Imom G‘azzoliy – Sharqning dunyoga mashhur mutafakkirlaridan, kalom ilmi (fiqh, tafsir, hadis), falsafa va tasavvuf masalalari bо‘yicha bir nechta jahonshumul ahamiyatga ega kitoblar muallifi. G‘azzoliy asarlari 1145 yildan boshlab Yevropa tillariga tarjima qilina boshlagan, Dante, Bekon, Didro, Russo, Gegel uni donishmand mutafakkir sifatida tilga oladilar. Abuhomid Muhammad bin Muhammad G‘azzoliy (1058–1111) Eronning Tus shahrida tug‘ilgan. Nishopurda kalom ilmining allomasi ash’ariy Juvayniydan ta’lim olib, shu sohaning bilimdoni sifatida nom chiqaradi. Saljuqiylar vaziri Nizomulmulk uni Bag‘dodda qurdirgani Nizomiya madrasasiga ishga taklif etadi. 1095 yilda G‘azzoliy Bag‘dodni tark etib, kо‘p shaharlarni kezib chiqadi, 11 yildan sо‘ng yana Bag‘dodga qaytib oz muddat dars berish bilan shug‘ullanib, keyin ona shahri Tusga qaytadi. Xonaqo va madrasalarda mahalliy yoshlarga ta’lim berib, shu yerda olamdan о‘tadi.
Imom G‘azzoliy о‘z zamonining barcha ilmlarini о‘rganib, ularga munosabat bildirgan allomadir. Uni kalom ilmining sxolastik usullari ham, falsafaning haddan ziyod aqliy mushohadakorligi, ichki ziddiyati ham, ismoiliylarning bir yoqlama qarashlari ham qanoatlantirmagan. G‘azzoliy har bir ilmga uning inson tabiati va ruhiyatiga qanchalik mos kelishiga va inson kamolotiga xizmat qila olishiga qarab baho beradi. U ulug‘ ruhshu-nos olim sifatida ish kо‘radi. Kalom ilmi о‘zining aqidalari (dogmalari) bilan inson yuragiga yо‘l topolmasligini, Xudoni anglash va sevishga yetarli emasligini anglagan olim tasavvufda buning imkoniyatlari borligini kо‘radi. Aynan tasavvufda din va iymonning ruhiy-psixologik jihati mujassamlangan. Chunki tasavvufda Xudoni qalb bilan idrok etish, his-hayajon, muhab-bat orqali qabul qilish bor (buni yuqorida kо‘rib о‘tdik). G‘azzoliy kalomdagi aqliy muhokamalarni sо‘fiyona hissiy idrok usullari bilan qо‘shib, islomiy ilmlarga yangidan ruh bag‘ish-ladi, ularni «tiriltirdi». Boshqacha aytganda, kalom nuqtai nazaridan tasavvufni va tasavvuf nuqtai nazaridan kalom ilmini nazardan о‘tkazdi. «U tasavvufning barcha qoidalarini tahlil qilib, tekshirib chiqdi, ulardan qaysilari sunnaga muvofiq kelishini, qaysi tomonlari tо‘g‘ri kelmasligini aniqlab berdi» (YE.E.Bertals. Sufizm i sufiyskaya literatura. M., «Nauka», 1965, str. 43.) Bundan, G‘azzoliy tasavvufni kalomga moslashtirish bilanganina shug‘ullangan, degan xulosa chiqmasligi kerak. Imom G‘azzoliyning husni tavajjuhi kо‘proq tasavvuf tomonida edi. Uning tadqiqotlari nainki tariqat bilan shariatni chuqur ilmiy-nazariy jihatdan yaqinlashtirishga xizmat qildi, balki har ikki tomon rivoji uchun foydali bо‘ldi.
G‘azzoliy nazarida oliy darajadagi mustahkam iymon sо‘fiy iymonidir, shuning uchun fano yо‘lidagi beintiho ishqni islomning zaruriy ruknlaridan hisoblamoq kerak. Imom G‘azzoliy о‘zining «Ehyo ul ulum vad din» (Diniy ilmlarning qayta tirilishi) va «Kimyoi saodat» (Saodat kimyosi) nomli kitoblarida tasavvufni islom ilmlarining tarkibiy qismi sifatida chuqur о‘rgangan, tariqatni odam axloqini poklovchi va halok etuvchi xislatlardan qutqaruvchi yо‘l deb kо‘tsatadi.
G‘azzoliyning xuddi shu ishi Ibn Javziyga yoqmagan. Uning yozishicha, G‘azzoliy «Ehyo ul-ulum»da botil (notо‘g‘ri deb topilgan) hadislar yordamida tasavvufni oqlamoqchi bо‘ladi, «Holbuki о‘zi о‘sha hadislarning botilligini bilmaydi», deydi u. G‘azzoliy sо‘fiyona karomatlarni bor narsa, haqiqat deb aytadi, dunyo Parvardigor pardasidir, shuningdek, shariat ham zohiriy narsa, sо‘fiylar farishtalar, ruhlar anbiyolarni kо‘radilar va ulardan kuylar eshitadilar va buning foydasi katta deb yozadi. Bu axir islomni buzishku, deb xitob qiladi Ibn Javziy. «Talbisi iblis» kitobining muallifi G‘azzoliyni islohotchilik (reformatorlikda) ayblangan. Vaholanki, islom tarixida islom ilmining rivoji uchun Imom Muhammad G‘azzoliychalik xizmati singgan odam kam bо‘lsa kerak. G‘azzoliy islomni nazariy jihatdan boyitdi, uni yangi davr talabiga mos ravishda rivojlantirdi, mustahkamladi. Islomni dunyoga mashhur etdi. U «hujjatul islom» – islom hujjati degan laqabni bekorga olmagan. Mana bu rivoyat ham G‘azzoliyning buyukligiga ishoradir.
Abdurahmon Jomiy «Nafahotul uns» kitobida keltiradi: Xoja Buali Formadiy derki, G‘azzoliyning ba’zi ishlaridan norozi bо‘lib yurar edim. Bir kun uyqu bosdi, yarim uyqu, yarim uyg‘oqlik orasida tush kо‘rdim: katta bir maydon о‘rtasida oq imorat bо‘lib, odamlar turnaqator tizilib shu imorat tomon borardilar. Sо‘radimki, bu ne imorat va sizlar kimsizlar? Javob berdilarki, bu binoda Hazrati Rasululloh islom dini haqida kitob yozganlarni qabul qilmoqda, biz kitob yozgan kishilarmiz. Men ham ular orqasidan turdim va bino ichkarisiga kirdim. Har bir mazhab egasi tasnif etgan kitobini Payg‘am-barga kо‘rsatardi. Imom Shofe’i, Imom Abuhanifa va boshqa-lar kitoblarini kо‘rsatdilar. Rasululloh (SAV) ularni о‘z yoniga о‘tqazib, siyladi. Hamma tinchigandan keyin men ovoz chiqarib dedim: «YO Rasululloh, mening qо‘limda ham ahli islom aqidasini bayon etuvchi bir kitob bor, agar ijozat bersangiz, о‘qib beray». Rasululloh dedilar: «Qanday kitob?». Dedim: «Qavoidul aqoid» degan kitob, G‘azzoliy ta’lif etgan. Menga kitobni о‘qishga ijozat berdilar, о‘tirib о‘qiy boshladim… Rasuli Akram sifatlari ta’rifiga yetganimda yuzlari yorishdi va tabassum qilib, dedilar: «Qani G‘azzoliy?». G‘azzoliy о‘sha yerda edi, javob berdi: «G‘azzoliy menman». Rasullulloh qо‘llarini uzatdilar, G‘azzoliy ul muborak qо‘lni о‘pdi va kо‘zlariga surtdi va Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam ishorasi bilan tо‘rt mazhab sohibi bо‘lgan imomlar qatoriga borib о‘tirdi».
Bu rivoyat, ammo uing zamirida katta haqiqat bor. Haqiqat shuki, Imom G‘azzoliy a’lamul ulamo, buyuk dinshunos alloma sifatida islom olamida tan olingan edi. Bunday ulug‘ shayxning tasavvufga husni tavajjuq etishi esa bejiz emas edi. Chunki G‘azzoliy birdaniga sо‘fiylar tariqatini qabul qilganlardan emas. U boshida fiqh va Hadis olimi sifatida mashhur bо‘lgan, о‘z zamonasining barcha imlarida tengsiz ustoz sifatida tanilgan edi. Sharqning eng nufuzli madrasasi Nizomiyada raisul ulamo lavozimiga tayinlanib, uch yuz tolibi ilmga dars о‘qirdi. Ammo yoshi ellikka yetganda birdan madrasani, dо‘stlari va shogirdlarini tashlab, uzlatni ixtiyor etdi va buning sabablarini о‘zining «Al Munqiz minaz zalol» (Gumrohlikdan qutulish) kitobida bayon etdi.
«Meni taqlid tubanligidan basirat balandligiga qanday jur’at yetkazinini senga hikoya qilay», deb boshlaydi kitobini G‘azzoliy. «Kalom ilmidan nima oldim, ahli ta’lim (ismoiliya mazhabi) va imomga taqlid qiluvchilarkim, haqiqatni anglashdan uzrli va ojizdirlar, qanday nafrat paydo bо‘lganini aytay. Va falsafa tо‘qish shevasini arzimas deb bilganim… va tasavvuf tariqatini qanday afzal bilganimni aytay».
Uning yozishicha, yoshligidan qalbida haqiqatga tashnalik hissi borligi uchun «qо‘rqmasdan о‘zini chuqur daryoga» tashlagan, ya’ni har bir ilmni dadillik bilan о‘rgana boshlagan. Har bir toifaning aqidasini yaxshilab tafakkurdan о‘tkazgan va qoniqmay yana о‘rgana boshlagan. Imom G‘azzoliyning uqtirishicha, ilm ikki xil bо‘ladi. Biri – taqlidiy ilm, ya’ni о‘tmishdan meros qolgan, ota-ona va ustozlardan olinadigan bilimlar. Ikkinchisi – kashf etilgan ilm. Taqlidiy ilm kо‘r-kо‘rona ergashish bilan bо‘ladi, kashf etilgan ilm esa har bir shaxsning qobiliyati, shuuriy izlanishi orqali qо‘lga kiritiladi. «Mening maqsadim amrlar haqiqatini kashf etish edi», deydi muallif. Zotan, hayotda juda kо‘p odamlar taqlidiy bilmilar bilan qanoatlanadilar. Chunki yangilik yaratmay, tayyor hunarlar, ilmlarni о‘rganib, kо‘p qatori yashash oson. Ammo taraqqiyot uchun, insoniyat tafakkurini olg‘a siljitish uchun ilohiy va dunyoviy haqiqat-larni, mohiyatlarni izlash, kashf etish zarur. Bu – ayrim buyuk shaxslarning nasibasi.
Shunday buyuk shaxslardan biri bо‘lgan Imom Abuhomid G‘azzoliy Haqiqat tolibi bо‘lib, avval kalom ilmini, sо‘ngra falsafani, keyin ismoiliya ta’limotini va oxiri tasavvufni о‘rganishga kirishgan. U ilmi kalom haqida, falsafa va ismoiliya haqida bir nechta kitob yozadi. Olim shunday xulosaga keladiki, ilmi kalom ham, falsafa va ismoiliya ham ilohiy haqiqatlarni yangilatishga qodir emas. Mana uning xulosalari:
«Mutakallimlar о‘z aqidalarini chuqurlashtirish uchun jav-har va araz (falsafa tushunchalari) masalalarida bahs boshladilar va falsafaga qо‘l urdilar. Lekin ular ilmining maqsadi boshqa bо‘lgani sababli ularning sо‘zi nishonga yetmadi va odamlar orasidagi shak-shubhalarni bartaraf qilolmadilar».
«Ikki yil ichida faylasuflar ilmini egalladim. Yana bir yil tafakkurga berildim. Ularning kitoblarini takroran о‘qir edim. Ularning xato va adashishlarini angladim, raddiga yо‘l topdim va bildimki (falsafa) inson kamoli uchun yetarli emas».
«Ta’limiylardan (ismoiliya ahli) bir kishini uchratdim… ularning kitoblarini topib о‘qidim, sо‘zlarini kо‘rdim… Ularning fasod-xatolarini dalillar bilan isbotladim. Xulosa shuki, ularda ham ishga yaraydigan va foyda beradigan sо‘z topolmadim».
Shundan keyin G‘azzoliy tasavvuf va tariqatga yuzlanadi. U yozadi:
«Haqiqat yuzasidan angladimki, bu jamoat, (ya’ni sо‘fiylar) ahvol egalaridirlar, sо‘z ahli emaslar. Bu ilmni tahsil bilan imkon qadar о‘rgandim, ammo qolgan narsalarni dars tahsili va suhbat bilan egallab bо‘lmasdi, balki bu zavq va sulukni talab qilardi. Menga shu narsa ayon bо‘ldiki, tariqatning asosi tarki nafs, tarki aloiq ekan, uqboga kо‘ngil bog‘lash, butun himmat bilan Xudo sari yuzlanish ekan. О‘z holimga qaradim va kо‘r-dimki, taalluqlarga g‘arq, dunyo tashvishiga kо‘milgan ekanman».
Shundan keyin G‘azzoliy qalbida о‘tli g‘alayonlar boshlangani, shariat ilmi va falsafadan, darsu ta’limlardan soviganligini yozadi. «Xudo og‘izimga qulf urdi va dars aytolmadim, deydi u, ovqat tomog‘imdan о‘tmadi, quvvatim susayib borardi». Tabiblar uni kо‘rib ruhiy muolajaga muhtoj ekanini aytadilar. G‘azzoliy safarga chiqib о‘n yil shaharma-shahar yuradi. «Va bu xil vaqtlarda menga shunday narsalar namoyon bо‘ldiki, deb ta’kidlaydi ulug‘ olim, aytib ado qilolmayman… Aniq bilidimki, sо‘fiylar Xudo taolo yо‘lining oshiqu soliklari ekan va ularning siyratlari, siyratlarning eng yaxshisi va ularning yо‘li eng tо‘g‘ri yо‘l va ahloqlari eng pokiza axloqdir. Shu darajadaki, agar din asrorining barcha oqilu donishmandlarini bir-birlariga qо‘shsalar va hulqu atvorlari, siyratlarini о‘zgartirsalar va yaxshilasalar ham bu dargohga yо‘l topmaslar. Chunki sо‘fiylarning jamiki harakat va sо‘zlari zohiru botinda Payg‘ambarning charog‘donidan nur olgandir. Barcha mukoshofa va mushohida Payg‘ambar nuridan boshlanadi».
Imom G‘azzoliy tasavvufdagi ilohiy muhabbat, ishq, samo’ hodisalariga ijobiy munosabatda bо‘lgan, bu hodisalarni ham inson ruhiyati bilan bog‘lab tushuntirgan. Uning uqtirishicha, inson ruhiyatida kechadigan, ruhni yayratadigan jami vositalar Alloh muhabbatini kо‘paytirishga sabab bо‘ladi va sо‘fiyni Ulug‘ dargohga yaqinlashtirishga xizmat etadi. Masalan, u «Kimyon saodat» asarida samo’ haqida bunday yozadi: «Ulamo orasida samo’ning harom (man’ qilingan) yoki halolligi (ruxsat etilgan) masalasida ixtilof bor. Kimki samo’ni man’ qilgan bо‘lsa, zohir ahlidan-dirki, u Haq taoloning muhabbati shaxs dilida qanday paydo bо‘lishini anglamaydi. Zohirbin odam bunday deydi: odam bolasi о‘z jinsini sevishi mumkin. Ammo na uning jinsidan bо‘lgan, na unga о‘xshamaydiganni qanday qilib sevadi? Bas, uning kо‘nglida mahluq ishqidan boshqa ishq bо‘lmaydi va agar Xoliqning ishqi paydo bо‘lsa, u о‘xshatish xayoliga borib, buni botil hisoblaydi. Shu sababdan deydiki, samo’ yoki kо‘ngilxushlik о‘yinidir yoki maxluq ishqidandir va buning ikkalasi ham dinda nomaqbuldir.
Agar bunday odamdan xalq uchun vojib bо‘lgan Xudo sevgisi nimadir deb sо‘rasalar, amrga itoat qilish va toat deb javob beradi. Va bu ushbu qavmga xos ulug‘ xatodir».
Ana shu «ulug‘ xato» nima ekanligini isbotlash maqsadida G‘azzoliy inson kо‘ngli istaklariga murojaat qiladi. «Samo’ haqida hukm chiqarish uchun gapni avvalo kо‘ngildan boshlash kerak, deb yozadi olim, chunki samo’ kо‘ngilda bor narsani yuzaga chiqaradi, harakatga keltiradi. Kimning kо‘nglida Mahbubga muhabbat uchqu-ni bо‘lsa, samo’ uni kuchaytiradi, alanga oldiradi. Bunday paytda samo’ savobdir (ravodir). Samo’ni yoqimli bо‘lgani, xursandchilik keltirgani uchun harom deyish tо‘g‘ri emas. Yoqimli narsalar harom emas, yoqimlilardan zararli bо‘lganlarigina haromdir».
G‘azzoliyning mana bu fikri ham muhim: «Shuni bilgilkim, kimki samo’ va vajdni, sо‘fiylar ahvolini inkor etsa, u buni о‘zining noqisligi, kaltafahmligidan qiladi». Demak, quruq aqidaparastlik, zohriy bilimlarga yopishib olgan odamning fikri zaif, tor va noqis, bо‘ladi. Bilim kengayishi uchun inson aql va tafakkur bilan birga qalbini ham ishga solishi lozim. Kamolot yо‘li shu. Ma’lum bо‘ladiki, G‘azzoliy har bir masalaga hayotiy ehtiyojlar nuqtai nazaridan yondashadi, quruq shiorlar tashlash, ma’lum, necha marta qaytarilgan gaplarni takrorlayverishni olim kishining ishi emas deb hisoblagan. Masalan, u ilo-hiy muhabbatning zaruriy narsa ekanligini «Ehyo ul ulum» asarida mana bunday isbotlagan: inson о‘ziga yaxshilik qilgan odamni yaxshi kо‘radi, gо‘zal narsalarni yaxshi kо‘radi, umuman yaxshilik va gо‘zallik sevimli, demak, jamiki yaxshiliklar (ezgulik) va nafosat mujassami bо‘lmish Alloh taoloni sevishimiz tabiiy holdir.
Yoki u tasavvufdagi «uzlat» tushunchasini bunday izohlaydi: uzlatning olti xil foydasi va olti xil zarari bor. Avvalo shuki, deb ta’kidlaydi olim, uzlat mutafakkir insonlar uchun zaruriy ehtiyojdir. Inson bot-bot о‘zi yolg‘iz qolib, xayol va tafakkurga g‘arq bо‘lishni xohlaydi. Iloh ishqida yongan kishilar uchun bu ehtiyoj yana ham kuchliroq. Shunday qilib, uzlat «fikr farog‘a-ti»ni yuzaga keltiradi, «kо‘p iztiroblardan odamni xalos etadi», fitnadan qutqaradi, «gumon va tuhmat ranjidan ozod» etadi, «tama’dan uziladi, odamlar ham undan tama’ qilmaydilar», noxush odamlar suhbatidan xalos etadi. Bu uzlatning foydasi.
Endi zarariga kelsak, uzlat qilgan odam ilmni oshirishdan mahrum bо‘ladi, odamlarga manfaat yetkazolmaydi, о‘zi ham manfaat kо‘rolmaydi, kishilarni dinu diyonatga da’vatdan chetda qoladi, «vasvos g‘alaba qilib, zikrdan nafratlanishi mumkin, savoblar (hol sо‘rash, kasal kо‘rish kabi)dan quruq qoladi, takabburga beriladi, chunki «uzlat ham takabburning bir turi».
Kо‘rinadiki, Imom G‘azzoliy bir tomonlama muhokamalar, ya’ni mana bu yaxshi, bunisi yomon kabi hukmlar tarafdori emas. U har bir hodisa-voqeani turli tomondan olib qaraydi. Jumladan, kalom ilmini ham, falsafani ham, tasavvufni ham qaysi jihatlari e’tiqod-iymonni mustahkamlaydi, inson uchun zarur va foydali, qaysi tomonlari qusurli, ziddiyatli, inson e’ti-qodi uchun zararli ekanini kо‘rsatib beradi. Uning qudrati cheksiz bilimida, u garchi peripatetik faylasuflar Aristotel, Forobiy, Ibn Sinolarni tanqid qilgan bо‘lsa-da, ammo о‘zi tavhid, tavakkul, qazovu qadar, aqli kull, surat va ma’no, olamlar tuzilishi, («Ehyeul ulum» asarida olam zarralardan tashkil topgan, zarralar domiy xarakatda degan fikrni bildiradi), tabiiy jismlar xususiyatini о‘rganganda falsafa yutuqlaridan foydalanadi. Shunday taassurot tug‘iladiki, Imom G‘azzoliy Ibn Sinolarga qaraganda kо‘proq islomiy muhit ichida fikr yuritadi, kо‘proq sharqlikdir. U jami ilmlarni islom ilmi, islomiy tafakkur taraqqiyotiga xizmat qildirdi. G‘azzoliyning tadqiqot usuli ratsionalistik usul, ammo dunyo va Ilohni anglashda u irritsionat yо‘lni ham maqbul hisobladi, irfoniy bilishni bilishning yuksak kо‘rinishi deb hisobladi. Odamning о‘zini tanishi ham shu yо‘ldan borishi zarur, inson о‘zini tanimay olamni va Ilohni taniy olmaydi. Jamiki ilmlar, qarashlar, ta’limotlar shunga xizmat qilishi kerak.
Imom G‘azzoliy merosini о‘rganish islom falsafasi tarixini yoritish, kalom ilmi, falsafa va tasavvuf orasidagi munosabatlarni yoritishda katta ahamiyatga ega.
2.2. Vahdatul vujud va vahdatush shuhud
Yuqorida tasavvufning olam tuzilishi, inson va iloh, komil inson haqidagi bir qancha falsafiy tushunchalarni kо‘rib о‘tdik. Bu tushunchalar, aslini olganda, Ibn Arabiyga nisbatan beriladigan vahdatul vujud ta’limotiga borib taqaladi. Shayxi Kabirning о‘zi ushbu atamani qо‘llamagan, ammo izdoshlari uning ta’limotini о‘rganib, uni shu atama bilan mashhur etganlar.
«Vahdatul vujud» – yagona vujud birligi demak. YA’ni haqiqiy Borliq – bu Mutlaq zot – Parvardigorning yakkayu yagona vujudidan iborat, boshqa mavjudliklar shu Vujudning ijodi, in’ikosidir. Mutlaq zotni al-Haq (Real borliq), al-Ahad (Birlik) deb ham ataydilar. U О‘zi yaratgan olam ashyolarida (olami shahodat, olamul xalq) О‘zini namoyon etib, zohir-lanib turadi va shu orqali О‘zi О‘zini idrok etadi. Bu cheksiz va mavhum Mutlaq zotning shahodat (moddiy) olamda tinimsiz jilolanishi «tajalliy» deb atalgan. Tajalliy – barcha harakat va faoliyat, tiriklik va hayot ijodkori Parvardigorning о‘zi yaratgan olamda doimo hozir bо‘lishidir.
Ammo shuni aytish joizki, Ibn Arabiy nazarida Mutlaq zot – bu xuddi Mutlaq g‘oya, fikrday gap. Shuning uchun u О‘zining sifatlari va ismlari orqali ayonlashib, konkretlashib boradi. Bu esa bosqichma-bosqich xarakterga ega. Mutlaq g‘oyadan – tasavvurga – tasavvurdan – loyihaga – loyihadan – obrazga – obrazdan – aniq shakllarga о‘tish. Shu uchun ayon, ayoni sobita, barzax, taayyun, suvari ilm kabi istilohlar ishlatiladi. «Ayon» – Mutlaq g‘oya-ning tasavvuriy ayonlashuvini anglatsa, «ayoni sobita» – timsol (probraz) suratiga kirishni anglatadi. «Taayyun» – Mutlaq g‘oyaning moddiy olam kо‘rinishida konkretla-shuvidir, «barzax» esa Mutlaq g‘oya manbai bilan ayon orasidagi chegarani ifodalaydi. Shunday qilib, tajalliy ayoni sobita orqali sodir bо‘ladi va natijada Mutlaq zot narsa va xodisalarda О‘z sifatlari va ismlari vositasida reallashadi. Buni soddaroq qilib tushuntirsak, ismlar Haqning soyasi bо‘lsa, ayon – ismlarning soyasi, ruhiy olam – ayon soyasi, moddiy olam – ruhiy olam soyasidir.
Shunday bо‘lgach, sо‘fiy shahodat olami (moddiy dunyo)ning barcha jilva va gо‘zalligida Mutlaq zot qudrati va azamati, jamolu kamolini his qila borish, chuqur idrok etish oraqli Mutlaq zotning о‘zini idrok qilib, unga yaqinlashib boradi. Ammo Ibn Arabiy bо‘yicha, Ilohiy kamolning sifatlari olam bо‘ylab qism-qism, alohida-alohida taraladi, faqat Komil insonda u birlashib, jamlanib, Mutlaq zotga nisbatan yaqin holatda zuhur etadi. YA’ni Komil inson – Mutlaq zotning muxtasar nusxasiga aylanadi, shu bois Haq taolo Komil insonda О‘zini tо‘liq holda namoyon etadi va О‘z-О‘zini mushohada qiladi.
Ba’zi tadqiqotchilar vahdatul vujud ta’limotini panteizm nazariyasi bilan tenglashtiradilar. Bu tо‘g‘ri emas. Yuzaki qaraganda о‘xshashlik bor. Ammo mohiyatan olib qaraganda, orada farq katta: panteizm hamma narsa Xudo, ya’ni tabiat va Xudo bir vujud deb ta’lim beradi. Vaholanki, vahdatul vujudda Xudo tabiatga qorishib ketmaydi, balki u Haqiqiy borliq sifatida tabiatdan tashqarida mavjud va tabiat uning ijodi, akslanishi (shabah), soyasi deb uqtiriladi.
Albatta, vahdatul vujud falsafasida «Hamma narsa Undan» tushunchasi bilan birga «Hamma narsa Udir» tushunchasi ham ba’zan qо‘llaniladi. Biroq, shunga qaramay, buni «Tabiat – Xudodir» degan g‘oyaga tenglashtirolmaymiz. «Hama narsa Udir» degan qarashda Xudoning zoti sifatlarida mujassam, degan fikr ifodalangan.
Vahdatul vujud ta’limotiga kо‘ra, olam uzluksiz о‘zgarishda (transformatsiya, inqilob), Xudo har bir lahzada о‘zgacha sha’n (surat) bilan zuhur etadi, yangi sha’n avvalgisiga о‘xshamaydi, har bir odam iste’dodiga qarab bu о‘zgarishlarni idrok etadi. Aql bilan buni tо‘la anglab bо‘lmaydi. Faqat orif buni his etadi, chunki aql suratlarga bog‘lanib qoladi, orif qalbi doim mohiyatga – haqiqatga qarab boraveradi.
Vahdatul vujud nazariyasi Sharq falsafiy tafakkuri taraq-qiyotiga ijobiy ta’sir kо‘rsatdi. Tasavvufning fikriy – mushohadaviy doirasini kengaytirdi. Ammo uni hamma sо‘fiylar ham qabul qilgan emaslar. Vahdatul vujudni zararli ta’limot, shariatga zid qarash, deb baholaganlar ham ancha edi. Chunonchi Ibn Taymiya, Ibn Xaldun, al-Asqaloniy, Alouddavla Simnoniy shunday kishilardan bо‘lgan.
Alouddavla Simnoniy vahdatul vujud о‘rniga vahdatush shuhud (yagona guvohlik yoki mushohada birligi) nazariyasini taqdim etgan. Bu nazariyaga kо‘ra, Mutlaq zot sifatlari jami ashyolarga emas, balki inson qalbida jilolanadi. Insonning maqsadi esa musaffalanib, Mutlaq vujud nurini qabul qilishga tayyorlanib borishdir. Shunday qilib, orif inson – Mutlaq zotning sifatlari, qudrati va kamolining shahodati (guvohi) bо‘la oladi. Bu ham, baribir, boya kо‘rganimizdek, Ibn Arabiyda bor: Komil inson kichik olam bо‘lgani uchun ulug‘ olam xususiyatlarini aks ettiradi. Simnoniy Boyazid Bistomiy, Mansur Halloj, Aynul Quzzot Hamadoniy fikrlarini qayta jonlantirib, insonning ilohga yaqinligini ta’kidlagan. Ammo Simoniy insonning Mutlaq zotga aylanishi, ijtihod, hulul kabi hodisalarga keskin qarshi chiqadi.
Shunday qilib, tasavvuf, bir tomondan, din va shariat, ikkinchi tomondan, falsafa va hikmat ilmi bilan bog‘liq holda rivojlanib kelgan о‘ziga xos ta’limotdir. Ammo shunisi borki, sо‘fiylar о‘zlarini har doim faylasuflarga va kalom ahli (shariat ahli ulamolari)ga qarma-qarshi qо‘yib kelganlar. Nega? Chunki kalom ahli Qur’on oyatlari, Payg‘ambar hadislarini zohiran о‘rganish, olam yaratilishi va tuzilishini aynan diniy tasavvurlar bilan tushuntirishdan nariga о‘tmas, Islomni ham, iymonni ham aql bilan qabul qilish va ahkomlarning rasm-rusmlari, odatlarini mustahkam saqlash uchun kurashganlar. Shu bois sо‘fiylar ahli kalomni «muqallidlar», ya’ni о‘tganlarga taqlid qiluvchilar, quruq aqidaparastlar deb ataganlar. Faylasuflar (chunonchi, Forobiy, Ibn Sino, Al-Kindiy, Ibn Rushd kabi) esa yunon donishmandlari Aflotun va boshqalarning tajriba va kuzatuv, mantiqiy tahlil va umumlashmalar orqali tabiat, inson va jamiyatni tadqiq etish yо‘lidan borganlar. Kо‘rinadiki, ahli kalomda ham, ahli hikmatda ham aqliy-mantiqiy ilm, tajriba qilish, bilim yig‘ish yetakchilik qiladi.
Faylasuflar Xudoni ham shu yо‘sinda о‘rganib, uni sababi avval, birinchi turtki beruvchi yoki Javhar deb ta’riflaganlar. Garchi Aflotun va uning izdoshlari Xudoni mutlaq ruh deb, inson va olamda ruh birlamchi asos ekanligi tan olinsa-da, biroq ruhni о‘zidan о‘tkazib emas, balki «obyektiv borliq» sifatida, bir asbob sifatida chetdan turib hissiz qarab chiqish kо‘zga tashlanadi. Falsafada ham odamni tabiiy taraqqiyotning oliy kо‘rinishi, Parvardigor yaratgan eng mukammal va mо‘tabar xilqat deb qarash mavjud. Forobiy va ibn Sino asarlarida bu tez-tez tilga olinadi.
Biroq ularning hammasi tasavvufda о‘zga maqsad, о‘ziga xos yо‘lda talqin qilinadi. Bu о‘ziga xoslik nimalarda kо‘rinadi?