3.Muayyan harakatni bajarishga qaratilgan va muqobil majburiyatlar. Agar huquqiy
munosabat bo’yicha kreditor qarzdordan muayyan bir harakat qilinishini, masalan, malum ishning
bajarilishini, biron-bir ashyoning topshirilishini yoki malum summa pul to’lanishini talab qilish
huquqiga ega bo’lsa, bunday majburiyat muayyan harakatni bajarishga qaratilgan majburiyat
hisoblanadi. Agar huquqiy munosabatda kreditorning talabi bo’yicha qarzdor bir necha harakatlardan
birini bajarishga majbur bo’lsa, bunday majburiyat muqobil majburiyat sanaladi. Muqobil majburiyat
bo’yicha huquqiy munosabatda bir necha harakat ko’rsatilgan bo’lsa ham, majburiyatning mazmunini
qarzdorning faqat birgina majburiyati va kreditorning shu majburiyatning bajarilishini talab qilishga
bo’lgan huquqi tashkil etadi. Huquqiy munosabatda nazarda tutilgan harakatlardan birining bajarilishi
bilan majburiyat ijro etilgan hisoblanadi. Muqobil majburiyatning bajarilishi to’g’risidagi qoida
FKning 250-moddasida berilgan. Mazkur moddada ko’rsatilishicha, agar qarzdor ikki yoki bir necha
harakatlardan birini bajarishga majbur bo’lsa, qonun, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan
boshqacha tartib anglashilmasa, tanlash huquqi qarzdor ixtiyorida bo’ladi. O’zbekiston
Respublikasining bir qator qonun hujjatlari
1
da qanday majburiyatning bajarilishi lozimligini tanlash
huquqi kreditorga berilganligi ko’rsatiladi. Chunonchi, ularda sotilgan ashyoning sifati lozim darajada
bo’lmaganda, sotib oluvchi o’z xohishi bilan ana shu ashyoni boshqa sifatli ashyoga almashtirish yoki
harid bahosini tegishli darajada kamaytirishni yoxud sotuvchining shu ashyodagi kamchiliklarni haq
olmay tuzatib berishini yoki shu kamchilikni tuzatish uchun oluvchining qilgan xarajatlarini to’lashni
yo bo’lmasa shartnomani bekor qilib, o’ziga etkazilgan zararning to’lanishini talab qilishga haqli
bo’ladi, deb ko’rsatiladi. Bu qoida bo’yicha qarzdor sifatidagi sotuvchi tomonidan bajarilishi lozim
bo’lgan harakatlardan birini tanlash huquqi kreditorga, yani sotib oulvchiga beriladi.