Arastuning poetika asari tahlili



Yüklə 57,53 Kb.
tarix01.11.2022
ölçüsü57,53 Kb.
#67022
AN

Arastuning poetika asari tahlili

  • Insoniyat tarixidagi mashhur mutafakkirlardan biri Arastu ham barcha nomdor aql-idrok sohiblari singari nafaqat favqulodda o‘tkir zehni, balki o‘zining tashqi ko‘rinishi bilan ham atrofdagilarning e’tiborini tortgan. Miloddan avvalgi 384–322 yillarda yashab o‘tgan bu yunon donishmandi, manbalarda ma’lum qilinishicha, “kalta soqol qo‘yib, doim sochini peshonasiga tushirib yurgan”. Tasavvurimizda uning sog‘lomlik barq urib turgan vujudidan, baland qaddi-qomatidan, o‘tday yonib turadigan chiroyli ochiq chehrasidan, chaqnagan ko‘kish ko‘zlaridan, uzun qilib o‘stirilgan mayin, jingalak sochlaridan, paydor bilaklaridan, uzun barmoqlaridan, umuman, baquvvat jismining har bir uzvidan unga ro‘para kelgan har qanday kishiga ham jisman, ham ruhan ta’sir qiladigan allaqanday salobat yog‘ilib turgan. Chunki nomi asrlar osha o‘chmasdan kelayotgan allomaning surati – tashqi ko‘rinishi ham uning siyrati – ichki dunyosi, aql-tafakkuri singari ulug‘vor, salobatli bo‘lgan.
  • Borliqdagi barcha narsaga mushohada yuritish manbasi sifatida qaragan bu yunon donishmandining kishiga sinchkovlik bilan tikiladigan o‘tkir nigohlarida kishilar bilan suhbatlashayotgan paytida, shogirdlariga nimanidir uqtirayotgan chog‘ida bilinar-bilinmas zavq o‘ynagan. U munozaralar chog‘ida quvnoq tiyrak ko‘zlarini suhbatdoshiga tikkancha, so‘zlari unga qanday ta’sir qilayotganini kuzatgancha jilmayib turgan. Bahslashuvchilarning bema’ni fikrlaridan jahli chiqqanida yoki bo‘lak bir sababdan asabiylashganida esa shoshib, tez-tez gapira boshlagan. O‘shanda uning ovozi dag‘al, ham bir oz balandroq chiqqan
  • Arastu salkam ikki yuzta asar yozgani, ulardan o‘ttiz bittasigina bizgacha yetib kelgani qayd etiladi (“Tafakkur” jurnali, 2016 yil, 2-son. B.27-28-betlar). Mana shu dalilning o‘ziyoq “mantiq ilmi asoschisi”, “etika ilmining boshlovchisi” deya ulug‘lanadigan Arastu buyuk qomusiy olim, ulug‘ mutafakkir ekanidan dalolat beradi. Borliqni kuzatib, uning hodisalari haqida mushohada yuritishdan zavqlangan va uni ezgulikka erishish manbai deb qaragan bu yunon donishmandi adabiyotshunoslik fanining ham tamal toshini qo‘ygan. U o‘zining “Poetika” asarida birinchi bo‘lib adabiyotshunoslik negizida badiiy asarlarni tahlil qilish turishini, bu fan tilshunoslik va mantiq, tarix va san’atshunoslik, estetika va etika, falsafa va siyosat kabi ijtimoiy fanlar bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatib bergan.
  • Teran ilmiy-nazariy tahlilga asoslangan “Poetika” ham, olimning boshqa asarlari ham shu bois alohida ta’limot sifatida e’tibor qozongan. Arastu ta’limoti, uning asarlarida ilgari surilgan g‘oya va qarashlar xususida bahslar G‘arbda ham, Sharqda ham asrlar bo‘yi to‘xtamasdan davom etgan. Jumladan, Ibn Sino Arastuning “Osmon haqida” va “Fizika” asarlari xususida mulohaza yuritib, shogirdi Baxmanyor bilan shu xususda yozishmalar qilgani manbalarda ko‘rsatiladi.
  • “Poetika”, “Axloqi kabir” asarlarining e’tiborli jihati shundaki, Arastu hech bir o‘rinda o‘quvchiga o‘zining fikr va xulosalarini o‘tkazishga urinmaydi. Alloma boshqa asarlarida ham kishilarga biror bir masala xususida saboq berishga kirishib ketmaydi. Ammo u tabiat va jamiyat hodisalari, inson dunyosi murakkabliklari xususida shunday teran mushohada yuritadiki, har qanday o‘quvchi beixtiyor uning fikriga qo‘shiladi.
  • Arastu: “Tarixchi va shoir bir-biridan shu jihatdan farq qiladiki, ulardan biri haqiqatda bo‘lgan, ikkinchisi esa bo‘lishi mumkin bo‘lgan voqea haqida so‘zlaydi. Shuning uchun poeziya tarixga qaraganda falsafiyroq va jiddiyroq; poeziya ko‘proq umumiy, tarix esa alohida voqealarni tasvirlaydi” deydi. Bu fikr darslik, qo‘llanmalarda ko‘p takrorlanganidan uni hamma biladi. Ammo hozir barchaga ayon ana shu fikrni dastlab Arastu aytganini hamma ham xayoliga keltirmaydi. Yangi texnika vositalari, dori-darmon va hokazolarni o‘ylab topish “ixtiro” deyiladi-yu, kimdir birinchi bo‘lib aytgan yuqoridagiga o‘xshash fikrlar xususida bunday deyilmaydi. Aslida ayni xildagi mulohazalar ham kashfdir. Chunki Aras­tudan avval shu fikrni hech kim aytmagan. Vaholonki, har qanday odam yangi uskuna, asbob ishlab chiqarolmagani singari yangi fikr, yangi g‘oyani ham hamma aytolmaydi.
  • Miloddan avvalgi zamonda yashagan bu donishmandning: “Haqiqatni izlash ham oson, ham mushkul. Chunki hech kim unga to‘liq erisholmaydi. Shuning barobarida, hech kim uni umuman payqamasligi ham mumkin emas. Ammo har bir odam tabiatni anglashimiz uchun ozgina bo‘lsa-da, o‘z hissasini qo‘shadi. Ushbu ulushlar yig‘ilib esa ulug‘vor manzarani hosil qiladi”, degan so‘zlari Vashingtondagi Milliy fanlar akademiyasi binosi peshtoqiga yozib qo‘yilgan (Haqiqat manzaralari. 96 mumtoz faylasuf. – Toshkent, Yangi asr avlodi, 2002. B.98.).
  • O‘zini Aflotunning shogirdi sanagan Arastu Sharqda “Iskandar Maqdunli” nomi mashhur Aleksandr Makedonskiyga murabbiylik qilib, unga falsafa, matematika, tarix kabi fanlardan va o‘sha zamonda g‘oyat qadrlangan jismoniy tarbiya, kamondan otish, kurash kabi jang san’atlaridan saboq bergan. Arastu ham xuddi ustozi Aflotun singari tirishqoq, intiluvchan shogirdlariga mehr va xayrixohlik bilan qarab, ularning fikrlarini qadrlagan hamda boshqalarning o‘z qarashini erkin, bemalol aytishiga yo‘l bergan. Aleksandr Makedonskiy hukmdor bo‘lgach, ustozining haykalini yasattirib, uning poyiga: “Aleksandr Makedonskiy ushbu yodgorlikni Nikomaxning o‘g‘li, ulug‘ donishmand va avliyo Aristu xotirasiga o‘rnatdi” deb yozdirgan.
  • Suqrot, Aflotun, Arastu yashagan davrda Yunonistonda madaniyat yuksak darajada rivojlangan va san’atning ko‘pgina turlari: teatr, musiqa, haykaltaroshlik, me’morchilik, she’riyat, dramaturgiya ravnaq topgan. O‘sha zamonda odamlarni hayotdagi turli fojialardan, inson taqdiri jumboqlaridan ogohlantiruvchi tragediya, jamiyatdagi ijtimoiy illatlarni, kishilarning axloqsizliklarini fosh etuvchi komediya, adolatli davlat tuzumini, insonparvarlik qonunlarini himoya qiluvchi voizlik san’ati (ritorika) jamiyatning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotida muhim o‘rin egallagan.
  • Arastuning boshqa fikrlari, xususan, adabiyotning paydo bo‘lishi va uning ahamiyati, adabiy turlar va janrlar haqidagi fikrlari ham qancha asrlar o‘tsa-da, jiddiy tarzda o‘zgarmasdan, adabiyotning mohiyatini ang­lashning alifbosi bo‘lib, kishilarning fikrini yorishtirib keladi. Shu bois Mixail Baxtin: “Janrlarning nazariyasi bizning zamonimizgacha ham Aristotel qoldirib ketgan nazariyaga hech qanday muhim yangilik qo‘sholgan emas. Uning “Poetika”si janrlar nazariyasining mustahkam poydevori bo‘lib qolaveradi. Faqat bu poydevor gohida shu qadar chuqurlikka o‘rnashadiki, uni ko‘rishning o‘zi amri mahol bo‘lib qoladi” deydi (Baxtin M.M. Literaturno-kriticheskiye stati. – M., Xudoj. lit., 1986. – S.396.). Bu ulug‘ rus adabiyotshunosi “Epos va roman” tadqiqotida roman janrining o‘ziga xos jihatlari to‘g‘risida mulohaza yuritish asnosida adabiyotshunoslikning nazariy muammolariga ham e’tibor qaratib:
  • “O‘tmishning yirik va tugal poetikalari – Aristotel, Goratsiy va Bualo poetikalari adabiyotning yaxlitligini va bu yaxlitlik ichida barcha janrlarning mukammal uyg‘unlik hosil qilishini chuqur his etish ruhi bilan sug‘orilgan. Ular mazkur janrlar uyg‘unligini go‘yo ayon eshitib turadilar. Bu poetikalarning kuchi, betakror yaxlitlik sifatidagi mukammalligi va tugalligi shunda”, deb ta’kidlaydi.
  • “Poetika”da, asosan, tragediya, komediya, dramaning o‘ziga xos xususiyatlari tavsiflangan va ular haqida bayon qilingan mulohazalar zamonaviy adabiyotshunoslikda ham deyarli o‘zgarishsiz takrorlanadi. Chunki Arastu ushbu janrlarga mansub asarlarning mohiyatini aniq bayon qilgan.
  • Masalan: “Tragediya muayyan hajmli, turli qismlari turlicha sayqallangan til yordamida, bayon vositasida emas, balki xatti-harakat orqali ko‘rsatiladigan va iztirob bilan inson ruhini poklovchi va tugal voqea tasviridir”, degan hamda ushbu ta’rifdagi “sayqallangan til” hamda “turli qismlari turlicha sayqallangan” degan o‘rinlarni: “Sayqallangan til” deganda men ritm, garmoniya va musiqiylikka ega bo‘lgan tilni nazarda tutaman. “Turli qismlari turlicha sayqallangan” deganda esa ba’zi qismlari faqat vazn bilan, boshqa qismlari ham vazn, ham musiqiylik bilan bezalgan nutq ang­lashiladi” deb izohlagan. Mazkur risolada “Tragediya xatti-harakat tasviri bo‘lib, undagi xatti-harakatlar muayyan xarakter va fikrlash tarziga ega qahramonlar tomonidan amalga oshiriladi” deyilgan hamda tragediya oltita unsur: harakat va manzara, musiqa, nutq, xarakter, fikr va g‘oya hamda tomoshadan tarkib topishi ta’kidlangan.
  • Eng muhimi, “Poetika”da “Tragediyaning qahramoni kim?” degan savolga: “Tragediya bizdan ko‘ra yaxshiroq odamlarni gavdalantiradi”; “Tragediyalarda birovga misol (o‘rnak) bo‘la oladigan yaxshiliklar va maqtaniladigan fe’l-atvorlar zikr qilinadi; bu vaznda shaharni boshqaruvchi hukmdorlar madh etiladi”, deb aniq javob berilgan. Arastu “bizdan ko‘ra yaxshiroq odamlar” deganda hukmron tabaqa vakillari – shohlar, vazirlar va ularning atrofidagilarni nazarda tutgan. Chunki odamlar o‘tmishda hukmron tabaqa vakillarini o‘zidan ustun, deb qarashgan va xudo bu bandalariga bo‘lakcha marhamat ko‘rsatib, ularni har jihatdan boshqalardan baland qilib qo‘ygan, deb o‘ylashgan.
  • Bunday qarash Sofokl, Arastu zamonida hozirgi davrdagiga qiyoslaganda ancha mustahkam va keng yoyilgan. Chunonchi odamlar shohning oldida tiz cho‘kib, ta’zim qilishni o‘zlari uchun yuksak sharaf deb bilishgan. Bunday ehtirom zaminida esa hukmdorni ulug‘lash, uni hammadan ustun, hammadan ko‘ra yaxshi, deb tan olish turadi. Nafaqat qadimgi yunon dramaturglari asarlari yoki Shekspir tragediyalarida, balki boshqa xalqlar jumladan, Sharq xalqlari folklori va yozma adabiyotida ham qadimdan hukmdorlar asosiy qahramon sifatida gavdalantirilgan va ular, albatta, qaysidir jihatlari bilan atrofdagilardan ustun ekani ko‘rsatilgan. 

Eʼtiboringiz uchun rahmat!


Yüklə 57,53 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin