Dxn yangi p65


partiyalar, kasaba uyushmalari, shirkatlar va hokazo) timsolida



Yüklə 0,89 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə3/7
tarix23.05.2023
ölçüsü0,89 Mb.
#121042
1   2   3   4   5   6   7

partiyalar, kasaba uyushmalari, shirkatlar va hokazo) timsolida
davlat bilan alohida siyosiy munosabatlarga kirishadi.
Fuqarolik jamiyatining rivojlanish darajasi qancha yuqori bo‘lsa,
davlatning demokratik faoliyati uchun asoslar shuncha ko‘proq
bo‘ladi. Va aksincha, fuqarolik jamiyati yaxshi rivojlanmagan bo‘lsa,
avtoritar va totalitar hokimiyat tuzumlari mavjudligi uchun asoslar
ko‘proq bo‘ladi. Fuqarolik jamiyatining rivojlanish darajasi aholi
qatlamlarining qamrab olinganlik darajasi bilan emas, balki bu
jamiyatda tan olinadigan shaxs erkinligining ta’minlanishi holati
bilan belgilanadi.
Fuqarolik jamiyatida davlat barcha mulkdorlar huquqiy jihatdan
teng himoya qilinishini ta’minlaydi, xususiy mulkni daxlsiz deb
e’lon qiladi, ijtimoiy zarurat tufayli mulk olib qo‘yilgan holda unga
tovon to‘lanishi kafolatlanadi. Mulkni natsionalizatsiya qilishga yo‘l
qo‘yilmaydi. Bunday jamiyatda mehnat erkin bo‘lib, davlat
tomonidan ham, jamiyat tomonidan ham rag‘batlantiriladi, majburiy
mehnat taqiqlanadi, individual va kollektiv mehnat erkinligi


42
kafolatlanadi. Davlat aholini ish bilan to‘la ta’minlash uchun shart-
sharoitlar yaratadi, kasb-hunar ta’limi va yangi ixtisos olish dasturini
amalga oshiradi, mehnatga tayyorlash va ishsizlik bo‘yicha nafaqalar
to‘lanishi yo‘lga qo‘yiladi.
Jamiyatni davlatning yalpi homiyligidan ozod qilishda uni «tungi
qorovul» darajasiga tushirib qo‘yish yaramaydi. Barcha ijtimoiy
tuzilmalarda tub o‘zgarishlar qilinayotgan sharoitda aynan davlat
yangi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlarni yuzaga
keltiradigan birlashtiruvchi kuchga aylanishi lozim. Davlat ta’sirisiz
jamiyatni amalda o‘zgartirish mumkin emas. Uning inson
huquqlarini himoya qilish sohasidagi bozor islohotlarining salbiy
oqibatlarini yengillashtirishga qaratilgan faoliyati, ayniqsa,
muhimdir. Davlatning ijtimoiy vazifasi daromadlarni jamiyatning
turli qatlamlari o‘rtasida soliq tizimi, davlat budjeti va maxsus
ijtimoiy dasturlar yordamida qayta taqsimlashdan iborat.
Uzoq muddatli, istiqbolli maqsad sifatida davlat fuqarolarning
moddiy holatini tenglashtirishga harakat qilishi lozim. Nafaqat
yuridik, balki haqiqiy tenglikka erishish – tarixan qisqa fursatda
erishib bo‘lmaydigan vazifa. Biroq bu ulkan ma’naviy imkoniyatni
o‘zida mujassamlashtirgan tenglik g‘oyasi rad etilishini anglatmaydi.
Jamiyatimizning rivojlanish yo‘llarini aniqlash, iqtisodiy va
ijtimoiy sohalarga davlatning aralashuvi chegaralarini, mulkni
taqsimlashda uning tartibga soluvchi rolini, davlat ijtimoiy
funksiyasining o‘sishini va uning o‘z fuqarolariga munosib turmush
sharoitini yaratish uchun javobgarligi (mas’ulligi) kuchayishini
asoslash huquq fanining muhim vazifasidir.
O‘zbekistonda tenglik, adolat va yuksak ma’naviyatga asta-sekin
erishishni ta’minlovchi huquqiy davlatni shakllantirish yangi
demokratik jamiyat modelining muhim jihatidir.
4-§. Davlat va huquqning o‘zaro munosabati
Davlat va huquq – jamiyat tadrijiy rivojlanishining muhim
omillari, hozirgi zamon jamiyatining muqarrar yo‘ldoshlaridir.
Davlat va huquq nazariyasi – jamiyatshunoslikning tarkibiy qismi,
amaliy yurisprudensiyaning g‘oyaviy negizi sifatida davlat va huquqni
ilmiy tadqiq etadi. Davlat faoliyati, qonunlar qabul qilish va ularni
amalga oshirish, fuqarolarning huquqlarini ta’minlash, jamoat


43
tartibini saqlash siyosiy-huquqiy nazariya qoidalari bilan uzviy
bog‘liqdir.
Davlat singari huquq ham nafaqat eng muhim, balki eng
murakkab ijtimoiy hodisalar qatoriga kiradi. Davlat va huquqning
asl mohiyatini anglashga, ularning sermazmun faoliyatini ochishga
qadimdan katta qiziqish mavjud.
Masalan, Rim yuristlari huquqning nimaligini tushunish va uning
jamiyat hayotidagi o‘rnini aniqlashga harakat qilib, huquq mazmuni
faqat bir belgi yoki ma’no bilan cheklanmasligiga e’tiborni qaratgan
edilar. Ulardan biri (Pavel) huquq bir necha ma’noda qo‘llanilishini
qayd etgan. Birinchidan, huquq «hamisha odilona va oqilona
bo‘lgan narsa»ni anglatadi – bu tabiiy huquq. Ikkinchidan, huquq
«muayyan davlatda hammaga yoki ko‘pchilikka foydali bo‘lgan
narsa» ma’nosida keladi – bu fuqarolik (sivil) huquqi.
Jamiyat va davlatning rivojlanishiga qarab odamlarning huquq
haqidagi tasavvuri o‘zgarib borgan. Ko‘plab har xil huquqiy g‘oyalar,
nazariyalar va yondashuvlar paydo bo‘ldi, biroq Rim yuristlari
yaratgan huquq qoidalari (ayniqsa, fuqarolik huquqida) anchagina
takomillashgan ko‘rinishda bo‘lsa-da hozirgacha saqlanib kelmoqda.
Huquq tushunchasi, shuningdek, davlat va huquq, huquq va
qonunning o‘zaro nisbati haqida bahslar nafaqat uzoq tarixiy
o‘tmishda, balki XX asrda ham davom etgan. Bu bahslar hozir
ham to‘xtagani yo‘q. Hozirgi tadqiqotchilar ham o‘z o‘tmishdoshlari
kabi huquqni ta’riflashga asosan ikki xil yondashadilar.
Pozitivistik yondashuv nafaqat davlat va huquqning uzviyligiga
qarab mo‘ljal oladi, balki davlatni huquqning birdan-bir manbayi
deb hisoblaydi. Bunda huquq «hukmron sinfning qonun darajasiga
ko‘tarilgan davlat irodasini ifodalovchi va ijtimoiy munosabatlarning
qat’iy tartibga soluvchi vosita sifatida amal qiluvchi umumma’rifiy,
rasman belgilangan davlat majburlov normalari tizimi» sifatida
ta’riflanadi. Mazkur yondashuvda huquq to‘la yoki deyarli to‘la
ravishda qonunga, aniqrog‘i – davlat tomonidan qabul qilingan va
ta’minlanadigan normativ-huquqiy hujjatlarga tenglashtiriladi.
Huquqqa nisbatan neopozitivistik yondashuv huquq tushunchasini
davlatga bu qadar qattiq bog‘lamaydi. Bunda huquq «erkinlik,
huquqlar va majburiyatlar darajasini belgilash yo‘li bilan kishilik
jamiyatini oqilona tashkil etish maqsadida ijtimoiy munosabatlarni


44
normativ tartibga solishning umumiylik va umummajburiylikka
da’vogar bo‘lgan, ezgulik, odillik, insonparvarlik va atrof-tabiiy
muhitni saqlash prinsiplariga asoslangan huquqiy idealning odatlar,
an’analar, pretsedentlar, referendum qarorlari, korporativ, davlat
va xalqaro normalardagi ifodasini o‘zida mujassamlashtirgan ijtimoiy
institut» sifatida qaraladi. Ushbu yondashuvda huquq qonun va
qonun osti hujjatlariga tenglashtirilmaydi. Qonun ezgulik, odillik
va insonparvarlik g‘oyalarini o‘zida mujassamlashtirgan, mazmunida
huquqiy ideal o‘z aksini topgan taqdirdagina huquqiy deb
hisoblanadi. Bu yondashuv ancha oqilona ekanligiga qaramay,
amalda birinchi – pozitivistik yondashuvga qaraganda kamroq
tarqalgani va torroq qo‘llanilishining asosiy sababi ana shunda.
Pozitivistlar davlatni huquq bilan va aksincha, huquqni davlat
bilan uzviy bog‘lab, nazariy va amaliy jihatdan huquq real hayotda
davlat tomonidan bevosita qabul qilinadigan yoki tasdiqlanadigan,
hamma uchun majburiy xulq-atvor qoidalari (normalar) ko‘rinishida
amal qilishidan kelib chiqadilar. Bu normalarni buzgan shaxslarga
nisbatan har xil davlat ta’siri choralari qo‘llaniladi.
Davlat va huquq bir-biri bilan uzviy bog‘liq, biroq ayni vaqtda,
nisbatan mustaqil hodisalardir. Davlat huquqiy hujjatlar qabul qilsa,
ularga rioya etilishini ta’minlasa va bu huquqiy hujjatlarda qo‘yilgan
talablar bajarilmagan taqdirda majburlov chorasi qo‘llasa, huquq,
o‘z navbatida, davlatning barcha organlari, mansabdor shaxslari
va tashkilotlari uchun majburiy bo‘lgan xulq-atvor qoidalarini
belgilash yo‘li bilan davlatga faol ta’sir ko‘rsatadi. Huquq normalari
yordamida davlat organlari, mansabdor shaxslari va tashkilotlarining
maqomi mustahkamlanadi, ularning faoliyat doirasi, tarkibi, amal
qilish va o‘zaro munosabatlari tartibi belgilanadi.
Davlat va huquqning o‘zaro nisbati to‘g‘risidagi masala bo‘yicha
fanda azaldan ikki xil yondashuv mavjud. Birinchi etatistik
yondashuv, u davlatning huquqdan ustunligidan kelib chiqadi. Bu
yondashuvga ko‘ra, huquq davlat faoliyatining mahsuli, uning
(davlatning) mahsuli sifatida qaraladi. Mazkur yondashuv milliy
yuridik adabiyotimizda ancha keng tarqalgan. Masalan, huquq
davlatga nisbatan “tobe” holatda bo‘ladi, deb hisoblangan. Mazkur
yondashuvga huquqda davlatning «dumi»ni ko‘rishga moyil siyosiy
talqin amaliy asos bo‘lib xizmat qilgan. Huquq tushunchasiga davlat


45
tomonidan qabul qilinuvchi normalar majmui sifatida formal-
dogmatik yondashuv nazariy asos bo‘lgan.
Davlat va huquqning o‘zaro nisbatiga yana bir yondashuv tabiiy-
huquqiy qarashlar ta’sirida yuzaga kelgan. Davlat tushunchasini
«ijtimoiy shartnoma»dan olgan tabiiy huquq maktabi namoyandalari
davlat huquqni cheklashidan kelib chiqqanlar. Bu, ularning fikricha,
tabiiy qonunning daxlsizligidan va unga asoslangan individning
subyektiv ommaviy huquqlari uzviyligidan kelib chiqadi. Ushbu
yondashuv nuqtayi nazaridan, huquq davlatdan hech shubhasiz
ustundir. Huquq davlat tashkil topishidan oldin yuzaga keladi.
Biron-bir davlat va biron-bir hokimiyat huquqning dastlabki
manbayi bo‘lishi mumkin emas. Ya’ni, huquqni davlat yaratmaydi.
Ko‘rib chiqilayotgan muammoga nisbatan uchinchi yondashuv
ham mavjud bo‘lib, u yuqorida qayd etilgan yondashuvlarni
muayyan darajada birlashtirish va ayni vaqtda, davlat va huquqning
aloqasini baholashda chegaradan chiqmaslik imkonini beradi. Bu
yondashuvga ko‘ra, davlat va huquq o‘rtasidagi bog‘lanish yuqorida
qayd etilgan darajada uzil-kesil sabab-oqibat aloqalariga ega emas,
davlat huquqni yaratadi yoki huquqdan davlat yaraladi. Bu aloqa
ancha murakkab bo‘lib, ikki taraflama bog‘liqlik xususiyatiga ega:
davlat va huquq bir-birisiz mavjud bo‘la olmaydi, demak, ular
o‘rtasida funksional bog‘lanish mavjud.
Mazkur yondashuv davlat va huquq o‘rtasidagi teran aloqalarni
aniqlash, bir yoqlamalikka yo‘l qo‘ymaslik, huquq davlatga nima berishini
tushunib yetish va ayni vaqtda, huquqni ta’minlashda davlatning haqiqiy
rolini aniqlash imkonini beradi. Bunday bog‘lanishlar tahlili butun
ijtimoiy amaliyot uchun juda muhim ahamiyatga ega.
Davlat va huquq o‘rtasidagi aloqaning ikki taraflama xususiyatini
tan olish mazkur masalaning huquqni tushunishga nisbatan tor
normativ yondashuv ruhidagi talqini («huquqni davlat yaratadi»
va sh.k.)ga chek qo‘yish imkonini beradi. Ayni vaqtda, bu
yondashuvda, «huquqni keng tushunuvchi» ba’zi bir ta’limotlarda
bo‘lganidek, davlatning huquqqa nisbatan roli inkor etilmaydi.
Huquqiy nigilizm (huquqni mensimaslik) qay darajada xavfli bo‘lsa,
davlat nigilizmi ham shu darajada xavflidir. Davlat va huquqning
aloqasi boshqacha tasavvur qilinadi: davlat huquqni yaratmaydi,
balki bir tomondan, unga tobe kuch, boshqa tomondan esa –


46
huquqning qudrati, uning ijtimoiy tizimdagi salohiyatini
quvvatlovchi va kuchaytiruvchi qudratli vosita hisoblanadi. Davlat
huquqdan huquqning o‘zi bunga izn bergan darajadagina ijtimoiy
jarayonlarni boshqarish vositasi sifatida foydalanadi.
5-§. Davlatning huquqqa ta’siri
Davlat huquqiy qoidalarni yaratishning bevosita manbayi va
ularni amalga oshiruvchi asosiy kuchdir. Davlat hokimiyati alohida
tashkiliy tuzilma sifatidagi huquqning mavjudligi uchun amaliy
ahamiyatga egadir. U huquq yordamida namoyon bo‘ladi va
huquqning mohiyatiga ham kirib boradi.
Davlat huquqqa “homiylik qiladi”, ya’ni uning ijro etilishini
ta’minlaydi, davlat siyosati maqsadlariga erishish uchun huquqning
imkoniyatlaridan foydalanadi. Ayni vaqtda, davlatning huquqqa
ta’sirini mutlaqlashtirish va unga huquqni faqat davlat vositasi,
belgisi yoki atributi deb biluvchi etatistlar nuqtayi nazaridan
yondashish ham yaramaydi. Nafaqat davlat, balki huquq ham
nisbatan mustaqil bo‘lib, o‘z shakllanishi va faoliyatining tegishli
qonuniyatlariga egadir. Bundan huquq davlatga nisbatan mustaqil
ahamiyatga ega, degan xulosa kelib chiqadi. Huquqqa davlat vositasi
sifatida qarash o‘rinli bo‘lsa, u holda davlat ham huquqqa nisbatan
ayni shunday vosita ekanligini tan olish lozim bo‘ladi.
Davlatning huquqqa ta’siri huquq ijodkorligi va huquqni amalga
oshirish sohasida, ayniqsa, yaqqol namoyon bo‘ladi. Huquq
davlatning bevosita ishtirokida shakllanadi. Biroq davlat nafaqat
huquqni shakllantiradi, balki huquqni muayyan yuridik shaklga
(normativ yuridik hujjat, sud pretsedenti yoki ma’muriy pretsedent
va b.) solib, huquqni yaratish jarayonini nihoyasiga yetkazadi. Davlat
huquqni institutsiyaviy darajada yaratadi. Huquqning yuzaga kelish
sabablarini esa ishlab chiqarishning moddiy usuli, jamiyatning
iqtisodiy rivojlanish xususiyati, uning madaniyati, xalqning tarixiy
an’analaridan izlash kerak. Bu muhim holatni e’tiborga olmaslik
shunga olib keladiki, davlat faoliyati huquqning birdan-bir manbayi
sifatida tan olinadi. Yuridik pozitivizmning asosiy kamchiligi ana
shunda. Davlat huquqning yaratuvchisi deb hisoblangan.
Huquq davlatga mutlaqo bog‘liq bo‘lmagan holda vujudga keladi,
degan yondashuvlarga ham qo‘shilish qiyin. Davlatning yaratuvchilik


47
faoliyatisiz huquqning vujudga kelishini tasavvur ham qilib
bo‘lmaydi. Ayni vaqtda, huquqni yaratish jarayonida davlat o‘ziga
xos rol o‘ynaydi. Davlatning huquqni yaratish borasidagi ijodiy
roli quyidagilardan iborat:
1) davlat huquq ijodkorligi faoliyatini amalga oshiradi. Davlat u
yoki bu munosabatlar (faoliyat)ni huquqiy tartibga solish zarurligini,
eng oqilona yuridik shaklni (qonun, farmon, qaror va boshq.)
aniqlaydi, umumiy normalarni shakllantiradi va davlat hokimiyati
kuchi bilan ularga formal-yuridik xususiyat baxsh etadi;
2) davlat ayrim odat va axloq qoidalarini ma’qullash orqali ularga
huquqiy mazmun, kuch bag‘ishlaydi. Ayrim huquqiy tizimlarda
huquqni yaratishning mazkur usuli yetakchilik qiladi. Masalan,
islom huquqining vujudga kelishi shundayki, davlat asosan islom
ta’limotida ishlab chiqilgan normalarni tasdiqlagan. Huquq tarixida
huquqiy ta’limot yaratgan tamoyil va qoidalarga davlat
umummajburiy tus bergan hollar ham ma’lum;
3) amalda shakllangan va mavjud munosabatlarni majburiy
yuridik qoidalar deb tan olish va ularga yuridik tus berish hollari
ham uchraydi. Shunday qilib, odat va pretsedent huquqi shakllanadi,
normativ shartnomalarning qoidalari umumiy huquqiy normalar
sifatida tan olinadi.
Shu tariqa davlat huquq manbalari tizimining rivojlanishini
ta’minlaydi. Ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlardan, jamiyatdagi siyosiy
vaziyatdan kelib chiqib, davlat huquqiy xulq-atvorning turlari va
vositalarini tanlashga ta’sir ko‘rsatadi. Shu ma’noda, davlat
jamiyatdagi huquqiy muhitni boshqaradi, uning davr ruhi bilan
hamohang tarzda yangilanishini ta’minlaydi.
Huquqni amalga oshirishda ham davlat muhim rol o‘ynaydi.
Tarixiy tajriba davlatsiz huquqiy qoidalarni amalga oshirish mumkin
emasligidan dalolat beradi. Davlatning vazifasi aynan shunda
namoyon bo‘ladiki, u o‘z faoliyati bilan fuqarolar, ularning
tashkilotlari manfaatlari va ehtiyojlarini qondirish maqsadida
qonunlarni yaratadi. Davlatning faolligi – jamiyat hayotida huquqiy
asoslar qaror topishining muhim sharti. Davlat faollik ko‘rsatishi
shart, aks holda u o‘ziga yuklatilgan vazifani bajara olmaydi va
natijada davlat hokimiyati o‘zining ahamiyatini yo‘qotadi.
Bundan tashqari, davlat huquqni va jamiyatdagi huquqiy


48
munosabatlarni muhofaza qilishni ta’minlaydi. Davlat majburlovi
huquq bajarilishining kafolati hisoblanadi. Huquqning ortida doimo
davlat kuchi, uning obro‘si turadi. Davlat majburlovi mavjudligining
o‘ziyoq huquqni qo‘riqlaydi. Shu tariqa huquqiy tartibot
ta’minlanadi va mustahkamlanadi.
Binobarin, davlat ijtimoiy makonda huquqning keng tarqalishiga
imkoniyat yaratadi, ijtimoiy munosabatlarning ishtirokchilariga
huquqqa binoan ish ko‘rish, qonuniy yo‘l tutish majburiyatini
yuklaydi.
Albatta, davlatni huquqqa ta’sirining chegaralari mavjud. Bu,
eng avvalo, huquqning tartibga solish salohiyati, davlat va davlat
tuzilmalarining mazkur ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy shart-
sharoitlarda huquqning amal qilishini ta’minlash imkoniyatlari bilan
belgilanadi. Davlat huquqdan uning asl vazifasiga zid ravishda
foydalanishi mumkin emas. Shu sababli davlatning huquqdan
yanada oqilona va jamiyat manfaatlari yo‘lida foydalanish imkonini
beruvchi ilmiy asoslangan yuridik siyosatini ishlab chiqish nihoyatda
muhimdir.
6-§. Huquqning davlatga ta’siri
Huquq davlatga muhtoj bo‘lganidek, davlat ham huquqqa
muhtojdir. Davlatning huquqqa bog‘liqligi: 1) davlatning ichki
tuzilishi va 2) uning faoliyatida namoyon bo‘ladi.
1. Tarixiy tajriba davlat huquqsiz mavjud bo‘la olmasligini tas-
diqlaydi. Huquq davlat tuzilishini rasmiylashtiradi va davlat
mexanizmidagi ichki o‘zaro munosabatlarni tartibga soladi.
Davlatning shakli, davlat apparatining tarkibi, davlat organlari va
mansabdor shaxslarining vakolatlari huquq vositasida mustahkamlab
qo‘yiladi. Huquq hokimiyatning qonunga xilof ravishda tortib
olinishiga (uzurpatsiya qilinishiga) qarshi yuridik kafolatlar yaratadi.
Shunday qilib, davlat tuzilmalari o‘rtasidagi munosabatlar huquqiy
tartibga solinadi, ya’ni huquqiy munosabatlarga aylanadi.
2. Davlat jamiyatga o‘z hokimiyatini o‘tkazishining ikki usuli
ma’lum: birinchisi – totalitar davlatlarga xos bo‘lgan zo‘rlik ishlatish
usuli; ikkinchisi – ijtimoiy jarayonlarni huquqiy vositalar yordamida
boshqarish usuli. So‘nggi usul rivojlangan demokratik davlatlarga
xos. Binobarin, hozirgi zamon demokratik davlati o‘z faoliyatini


49
huquqsiz amalga oshira olmaydi. Huquq davlat faoliyatining zarur
jihatini tashkil etadi. Mazkur sifat huquqqa xosdir, chunki u ijtimoiy
tartibga solish vositasi sifatida yagona bo‘lib, undan foydalanish
zarurligi davlatga bog‘liq bo‘lmagan obyektiv omillar bilan
belgilanadi.
Umuman olganda, huquqning davlatga nisbatan tashkilotchilik
roli quyidagilardan iborat:
a) huquq davlatga uning aholi, ayrim shaxs bilan o‘zaro
munosabatlarida ta’sir ko‘rsatadi. Huquqning qadr- qimmati, asosan,
shaxsning uyg‘un va izchil rivojlanishi, uning huquq va erkinliklarini
ta’minlashi bilan belgilanadi;
b) huquq davlat faoliyatini yuridik jihatdan rasmiylashtiradi,
davlatning muhofaza qilish va majburlov harakatlarining
qonuniyligini ta’minlaydi. Davlat faoliyati huquq yordamida yuridik
talablarning qat’iy chegarasiga solinadi, yuridik shakl kasb etadi;
d) huquq yordamida davlat faoliyatining mezonlari, davlat
idoralarining vakolatlari aniqlanadi, fuqarolarning shaxsiy hayotiga
aralashish chegaralari belgilanadi;
e) huquqiy shakl davlat apparati faoliyati ustidan ta’sirchan
nazorat olib borish imkoniyatini ta’minlaydi va davlatning jamiyat
oldidagi yuridik mas’uliyati kafolatlarini yaratadi;
f) huquq hozirgi sharoitda davlatning nafaqat aholi, balki boshqa
davlatlar, umuman, jahon hamjamiyati bilan aloqa qilish “tili”
sifatida amal qiladi.
Shunday qilib, davlat suveren hokimiyat sifatida, huquqsiz
mavjud bo‘lishi va faoliyat olib borishi mumkin emas. Huquqning
(huquqiy davlatning) ustunligi konsepsiyasi huquq shaxs va jamiyat
manfaatlarida davlat aralashuvini cheklashidan kelib chiqadi. Huquq
davlatning o‘zboshimchaligini cheklashning qudratli vositasi sifatida
amal qiladi. Shu ma’noda huquq davlatni bo‘ysundirishga qodir
kuch hisoblanadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, huquq jamiyat ustidan
hukmronlik o‘rnatilmasligi uchun davlatga o‘z hukmini o‘tkazadi.
Hozirgi sharoitda davlatga nisbatan huquqning tiyib turuvchi
roli tobora ortib bormoqda. Bunda quyidagi qonuniyat kuzatiladi:
huquq jamiyat rivojlanishining obyektiv ehtiyojlarini qancha aniqroq
aks ettirsa, u davlatni shuncha ko‘proq tiyib turadi. Bunda davlatning
faolligi pasaymaydi. Aksincha, u samarali faoliyat yuritib, faqat


50
jamiyat va shaxs manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga safarbar etiladi.
Davlat huquq bilan bog‘langan holdagina erkin harakat qilishi
mumkin.
Davlat va fuqaroning o‘zaro mas’ulligi to‘g‘risidagi masala
ularning teng subyektlar deb tan olinishi bilan bog‘liq. Shuni
ta’kidlash lozimki, sobiq sovet tuzimida bo‘lganidek, davlatning
ahamiyati oshirib ko‘rsatilishi natijasida shaxs siyosiy hayotdan siqib
chiqariladi, inson huquqlari va erkinliklarini davlat tomonidan
ta’minlash kafolatlari shunchaki rasmiyatchilikka aylanadi.
Demokratik jamiyatda davlat shaxs oldida, shaxs esa davlat oldida
javob berishi lozim. Davlat fuqarolarga normal turmush sharoitlarini
kafolatlashi va o‘z majburiyatlarini bajarish uchun javob berishi
shart. Davlat ham, fuqarolar ham o‘zaro majburiyatlarini
bajarayotgan davlat – huquqiy davlat hisoblanadi.
Huquqiy davlatning mohiyati shundaki, uning faoliyatining asosiy
mezoni inson bo‘lishidadir. Mazkur tamoyilning amalga oshirilishi
huquqiy davlat sari harakatni aks ettiradi.
Huquqqa nisbatan har xil yondashuvlar, davlatning mohiyati va
funksiyalariga har xil munosabat huquq va davlatning tarixiy
taqdiriga nisbatan yondashuvlarning rang-barangligi bilan
belgilanadi. Umumiy fikr bitta – huquq va davlat o‘zaro uzviy
hamkorlikda rivojlanib boradi.
Ijtimoiy rivojlanish qonuniyatlari tan olingani va shu munosabat
bilan tarixiy tajribaga murojaat etilayotgani huquq va davlat
istiqbolini ilmiy aniqlashga va adolatli davlat – huquqiy davlat
qurilishiga xizmat qiladi.


51
IV BOB. DAVLAT HAQIDA UMUMIY TA’LIMOT
1-§. Davlat tushunchasi va belgilari
Davlatning kelib chiqishi haqida juda ko‘p nazariyalar mavjud:
ilohiyot nazariyasining turli variantlari davlatning ilohiy kelib
chiqishini isbotlashga harakat qilgan; tabiiy nazariya davlatni
odamlar va ularning birlashmalaridan tashkil topgan tirik
organizmga qiyoslagan; zo‘ravonlik nazariyasi davlatning vujudga
kelishini jamiyatdagi ichki to‘qnashuvlar va tashqi tazyiq (urushlar)
bilan tushuntirgan; shartnoma nazariyasi davlat uning fuqarolari
o‘z umumiy manfaatlarini himoya qilish uchun tuzgan ixtiyoriy
bitim natijasi bo‘lgan, degan g‘oyani ilgari surgan; patriarxal nazariya
davlatni ota – monarx boshchiligidagi katta oila sifatida tavsiflagan.
Xo‘sh, davlat nima degani? Maxsus ijtimoiy – gumanitar, siyosiy,
falsafiy, yuridik bilimga ega bo‘lmagan odam “davlat” deganda alohida
davlat organlarining nomini, “parlament”, “hukumat”, “prezident”
kabilarni tasavvur etadi. Yana savol tug‘iladi: davlat o‘zi nima uchun
zarur? Juda ko‘p sonli davlat organlari, mansabdor shaxslardan iborat
hayhotday apparat davlat tuzilmasi bo‘lib, nihoyatda murakkab tashkiliy
birlik – kishilik jamiyatini boshqarish uchun zarurdir.
Quyidagi jihatlar bilan tavsiflanuvchi ijtimoiy hodisalarning
alohida shaklini biz «davlat» atamasi bilan ifodalaymiz: a) hokimiyat
va bo‘ysunish munosabati; b) hokimiyat majburlov choralarini
qo‘llashda tanho huquqqa ega bo‘lish; d) yuridik mazmun va
tartibning mavjudligi; e) nisbiy barqarorlik; f) tashkiliy uyushganlik.
Shunday qilib, davlat jamiyatdan ustun va undan mustaqil tuzilma
emas, balki konkret makon va zamonda mavjud, huquqiy tartibga
solinadigan ijtimoiy xulq-atvorning muayyan shakli. Davlat – sezgi
organlari yordamida aniqlash mumkin bo‘lgan moddiy hodisa emas,
balki jamiyat a’zolarining yuridik jihatdan tartibga solingan o‘zaro
bo‘ysunish aloqalarini nazarda tutuvchi ijtimoiy voqelik. Davlat
to‘g‘risida so‘z yuritganda biz vakolatli organlar tomonidan huquqiy
tartibga solinadigan odamlar o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlarni
nazarda tutamiz.
Davlat – o‘ziga xos xususiyati odamlar xulq-atvorini qat’iy
normalar yordamida majburiy tartibga solishdan iborat bo‘lgan
murakkab ijtimoiy hodisa.
Davlat – bu hudud, aholi va hokimiyat kabi tarkibiy qismlarni
o‘z ichiga olgan siyosiy birlik.


52
Hudud – davlatning aniq makonda mavjud bo‘lishi. Moddiy
negiz davlatning mavjudligi uchun imkoniyat yaratuvchi muhim
shartlardan biridir. Hududsiz davlat bo‘lishi mumkin emas. Ma’lum
hududga egalik qilishi davlatning birinchi belgisidir.
Davlat hududi yer, yer osti boyliklari, havo bo‘shlig‘i va hududiy
suvlarni o‘z ichiga oladi; u «qattiq yer»gagina bog‘lanishi mumkin
emas. Bu davlat sanab o‘tilgan hududlarda o‘z suveren hokimiyatini
amalga oshirishini va ularni boshqa davlatlar va ayrim shaxslarning
hujumidan himoya qilish huquqiga ega ekanligini anglatadi.
Davlatning ikkinchi belgisi – aholi, ya’ni davlat hududida
istiqomat qiluvchi va uning hokimiyatiga bo‘ysunuvchi odamlar
hamjamiyati. Xalq vakili, jamiyat a’zolari umumiy madaniy jihatlari
va tarixiy ongiga ko‘ra unga mansublik tuyg‘usiga ega bo‘lgan
nisbatan keng ijtimoiy guruh sifatida tavsiflanishi mumkin. Muayyan
xalqqa mansub odamlar o‘zlarini alohida birlik a’zosi sifatida idrok
etadilar. Milliy ong o‘zini umumiy madaniy qadriyatlarga
tenglashtirishni, shuningdek, bir millatga mansub shaxslar o‘rtasida
g‘oyaviy birdamlik va ruhiy yaqinlik aloqalari mavjudligini nazarda
tutadi.
Davlat aholisi bir xalqdan tashkil topishi yoki ko‘p millatli bo‘lishi
mumkin. Bir davlat hududida mavjud turli milliy guruhlarga nisbatan
yagona siyosiy hokimiyati tatbiq etiladi.
Davlatning uchinchi belgisi – hokimiyat, ya’ni siyosiy elita va
jamiyatning qolgan qismi o‘rtasida mavjud hukmronlik va bo‘ysunish
munosabatlari.
Davlatning hokimiyati faqat ma’lum hududgagina tatbiq etiladi.
Ibtidoiy jamoa tuzumidagi ijtimoiy hokimiyat esa hududga bog‘liq
bo‘lmay, faqat urug‘, qabila a’zolarigagina tatbiq etilar edi.
Davlatning o‘ta muhim xususiyatlaridan biri uning suverenitetga
egaligidir. Suverenitet – mamlakat ichkarisida va undan tashqarida
(xalqaro maydonda) davlat hokimiyatining oliyligi, ustunligidir.
Suveren hokimiyat – bu oliy, mustaqil, bo‘linmas, umumiy va
uzviy, ya’ni ajralmas, begonalashtirib bo‘lmas hokimiyatdir. Davlat
hokimiyatining suverenligi – bu uning mamlakat hududidagi barcha
tashkilotlar, muassasalar, uyushmalar, partiyalar ustunligi va ulardan
mustaqilligidir.
Davlat suverenligi quyidagilarda ifodalanadi:
– ichki va tashqi siyosat masalalarda mustaqil qaror qabul qila
olishi;


53
– davlat hokimiyatining mamlakat butun hududiga tatbiq etilishi
va davlat organlarining barcha aholi uchun umumiy majburiy
qarorlar qabul qilishi;
– boshqa ijtimoiy – tashkiliy hokimiyatlar (partiyalar, jamoat
birlashmalari, diniy tashkilotlar va boshqalar)ning qarorlarini bekor
qila olishi.
Shu bois suveren davlat hokimiyati barcha fuqarolar uchun
majburiy qonunlar qabul qiladi; qonun doirasida majburlov
choralarini qo‘llaydi.
Shunday qilib, davlat – majburlov choralarini qo‘llash qonuniy
huquqiga ega bo‘lgan holda, tashkiliy rasmiylashtirilgan hokimiyatni
amalga oshiruvchi ijtimoiy qatlam tomonidan o‘rnatilgan yuridik
tartib saqlanayotgan muayyan hududda yashaydigan aholi
tomonidan tashkil etiladigan siyosiy tuzilma.
Davlat – muayyan hududda oliy hokimiyatga ega bo‘lgan ijtimoiy 
– ommaviy tashkilot. Davlat hokimiyatining mohiyati jamiyat
a’zolari irodasining hukmron ijtimoiy qatlam (sinf) irodasiga
bo‘ysundirilishidadir.
Davlat hokimiyati – ijtimoiy hokimiyatning bir turi bo‘lib, davlat-
huquqiy tashkilotlar (organlar)da mujassamlashadi va jamiyat
ustidan boshqaruvni amalga oshiradi. Davlat va huquq davlat
hokimiyatini rasmiylashtiruvchi, amalga oshirilishini ta’minlovchi
ijtimoiy institutlardir.
2-§. Davlatning mohiyati
Davlatning mohiyatini aniqlash deganda, uning ma’no –
mantig‘ini, ichki tabiatini, asl mazmunini, jamiyat hayotida
o‘ynaydigan roli va ijtimoiy vazifasini ochish, shu xususiyatlarini
anglab yetish tushuniladi. «Davlat» degan ijtimoiy hodisaning asosiy
mantig‘ini, o‘zagini hokimiyat tashkil etadi, shuningdek, uning
jamiyatga tegishli siyosiy tashkilot ekanligi ifoda etadi. Boshqacha
aytganda, davlat mohiyati masalasi – davlat hokimiyati kimga
tegishli, uni kim va qaysi manfaati yo‘lida amalga oshiradi, degan
savolga javob berish orqali yoritiladi. Xuddi shu bois bu muammo
o‘ta munozarali, bahsli nazariy masala hisoblanadi.
Davlatning mohiyati xususida bir qancha ta’limotlar va ularning
yondashuvlari mavjud: elitar nazariya, texnokratik nazariya,
markscha nazariya, umumfarovonlik davlati nazariyasi, demokratik


54
(huquqiy) davlat nazariyasi. Ushbu yondashuvlarni alohida ko‘rib
chiqaylik.
Elitar nazariya. Bu nazariya XX asrda keng tarqaldi. Uning
tarafdorlari fikricha, keng xalq ommasi davlat hokimiyatini amalga
oshirishga va jamiyatni boshqarishga qodir emas, shu bois davlat
hokimiyati jamiyatning yuqori qismiga – elitaga tegishli bo‘lishi
lozim. Va har safar hokimiyat tepasida bir elita ikkinchi elitani
almashtirib turadi.
Elitalar turli belgilari (kelib chiqishi, ma’lumoti, tajribasi,
qobiliyati kabilar)ga qarab aniqlanadi. Darvoqe, bunda elita saflari
xalq ommasi hisobiga, ularning eng qobiliyatli vakillari bilan to‘ldirib
borilishi mumkinligi ham nazarda tutilgandi.
Buning ustiga mazkur nazariyaning hozirgi tarafdorlari bir qancha
elitalar mavjud bo‘lib, ular o‘rtasida hokimiyat uchun kurash borishi,
biroq xalq o‘z saylov huquqidan foydalanib, ular faoliyatini nazorat
qilishi mumkin, deb ta’kidlaydilar.
Shubhasiz, ushbu nazariyaning nuqsonlari ham mavjud.
Chunonchi, aholini hokimiyat ishlaridan chetlashtirishni targ‘ib
qiladi, hokimiyatning sinfiy tabiati butunlay inkor etiladi. Lekin
ushbu nazariyaning ijobiy tomonlari ham yo‘q emas. Haqiqatan
ham hokimiyat ishlarini olib borish amalda kishilarning g‘oyat
cheklangan doirasi – deputatlar, davlat mahkamasi xodimlari
tomonidan bajariladi. Muhimi – mazkur kishilar chindan ham
xalq, turli ijtimoiy guruhlar va qatlamlar manfaatlarini ifoda etishlari
kerak. Shu jihatdan xalq saylagan va o‘z nomidan vakil qilgan
kishilarning elita xarakterini, ular faoliyati ustidan ta’sirchan
nazoratni ta’minlash zaruratini tushunish mumkin.
Texnokratik nazariya. Mazkur nazariya XX asrning 20-yillarida
vujudga kelib, 60 – 70-yillarda ancha keng tarqaldi. Uning tarafdorlari
orasida T. Veblen, D. Barnxeym, G. Saymon, D. Bell va boshqalar bor
edi. Umuman olganda ushbu nazariya elitar nazariyasiga juda o‘xshab
ketsa-da, zamonaviy voqelikni hisobga olishi bilan ajralib turadi.
Bu nazariyaga ko‘ra, jamiyatni mutaxassis-boshqaruvchilar,
menejerlar idora etishlari lozim (ko‘pincha amalda ham shular
boshqarishadi). Aynan ularning o‘zlari jamiyatning haqiqiy
ehtiyojlarini, uning eng maqbul rivojlanish yo‘llarini, buning uchun
zarur vositalarni aniqlashga qodir. Bu boshqarishni ilmiy asosda
olib borish imkonini beradi hamda jamiyatning o‘sib boruvchi
rivojini ta’minlaydi.


55
Mazkur ta’limot g‘oyalaridan nafaqat davlatning mohiyatiga,
balki uning boshqa jihatlariga ham tegishli bo‘lgan boshqa
nazariyalarda ham faol foydalanilmoqda.
Markscha nazariya, aniqrog‘i tarixiy – materialistik nazariya
davlatning mohiyati masalasiga sinfiy yondashuvni taklif etadi.
Uning asosida tarixiy materializm va sinfiy kurash g‘oyasi yotadi.
Mazkur ta’limot namoyandalarining isbotlashicha, davlat (siyosiy)
hokimiyati iqtisodiy jihatdan hukmron bo‘lgan sinfga tegishli bo‘lib,
faqat uning manfaati yo‘lida amalga oshiriladi. Shu sababli davlat
mohiyati sinfiy nuqtayi nazardan ta’riflanib, davlat iqtisodda
hukmron sinfning siyosiy hokimiyatini ta’minlab, mazlum sinf
ustidan amalga oshiriladi, uning qarshiligini bostirish quroli
(diktatura) hisoblanadi. Diktatura – bu hech qanday qonun bilan
cheklanmagan va zo‘ravonlikka, majburlashga, kuchga tayanadigan
hokimiyatdir.
Sinfiy yondashuv tarixda ro‘y bergan, yashab o‘tgan quldorlik,
feodal, kapitalistik, sotsialistik davlat tiplarining mohiyatini ta’riflash
uchun qo‘llanilishi mumkin. Uni hozirgi demokratik yo‘nalishdagi
davlatlar mohiyatini izohlash uchun qo‘llab bo‘lmaydi. Demokratik
rivojlangan mamlakatlarda davlat ijtimoiy qarama-qarshiliklarni
kelishtiruv asosida hal etish quroli – vositasiga aylanib bormoqda.
Zamonaviy davlatlarni ta’riflab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
I. A. Karimov shunday deydi: “Demokratiya sharoitida davlat
ijtimoiy qarama-qarshiliklarni zo‘rlik va bostirish yo‘li bilan emas,
balki ijtimoiy kelishuv, xalq ta’biri bilan aytganda, murosai madora
bilan bartaraf etish vositasiga aylanadi”
1
.
Umumfarovonlik davlati nazariyasi. U ikkinchi jahon urushidan
keyin vujudga kelgan bo‘lib, davlatning ijtimoiy hayotga
aralashmasligiga oid oldindan mavjud ta’limotga qarshi chiqadi.
Bunda nafaqat davlatning huquqbuzarliklarga qarshi kurashish
faoliyati («Tungi qorovul davlati» nazariyasi), balki ijtimoiy hayotga
faol ta’sir etishi nazarda tutiladi. Uning mohiyati 30-yillarda D.
Keyns tomonidan ta’riflab berilgandi. D. Myurdal, A. Sigu, K.
Boulding, V. Mund va boshqalarning asarlarida bu nazariya yanada
rivojlantirilgan.
Mazkur nazariyaning bosh g‘oyasi shundan iboratki, barcha
1
Êàðèìîâ È. À. Âàòàí ñàæäàãîµ êàáè ìó³àääàñäèð. T. 3. – T.: “¤çáåêèñ-
òîí”, 1996. 20-bet.


56
sinflardan ustun turarkan, davlat aholi barcha qatlamlari
manfaatlarini ifodalay boshlaydi, umumfarovonlikni ta’minlaydi.
Rivojlangan mamlakatlarning aholi turmushining yuksak darajasini
ta’minlashdagi, ijtimoiy, madaniy va boshqa sohalarda yirik davlat
dasturlarini amalga oshirishdagi ulkan muvaffaqiyatlari ushbu
nazariyaning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Mazkur nazariya inson
manfaatlarini davlat faoliyatining asosiga qo‘yish bilan har bir shaxs
qadr-qimmatiga e’tiborni jalb etadi.
Bizning nazarimizda, ushbu nazariyaning ijobiy jihatlari
umuminsoniy qadriyatlar, inson manfaatlari va huquqlari ustuvorligi
uning asosiga qo‘yilganligi bilan belgilanadi. Uning kamchiligi esa,
nimalar va kimlar evaziga bunga erishish mumkinligini ko‘rsatib
bera olmaganidadir. Mabodo, ekspluatatsiya markazini yarim
mustamlaka va rivojlanayotgan mamlakatlarga ko‘chirish nazarda
tutiladigan bo‘lsa bunday «farovonlik» e’tiborni tortishi amri mahol
1
.
Davlatning mohiyati – uning eng muhim, barqaror belgi va
xususiyatlari, ichki aloqalari yig‘indisi. Mohiyat – qonuniyatni,
qonuniy munosabatlarni, eng muhim tavsiflovchi jihatlarni
anglashdir, ularning namoyon bo‘lishidir. Davlatning barcha belgi
va xususiyatlari uning ijtimoiy vazifasida, bajaradigan funksiyalarida
namoyon bo‘ladi. Davlatning asosiy ijtimoiy vazifasi insonlar
o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish, jamiyatni
boshqarishdan iborat. Hokimiyatning alohida tashkiliy shakli bo‘lgan
davlat jamiyat oldida turgan vazifalarni bajarish bilan bog‘liq
jarayonlarni boshqaradi. Davlat boshqaruvi – ijtimoiy
munosabatlarni tartibga solish va rivojlantirish maqsadida ularga
qat’iy ta’sir o‘tkazishdir. Shu orqali davlat ijtimoiy taraqqiyotni
yo‘naltirib turadi.
Davlat mohiyatida ikki jihatni nazarda tutish lozim. Birinchi
holatda davlat boshqaruvi butun jamiyat manfaati yo‘lida amalga
oshirilishi mumkin; ikkinchi holatda esa u alohida ijtimoiy guruh
yoki alohida shaxs manfaati uchun amalga oshirilishi mumkin.
Shunga ko‘ra, davlat yoki jamiyat irodasini ifoda etadi, yoxud ayrim
shaxs (ayrim guruh) irodasini aks ettiradi.
Demokratik yo‘nalishda rivojlanayotgan jamiyat uning serqirra
1
Èñëîìîâ Ç. Ì. Äàâëàò âà µó³ó³: óìóìíàçàðèé ìàñàëàëàðè. – T.: 2000,
100– 101-betlar.


57
obyektiv ehtiyojlari davlatning diqqat markazida bo‘lishiga muhtoj.
Bu davlatning umumiy ijtimoiy funksiyalari kengayishi va
rivojlanishiga olib keladi.
3-§. Huquqiy davlat haqidagi ta’limot
Insoniyat davlat paydo bo‘lgan qadimgi davrdan buyon adolatli
hokimiyat (adolatli hukmdor) haqida orzu qilib keladi. Xuddi mana
shu istak huquqiy davlat haqidagi ta’limotning vujudga kelishiga
turtki bergan.
Huquqiy davlat – fuqarolik jamiyatining siyosiy shakli bo‘lib,
jamiyat hayotida demokratik institutlarning rivoj topishi,
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqaruvi tizimi mavjudligi bilan
xarakterlanadigan, inson huquq va manfaatlarini ustuvor
ta’minlaydigan davlatdir. Shuningdek, huquqiy davlat huquq va
qonunning ustunligi, qonun va sud oldida barchaning tengligi
ta’minlanadigan, fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlangan,
davlat hokimiyati vakolatlarni demokratik taqsimlash asosida tashkil
etiladigan adolatli davlat sifatida ta’riflanadi.
Hozirgi zamon huquqiy davlati – avvalo, inson huquqlari va
erkinliklari, hokimiyatni amalga oshirishda (bevosita yoki vakillar
orqali) xalqning ishtiroki ta’minlanuvchi demokratik davlat. U
yuksak huquqiy va siyosiy madaniyat, rivojlangan fuqarolik
jamiyatini nazarda tutadi. Huquqiy davlatda fuqarolarga o‘z
qarashlari va e’tiqodlarini qonun doirasida himoya qilish imkoniyati
ta’minlanadi. Bu, xususan, siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalari
shakllanishi va faoliyat olib borishi, siyosiy plyuralizm, so‘z erkinligi
va shu kabilarda o‘z ifodasini topadi.
Huquqiy davlatning quyidagi belgilarini alohida e’tirof etish
lozim:
1) jamiyat hayotining barcha jabhalarida qonunning ustunligi;
2) huquqiy davlat organlarining faoliyati hokimiyatning qonun
chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud tarmoqlariga bo‘linishi prinsipiga
asoslanadi;
3) shaxs va davlatning bir-birlari oldida o‘zaro mas’ulligi;
4) fuqaroning huquq va erkinliklari amalda ta’minlanishi,
ularning huquqiy va ijtimoiy himoyalanganligi;
5) konstitutsiya doirasida ish olib boruvchi turli partiyalar,
tashkilotlar va birlashmalarning erkin faoliyati, turli mafkuraviy


58
qarashlarning mavjudligiga asoslangan siyosiy va mafkuraviy
plyuralizm qaror topganligi;
6) jamiyatda qonuniylik va huquqiy tartibotning barqarorligi.
Huquqiy davlat shakllanishining qo‘shimcha omillari va shartlari
qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
– ijtimoiy ongda huquqiy nigilizmga barham berish;
– yuksak darajadagi siyosiy-huquqiy savodxonlikka erishish;
– partiyalar bilan davlat organlari funksiyalarini ajratish;
– davlat boshqaruvini demokratlashtirish;
– huquqiy madaniyatni shakllantirish;
– yangi huquqiy tafakkur va huquqiy qadriyatlarning vujudga
keltirilishi.
Huquqiy davlatda tabiiy-tarixiy huquq va erkinliklar, davlat bilan
munosabatlarda fuqarolar manfaatining ustunligi, huquqda
umuminsoniy asoslar, insonning oliy qadri ta’minlanadi. «Huquqiy
davlat» tushunchasi – demokratiya, insonparvarlik, inson huquqlari,
siyosiy va iqtisodiy erkinliklar, liberalizm kabi muhim umuminsoniy
qadriyatlardan biri. Huquqiy davlat g‘oyasining mohiyati – ijtimoiy
va siyosiy hayotda huquqning ustunligi, suveren huquqiy
hokimiyatning mavjudligida. Hokimiyatning bo‘linishi tamoyili
yordamida davlat huquqiy usulda tashkil topadi va faoliyat
ko‘rsatadi, bu siyosiy hayotning demokratiyalashuvi mezonidir.
Huquqiy davlatning oddiy davlatdan farqi nimada? Oddiy davlat
butun hokimiyatni o‘z qo‘lida jamlagani, huquq bilan
chegaralanmagan, davlatning jamiyatdan ustunligi, fuqaro, davlat
organlari va mansabdor shaxslarining o‘zboshimchaligi va
zo‘ravonligidan himoya qilinmaganligi bilan tavsiflanadi. Undan
farqli o‘laroq, huquqiy davlat huquq bilan bog‘langan bo‘ladi,
qonunning ustunligidan kelib chiqadi, jamiyat tomonidan
belgilangan mezonlar doirasida ish ko‘radi, jamiyatga bo‘ysunadi,
fuqarolar oldida mas’ul, fuqarolarning ijtimoiy va huquqiy
himoyasini ta’minlaydi. Ayni vaqtda, boshqa har qanday davlat
singari, huquqiy davlat ham umumiy jihatlarga ega bo‘ladi. Ular
quyidagilardan iborat:
1) huquqiy davlatga ichki va tashqi siyosatni olib borish vositasi
sifatidagi davlat hokimiyati xos;
2) huquqiy davlat jamiyatning tegishli ijtimoiy-iqtisodiy negiziga
asoslangan jamiyatning siyosiy tashkilotidir;
3) maxsus demokratik davlat mexanizmiga ega bo‘ladi;


59
4) soliqlar va boshqa yig‘imlar hisobidan ta’minlanadi;
5) davlat suverenitetini xalq suverenitetiga muvofiq ravishda
amalga oshiradi.
Huquqiy davlat mexanizmining o‘ziga xos xususiyatlari
quyidagilardan iborat. Uning barcha tarkibiy qismlari va unsurlari
hokimiyatning bo‘linishi prinsipi asosida, o‘z ijtimoiy vazifalariga
muvofiq ravishda ish olib boradi. Huquqiy davlatning hokimiyat
vakolatlariga ega bo‘lgan organlari o‘z faoliyatida jamiyat xohish-
irodasini ro‘yobga chiqaradi. Huquqiy davlatning tarkibiy qismlari
va unsurlari o‘z faoliyatini amaldagi qonunlarga muvofiq tashkil
etadi va amalga oshiradi. Mansabdor shaxslar fuqarolarning
konstitutsiya va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan
kafolatlangan huquqlari va erkinliklariga tajovuz qilganlik uchun
shaxsan javobgar bo‘ladi. Fuqarolarning huquqlari va erkinliklari
huquqiy davlat organlari tomonidan ta’minlanadi. Huquqiy davlat
funksiyalari uning mexanizmi yordamida amalga oshiriladi.
Shunday qilib, huquqiy davlatda uning mexanizmining
demokratik xususiyati o‘zi xizmat qiladigan jamiyat oldida
javobgarligi bilan belgilanadi. Huquqiy davlatning rivojlanish
bosqichlari fuqarolik jamiyatining rivojlanish bosqichlariga mos
keladi.
Huquqiy davlatda davlat hokimiyati mutlaq bo‘lmaydi. Bu
nafaqat huquqning ustunligi, davlat hokimiyatining huquq bilan
bog‘liqligi, balki davlat hokimiyatining tuzilishi, uni amalga oshirish
shakllari bilan ham belgilanadi. Bu yerda hokimiyatning bo‘linishi
nazariyasiga murojaat etish o‘rinli bo‘ladi. Bu nazariyaga binoan,
hokimiyatlar (qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud
hokimiyatlari)ning birikib ketishi, bir organda, bir shaxs qo‘lida
jamlanishi shaxs erkinligini yo‘qqa chiqaradi. Shu bois, huquq bilan
bog‘liq bo‘lmagan avtoritar mutlaq hokimiyat vujudga kelishining
oldini olish uchun, hokimiyatning ko‘rsatilgan tarmoqlarga bo‘linishi
lozim.
Hokimiyatning bo‘linishi yordamida davlat huquqiy usulda
tashkil topadi va faoliyat ko‘rsatadi: davlat organlari bir-birining
o‘rnini bosmasdan o‘z vakolatlari doirasida ish olib boradi;
qonunchilik, ijro va sud hokimiyatini amalga oshiruvchi davlat
organlarining o‘zaro munosabatlarida muvozanat, mutanosiblik,
o‘zaro nazorat o‘rnatiladi.
Hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud


60
tarmoqlariga bo‘linishi prinsipi ularning har biri mustaqil ish ko‘rishi
va boshqa tarmoqlar ishiga aralashmasligini anglatadi. Bu prinsip
izchil amalga oshirilgan taqdirda u yoki bu hokimiyat tarmog‘i
boshqa tarmoq vakolatini o‘zlashtirish imkoniyatiga chek qo‘yiladi.
Hokimiyat tarmoqlarining «o‘zaro muvozanat va cheklovlar» tizimi
yaratilsa, hokimiyatning bo‘linishi prinsipi yashovchan xususiyat
kasb etadi. Mazkur tizim bir hokimiyat tarmog‘i boshqa tarmoq
vakolatlarini qonunga xilof ravishda tortib olish imkoniyatini
cheklaydi va davlat organlarining normal faoliyatini ta’minlaydi.
Hozirgi ilg‘or demokratik davlatlarda davlat hokimiyatining «uch
tarmoq»qa klassik bo‘linishi bilan bir qatorda, federativ tuzilish
ham hokimiyatni «bo‘lish» va nomarkazlashtirish usuli
hisoblanishiga e’tibor berish lozim.
Demokratik jamiyat uchun hokimiyatning bo‘linishi prinsipi,
ayniqsa, muhimdir. U nafaqat davlat organlari o‘rtasida mehnat
taqsimotini, balki davlat hokimiyati bir qo‘lda jamlanishi, avtoritar
yoki totalitar hokimiyatga aylanishining oldini oluvchi mo‘tadillik,
«taqsimlanganlik»ni ifodalaydi. Bu prinsip demokratik jamiyatda
uchala hokimiyat ham bir xil, teng kuchga ega ekanligi, bir-birini
muvozanatga solish va cheklash vositasi bo‘lib xizmat qilishi, biri
boshqalaridan ustun bo‘lishiga, masalan, boshqaruv hokimiyati
avtoritar hokimiyatga, qonunchilik hokimiyati esa boshqaruvni ham,
odil sudlovni ham bo‘ysundirgan totalitar hokimiyatga aylanishiga
yo‘l qo‘ymasligini nazarda tutadi.
Biroq hatto hokimiyatning bo‘linishi talabi bajarilgan, «o‘zaro
muvozanat va cheklovlar» tizimi yaratilgan bo‘lsa ham davlat albatta
huquqiy bo‘lavermaydi. Shu bois biz huquqiy davlatning navbatdagi
belgisiga o‘tamiz.
Huquqiy davlatda biron-bir davlat organi, mansabdor shaxs,
jamoa yoki jamoat tashkiloti, biron-bir odam qonunni buzishi
mumkin emas. Qonunni buzganlik uchun ular qat’iy yuridik
javobgarlikka tortiladi. Qonunning ustunligi to‘g‘risida so‘z yuritar
ekanmiz, bu barcha qonun osti hujjatlari unga muvofiq bo‘lishi
lozimligi, mansabdor shaxslar uni bajarishdan bo‘yin tovlamasligi
yoki uni buzmasligi kerakligini nazarda tutamiz. Bundan tashqari,
barcha oddiy fuqarolar ham o‘z xulq-atvorida qonunga rioya
qilishlari lozim. Buning uchun esa, ular shu jumladan, qonun
mazmunidan xabardor bo‘lishlari kerak.
Huquqiy davlat Konstitutsiyaning huquqiy barqarorligini ham


61
nazarda tutadi. Uni muttasil o‘zgartirish, to‘ldirish va yangilash
o‘rinli emas. Zero, bu holda u davlatning barqaror, uzoq muddatli
xususiyatga ega Asosiy Qonuni bo‘lmay qoladi. Agar konstitutsiya
jamiyatning davlat darajasidagi xohish-irodasini ifodalasa, uni
o‘zgartirish, yangilash xususiy xohish-irodaga emas, balki
konstitutsiyaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
Qonuniylikni mustahkamlash muhim vazifa bo‘lib qoladi, chunki
bu – huquqiy davlatning bosh mezoni. O‘zbekiston Respublikasida
qabul qilinuvchi barcha huquqiy hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasiga zid bo‘lishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Konstitutsiyaga mos bo‘lgan
va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida majburiy sanalgan
farmonlar, qarorlar va farmoyishlar chiqaradi. O‘zbekiston
Respublikasi Hukumati qarorlar va farmoyishlar qabul qiladi,
ularning ijrosini ta’minlaydi. Ular O‘zbekiston Respublikasining
Konstitutsiyasi, qonunlari, Prezidentning normativ farmonlariga
asoslanadi va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijro
etish uchun majburiydir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – butun qonunchilik-
ning yuridik negizi. Unda jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy
tuzilishi asoslari, davlat hokimiyati va boshqaruvi mexanizmi,
fuqarolarning asosiy huquqlari va majburiyatlari mustahkamlab
qo‘yilgan. Konstitutsiyaning davlat Asosiy Qonuni sifatidagi
ahamiyati shu bilan belgilanadi. Konstitutsiya davlat va jamiyat
hayoti barcha tomonlarining asosiy qoidalarini mustahkamlaydi.
Huquqiy davlatda qonuniylikning muayyan kafolatlari mavjud
bo‘ladi. Bu ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, yuridik va xalqaro kafolatlar
qonunga rioya etilishi va uning bajarilishini ta’minlaydi.
Qonuniylikning siyosiy kafolatlari – bu, eng avvalo, O‘zbekiston
Respublikasi ijtimoiy va davlat tuzumining demokratizmi, siyosiy
va mafkuraviy plyuralizm, davlat ishlarini boshqarishda
fuqarolarning faol ishtiroki. Qonuniylikning ijtimoiy-iqtisodiy
kafolatlari – mulk shakllarining turli-tumanligi, ularning rivojlanishi
uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ular teng himoya qilinishini
ta’minlash, erkin tadbirkorlik, fuqarolarning o‘z ijodiy mehnat qilish
qobiliyatidan foydalanish huquqi, ishga yollash, ishdan bo‘shatish,
mehnatga haq to‘lash va mehnatni muhofaza qilishning odilona
shartlari va h.k. Qonuniylikning yuridik kafolatlariga quyidagilar
kiradi: huquqiy jihatdan mustahkamlanishi lozim bo‘lgan barcha


62
ijtimoiy munosabatlarning qonunlar yoki qonun osti hujjatlari bilan
normativ tartibga solinganligi, qonunlarga rioya etilishini nazorat
qiluvchi maxsus organlar, shuningdek, huquqni muhofaza qilish
organlarining samarali faoliyati, fuqarolarning huquqlari va
erkinliklariga putur yetkazgan mansabdor shaxslarni yuridik
javobgarlikka tortish. Qonuniylikning xalqaro kafolatlariga
quyidagilar kiradi: xalqaro tashkilotlar, BMT ixtisoslashtirilgan
organlarining turli mamlakatlarda inson huquqlariga rioya etilishini
nazorat qilish borasidagi faoliyati, fuqarolarning huquqlari va
erkinliklarini mustahkamlovchi qonun hujjatlari buzilayotgan
mintaqalarga yuqorida zikr etilgan tashkilotlar va organlar
vakillarining nazorat safarlari, fuqarolarning o‘z buzilgan huquqlarini
himoya qilishni so‘rab xalqaro organlarga murojaat etish huquqi.
Qonuniylik va huquqiy davlat – ko‘p jihatdan o‘xshash
kategoriyalardir, biroq ular o‘rtasida farq bor. Qonuniylik huquq
sohasidagi barcha subyektlar qonunlarga so‘zsiz rioya etishlarini
talab qiladi, huquqiy davlat esa, xuddi shunday talabni xalq
hokimiyati funksiyalarini bajaruvchi davlat tuzilmalariga nisbatan
ham qo‘yadi. Shu sababli huquqiy davlatchilik, eng avvalo,
hokimiyat tuzilmalari, chunonchi: davlat hokimiyati, boshqaruv,
sud va prokuratura organlari hamda ularning mansabdor shaxslari
faoliyatida qonun tantanasini anglatadi.
Endi huquqiy davlatning asosiy funksiyasini ko‘rib chiqamiz.
Huquqiy davlatda inson huquqlari poymol etilishiga yo‘l
qo‘yilmaydi. Boz ustiga, huquqiy davlat bu huquqlarni amalga
oshirishni qat’iy va izchil ta’minlashi va ularni himoya qilishi lozim.
Shu munosabat bilan jamiyat va davlat hayotining turli jabhalarida
huquqiy tenglik muammosi muhim ahamiyat kasb etadi. Uning
yechimi davlat bunday tenglikni ta’minlovchi ishonchli kafolatlarni
yaratishini nazarda tutadi.
Huquqiy davlatga xos bo‘lgan inson va fuqaro huquqlari hamda
erkinliklari ro‘yxati xalqaro hujjatlarda ifodalangan. Bu, eng avvalo,
BMT Bosh Assambleyasi 1948-yil 10-dekabrda qabul qilgan Inson
huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, 1966-yil 16-dekabrda BMT
Bosh Assambleyasi qabul qilgan “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy
huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Pakt” va “Fuqarolik va siyosiy
huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Pakt”dir.
Ko‘rsatilgan hujjatlarda e’lon qilingan huquqlar va erkinliklar
ro‘yxati huquqiy davlatlarning konstitutsiyalarida mustahkamlab


63
qo‘yilgan va kafolatlangan. Ularda shaxsni yuridik himoya qilishga
alohida e’tibor beriladi. Ma’lumki, aybsizlik prezumpsiyasisiz
shaxsni yuridik himoya qilishni ta’minlash mumkin emas. Aybsizlik
prezumpsiyasi haqiqiy demokratik davlat fuqarolarning u yoki bu
jinoyatni sodir etishda aybdorligi yoki aybsizligi bilan bog‘liq barcha
masalalarni faqat sud hal qilishini anglatadi.
4-§. Davlat tipologiyasi
Davlatning mazmun va mohiyati haqida to‘liq tasavvur hosil
etish uchun ularni muayyan turlarga bo‘lgan holda o‘rganish
maqsadga muvofiqdir.
Davlatlarni muayyan bir tiplarga ajratish ularni batafsil
o‘rganishga yordam beradi. Davlat tipologiyasi davlat va huquq
nazariyasi fani o‘rganadigan alohida masala hisoblanadi.
Davlat tipologiyasi – davlatning mohiyatan o‘ziga xos
xususiyatlarini ajratishda yoki biror tipga mansubligini belgilashda
foydalanadigan ta’limot, bilimlar tizimidir. Davlat tipologiyasida
davlatlarni muayyan mezonlar asosida turlarga aniqlashda tasniflash
amalga oshiriladi. Huquqshunoslik fanida davlat tipologiyasini
o‘rganishda ikki xil yondashuvni, ya’ni formatsion (sinfiy) va
sivilizatsion (ma’rifiy) yondashuvni ko‘rsatish mumkin.
Formatsion yondashuvning mohiyati shundaki, ijtimoiy-iqtisodiy
formatsiyalarning almashinuvi ijtimoiy inqiloblar natijasida sodir
bo‘ladi va bu davlatning bir tarixiy tipidan boshqa, undan yuqoriroq
ikkinchi tipiga o‘tishini nazarda tutadi. Formatsion yondashuv fanda
sinfiy yondashuv ham deb nomlanib, unda davlat tipologiyasining
asosiy mezoni ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalar hisoblanadi. Mazkur
tipologiyada birinchidan, davlatlar muayyan ijtimoiy-iqtisodiy
omillar asosida tiplarga ajratiladi; ikkinchidan, davlatlar o‘z
taraqqiyotida ma’lum bosqichlarni o‘tishini ularning tabiiy-tarixiy
xarakteri ko‘rsatadi.
Formatsiyali yondashuv shunisiga ko‘ra tavsiflanadiki, u bir
tipdagi davlatning boshqasiga faqat inqilob orqali o‘tishini tan oladi.
Ushbu tipdagi davlatlarda hokimiyat hukmron sinfning manfaati
uchun xizmat qiladi. Ya’ni, davlatning ijtimoiy vazifasi sinfiy
manfaatlarni amalga oshirishdan iborat bo‘ladi. Masalan, quldorlik
davlati – quldorlarning, feodal davlat – yirik yer egalarining
irodasini ifodalaydi.


64
Shunday qilib, davlat va huquqqa formatsion yondashuv aniq
ifodalangan sinfiy xususiyat kasb etadi. Bunda ishlab chiqarish
munosabatlari tipiga ko‘ra quldorlik, feodal, kapitalistik va sotsialistik
davlat turlarini ajratib ko‘rsatish mumkin.
An’anaga ko‘ra quldorlik davlati tarixdagi birinchi davlat tipi
hisoblanadi. Ushbu davlat tipining paydo bo‘lishi eramizgacha
bo‘lgan IV—III asrlarga to‘g‘ri keladi. Bunday davlatlar Qadimgi
Misrda, Qadimgi Bobilda Qadimgi Xitoyda, Qadimgi Hindistonda
va ikki daryo oralig‘ida paydo bo‘lgan. Quldorlik davlati tizimi
Qadimgi Gretsiya va Qadimgi Rim antik davlatlarida eng to‘liq
tarzda rivojlangan.
Ekspluatatsiya shaklining o‘zgarishi quldorlik tipidagi davlatning
feodal davlati bilan almashishiga olib keldi. Yevropada uning paydo
bo‘lishi yangi eraning V—XI asrlariga to‘g‘ri keladi. Feodal
jamiyatning asosini feodallarning yerga bo‘lgan xususiy mulkchiligi
tashkil etar edi, feodal davlat esa feodallar sinfining diktaturasi
sifatida maydonga chiqadi.
Ishlab chiqarishning yanada o‘sishi, savdo va sanoatning
rivojlanishi yangi davlat tipi – kapitalistik davlatni paydo bo‘lishiga
olib keldi. O‘zgalar mehnatidan foydalanishning kapitalistik shakli
quldorlik va feodal shakllardan farq qiladi. Bunda
mehnatkashlarning ekspluatatorlarga shaxsan, ochiqdan-ochiq
qaramligiga emas, balki rasman erkin, biroq ishlab chiqarish
vositalaridan mahrum bo‘lgan va shu sababli yashash uchun o‘z
ish kuchini kapitalistik korxonalarning egalariga sotishga majbur
bo‘lgan yollanma ishchilar sinfining yashirin iqtisodiy qaramligiga
asoslanar edi.
Kapitalistik tuzumdagi davlat yaqin vaqtlargacha ekspluatatsiya
qilinuvchilarni ekspluatatorlarga bo‘ysundirishda yordam beruvchi,
ularni jamiyatni tashkil etishning muayyan tarixiy shakliga mos
keluvchi tartiblarga rioya qilishga majbur qiluvchi mashina bo‘lib
keldi.
Biroq keyingi o‘n yilliklarda kapitalistik jamiyatda jiddiy
o‘zgarishlar yuz berdi. Ijtimoiy manfaatlar sinfiy manfaatlardan,
umuminsoniy manfaatlar milliy manfaatlardan, umumiy manfaatlar
xususiy manfaatlardan ustunlik qila boshladi. Demokratik g‘oyalar
va institutlar (tashkilotlar) keng yoyila boshladi, bu jamiyatning
rivojlanishida davlatning o‘rni va ahamiyatiga ta’sir qilmasdan
qolmadi. Davlat faoliyatining mazmuni, uning ijtimoiy yo‘nalishi


65
jiddiy ravishda o‘zgara boshladi. Davlat zo‘rlik, majbur qilish
vositasidan tobora butun jamiyat ishlarini boshqarish mexanizmiga
aylana bordi.
Sotsialistik davlat to‘g‘risidagi g‘oyalar sinfiy nazariya (markscha-
lenincha ta’limot) tarafdorlari asarlarida paydo bo‘lgan. Ular o‘z
asarlarida sotsialistik davlatni boshqa tipdagi davlatlarga qarshi
qo‘yib, asosiy tafovut hokimiyatning ekspluatatsiya qiluvchi ozchilik
qo‘lida bo‘lishi va undan ekspluatatsiya qilinuvchi ko‘pchilik
qarshiligini bostirish uchun foydalanishda, deb uqtirganlar. Ularning
fikricha, sotsialistik davlat «sotsialistik inqilob» natijasida paydo
bo‘ladi, ya’ni siyosiy hokimiyat zo‘ravonlik orqali egallab olinadi.
Bu jarayon eski davlat mashinasini sindirish va proletariat
diktaturasini o‘rnatish zarurligi bilan bog‘lanadi. Ayni paytda
sotsialistik inqilob g‘alabasidan so‘ng hokimiyat ishchilar sinfi qo‘lida
bo‘lishi rejalashtiriladi. Ishchilar sinfi esa butun xalq manfaatlari
yo‘lida ekspluatator sinflar qarshiligini bostiradi va butun xalqni
yangi hayot qurish uchun o‘ziga ergashtirishga intiladi.
Davlat to‘g‘risida sinfiy nazariyaning quruq xom xayol ekanligini
sobiq Ittifoqdek sotsialistik davlatning 70 yilgina yashaganligi yaqqol
ko‘rsatadi.
Sivilizatsion (ma’rifiy) yondashuv formatsiyali yondashuvni to‘liq
rad etmagan holda, davlat tipologiyasini mamlakatlar erishgan
taraqqiyot darajasiga bog‘liq ekanligiga asoslanadi. Sivilizatsion
tipologiya sinfiy yondashuvdan ancha keng. Ma’rifiy tipologiyada
davlat sivilizatsiya mahsuli sifatida namoyon bo‘ladi.
Bu yondashuvning ko‘zga ko‘ringan vakili A. Toynbidir. Uning
fikricha, sivilizatsiya – jamiyatning milliy, diniy, jug‘rofiy va boshqa
belgilarining yaxlitligi bilan ajralib turadigan muayyan holatidir.
Unga binoan, davlatlar xronologik, genetik, jug‘rofiy, hududiy,
diniy, iqtisodiy asoslar va h.k. mezonlarga ko‘ra tiplarga ajratiladi.
Davlatlarni hududlarining hajmiga qarab katta, o‘rta va kichik
davlatlarga bo‘lish mumkin. Katta hududli davlatlarga Rossiya
Federatsiyasi, AQSH, Xitoy, Hindiston va Meksika kabi davlatlarni
misol qilsak, o‘rta hajmli hududdagi davlatlarga O‘zbekiston,
Fransiya, Germaniya, Ispaniya kabi davlatlarni olish mumkin.
Kichik davlatlar qatoriga Kipr, Daniya, Vatikan kabi davlatlarni
ko‘rsatish mumkin.
Davlatni izohlashga tarixiy yondashuv asosida davlatlarni
qadimiy, o‘rta asr va hozirgi zamon davlat turlariga ajratsa bo‘ladi.


66
Qadimiy davlatlar Yevropada eramizgacha IX – VII asrlarda
mavjud bo‘lgan. Markaziy Osiyo hududida ilk davlatlar sifatida
dastlab Katta Xorazm, So‘g‘d, Qang‘ va Baqtriya davlatlari paydo
bo‘lgan. O‘rta asrlarga O‘zbekiston hududida paydo bo‘lgan va
rivojlangan Somoniylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar va Ashtarxoniylar
davlatlari misol bo‘la oladi. Hozirga zamon davlat turlari sifatida,
ayni vaqtda, rivojlanayotgan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston
kabi davlatlarni ta’kidlab o‘tish mumkin.
Tarixiy va madaniy rivojlanishga ko‘ra esa davlatlar dehqonchilik
bilan shug‘ullanuvchi (agrar) va sanoat bilan shug‘ullanuvchi
(industrial) davlatlarga bo‘linadi. Agrar davlatlarning aksariyati Osiyo
hududida joylashgan bo‘lib, ushbu davlatlarning xalqlari turmush
tarzi va hayot kechirish manbayi asosan qishloq xo‘jaligi bilan
shug‘ullanishga moslashgan. Sanoat bilan shug‘ullanuvchi davlatlar
sifatida ko‘proq Yaponiya, AQSH va Yevropa mamlakatlarini qayd
etish mumkin. O‘zbekiston Respublikasi sanoatlashgan agrar davlat
tipiga kiradi.
Ma’rifiylik tavsifiga ko‘ra, davlatlar Sharq va G‘arb tiplarga
bo‘linadi. Sharq davlatlari bu Osiyo hududida joylashgan davlatlar,
G‘arb davlatlariga Yevropa mintaqasi mamlakatlarini ko‘rsatish
mumkin.


67
V BOB. DAVLATNING SHAKLLARI
1-§. Davlat shakli tushunchasi
Davlat uzoq tarixiy taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi, shu davr
ichida rivojlanib, shakllanib, o‘zgarib keldi. Tabiiyki, davlat
insoniyat taraqqiyotining turli bosqichlarida har xil shakllarga ega
bo‘lgan. Davlat shakli haqidagi masala muhim nazariy va amaliy
ahamiyatga ega. Huquqshunos olimlar davlat shakliga turlicha
ta’rif beradilar. Masalan, bir guruh olimlar «davlat tuzumi»
iborasini «davlat shakli»ning sinonimi sifatida qo‘llaydilar va davlat
shakli tushunchasiga davlatning boshqaruv shakli, davlatning
tuzilish shakli va siyosiy rejim kiradi, deb hisoblaydilar. Ikkinchi
guruh olimlar davlat shakliga boshqaruv shakli va tuzilish shakllari
kiradi deb, unga siyosiy rejimni qo‘shmaydilar. Yana bir toifa
huquqshunoslar davlat shakli – bu davlat hokimiyatining tuzilish
shaklidir, deydilar. Davlatning shakli tarixiy shart-sharoitga,
jamiyatning ijtimoiy tuzumiga, ishlab chiqarish kuchlarining
rivojlanish darajasiga, demografik va geografik vaziyatga hamda
turli formatsiyalarga bog‘liq bo‘ladi.
Shunday qilib, davlat shakli uch tushunchani: davlatning
boshqaruv shakli, tuzilish shakli va siyosiy rejimni o‘z ichiga oladi.
Boshqaruv shakli davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralarining
shakllantirilishi va tashkil etilishi tartibi, ularning o‘zaro hamda
aholi bilan aloqadorligidir. Bu tushuncha orqali mamlakatda kim
hukmron va u hokimiyatni qanday boshqaradi, degan savollarga
javob olinadi. Boshqaruv shakliga qarab davlatlarning monarxiya
va respublika shakllari farqlanadi.
Davlat tuzilishi shakli orqali davlatning hududiy tarkibi,
markaziy va mahalliy hokimiyat idoralarining o‘zaro munosabati
(nisbati) ifodalanadi. Tuzilish shakliga ko‘ra davlatlar oddiy
(unitar) va murakkab (federativ, konfederatid) turlarga ajraladilar.
Siyosiy (davlat huquqiy) rejim davlat hokimiyatini amalga
oshirish usullari (metodlari) va vositalari yig‘indisidir. Davlat
hokimiyatini amalga oshirish usul va vositalari toifasiga ko‘ra
demokratik va avtoritar siyosiy rejimlar farqlanadi.
Lekin shuni ta’kidlash joizki, bular hozircha davlat shaklini
tushunishga umumiy yondashuv, eng ilk tanishuvdir. Uni


68
batafsilroq tushunish uchun davlat shaklini tashkil etuvchi uchala
jihatni diqqat bilan o‘rganish, ularning o‘zaro bog‘liqligi, o‘zaro
ta’sirini kuzatish hamda nazariy, siyosiy-huquqiy tafakkur yuz
yillar davomida davlatni o‘rganar ekan, davlat shaklining aynan
shunday mazmunini nega alohida ajratib ko‘rsatganligini
tushunishga harakat qilish kerak.
Davlat shaklini bunday tushunish dabdurustdan tarkib
topmaganligi va hozir ham unga ayrim olimlar qo‘shilmasliklarini
qayd etib o‘tish joiz. Uzoq vaqt davomida davlat shakli boshqaruv
shakli va davlat tuzilishi shaklidan (biz keltirgan tarkibdan dastlabki
ikkitasidan) iborat deb hisoblab kelingandi. Keyinchalik unga
siyosiy idora usuli qo‘shildi. «Davlat shakli» va «siyosiy idora usuli»
o‘rtasiga tenglik alomatini qo‘yuvchilar ham bo‘lgandi. Bunga
asos ham bor edi. Biroq buni keyinroq «siyosiy (davlat) idora
usuli» tushunchasini batafsil ko‘rib chiqish vaqtida yaxshiroq
tushunib olamiz. Shunga qaramay, hozirgi kunda davlat hokimiyati
tashkiloti uch qism – boshqaruv, davlat (siyosiy) tuzilishi hamda
davlat (siyosiy) idora usuli – birligidan tashkil topadi, degan
konsepsiya keng tarqalgan.
2-§. Davlat boshqaruv shakllari
Davlatning mohiyatini tushunishda davlat boshqaruv shakli
alohida ahamiyatga ega. Boshqaruv shakli davlat hokimiyatini
tashkil etish mazmunini anglatadi.
Davlat boshqaruv shakli insoniyatni qadimdan qiziqtirib kelgan.
Bunda davlatni kim boshqaradi, davlat qanday boshqariladi, degan
masalalarga va uning boshqarish shakllariga Aflotun, Arastu,
Forobiy, Monteske, Lokk, Russo va boshqa mutafakkirlar o‘z
asarlarida alohida e’tibor qaratganlar. Boshqaruv shakli deganda,
oliy davlat hokimiyati, uning idoralari aholi bilan o‘zaro munosabati,
aholining ushbu idoralarni shakllantirishda ishtirok etishi
tushuniladi. Boshqaruv shakliga ko‘ra, davlatlar monarxiya va
respublikaga bo‘linadi. «Monarxiya» yunoncha so‘zdan olingan
bo‘lib, yakka hukmronlik, yakka hokimiyatchilik, degan ma’noni
anglatadi.
Monarxiyaning quyidagi belgilari mavjud:
1. Monarx davlatni shaxsiylashtiradi.


69
2. Monarx tashqi va ichki siyosatda davlat boshlig‘i hisoblanadi;
3. Monarx davlatni o‘zi yakka boshqaradi.
4. Monarx hokimiyati muqaddas va daxlsiz deb e’lon qilinadi.
5. Hokimiyatni o‘rnatish va qabul qilishning alohida tartibi
mavjud.
6. Monarx o‘z boshqaruv faoliyati natijasi uchun yuridik
jihatdan javobgar bo‘lmaydi.
Monarx davlatni tanho hokimlik asosida boshqaradi. Albatta,
bu davlatni barcha ishlarini uning bir o‘zi hal etar ekan, degan
ma’noni bildirmaydi. Turli davlat organlarida xizmat qiluvchi ko‘p
sonli maslahatchilar, vazirlar, amaldorlar davlat ishlarini
boshqarishda ishtirok etadi. Ayni paytda, eng muhim davlat ishlari
bo‘yicha monarxning o‘zi hukm chiqarishiga to‘g‘ri keladi. U
davlat hokimiyatining to‘laqonli suveren egasidir. Monarx
hokimiyati oliy maqomga ega bo‘lib, u mustaqildir. U – davlatdagi
oliy hokimiyatdir. Monarxiya hokimiyati vorislik asosida bir
avloddan ikkinchi avlodga meros bo‘lib o‘tadi. Hokimiyatni bir
shaxsdan ikkinchisiga o‘tishiga xalqning hech qanday aloqasi
bo‘lmaydi. Monarx muddatsiz, umrbod hokimiyat egasi
hisoblanadi. Lekin monarxlar ag‘darib tashlanganligi,
o‘ldirilganligi, boshqa kishilar bilan almashtirilganligiga tarixda
misollar ko‘p. Monarx siyosiy boshqaruvda mas’uliyatdan ozod
hisoblanadi, ya’ni u o‘z boshqaruvi natijalari uchun yuridik va
siyosiy javobgar hisoblanmaydi. Masalan: 1809-yilda Shvetsiyada
davlat boshqaruvi qonunda ko‘rsatilishicha, Qirolning xatti-
harakatlari qonunga kirmaydi, deb ko‘rsatilgan. Monarxiyaning
ikki turi mavjud: mutlaq monarxiya va cheklangan monarxiya.
Davlat hokimiyati boshqa bironta idora vakolatlari bilan
cheklanmagan holda amalga oshirilsa, bunday monarxiya mutlaq
monarxiya deyiladi. Agar monarx hokimiyati Konstitutsiya asosida
amal qiladigan biron-bir vakolatli idora bilan cheklangan bo‘lsa,
bunday monarxiya cheklangan, yoki parlamentar shakldagi
monarxiya bo‘ladi. Cheklangan monarxiya davlatlari, o‘z
navbatida, dualistik va parlamentar monarxiyaga bo‘linadi.
Dualistik monarxiya davlatlariga Saudiya Arabistoni, Quvayt kabi
davlatlar kiradi. Ularda hokimiyat podsho bilan parlament o‘rtasida
taqsimlangan. Amalda davlatni podsho boshqaradi. Podsho


70
hukumatni tuzish, parlamentni tarqatib yuborish huquqiga ega.
Parlamentar monarxiya shaklidagi davlatlarda – davlat boshlig‘i
monarx, qirol, qirolicha, podsho, imperator bo‘lib, amalda ular
davlatni boshqarmaydi, huquqlari cheklangan bo‘ladi, davlatni
hukumat boshqaradi. Masalan, Angliya, Yaponiya, Belgiya,
Shvetsiya kabi davlatlarda davlat boshlig‘ining davlat ishlarini olib
borishda mamlakatda va xalqaro miqyosda o‘rni kattadir.
Respublika shaklida davlat hokimiyati va boshqaruvning oliy
organi saylab qo‘yish yo‘li bilan tashkil topadi va u ma’lum
muddatga saylanadi. «Respublika» lotincha so‘z bo‘lib, «jamoa
ishi», «xalq ishi» degan ma’noni bildiradi. Respublikaning asosiy
belgilari – hokimiyat oliy organlarining saylab qo‘yilishi, hokimiyat
vakolatlarining taqsimlanishi, qonunlarning bajarilishini nazorat
qiluvchi organ – sudlarning mavjudligi, fuqarolarning davlat
ishlarini boshqarishda keng ishtirok etishi.
Jamiyat taraqqiyotida davlat boshqaruvi respublika shaklining
bir necha ko‘rinishlari ma’lum.
Afina davlatida (eramizgacha V – IV asrlar) boshqaruvning
demokratik respublika shakli mavjud bo‘lgan. Unda afinalik erkin
fuqarolarning qulga aylanishiga yo‘l qo‘yilmasdi. Bu respublikada
ijtimoiy raqobat, qulga egalik qilishning maxsus tartibi, jamoa
qulchiligi mavjud edi. Shuningdek, Afinada davlat boshqaruvining
samarali tizimi faoliyat ko‘rsatardi.
Sparta (eramizgacha V – IV asrlar) va Rim davlatlari
(eramizgacha V – II asrlar) aristokratik respublikalar bo‘lgan.
Ular davlat sifatida aksariyat aholining aristokratiya, nufuzli
kiborlar qismi manfaatlarini ifodalagan. Shuningdek, shahar –
respublikalari ham mavjud bo‘lib, ularda fuqarolarning erkinliklari
va xususiy mulk munosabatlarining erkinligi tan olingan. Shahar 
– respublikalar Florensiya, Venetsiya – Italiyada; Novgorod,
Pskov – Rossiyada va Germaniya, Fransiya, Angliyada ham shahar
respublikalari mavjud bo‘lgan.
Respublika hozirgi dunyoda keng tarqalgan davlat boshqaruv
shakli bo‘lib, uning ikki ko‘rinishi mavjud: 1) prezidentlik
respublikasi; 2) parlamentar respublika.
Prezidentlik respublikasida hukumatni prezident tuzadi va u
prezident oldida hisobot beradi. Prezident davlat boshlig‘i


71
hisoblanadi va prezident maxsus tartibda xalq tomonidan saylanadi.
Masalan: Rossiya, AQSH, Fransiya, Italiya, O‘zbekiston
Respublikasi va boshqalarda prezident xalq tomonidan saylanadi.
Bu borada tegishli qonunlar mavjud.
Parlamentar respublikada – hukumat parlament tomonidan
tuziladi va u parlament oldida hisobot beradi. Parlament vakillik
va qonun chiqaruvchi idora bo‘lib, ijro hokimiyatini amalga
oshirishda asosiy o‘rinni hukumat boshlig‘i egallaydi. Hukumat 
– Vazirlar Kengashi deb nomlanib, u parlament tomonidan
tuziladi va uning oldida javob beradi. Germaniya, Hindiston,
Turkiya kabi davlatlar parlamentar respublika shaklidagi davlatlar
qatoriga kiradi.
3-§. Davlatning tuzilish shakli
Davlatning tuzilish shakli deganda, u davlatni siyosiy,
ma’muriy, hududiy tuzilishi va uni oliy organlari bilan mahalliy
organlari o‘rtasidagi aloqalar nazarda tutiladi. Davlat tuzilish shakli
ikkiga bo‘linadi: oddiy (unitar); murakkab (federativ va
konfederativ).
Oddiy (unitar) davlat tuzilishida ma’muriy hududiy qismlarga
(viloyatlar, shtatlar, okruglar, grafliklar, tumanlarga) bo‘linib, u
yagona oliy organga, yagona boshqaruv organlari tizimiga, bitta
Konstitutsiyaga yagona fuqarolikka, muayyan hududga, davlat
chegarasiga, yagona armiyaga va qonunchilik tizimiga ega bo‘lgan
davlatdir. Masalan, Fransiya, Italiya, Ukraina, Qozog‘iston kabi
davlatlar unitar davlatlar hisoblanadi.
Unitar davlatlar hududida boshqa mustaqil davlatlar mavjud
bo‘lmaydi. Unitar davlatlar ichidagi ma’muriy-hududiy
bo‘linmalar faqat mahalliy masalalarni hal etish huquqiga ega,
markaziy yagona davlat hokimiyati mamlakatning butun hududiga
o‘z ta’sirini tanho o‘tkazadi.
Federativ davlat – teng huquqli respublikalar, shtatlar,
kontonlar va boshqa davlat tuzilmalarining ixtiyoriy birlashuvidan
iborat. Federativ davlat tarkibiga kiruvchi subyektlar o‘zining
qonun chiqaruvchi organlariga, o‘z hukumatiga, sud organlariga
ega bo‘lgan bir necha davlat tuzilmalari ittifoqidan iborat bo‘ladi.
Federativ davlat belgilari quyidagilardan iborat:


72
Birinchidan, uning hududi subyektlar hududi yig‘indisidan
iborat bo‘ladi. Ikkinchidan, oliy qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi
va sud hokimiyati federatsiya va subyektlar miqyosida ikki
pog‘onali bo‘ladi. Federatsiya va uning subyektlarining vakolatlari
federatsiya konstitutsiyasida belgilab qo‘yiladi. Uchinchidan, ikki
fuqarolik mavjud bo‘lib, u har bir fuqaroning bir vaqtning o‘zida
ham federativ davlat fuqarosi, ham federatsiya subyekti fuqarosi
ekanligini bildiradi.
Federatsiya tarkibiga kiruvchi davlatlar ixtiyoriy ravishda
birlashib, markazlashgan davlatni tashkil qiladi. Federatsiyada
barcha a’zolar nomidan markaziy idoralar mamlakat ichki va
tashqi siyosatida yagona ish olib boradi va uning manfaatlarini
himoya qiladi. Masalan, dunyoda hozirgi kunda yigirmadan
ortiq federativ shakldagi davlatlar mavjud. Bular Rossiya,
Braziliya, Hindiston, Germaniya, AQSH, Shveysariya,
Meksika, Kanada va boshqalar.
Konfederatsiya – bir necha davlatlarning ayrim muhim sohalar,
ya’ni iqtisodiy, siyosiy, mudofaa masalalari bo‘yicha tuzgan
ittifoqidir. Konfederatsiyada yagona davlat hududi, yagona
fuqarolik bo‘lmaydi. Konfederatsiya bu to‘la mustaqil davlatlarning
ko‘ngilli ittifoqidir. Uning belgilari quyidagilardan iborat:
1) konfederatsiya muayyan maqsadlarga erishishi uchun
birlashgan mustaqil davlatlarning ittifoqi;
2) barqaror bo‘lmagan siyosiy tuzilma;
3) yagona hududning bo‘lmasligi;
4) yagona fuqarolikning o‘rnatilmasligi;
5) konfederatsiya subyektlari undan erkin holatida chiqib ketishi
mumkinligi;
6) konfederatsiya subyektlari qonunchilik hujjatlarini
qo‘llamaslik huquqiga egaligi;
7) konfederatsiya vakolatiga cheklangan doiradagi masalalarni
hal etish kirishi;
8) konfederatsiya budjeti uning a’zolari ixtiyoriy badallaridan
tashkil topishi.
Hozirgi vaqtda Yevropaning 15 ta davlatini birlashtirgan
Yevropa ittifoqi davlatlarining hamdo‘stlik konfederatsiyasi
mavjud. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi konfederatsiya emas.


73
4-§. Siyosiy rejim
Siyosiy rejim – davlat hokimiyatini amalga oshirishda
foydalaniladigan tartib va usullarning yig‘indisi.
Siyosiy rejim tushunchasi keng va tor ma’noda qo‘llaniladi.
Keng ma’nodagi yondashuvda siyosiy rejim barcha siyosiy hayot,
umuman jamiyat siyosiy tizimi hodisalarining namoyon bo‘lishi
va tartibi tushuniladi. Tor ma’nodagi yondashuv esa siyosiy rejimni
faqat davlat hayoti, davlat hokimiyatini ro‘yobga chiqarish bilan
bog‘liq hodisalar va usullar namoyon bo‘lishi tarzida talqin etadi.
Har bir mamlakatda davlat hokimiyati o‘ziga xos xususiyatlarga
ega, shu bois siyosiy rejim ham turlicha qaror topadi va namoyon
bo‘ladi. Biroq siyosiy rejimni muayyan belgilariga ko‘ra ikki turga
ajratish mumkin: avtoritar va demokratik rejimlar.
Avtoritar siyosiy rejimni izohlaydigan asosiy xususiyatlar
quyidagilardan iborat:
– fuqarolarning huquq va erkinliklarining cheklanganligi, bekor
qilinganligi yoki umuman yo‘qligi;
– davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatining
cheklanganligi, tugatilganligi yoki umuman taqiqlanganligi;
– davlat hokimiyati ustidan xalq nazoratining yo‘qligi, ularning
yashirin usullar bilan shakllantirilishi;
– butun hokimiyatning yagona shaxs (bir organ yoki bir necha
shaxs) qo‘lida to‘planganligi;
– davlat hokimiyatini amalga oshirishda ma’muriy –
buyruqbozlik, ba’zan terrorchilik (o‘zboshimchalik, zo‘ravonlik)
usullarining qo‘llanilishi;
– taraqqiyparvar siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalari
faoliyatining taqiqlanganligi, cheklanganligi yoki tarqatib
yuborilganligi;
– siyosiy monizm, ya’ni yakka mafkuraning ustunligi, uning
davlat mafkurasi darajasiga ko‘tarilganligi;
– fuqarolik jamiyatining mavjud emasligi, uning institutlarining
cheklanganligi, ijtimoiy manfaatlarni ifodalash imkoniyatlarining
taqiqlanganligi.
Davlat va huquq nazariyasida avtoritar rejimning despotik,
tiraniya, totalitar, fashistik va h.k. tarixiy turlari farqlanadi.
Demokratik siyosiy tartibda davlat fuqarolarning huquq va


74
erkinliklarini ta’minlash, aholini turli jamoat tashkilotlariga
birlashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini xalq
ishtirokida saylash, davlatni boshqarishda keng xalq ommasining
ishtirok etishi ta’minlanadi. Demokratik tartib ikki shaklda
amalga oshiriladi: vakillik demokratiyasi va bevosita demokratiya.
Vakillik demokratiyasida xalq o‘zi saylagan deputatlari orqali
davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan iqtisodiy, siyosiy va huquqiy
masalalarni muhokama qilish, hal etish haqida qaror qabul qilish
va davlatni idora etishda qatnashadi.
Bevosita demokratiyada davlatni idora etishda xalqning bevosita
ishtiroki ta’minlanadi, ya’ni davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan
masalalarni hal etishda umumxalq ovoziga qo‘yish (referendum)ni
amalga oshirish mumkin. G‘ayridemokratik siyosiy tartib
demokratik usulga qarshi bo‘lib, totalitar, avtoritar va fashistik
shaklda bo‘ladi.
Totalitar usulda davlat boshqaruvi markazlashgan va
buyruqbozlik asosida bo‘ladi. Fuqarolarning huquq va erkinliklari
ta’minlanmaydi, barcha davlat hokimiyati yagona diktatura tarzida
amalga oshiriladi. Masalan, sobiq Ittifoq yagona kommunistik
Yüklə 0,89 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin