Mavzu: Bolalarda o‘tkir pnevmoniyaning kechish. Bolalarda o‘tkir pnevmoniyaning kechish xususiyatlari, etiologiyasi, patogenezi, klinikasi, diagnostikasi, kiyosiy tashxisi, davolash va profilaktikasi



Yüklə 52,22 Kb.
səhifə3/12
tarix11.07.2023
ölçüsü52,22 Kb.
#136325
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12
bolalarda o\'tkir pnevmoniya

Patogenezi. Kasallik chaqiruvchi mikroorganizmlar o‘pkaga ko‘pincha aerogen yo‘l orqali tushadi. Mikroblarning bronxlar shilliq qavatida joylanib olishiga bola immun mexanizmining zaiflashuviga olib keluvchi o‘tkir respirator virusli infeksiyalar sababchi bo‘ladi. Sepsisda mikrob tanachalarining qon orqali gematogen yo‘l bilan o‘pkaga o‘tishi kuzatiladi. O‘pka to‘qimasidan infeksiya limfogen yo‘l orqali yaqin organlarga va plevraga tarqaladi. Infitsirlanganda mayda bronxlarda yallig‘lanish rivojlanadi. Bu ventilyasiyaning buzilishiga va alveolalarga (kislorod va karbonat angidrid almashinuvi kuzatiladi) havo kirishini chegaralanishiga olib keladi. Atelektaz (alveolalar yopishishi) va o‘pka to‘qimasi yallig‘lanishi kuzatiladi. Gaz almashinuvining buzilishi natijasida barcha organlarda gipoksiya yuzaga keladi. YAllig‘lanishning asoratlanmagan kechishida o‘zgarishlarning to‘liq ortga qaytishi 3 hafta davomida kuzatiladi. O‘pkaning yallig‘langan sohasidagi atelektaz yoki yiringli jarayonning so‘rilishi uchun 4-6 hafta kerak bo‘ladi. Plevraning zararlanishidan keyingi sog‘ayish 2-3 oygacha davom etadi.
Infeksiyaning respirator bronxiolalarga yaqin joylarda yallig‘lanish reaksiyasi bilan chegaralanishida o‘choqli va o‘choqlar qo‘shilishi turidagi pnevmoniya rivojlanadi. Bakteriyalar va shish suyuqligining alveolalardan bir segment doirasida tarqalishi va segmentar bronxlarning infitsirlangan shilliq bilan tiqilib qolishi natijasida segmentarpnevmoniya paydo bo‘ladi, infitsirlangan shish suyuqligining o‘pkaning bir bo‘lagiga tarqalganda esa bo‘lakli (krupoz) pnevmoniya yuzaga keladi. Bolalarda pnevmoniyaning xarakterli belgisi bo‘lib patologik jarayonga regionar limfa tugunlarining (bronxopulmonal, bifurkatsion, paratraxeal) jalb qilinishi hisoblanadi, bu ob’ektiv tekshirganda o‘pka ildizining kengayishi bilan namoyon bo‘ladi.
Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda pnevmoniya o‘ng o‘pkaning II segmentida yoki ikkala tomonning IV-VI va IX-X segmntlarida joylashadi. Katta yoshdagi bolalarda o‘ng tomonlama II, VI, X segmentlar, chap tomonlama VI, VIII, IX, X segmentlar zararlanadi. Pnevmoniyada vujudga keluvchi kislorod etishmovchiligi MNSning faoliyatiga ta’sir qiladi. Bolalarda kasallik avj olgan davrda asab tizimining vegetativ qismida simpatik qismning ustunligi bilan xarakterlanuvchi disfunksiya vujudga keladi. Toksikozdan chiqish davrida esa xolinergik reaksiya ustunlik qiladi. Pnevmoniyada bemordagi yurak qon-tomir tomonidan kuzatiluvchi o‘zgarishlar MNSning buzilishi, xamda nafas etishmovchiligi, o‘pkaning to‘laqonligi, toksikoz bilan bog‘liq.
Bolalarda pnevmoniya kasalligida boshqa tizimlarda ham funksional o‘zgarishlar kelib chiqadi: hazm qilish tizimida (fermentlar faolligi pasayishi, oshqozon-ichak trakti motorikasi buzilishi va erta yoshdagi bolalarda qorin dam bo‘lishi, disbakterioz, parenteral dispepsiya); endokrin tizimida (katexolaminlar, glyukokortikoidlar sekretsiyasi pasayishi); siydik ayirish tizimida (buyrakning filtratsion, reabsorbsion va sekretor funksiyasi buzilishi, jigarning mochevina hosil qiluvchi va dezaminirlovchi funksiyasining pasayishi); immunologik reaktivlikning buzilishi kuzatiladi.

Yüklə 52,22 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   12




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin