Zaruriyat va tasodif. Obyektiv olamni bilishda zaruriyat va tasodif kategoriyasi muhim falsafiy-metodologik ahamiyatga ega. Zaruriyat – narsa va hodisalarning vujudga kelishi, shakllanishi va rivojlanishini ta’minlaydigan shart-sharoitlar, munosabatlar majmuasidir. Tasodif esa – zaruriyatning namoyon bo‘lish shaklidir. Zaruriyat va tasodif kategoriyasi olamni falsafiy bilishning mushtarakligini va samaradorligini ta’minlaydi.
Shu nuqtai nazardan, zaruriyatni turkumlashtirganda, uning makon va zamondagi strukturaviy tuzilishini tashkil qilgan elementlarini sistemali-strukturali tahlil qilish lozim. Shuningdek, zaruriyatni sabab-oqibat munosabatlari tarzida tushunish lozim. Zaruriyat narsa va hodisalarning muqarrar rivojlanish qonuniyatdan kelib chiqadi hamda obyektiv sabablar tizimiga asoslanadi. Masalan, O’zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin, bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o‘tishi tarixiy obe’ktiv zaruriyatdir, uning «o‘zbek modeli» asosida amalga oshirilishi zaruriyatning konkret namoyon bo‘lishidir. Bunda tasodif «subyektivlashtirilgan» jarayon sifatida ko‘zga tashlansa ham, obyektiv hodisadir. Chunki, O’zbekistonning tarixiy, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy rivojlanishining milliy xususiyatlari, bozor munosabatlariga o‘tishning xarakterini belgilab beradi.