadir», degan mulohaza hosil 
qilsak, u xato bo‗ladi. Agar «Avtomobil» tushunchasini «Engil avtomobil», «Yuk tashuvchi 
avtomobil» tushunchalariga ajratsak, uni bo‗lgan bo‗lamiz.
Bo‗lishning ikkita turi mavjud: asos bo‗lgan belgining o‗zgarishiga qarab bo‗lish va dixotomik 
bo‗lish. Birinchi turida predmetning birorta umumiy belgisi bo‗lish uchun asos qilib olinib, 
uning o‗zgarishiga muvofiq holda predmetlarning ayrim guruhlari aniqlanadi. Masalan, 
burchakning o‗zgarishiga qarab «uchburchak» tushunchasi uchta tur tushunchaga: «to‗g‗ri 
burchakli uchburchak», «o‗tmas burchakli uchburchak», «o‗tkir burchakli uchburchak»larga 
ajratiladi. Bo‗lish asosi qilib bo‗linuvchi tushunchaning mazmunida fikr qilinadigan har qanday 
umumiy belgini olish mumkin. Masalan, «uchburchak» tushunchasini tomonlariga qarab «teng 
tomonli uchburchak», «teng yonli uchburchak», «turli tomonli uchburchak» tushunchalariga 
ajratish mumkin.
Tushunchaning qaysi belgisini bo‗lish asosi qilib olish bo‗lishda hal qilinishi lozim bo‗lgan 
vazifaga bog‗liq. Lekin qanday vazifani hal qilishdan qat‘i nazar, bo‗lish o‗zining ob‘ektiv 
asosiga ega bo‗lishi lozim, ya‘ni bo‗lish asosi bo‗lgan belgi predmetning umumiy belgisi bo‗lishi 
shart.
Dixotomik bo‗lish bo‗linuvchi tushunchani o‗zaro zid bo‗lgan ikkita tur tushunchaga ajratishdan 
iborat. Masalan, barcha kishilarni «dindorlar» va «dindor emaslar»ga ajratsak, dixotomik tarzda 
bo‗lgan bo‗lamiz. Dixotomik bo‗lish bir qator qulayliklarga ega. Xususan, bunda biz bo‗linuvchi 
tushunchaning barcha turlarini ko‗rsatib o‗tirmasdan, o‗zimizga kerakligini ajratamiz, 
qolganlarini unga zid bo‗lgan tushunchaga birlashtiramiz. Shu bilan birga dixotomik bo‗lish 
ma‘lum bir kamchiliklarga ham ega. Masalan, inkor tushunchaning hajmi noaniq bo‗ladi. Undan 
tashqari, dixotomik bo‗lishdan faqat bir marta foydalangandagina kutilgan maqsadga erishish 
mumkin. Agar, bo‗lish a‘zolaridan biri, ayniqsa, inkor tushunchani o‗z navbatida bo‗linuvchi 
tushuncha deb qabul qilib, bo‗lish amalini davom ettirsak, xato natijalar kelib chiqishi mumkin.
Bo‗lish amali to‗g‗ri borishi uchun ma‘lum bir qoidalarga rioya qilish kerak. Ular bo‗lish 
qoidalari deb ataladi.
A. Bo‗lish teng hajmli bo‗lishi, ya‘ni bo‗lish a‘zolari hajmlarining yig‗indisi bo‗linuvchi 
tushuncha hajmiga teng bo‗lishi kerak. Bu qoida buzilsa, bo‗lish to‗liqsiz yoki ortiqcha bo‗lib 
qoladi. Birinchi xil xatoda ba‘zi bo‗lish a‘zolari ko‗rsatilmay qoladi. Masalan, «fe‘l zamonlari» 
tushunchasini «o‗tgan zamon fe‘li» va «hozirgi zamon fe‘li» tushunchalariga ajratsak, ana 
shunday xato ro‗y beradi. Chunki «kelasi zamon fe‘li» tushunchasi qolib ketgan. Ikkinchi xil 
xatoda esa ortiqcha bo‗lish a‘zosi ko‗rsatilgan bo‗ladi. Masalan, «bilish» tushunchasini «hissiy 
bilish», «tafakkur», «nazariy bilish»ga ajratib bo‗lmaydi. Chunki «nazariy bilish» bu erda 
ortiqchadir.


B. Bo‗lish bir asos bo‗yicha amalga oshirilishi lozim. Boshqacha aytganda, asos qilib olingan 
belgi bo‗lish davomida boshqa belgi bilan almashtirilmasligi zarur. Masalan, «Qonun» 
tushunchasini «Tabiat qonuni», «Jamiyat qonuni», «Bilish qonuni», «Statistik qonun», «Dinamik 
qonun» tushunchalariga bo‗lsak, xato qilgan bo‗lamiz. Chunki bu erda bo‗lish asosi bir emas, 
ikkita. Birinchi uchta bo‗lish a‘zosi qonunning amal qilish sohasi bo‗yicha, qolgan ikkitasi 
qonun ifoda qiluvchi hodisalar xarakteri bo‗yicha ajratilgan. Bu bilan bo‗lishdagi izchillik 
yo‗qolgan.
V. Bo‗lish a‘zolari hajmi bo‗yicha bir-birini istisno qilishi kerak. Buning uchun ular birga 
bo‗ysunish munosabatidagi tushunchalar bo‗lishi kerak. Agar «Bino» tushunchasini «Bir qavatli 
bino», «Ko‗p qavatli bino», «Osmono‗par bino» tushunchalariga bo‗lsak, xatoga yo‗l qo‗ygan 
bo‗lamiz. Chunki «Ko‗p qavatli bino» tushunchasi bilan «Osmono‗par bino» tushunchasi bir-
birini hajmi bo‗yicha istisno qilmaydi.
G. Bo‗lish uzluksiz holda amalga oshirilishi, unda «sakrash» bo‗lmasligi kerak. Buning uchun 
jins tushunchaga eng yaqin bo‗lgan bir tartibdagi tur tushunchalar olinmog‗i lozim. Masalan, 
«Gap» tushunchasini «Sodda gap», «Ergashgan qo‗shma gap», «Bog‗langan qo‗shma gap» 
tushunchalariga ajratsak, bo‗lishdagi izchillik yo‗qoladi. Bunda oxirgi ikkita bo‗lish a‘zosi 
«qo‗shma gap» tushunchasining turlaridir. Demak, «sakrash» hodisasi ro‗y bergan. Tasniflash 
(turkumlash, klassifikatsiya) tushunchalarni bo‗lishning alohida turidir. Tasniflash predmetlarni 
ma‘lum bir turlarga (kichik sinflarga yoki ayrim predmetlarga) ajratishdan iborat bo‗lib, bunda 
har bir tur boshqalariga nisbatan o‗zining aniq va qat‘iy o‗rniga ega. Tasniflash natijalari har xil 
jadvallar, tuzilmalar, grafiklar, kodekslar va shu kabilarda o‗z aksini topadi.
Mantiqda sun‘iy va tabiiy tasniflar farq qilinadi. Sun‘iy tasnif predmetlarning birorta umumiy 
belgisiga ko‗ra amalga oshiriladi. Unga misol qilib kutubxonadagi kitoblar katalogini ko‗rsatish 
mumkin. Tabiiy tasnifni amalga oshirish uchun bo‗lish asosi qilib predmetlarning birorta muhim 
belgisini olish kerak. Ana shuning uchun ham u predmetlarning ayrim muhim xossalari haqida 
fikr yuritish, qonuniy bog‗lanishlarini aniqlash imkonini beradi. Bunga Mendeleevning kimyoviy 
elementlar davriy jadvali, Darvinning jonli tabiat predmetlari tasnifi misol bo‗la oladi.
Tasniflashda tushunchani bo‗lish qoidalariga amal qilish zarur.
Tasniflar nisbiy turg‗un xarakterga ega. Ular bilishda va kundalik turmushda uzoq yillar 
davomida ishlatiladi.
Albatta, bilimlarimizning taraqqiy etishi, yangi bilimlarning vujudga kelishi ko‗p hollarda 
tasniflarga tuzatishlar kiritishni, ba‘zan esa butunlay yangisi bilan almashtirilishini taqozo etadi. 
Shunga qaramasdan, tasniflash mavjud bilimlarimizni tizimga solish vositasi sifatida bilishda 
o‗zining muhim ahamiyatiga ega bo‗lib qoladi.

Yüklə 319,72 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin