103
Biz yaxshi tushunamiz – xotin-qizlarning huquq va manfaatlari ta’minlangan
jamiyatda albatta tinchlik, adolat, erkinlik va farovonlik bo‘ladi. Ayol baxtli
bo‘lsa, oila va jamiyat ham albatta baxtli bo‘ladi.
Barchamiz – Prezidentdan boshlab eng quyi bo‘g‘indagi rahbar va
mutasaddilar, ana shu muhim mezonga amal qilib ishlashimiz zarur. Shundagina
xalqimiz ham, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi.
Aziz va muhtarama opa-singillar!
Sizlarni 8-mart bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan qutlab,
barchangizga
sihat-salomatlik, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka
tilayman.
Doimo yaqinlaringiz, farzand va nabiralaringiz, el-yurtimiz ardog‘ida bo‘lib
yurish nasib etsin!
Umringiz uzoq, baxtingiz ziyoda bo‘lsin!
Go‘zal bayramingiz muborak bo‘lsin!
Barchangizga katta rahmat.
104
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoyevning OAV da
e’lon qilingan nutqidan
Qadrli vatandoshlar!
Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun
milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik,
buyuk qadriyatdir. Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir
kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa,
munis onalarimizning
allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va
hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin. Turkiy tillarning katta oilasiga
mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, uning
orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas
bog‘liqdir. Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o‘z
so‘zini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini,
ulkan ilmiy
kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar. O‘tmishda o‘lkamizni bosib olgan
turli yovuz kuchlar bizni avvalo o‘z tilimizdan, tariximiz va madaniyatimizdan,
dinu diyonatimizdan judo qilishga qayta-qayta urindilar. Ular el-yurtimiz boshiga
qanday azob-uqubatlar, kulfat va musibatlar solgani tarixdan yaxshi ma’lum.
Ammo jasur va matonatli xalqimiz har qanday og‘ir sinovlarda ham o‘z ozodligi
va istiqloli uchun mardona kurashdi. Bu yo‘lda behisob qurbonlar berdi. Har
qanday zulm va zo‘ravonliklarga qaramasdan, o‘z ona tilini – milliy g‘ururini
saqlab qoldi. Nafaqat saqlab qoldi, balki uni har tomonlama rivojlantirib, bugungi
avlodlarga bezavol yetkazib berdi. Bu borada ma’naviy jasorat va fidoyilik
ko‘rsatgan
buyuk arboblarimiz, adib va olimlarimiz, ulamolarimiz, ulug‘
san’atkorlarimizning xotirasini bugun hurmat va ehtirom bilan yod etamiz. Ushbu
qutlug‘ ayyomni bayram qilar ekanmiz, avvalo, 1989-yil 21-oktabr sanasini –
“Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunni eslashimiz o‘rinlidir.
Yurtimizda mustabid tuzum hali o‘z hukmini o‘tkazib turgan g‘oyat og‘ir
sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan bu qonunni qabul qilish
biz uchun oson kechmagan edi.
Qonun loyihasi ikki marta umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan edi. Uning
atrofida qanday qizg‘in bahs va tortishuvlar bo‘lib o‘tganini, o‘ylaymanki,
ko‘pchilik yurtdoshlarimiz juda yaxshi eslaydi. Shaxsan men ham o‘shanda bu
tarixiy jarayonlarning bevosita guvohi va ishtirokchisi bo‘lganman. Bu muhim
hujjatning qabul qilinishida fidoyi va vatanparvar ziyolilarimiz, keng
jamoatchilikning qat’iy shijoati hamda Birinchi Prezidentimiz
muhtaram Islom
Abdug‘anievich Karimovning siyosiy irodasi katta o‘rin tutdi. O‘zbek tili davlat
tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulug‘ maqsadlar sari
105
safarbar etadigan qudratli kuch bo‘lib maydonga chiqdi. Ayni vaqtda u
O‘zbekistonning davlat mustaqilligi sari qo‘yilgan birinchi dadil qadam edi. Bu
qonun xalqimizning o‘z taqdirini o‘zi belgilash yo‘lidagi azmu qarorining yorqin
namoyoni bo‘ldi. Oradan ikki yil o‘tib, O‘zbekiston Respublikasining davlat
mustaqilligi aynan ona tilimizda jahonga e’lon qilindi.
Mamlakatimizning Asosiy qonuni – Konstitutsiyamizning o‘zbek tilida
yaratilishi uning nufuzini yanada yuksaltirdi. Yurtimiz bo‘ylab
va xalqaro
maydonlarda ona tilimizda yangrayotgan Davlat madhiyasi ham qalblarimizda
Vatan tuyg‘usini jo‘sh urdiradi. O‘zbek tili o‘tgan yillar davomida
mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat vakillarini o‘zaro bog‘laydigan
mehr-oqibat tiliga aylandi.
Bundan besh asr muqaddam hazrat Alisher Navoiy:
“Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam”, deb yozgan edi. Ya’ni, ul zot ona tili
bayrog‘ini baland ko‘tarib, butun el-ulusni, yurtlarni shu bayroq ostida
birlashtirdim, deb iftixor qilgan. Barchamizga yaxshi ayonki, ona tili –
millat
ma’naviyatining mustahkam poydevoridir. Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz
Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, har bir millatning dunyoda borligini
ko‘rsatadigan oyinai hayoti – bu uning milliy tili va adabiyotidir. Shu ma’noda
dunyo hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashni maqsad qilib qo‘ygan har qaysi
davlat avvalo o‘z xalqining milliy tili va madaniyatini asrab-avaylashga,
rivojlantirishga intiladi. Mustaqillik yillarida ona tilimizni tom ma’noda davlat
tiliga aylantirish yo‘lida katta chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu o‘rinda bir fikrga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Hozirgi kunda Yer
yuzida 7 mingdan ziyod til mavjud bo‘lsa, ularning faqat 200 ga yaqini davlat tili
yoki rasmiy til maqomiga ega.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, o‘zbek tiliga
davlat tili maqomini huquqiy jihatdan muhrlab bergan mazkur qonunning
xalqimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Bu tarixiy voqeadan so‘ng
lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish haqida yana bir muhim
qonun qabul qilindi.
Dostları ilə paylaş: