283-modda. Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirganda xodimlarga kafolatli to‘lovlar Ish beruvchi tibbiy tekshiruvdan o‘tish kunida hamda qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish kunida xodimlarni tibbiyot muassasalariga moneliksiz yuborishi shart.
Agar ish beruvchi bilan kelishuvga binoan xodim qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish kunida ishga chiqqan bo‘lsa (bundan xodimning o‘sha kuni ishga chiqish imkoni bo‘lmagan zararli va (yoki) xavfli mehnat sharoitlarida bajariladigan ishlar mustasno), unga o‘z xohishiga ko‘ra boshqa dam olish kuni beriladi.
Har yilgi mehnat ta’tili davrida, dam olish kunida yoki ishlanmaydigan bayram kunida qon va uning tarkibiy qismlarini topshirgan taqdirda, xodimga uning xohishiga ko‘ra boshqa dam olish kuni beriladi.
Donor bo‘lgan xodimlarga bevosita qon va uning tarkibiy qismlari topshirilgan har bir kundan keyin dam olish kuni beriladi. Xodimning xohishiga ko‘ra bu kun yillik mehnat ta’tiliga qo‘shiladi yoki qon va uning tarkibiy qismlari topshirilgan kundan keyin yil davomida boshqa vaqtda bu kundan foydalanilishi mumkin.
Tibbiy tekshiruv o‘tkaziladigan hamda qon va uning tarkibiy qismlari topshiriladigan kunda ishdan ozod qilinganda, shuningdek dam olish kunlarida xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanadi.
Donorlik faktini tasdiqlash, shu jumladan tibbiy tekshiruvdan o‘tish hamda bevosita qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish qon xizmati tomonidan berilgan ma’lumotnoma yoki boshqa hujjat asosida amalga oshiriladi.
284-modda. Kafolatli to‘lovlarni moliyalashtirish manbalari Ushbu Kodeksning 280-moddasida nazarda tutilgan kafolatli to‘lovlar ish beruvchining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
2-§. Kompensatsiya to‘lovlari 285-modda. Kompensatsiya to‘lovlari tushunchasi Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan hollarda xodimlar tomonidan mehnat majburiyatlarining yoki boshqa majburiyatlarning bajarilishi bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini qoplash maqsadida belgilangan pul to‘lovlari kompensatsiya to‘lovlaridir.