E qosimov, M. Akbarov



Yüklə 300,42 Kb.
səhifə29/156
tarix14.04.2023
ölçüsü300,42 Kb.
#97707
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   156
Mog‘or zamburug‘i bilan nam yog‘ochlar tez kasallanadi. Ular yog‘och yuzasida kulrang, ko‘k va boshqa ranglarda mayin paxta singari tarqalgan bo‘ladi. Ammo, yog‘ochning mustahkamligiga uncha zarar yetkazmaydi. Bunday zamburug‘lar daraxt kesilgandan keyin, hatto qurigandan keyin ham nobud bo‘lmaydi. Aksincha, yog‘ochda chirish kasalligi taraqqiy etaveradi. Bunday zamburug‘ bilan shikastlangan daraxtdan ishlangan konstruksiya qurilishda qo‘llanilgan taqdirda ham keyinchalik buzilishi mumkin. Ayniqsa, nam sharoitda ularning buzilishi tezlashadi.
Uy zamburug‘i deb ataluvchi yog‘och kasalligi juda xavflidir. U odatda kesilgan daraxtni, hatto qoniqarli namlikda ishlatiladigan yog‘och ashyolarini bir necha oy ichida shikastlab, ishga butunlay yaroqsiz qilib qo‘yishi mumkin. Bunday zamburug‘lar bilan shikastlangan yog‘ochlarni inshootlar uchun ishlatish mumkin emas.
Zamburug‘ urug‘lari uzoq joylargacha shamolda uchib tarqaladi, ular binolarning yog‘och qismlarini juda tez shikastlab, sal tekkanda maydalanib-sochilib ketadigan qo‘ng‘ir rang ko‘k massaga aylantiradi. Uy zamburug‘i yog‘ochning hamma qatlamini shikastlaydi, ba’zan yog‘ochning faqat kun yorug‘i tushib va havo ta’sir etib turadigan sirti — yupqa qatlamgina sog‘ bo‘ladi. Yog‘och ashyolar uchun eng xavfli nuqson haqiqiy uy zamburug‘i bilan shikastlanishdir. U deyarli hamma yog‘och jinslarda uchraydi. Ayniqsa, ignabargli daraxtlarni ko‘proq shikastlaydi.
Bu xildagi zamburug‘lar harorat 15—25°C va namlik 22—35% bo‘lgan muhitda to‘la rivojlanadi va yog‘ochni butunlay chiritib yuboradi. Qorong‘u va zax binolarda, shuningdek, yaxshi quritilmagan yog‘ochlarda zamburug‘lar juda tez ko‘payadi.


YOG‘OCH ASHYOLARNING XILLARI

Qurilishda ishlatiladigan yog‘och ashyolar ikki asosiy guruhga bo‘linadi: tilingan va tilinmagan ashyolar.


Tilinmagan yog‘och deb daraxt tanasining ildiz va butoqlardan tozalangani xari va xodalar deyiladi.
Uch qismi diametri 14 sm va bundan katta bo‘lgan, hamda har ikki santimetrdan keyin bir tekisda yo‘g‘onlashib boradigan tilinmagan yog‘ochlar xari deb ataladi (2.13-rasm, a). Agar tilinmagan yog‘och uchining diametri 14 sm dan kam bo‘lsa, u holda xoda (diametri 8—11 sm) yoki xodachalar (diametri 3—7 sm) deb ataladi.
Xarilarning uzunligi Davlat standartlariga muvofiq 3-9 metr atrofida bo‘ladi. Lekin qurilishda o‘rtacha uzunlikdagi, ya’ni bo‘yi 4—7,0 m keladigan xarilar ko‘proq ishlatiladi. Ularning diametri tubidan uchiga qarab har 1 metrda 1 sm dan 1,5 sm gacha kamayib boradi. Tilingan yog‘ochlarni olishda, har metrda 1,5 sm dan ko‘proq ingichkalashgan xarilar yaroqsizdir. Chunki taxta tilishda ularning ko‘p qismi chiqitga chiqib ketadi.
Tilinmagan yog‘ochlar sifatiga ko‘ra sortlarga bo‘linadi. Birinchi sortga yuqori sifatli xarilar kiradi. Bunday xarilardan binolarning og‘irlik kuchi ta’sir etuvchi konstruksiyalar, duradgorlik va mebel buyumlari tayyorlanadi. Ikkinchi sortga ayrim nuqsonlari bo‘lgan, ammo zamburug‘ bilan kasallanmagan xarilar kiradi. Bu sortdagi yog‘ochlar kuch ta’sirida ishlaydigan konstruksiyalar, qoliplar va shunga o‘xshashlarni tayyorlashga ketadi. Uchinchi sort xarilarda nuqsonlar ko‘p bo‘ladi, lekin chirish kasalligi bo‘lmasligi kerak. Bunday yog‘ochlar esa bino va inshootlarning ikkinchi darajali qismlari sifatida yog‘och binolar qurishda va shu kabilarda ishlatiladi.
Xoda va xodachalardan ko‘pincha qurilishda to‘sin, ustun va sinchlar, hamda tirgaklar tayyorlanadi. Xodalar bo‘yiga arralanib tilingan yog‘och ashyolar olinadi. Yog‘ochning sifatiga va undagi nuqsonlarning miqdoriga qarab tilingan yog‘och ashyolar oltita sortga bo‘linadi.
Qurilishda tilingan ashyolarning quyidagi turlari ishlatiladi: xarini bo‘ylamasiga qoq o‘rtasidan arralab bo‘linsa, yarim xarilar hosil bo‘ladi (2.13-rasm, b).
Yarim xarilar isitilmaydigan binolarning devorlariga, yopma sinchlariga va boshqalarga ishlatiladi. Yarim xari deganda uning ko‘ndalang kesimini — d/2 tushunmoq kerak. Masalan, xarining diametri 140 yoki 180 mm bo‘lsa, yarim xari 140/2 yoki 180/2 deb yoziladi.
Butun xarini bo‘ylamasiga to‘rt qismga teng arralab, chorak xari olinadi (2.13-rasm, d). Davlat standartlariga muvofiq, tilingan yog‘ochlar ko‘ndalang kesimning shakliga va katta-kichikligiga qarab qurilish bruslari, bruschalar hamda boshqa xillarga bo‘linadi.
Xari to‘rt tomonidan arralansa, to‘g‘ri to‘rtburchak yoki kvadrat kesimli toza kesilgan brus hosil bo‘ladi.
Bruslar kesimining o‘lchami 100—220 mm chegarasida belgilanadi.
Qurilishda asosan ustunlar sifatida kvadrat kesimli bruslar tombop yopma to‘sinlar, stropila to‘sinlar va to‘rtburchak kesimli (2.14-rasm) bruslar ishlatiladi. Ko‘pincha, ko‘ndalang kesimi to‘g‘ri to‘rtburchakli toza qirqilgan brus hosil qilishga zarurat bo‘lmaydi. Yog‘ochni tejash maqsadida xarining to‘rt tomoni chala arralanib, yumaloq qirrali brus hosil qilinadi.
Faqatgina ikki tomoni arralangan xari ikki kandli brus deb ataladi. Qurilish uchun uzunligi 1—7 m, eni 120—300 mm va qalinligi 110—225 mm bo‘lgan bruslar yaroqli hisoblanadi.
Yog‘och ashyolarning qurilishda eng ko‘p ishlatiladigan xili —taxtadir. Ular ko‘ndalang kesimining shakliga qarab uch xil: eni bir o‘lchamda, hamma tomoni arralangan to‘g‘ri qirrali taxta (2.15-rasm, a), ikki qirrasi chala arralangan yumaloq qirrali taxta (2.15-rasm, b) va ikki qirrasi butunlay arralanmagan taxtalarga (2.15-rasm, d) bo‘linadi. Umuman, taxta deganda eni qalinligidan uch marta ortiq bo‘lgan yog‘ochni tushunish lozim.
Xarini arralanganda ikki yoki to‘rtta chekkasidan chiqqan taxta pushtaxta deyiladi (2.15-rasm, e). Bunday taxtalar qurilishda ikkinchi darajali qismlar yoki yordamchi ashyo sifatida ishlatiladi.
Taxtalarning o‘lchamlari standartlashtirilgan. Taxtaning eni 80—300 mm bo‘ladi. Ular qalinligi jihatdan ikki xil: yupqa va qalin xillarga bo‘linadi. Yupqa taxtalarning qalinligi 8, 16, 19 va 25 mm, qalin taxtalarniki esa 40, 50, 60 va 100 mm bo‘ladi.
Qurilishda oldindan yo‘nib tayyorlab qo‘yilgan yog‘och elementlardan, polbop shpuntli taxtalar (2.16- rasm), chaspaklar, polning devorga tutashgan burchagiga qoqiladigan plintuslar va zinapoya tutqichi kabi yarimfabrikat buyumlar keng ishlatilmoqda. Yo‘nilgan taxtalar ko‘ndalang kesimining shakliga ko‘ra: to‘g‘ri to‘rtburchakli (randalangandan keyin ham o‘zining avvalgi shakli o‘zgarmaydi) va shpuntli xillarga bo‘linadi. Shpuntli taxtalar pol uchun, devorlarni qoplash va pardevorlar qurish uchun ishlatiladi. Bunday taxtalar randalangan bo‘lib, ularning bir chetida shpunt (ariqcha), ikkinchi chetida chizig‘i bo‘ladi. Shu tufayli, ularni bir-biriga zich qilib birlashtirish mumkin.
Chaspaklar (2.17-rasm) devor suvog‘i bilan eshik kesakisining bir-biriga tutashgan joyini berkitib turish uchun, shuningdek, yog‘och uylarda deraza hamda eshik o‘rinlariga shakl berish uchun ishlatiladi. Chaspaklar taxtalarning uzunligi bo‘ylab maxsus randa bilan yo‘nib tayyorlanadi.
Galtel va plintuslar polning devor bilan tutashgan joyini berkitib turadi. Zina panjaradan foydalanish qulay bo‘lishi uchun, panjaraning yuqorigi tomoniga har xil kesimli tutqichlar mahkamlanadi (2.18-rasm).
Yog‘och ashyolar juda ko‘p bo‘lgan joylarda (o‘rmonli rayonlarda) yog‘och taxtalardan imorat tomlarini yopishda ham foydalaniladi. Buning uchun bo‘yi 50—70 sm, eni 8—15 sm va qalinligi 0,3 sm keladigan plastinkalar hamda gont (qalin qirrasi bo‘ylab nov shaklida yo‘nilgan taxtachalar) tayyorlanadi. Ular uchun qattiqligi o‘rtacha bo‘lgan yog‘och (qarag‘ay, terak, zirk daraxti va h.k.) ishlatiladi.
Suvoqchilikda ishlatiladigan rezgi taxta qalinligi 2-3 mm, eni 30 mm ga yaqin va uzunligi 1,5-2 mm keladigan reykadir.
Fanerlar yupqa yog‘och qatlamlari tolalarini bir-biriga tik qo‘yib, yelim bilan yopishtirib tayyorlanadi. Bu qatlamlar yuqori sifatli, tanasi to‘g‘ri bo‘lgan qayin, zirk daraxti, terak hamda qarag‘aydan tayyorlanadi.
Maxsus stanoklarning keng va juda o‘tkir pichog‘i yordamida aylanib turuvchi xaridan yupqa qatlam — faner shponi shilinadi (2.19-rasm).
Fanerning o‘lchamlari: 72,5183 sm, qalinligi 0,15—1,2 sm. Faner tayyorlashda ishlatiladigan yelim
xossalariga qarab suvga chidamsiz va suvga chidamli xilllarga bo‘linadi. Suvga chidamli faner qayin daraxti shponidan tayyorlanadi, bunday fanerning shponlari maxsus sintetik smolalardan (fenolformaldegid, karbamid va h.k. lardan) olingan yelimlar bilan yopishtiriladi: 7, 9 va 11 qatlamli bo‘ladi.
Oq qayin yog‘ochidan shilingan shponlarni bakelit yelimi bilan yopishtirib fanerlar olinadi. Bunday
fanerlarni tayyorlashda yelimning qanday smoladan ishlanganligiga ko‘ra БФС (spirtda eruvchan smo- lalardan), БФB-1 (spirtda va suvda eruvchan smolalardan) va БФB-2 (suvda eruvchan smolalardan) singari markalarga bo‘linadi. Bakelit bilan yopishtirilgan faner juda mustahkam, zararli muhitga chidamli bo‘ladi. Fanerlarni o‘zaro yopishtirib, yelimlangan konstruktiv elementlar tayyorlanadi.
Parket — turli yog‘ochdan tayyorlangan, uzunligi 15—50 sm, eni 3,5—9 sm va qalinligi 1,2; 1,7; 2,0 sm keladigan taxtachadir. Parketning ariqchali, shpuntli, falsli va qiya qirrali (2.20-rasm) xillari ishlab chiqariladi. Endilikda donali parket taxtachalarning qalinligi 1,5 sm, uzunligi 15 dan 40 sm gacha, eni 3 dan 6 sm gacha bo‘lgan xillari ishlab chiqarilmoqda.
Qurilishda ignabargli daraxt yog‘ochdan tayyorlangan parket shitlar ko‘p qo‘llaniladi. Ularning o‘lchami
100100 sm dan 140140 sm gacha bo‘lishi mumkin. Parket shit kesimi 4,49,4 sm li bruschalardan yig‘iladi, qalinligi 3-3,5 sm li shpunt brusga bir tekis yotqiziladi va unga yaproqli yog‘ochning qattiq turidan tay- yorlangan parket taxtachalar ma’lum shaklda suvga chidamli yelim bilan yopishtirilib pol qilinadi.
Hozirgi parket shit o‘rniga boshqa yirikroq elementlar: eni 15 sm va uzunligi 300 sm gacha bo‘lgan parket taxtalar va qattiq qog‘ozga yopishtirilgan yig‘ma mozaika parketlari ishlatilmoqda. Bunday polbop elementlarning kattaligi 40—60 sm bo‘lishi mumkin. Ikkilamchi yog‘ochlardan (2.21-rasm) qalinligi 2,6-5 sm bo‘lgan duradgorlik plitalari ishlanadi. Bunday plita mayda reykalarni bir-biriga yopishtirib va zarur bo‘lgan taqdirda bir yoki ikki tomoniga faner shponi yopishtirib tayyorlanadi.
Yuqorida aytib o‘tilgan yarimfabrikat va buyumlardan tashqari zavodda tayyorlangan yog‘och konstruksiyalardan ham qurilishda keng foydalaniladi. Qurilishga yog‘och konstruksiyalar tayyor yoki qurilish maydonining o‘zida yig‘iladigan holda ham keltiriladi.
Yopma va qavatlararo konstruksiyalar sifatida kesimi to‘g‘ri to‘rtburchak va T shaklida yelimlangan to‘sinlar, yig‘ma qoliplar va shunga o‘xshashlar qurilishda ko‘plab ishlatiladi. Bunday konst-ruksiyalarni tayyorlashda yelim sifatida suv ta’siriga chidamli bo‘lgan kazeinli sement, suvga chidamli fenolformaldegid va shu kabilar ishlatiladi.

Yüklə 300,42 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   156




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin