Falsafa tarixida inson mohiatiga oid qarashlar tasnifi reja



Yüklə 48,41 Kb.
tarix07.01.2024
ölçüsü48,41 Kb.
#210332
Falsafa tarixida inson mohiatiga oid qarashlar tasnifi


Falsafa tarixida inson mohiatiga oid qarashlar tasnifi
REJA:

1. Falsafa mavzusi va falsafiy bilimlar mohiyati.


2. Dunyoqarash va uning tarixiy turlari.
3. Falsafa fanining predmeti.
4. Falsafaning asosiy funksiyalari. Falsafaning sohalari.
Foydalanilgan adabiyotlar

1. Qadimgi davrda falsafa barcha nazariy fikrlarni, ma’naviy hayotning hamma tomonlarini qamrab oluvchi fikrlar tizimi sifatida Qadimgi YUnoniston va Rimda er.avv. VII-III asrlarda paydo bo‘lgan. Agar falsafa so‘zining kelib chiqishi (etimologiyasi)ga e’tibor bersak, falsafa Yunoncha «filio» - sevaman, «sofiya» - donolik so‘zlaridan olingan bo‘lib, donolik, donishmandlik bilan shug‘ullanish deb qaraladi. SHu ma’noda Donishmandlikning o‘zi nima?


Qadimgi Yunon faylasufi Diogen (e.o. 400-325) dan donishmand kim? - deb so‘rashganda, u: «Haqiqiy donishmand xudodir, biz donishmandlikni sevguvchilarmiz» - degan. Demak, donishmandlikni sevguvchilar donolik tafakkuri bilan dunyoni, o‘zligini anglashga intiluvchilardir.
Grek mutafakkiri Geraklit (520-460) shogirtlariga murojaat qilib, “Do‘stim, sen hali yoshsan, umringni bekor o‘tkazmay desang, falsafani o‘rgan”, deb uqtiradi.
Sokrat (e.o. 470-399 y) o‘z – o‘zini erga urish tubanlashish, o‘zligini anglash, o‘zligini Yuqori tutish esa donishmandlikdir degan.
Diogen Laertskiy (eramiz II asri oxiri - III asr boshlari) so‘zlariga qaraganda, o‘zini birinchi marta faylasuf deb atagan kishi – Yunon mutafakkiri va olimi Pifagordir. Faylasuflarning qanday ekanliklariga ta’rif berib, u shunday degan: «Hayot o‘yinga o‘xshaydi: ba’zilar unga musobaqalashgani kelsa, ayrimlar savdolashgani, eng baxtlilari esa tomosha qilgani keladilar; hayotda ham xuddi shunday, ba’zilar qullar kabi shuhrat va boylikka o‘ch bo‘lib dunyoga keladi, vaholanki faylasuflar - faqat haqiqat uchun keladi»1.
Bugungi kunda haqiqatni izlash faqat falsafagina taalluqli degan fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi. Faylasuf bo‘lmasdan ham fizika, tibbiyot, badiiy ijodda yoki kundalik hayotda bilim va haqiqatga intilish mumkin. Biroq haqiqatni ongli izlash aynan falsafadan boshlangan.
«Falsafa nima degani?» savolga javob izlash oson emas. Falsafaga tegishli bo‘lmagan narsani aniqlash osonroq. Agar fanlar, aytaylik, botanika yoki lingvistika ta’riflarini oladigan bo‘lsak, ulardagi mavjud farq, odatda, mashg‘ulotning asl mohiyatiga daxl qilmaydi. Hech bir botanik mutaxassisligi fanining mavzusi - o‘simlik olami ekanligiga e’tiroz bildirmaydi. Har qanday lingvist o‘z fanining mavzusi - til ekanligini tasdiqlaydi. Bir faylasufning ta’rifi boshqasinikidan farq qilishi mumkin. Falsafaning ta’rifi shu qadar ko‘p va turli-tumanki, ko‘pchilikda «O‘zi bir fan to‘g‘risida gap ketyaptimikin yoki yo‘qmi?»2 degan savol tug‘ilishi mumkin.
Ba’zi falsafiy tizimlarda falsafa oliy bosh ibtido yoki birinchi sabab to‘g‘risidagi fan deb ta’riflanadi. Masalan, qadimgi Yunon faylasufi Arastu ta’limotida, u «barcha mavjudotning ibtidosi va sabablari to‘g‘risidagi fan» deyilgan bo‘lsa, o‘rta osiyolik mutafakkir Abu Ali Ibn Sino falsafani «mutlaq borliq to‘g‘risidagi oliy fan» deb ta’riflagan.
Ba’zi ta’limotlarda falsafa «to‘g‘ri fikrlash orqali erishilgan bilim» (T.Gobbs), umuman, «fanlarni ko‘rib muhokama qiluvchi» (G.V. Xegel) deb keng tasavvur qilinsa, boshqalarida tor ma’noda, masalan, «fikrning mantiqiy oydinlashuvi» (L.Vitgenshteyn) sifatida tushuniladi.
Umuman falsafani ifoda qilish mumkinmi? Nemis faylasufi G.V.Xegel (1770-1831) muayyan falsafa yagona jahon falsafasining - tarixiy bosqichlari, uni shakllanish onlari va bir butun rivojlanishining mohiyatidir, deb hisoblagan.
Falsafaga berilgan eng oddiy va dastlabki ta’riflar: falsafa - bu dunyoqarash yoki boshqacha aytganda: falsafaning mavzusi - «dunyo - inson» tizimidir.
2. Dunyoqarash nima? Hamma zamonlarda ham inson oldida uning atrof muhitga, boshqa odamlarga, o‘z-o‘ziga nisbatan munosabatini belgilovchi savollar ko‘ndalang turadi. Har birimiz unday yoki bunday tarzda ularga duch kelamiz. Bizni o‘rab turgan dunyo nimadan tashkil topgan? Uni bilib bo‘ladimi va agar bilish mumkin bo‘lsa, qay darajada? Insonni o‘zi nima? U qanday bo‘lishi kerak? O‘limdan so‘ng bizni nima kutadi? Dunyoni nima boshqaradi? Dunyoda yovuzlik muqarrarmi? Inson dunyoni o‘zgartira oladimi?
Mana shunday savollarga javoblardan inson dunyoqarashi shakllanadi. Dunyoqarash - bu insonni o‘rab turgan dunyo va uning unda tutgan o‘rniga nisbatan qarashlar majmuidir. Dunyoqarashning asosiy masalasi - «Men» (sub’ekt dunyosi) va «Men - emas» (sub’ektga nisbatan tashqarida bo‘lgan dunyo) o‘rtasidagi munosabatdir. Dunyoqarash dunyo to‘g‘risidagi umumiy g‘oyalar, qarashlar, insonning dunyoda tutgan o‘rni, hayotiy yo‘nalishi, ishonch e’tiqodi, ideali, bilim tamoyillari, o‘zi va boshqalarning hayotdagi o‘rnini belgilab olishi, inson mohiyatini, o‘zligini anglashi haqidagi qarashlar tizimidir.
Dunyoqarashning tuzilishi dunyoni sezish, dunyoni idrok etish va dunyoni tushunish kabi eng muhim elementlardan iborat.
Dunyoni sezish – bu o‘zini qurshagan dunyoni sezgilar yordamida hissiy idrok etishdir. Bunda tuyg‘ular, kayfiyat dunyoni go‘yoki ranglarga bo‘yaydi, uning obrazini sub’ektiv, sof individual sezgilar orqali aks ettiradi. Masalan, bemor odamga haddan tashqari yorug‘ bo‘lib tuYulishi mumkin bo‘lgan nur, sog‘lom odam uchun normal bo‘ladi; daltonik ranglar gammasini, ko‘rish qobiliyati normal bo‘lgan odamga qaraganda butunlay boshqacha idrok etadi. Bundan dunyoni sezishning har xil, xususan optimistik, pessimistik, fojeaviy tiplari kelib chiqadi.
Dunyoni idrok etish – bu atrof borliqni ideal obrazlarda tasavvur qilishdir. Dunyoni idrok etish to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lishi, ya’ni borliqqa mos kelmasligi mumkin. Bu holda borliq noto‘g‘ri tasavvur qilinadi yoki illYuziyalar, suv parilari, alvastilar, kentavrlar haqidagi tasavvurlarga o‘xshash fantaziyalar paydo bo‘ladi.
Dunyoni tushunish – insonning va uni qurshagan dunyoning mohiyatini aniqlash, shuningdek tabiatda Yuz beruvchi voqealar va jarayonlarning o‘zaro aloqalarini tushunishga qaratilgan aqliy-bilish faoliyatidir.
Dunyoni sezish va qisman (elementar shakllarda) dunyoni idrok etish nafaqat insonga, balki hayvonlarga ham xos bo‘lsa, dunyoni tushunish esa faqat odamlarga xos xususiyatdir.
Har qanday dunyoqarash tarkibiga: bilim, baholash, e’tiqod va aqidalar kiradi. Dunyoqarash turli shaklda mavjud bo‘lishi mumkin: kundalik, mifologik, diniy, badiiy, falsafiy va ilmiy tusdagi tasavvurlar. Dunyoqarash shaxsiy ong va ijtimoiy ong dalili tarzida bo‘lishi mumkin. Masalan, afsonaviy dunyoqarash to‘g‘risida gapirganda biz muayyan shaxsning olam to‘g‘risidagi tasavvurlari emas, balki qadimgi zamon jamoasi tasavvurlari haqida fikr Yuritamiz. yohud biz xristianlar, musulmonlar, buddaviylar va boshqa diniy guruhlar dunyoqarashi to‘g‘risida gapiramiz. SHu bois dunyoqarash shaxs, ijtimoiy guruh (diniy, milliy, yoshga oid, jinsiy, kasbiy va b.), davlat, davlatdan tashqari tuzilmalar dunyoqarashi sifatida ham bo‘lishi mumkin.
Tarixiy taraqqiyot turlari jihatidan: 1) afsonaviy (mifologik), 2) diniy, 3) falsafiy qarashlardan va 4) fandan iborat.
1) Mifologiya (Yunoncha – metos naql, rivoyat logos fikr ta’limot degani) - ibtidoiy ongda voqelikning xayoliy in’ikosidir. Mifologik dunyoqarashda olamning kelib chiqishi, tuzilishi, tabiat va jamiyatning turli hodisa va voqealarini umumlashtirib hayoliy shakllarda tasvirlanishidir. Mifologiya tabiat va ijtimoiy turmushning shunday shaklini o‘zida xalq xayolan g‘ayritabiiy ongsizlarcha badiiy qayta ishlab chiqqan.
Masalan: Gomerning «Iliada», hind eposi «Romayana», o‘zbek xalq eposi «Alpomish» va boshqalar. Bulardan xalqning o‘tmishdagi ijtimoiy – iqtisodiy va ma’naviy – hayoti, madaniyati, urf-odatlari, an’analari, ahloqiy, diniy, siyosiy qarashlari va tasavvurlari o‘z ifodasini topgan. Bu rivoyat va afsonalarda ijtimoiy ong shakllari to‘la shakllanmagan vaqtda ularning elementlari haqidagi tasavvurlari shaklida o‘z ifodasini topgan.
Mifologik dunyoqarash, birinchidan, muayyan xalqning yoki jamoaning qarashlari, ikkinchidan, unda jamiyatning ma’lum ma’naviy madaniy qadriyatlari mujassamlashgan. Uchinchidan, unda tabiat va jamiyat bir butun borliqning umumiy birligi, aloqadorligining dastlabki manzarasi o‘z ifodasini topgan.
Mifologiyaga shu narsa xoski, unda hamma narsa bir, yaxlit, ajralmasdir; tabiat narsalari va hodisalari inson bilan ayni bir qonunlarga muvofiq yashaydi, inson bilan bir xil sezgilar, istaklar, mayllarga ega bo‘ladi.
2) Diniy dunyoqarash. Dunyoqarashning tarixan ikkinchi shakli dindir. Din so‘zi arabchadan tarjimada e’tiqod, ishonch, ishonmoq degan ma’nolarni anglatadi. Mif kabi, din zamirida ham e’tiqod, tuyg‘ular va emotsiyalar yotadi. Garchi din kurtaklari «aqlli odam» dunyoqarashi shakllanishining dastlabki bosqichlarida, ya’ni taxminan 40-60 ming yil muqaddam paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, umuman olganda u dunyoqarashning mustaqil shakli sifatida keyinroq, jumladan mif ta’sirida insonning abstrakt fikrlash qobiliyati sezilarli darajada kuchaygan davrda vujudga kelgan.
Diniy dunyoqarash odamlarning g‘ayritabiiy narsalar (xudolar, «oliy aql», qandaydir absolYut va sh.k.)ga bo‘lgan e’tiqodiga asoslanuvchi tegishli xulq-atvori va o‘ziga xos harakatlaridir. Agar mifologiyada an’anaga, rivoyat qiluvchining, ya’ni oqsoqolning obro‘siga e’tiqod kuchli bo‘lsa, dinda g‘ayritabiiy narsalarga e’tiqod birinchi o‘rinda turadi, oliy kuchlar nomidan rivoyat qiluvchi ruhoniylar obro‘si esa ikkinchi darajali rol o‘ynaydi.
3) Falsafiy dunyoqarash dunyoni, borliqni aqliy jihatdan umumlashtirib tushuntiruvchi nazariy qarashlar tizimidir. U diniy dunyoqarashdan farqli ravishda insonning aqliy intellektual faoliyatiga ko‘proq e’tibor beradi. Falsafiy dunyoqarash - bu mantiqiy tahlil va umumlashtirishlar, mantiqiy muhokamalar va xulosa chiqarishlar, mantiqiy asboblar va raddiyalar asosida nazariy fikr dunyoni, borliqni tushunish, tushuntirish, baholash va izohlashdir. Falsafiy dunyoqarash ko‘r-ko‘rona e’tiqodlar, hayoliy obrazlar to‘g‘risidagi tasavvurlar va tushunchalarga emas, balki insonning borliqqa munosabati to‘g‘risidagi erkin, tanqidiy va ayni vaqtda umumiy aqliy mushohadalarga, nazariy umumlashmalariga asoslanadi. Falsafiy dunyo qarashda inson tabiatning bir qismi sifatidagina emas, balki alohida o‘ziga xos borliq sifatida qaraladi.
Falsafiy dunyoqarash olamga, jamiyatga, insonga bo‘lgan eng umumiy qarashlar tizimidir.
SHunday qilib, taxminan 2500 yil muqaddam dunyoqarashning uchinchi shakli – falsafa paydo bo‘lishi uchun zarur shart-sharoit Evropa va Osiyoda: Hindiston, Xitoy, Markaziy Osiyo va qadimgi YUnonistonda taxminan bir vaqtda avvalo dunyoni oqilona anglash usuli sifatida vujudga keldi. Dunyoqarashning avvalgi shakllari – mif va dindan farqli o‘laroq, falsafa dunyoni e’tiqod va tuyg‘ularga tayanib emas, balki aql va bilimlarga tayangan holda tushuntiradi.
4) Fan dunyoqarash shakli. Bilimlarning o‘sishiga qarab har xil muammolar va masalalar soni ham tinimsiz ko‘payib bordi. Bu jarayon fanning rivojlanish sur’ati yanada jadallashuviga va u falsafadan yanada ko‘proq ajralishiga sabab bo‘ldi. Biroq fan bilimning mustaqil sohasi, dunyoqarashning alohida shakli sifatida faqat XVII-XVIII asrlarda to‘la shakllandi. Muayyan darajada shartlilik bilan shuni aytish mumkinki, bu I.NYuton klassik mexanikaning asosiy qonunlarini ta’riflab, shu tariqa tabiatshunoslikning asosiy bo‘limi – asoslari asrlar mobaynida shakllangan, bosh tamoyillari esa bundan Yuz yilcha muqaddam, avvalo Galileo Galiley tomonidan ta’riflangan klassik mexanikaning shakllanishiga yakun yasaganidan keyin Yuz berdi.
Falsafa va fanning umumiy jihatlari shundaki, ular: 1) avvalo aqlga tayanadi va oqilona bilimni yaratishga harakat qiladi; 2) o‘rganilayotgan ob’ektlar va hodisalarning qonunlari va qonuniyatlarini aniqlashga qarab mo‘ljal oladi; 3) kategoriyalar apparatini yaratadi, o‘zlari ilgari surgan qoidalarni asoslaydi, ularga dalil-isbot keltiradi va yaxlit tizimlarni yaratishga harakat qiladi.
Falsafa va fan o‘rtasidagi farq shunda namoyon bo‘ladiki: 1) falsafa doim u yoki bu faylasuf nomi bilan bog‘lanadi, uning g‘oyalariga qo‘shilishi yoki qo‘shilmaslik masalalariga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Fan esa, o‘z mohiyatga ko‘ra jamoa mehnati mahsulidir; 2) falsafada (muayyan fandan farqli o‘laroq) yagona til va yagona tizim mavjud emas. Bu erda fikrlar rang-barangligi me’yor sanaladi. Fanda esa monizm hukm suradi, chunki hech bo‘lmasa fanning u yoki bu muayyan sohasidagi asosiy tamoyillar, qonunlar va kategoriyalar tizimiga nisbatan yondashuvlar birligi mavjud bo‘ladi; 3) falsafa ilmiy bilimlar va dalillardan keng foydalanadi, biroq uning uzil-kesil xulosalari ishonchli deb hisoblanishi mumkin emas, asosan faylasuflarning sub’ektiv fikrlari va mulohazalariga asoslanadi. Fan esa mohiyat e’tibori bilan isbotlangan va sinalgan bilimlar olishga harakat qiladi; 4) falsafiy bilimlarni tajribada sinash mumkin emas; 5) falsafa aniq prognoz bera olmaydi, ya’ni u ishonchli bilimlarni kelajakka tatbiq etishga qodir emas, zero unda bunday bilimlar yo‘q. Ayrim faylasuf falsafiy qarashlarning muayyan tizimi yordamida faqat bashorat qilishi mumkin, lekin u olim kabi prognoz qilish yoki modellashtirishga qodir emas.
3. Falsafa – bu nafaqat u yoki bu odam dunyoqarashining shakli, balki ijtimoiy ong shakli, odamlar borlig‘i va bilishining umumiy tamoyillari, ularning dunyoga munosabati aks etuvchi, tabiat, jamiyat va tafakkurning eng umumiy qonunlari kashf etiluvchi va ta’riflanuvchi ma’naviy faoliyatdir. YA’ni bu dunyoga va insonning undagi o‘rniga nisbatan qarashlarning umumiy tizimidir.
Insonda bilishga qiziqish uyg‘otadigan, mifologiya, din yoki fan javoblaridan qoniqmagan insonning o‘ziga ma’lum bilimlar va tajribaga, muayyan e’tiqod, ishonch va intuitsiyaga tayangan holda oqilona asoslangan javoblar berishga harakat qiladigan, savollar tug‘diradigan har qanday ob’ektiv va sub’ektiv borliq falsafaning predmeti hisoblanadi.
Falsafaning mavzu sohasi «dunyo-inson» tizimi hisoblanadi: a) «dunyo» tizimi, b) «inson» tizimi va a) ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabat tizimi. Bu tizimlarning o‘zi turli darajada tasavvur etilgan. «Dunyo» tushunchasida bir butun dunyo, uning tarkibiy qismlari (megadunyo, makrodunyo, mikrodunyo; anorganik dunyo, organik dunyo, ijtimoiy dunyo va hokazolar), ular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik va o‘zaro munosabat tushuniladi. «Inson» tushunchasida alohida olingan shaxs, turli darajadagi ijtimoiy jamoalar, bir butun jamiyat tushuniladi.
Falsafani «dunyo» va «inson» tizimidagi hamma narsa va «inson» ni «dunyo» ga bo‘lgan har qanday munosabati qiziqtiravermaydi. Falsafa eng avvalo umumiylikka, «dunyo-inson» tizimidagi universal munosabatlarga yo‘nalgan. Bularga ontologik (borliq haqida), gnoseologik (bilish haqida), aksiologik (qadriyatlar haqida) va praksiologik munosabatlar kiradi. Bu munosabatlarning umumiyligi ularning zarur tarzdaligini bildiradi. Insonlar qaerda va qanday davrda yashamasinlar, albatta mana shu munosabatlar orqali atrof muhit bilan bog‘liqdirlar: ular - shu dunyoning mahsuli, ular shu dunyoni o‘rganadilar, uni baholaydilar va o‘zgartiradilar.
Qaysi falsafiy muammo - bosh, etakchi muammo ekanligi faylasuflarni hamisha qiziqtirib kelgan. Ayrim faylasuflar buni Xudoni bilish, boshqalari - insonni bilish, uchinchilari - dastlabki borliqni aniqlash, to‘rtinchilari - dunyoning qadriyatli o‘lchovi va hokazolarni bilishda deb bilganlar. Falsafaning asosiy muammolari mavjudmi, agar mavjud bo‘lsa, ular nimalardan iborat?
Barcha falsafiy muammolarni uchta asosiy guruhga taqsimlash va quyidagi savollar bilan ifodalash mumkin:
1. Dunyo nima?
2. Inson nima?
3. Dunyo bilan inson o‘rtasidagi munosabatlar nimadan iborat?
Agar biz har qanday falsafiy muammoni oladigan bo‘lsak, u albatta mana shu uchta falsafiy masaladan bittasiga dahldordir.
SHunday qilib, falsafaning markaziy masalasi bo‘lgan insonning dunyoga munosabati uning mavzusi hamda inson tabiatida mavjud bo‘lgan dunyoqarashidan kelib chiqadi. Bu erda, «dunyo-inson» tizimi to‘g‘risida gapirganda, «dunyo» va «inson» ni ularaning o‘zaro qarama-qarshi tomonlarini qayd etuvchi juda keng falsafiy tushuncha ekanligini nazarda tutish kerak. SHu bois mazkur kontekstda ular «Men» va «Men – emas», «sub’ekt» va «ob’ekt», «makrokosmos» va «mikrokosmos», «ichki dunyo» va «tashqi dunyo», «ruh» va «tabiat», «ong» va «materiya», «tafakkur» va «borliq», «g‘oyaviy» va «moddiy» kabi turli davr hamda har xil falsafiy tizimlarda insonning dunyoga nisbatan qarashlari aks ettirilgan bo‘lib, ular binar oppozitsiyalarga tengdir.
«Dunyo» – inson» muammosining mazmuni markaziy falsafiy muammo sifatida u yoki bu tarixiy davrning etakchi yo‘nalishlari (tendensiyalari) mazmuni bilan bog‘liqdir. Jamiyatda ustuvor muammolar o‘zgarganida mazkur muammo mazmuniga nisbatan urg‘u, ta’kid ham o‘zgaradi. Bu urg‘ular u yoki bu tarixiy davr faylasuflarining diqqat markazi nimaga qaratilganligining ifodasi hisoblanadi. Boshqacha aytganda, «dunyo-inson» muammosi u yoki bu davr falsafiy tafakkuri yo‘nalishini (paradigma) ifodalaydigan o‘z tarixiy shakllariga ega.
SHunday qilib, falsafa - bu ijtimoiy ongning o‘ziga xos shakli, nazariy dunyoqarash turidir. Bunda insonning dunyoga bo‘lgan universal munosabatlari (ontologik, gnoseologik, aksiologik va praksiologik) kategoriyalarning muayyan tizimi orqali umumiylashgan shaklda aks etadi va inson madaniyati Yutuqlari sintezlanadi. SHu bilan bir qatorda, falsafa umumnazariy, dunyoni yaxlitligi va bir butunligicha o‘rganadigan fandir.
4. Falsafa bir necha funksiyalar (vazifalar) ni bajaradi. Ular orasida eng asosiylari:
1. Dunyoqarashlik funksiyasi. Falsafiy bilimlarning asosiy xususiyati bo‘lib, insonni borliq, materiya, tabiat, jamiyat, inson, inson ongi va tafakkuri, insonni dunyoning bilish haqidagi eng umumiy qarashlari bilimi bilan qurollantiradi.
2. Metodologik funksiyasi. Falsafa boshqa fanlardan farqli o‘laroq tabiat, jamiyat va inson tafakkurining eng umumiy qonunlari haqidagi fandir. Falsafa metodologiya sifatida tibbiyot ilmi taraqqiyotining konkret tarixiy sharoitlari bilan qonuniyatli aloqasini tushunishga, ilmiy kashfiyotlar va ularning tadbiq etilishini ijtimoiy qiymatini va umumiy istiqbolini chuqurroq a nglashga yordam beradi
3. Gnoseologik funksiyasi. Falsafa dunyoni bilish asosida uni o‘zgarishida insonni faol faoliyat ko‘rsatishga undaydi. Falsafa amaliy va nazariy masalalarni hal qilishda katta rol o‘ynaydi. Bularning barchasida falsafaning gnoseologik funksiyasida namoyon bhladi.
4. Ijtimoiy funksiyasi. Falsafa insonning ijtimoiy tabiatini va mohiyatini ochib berish bilan birga, u insonning tabiatga munosabatini, jamiyatning tabiat bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatib beradi, shuningdek insonning tabiatga g‘amxo‘rlik bilan munosabatda bhlishini o‘rgatadi.
5. Evristik funksiyasi (“evrika” grekcha so‘z bo‘lib, kashf etish, degan ma’noni anglatadi) gnoseologik vazifasi bilan bog‘liq bo‘lib, tabiat, jamiyat va inson tafakkuri rivojlanishining umumiy yangi qonuniyatlarini kashf etishni xarakterlaydi.
6. Praksiologik funksiyasi falsafiy g‘oya va nazariyaning ijtimoiy hayotga amaliy tatbiq etilishi bilan izohlanadi.
7. Integrativ funksiyasi fan bilan chambarchas bog‘liq. Real borliqning yangi va yangi ob’ektlari va hodisalari inson nazariy tadqiqotlari sohasidan o‘rin olishi, shuningdek ilgari ma’lum darajada anglab etilgan narsalar va hodisalarni yanada chuqurroq o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj ilmiy bilim o‘z rivojlanishining dastlabki bosqichlaridayoq tabaqalanishiga turtki beradi.
8. Tarbiyaviy funksiyasi. Bu funksiyasi kishining aqliy jihatdan kamol topishida, nazariy tafakkurning qaror topishida, jamiyatning etuk kishisi bo‘lib etishishida Yuksak g‘oyaviy mustahkam e’tiqod ruhida tarbiyalashda, ilmiy dunyoqarashni qaror toptirishda muhim rol o‘ynaydi. Umuman falsafani o‘rganish va chuqur egallash har bir bo‘lg‘usi mutaxassisning tafakkur doirasini va faol hayotiy pozitsiyasini tarbiyalaydi.
Falsafa tafakkur rivojining buYuk Yutug‘i va insoniyat ma’naviy Yuksalishining muhim omilidir. U kishilarning olamni bilishi, jamiyatning Yuksalishi, odamlarning mahoratini namoyon qilishi, inson qadriyatlarining Yuksaklikka ko‘tarilishi bilan bog‘liq.
Hozirgi zamon falsafasi doirasida ko‘pincha quyidagi mustaqil sohalarni ajratishadi:
1. Ontologiya – (Yunoncha ontos-mohiyat, logos-tadqiqot, borliq uning mohiyati, shakllari, asosiy tamoyillari va eng umumiy kategoriyalari haqidagi ta’limot.
2. Gnoseologiya – (epistemologiya) (gnozis-bilish, logos – ta’limot) bilish haqidagi, inson tafakkuri faoliyati qonunlarini o‘rganadi.
3. Praksiologiya - (praksis-faoliyat, logos-ta’limot) inson amaliy faoliyati haqidagi ta’limot.
4. Aksiologiya – (aksios-qadriyat, logos-ta’limot) qadriyatlar inson faoliyati, uning yo‘nalishi, umumiy ahamiyati.
5. Falsafiy antropologiya - inson to‘g‘risidagi ta’limot
6. Ijtimoiy falsafa – jamiyat to‘g‘risidagi ta’limot
7. Futurologiya (futurum –kelajaki va logos –ma’limot) – keng ma’noda kelajak haqidagi ta’limot, tor ma’noda prognozlashtirish i prognostika so‘zlarining sinonimi sifatida ishlatiladi.
8. Teosofiya (thes — xudo i sopha — donishmandlik, bilim) xudoni bevosita bog‘lanish orqali bilish haqidagi ta’limot.
9. Mantiq – tafakkur qonunlari va shakllari to‘g‘risidagi ta’limot
10. Etika – axloq to‘g‘risidagi ta’limot
11. Estetika – go‘zallik to‘g‘risidagi ta’limot
12. Metodologiya - tafakkur usullari va metodlari haqidagi ta’limot.
SHuningdek tabiatshunoslik falsafasi, din falsafasi, huquq falsafasi, fan falsafasi, texnika falsafasi, tarix falsafasi, madaniyat falsafasi, siyosat falsafasi, global muammolar falsafasi kabi bugungi kunda mustaqil fan maqomini olish bilan birbutun yo‘nalishlarga ajralgan. Ulaning har birining o‘z tushunish apparati hamda muammoni hal qilishning o‘ziga xos usullari bor.
U yoki bu falsafiy fanning rivojlanish darajasi turlichadir. Ulardan ba’zilari (masalan, ontologiya) falsafa ibtidosida vujudga kelgan bo‘lsa, boshqalari (global muammolar falsafasi yoki texnika falsafasi) XX asr mahsulidir.
Falsafiy fanlarning mustaqilligi to‘g‘risida gapirganda, mustaqillikning o‘zini nisbiyligini nazarda tutish kerak. Falsafiy fanlar bir-biridan uzilib qolgan emas, ular o‘zaro yaqindan aloqada va o‘zaro bog‘liqdir. Ularning negiz mavzulari ko‘pincha bir-biri bilan yondosh keladi: mantiq va bilish, bilish va din, din va axloq, axloq va san’at va hakozo. Falsafiy fanlar ayniqsa, muayyan tizimlar va oqimlar doirasida o‘zaro aloqador va o‘zaro bog‘liq bo‘ladi. Masalan, Xegel tizimida dialektika yoki ruh fenomenologiyasini tushunmay turib, na uning mantig‘ini va na uning falsafa tarixini anglab bo‘ladi.

A D A B I YO T L A R:



Davronov Z., Shermuhamedova N., Qahharova M., Nurmatova M., Husanov B., Sultonova A. Falsafa. -Toshkent: TMU, 2019.
SHermuxamedova N.A. Falsafa -Toshkent: Noshir, 2012.
SHermuxamedova N.A. Falsafa. 2-nashr. Toshkent: Noshir, 2020.
Axmedova M. Falsafa. Tahriri ostida. - Toshkent.UFMJ, 2006.
Mamashokirov S. va boshqalar. Falsafa. O‘quv qo‘llanma. O‘zbekiston, 2005.
Tulenov J.,Tulenova G.,Tulenova K.Falsafa. Darslik. - Toshkent. Fan va texnologiya, 2016.



1 Диоген Лаэртский. О жизни, учениях и изречениях знаменитых философов. М., 1979. 334-б.

2 Қаранг: Ойзерман Т.И. Проблемы историко-философской науки (Тарихий-фалсафий фанларнинг муаммолари). М., 1982. 57-б.

Yüklə 48,41 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin