Akademiya


Qadimgi Misr diniy tizimi



Yüklə 332,77 Kb.
səhifə9/46
tarix03.12.2023
ölçüsü332,77 Kb.
#172252
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   46
WdH331ah1sEEBJbD5pX6P4F52TbFLojVXKi8zjDH

Qadimgi Misr diniy tizimi


Ikki daryo oralig‘i diniy tizimining paydo bo‘lishi bilan bir vaqtda Qadimgi Misr diniy tizimi rivojlangan. Iqtisodiy turmushi o‘zaro yaqin bo‘lgan bu ikki xalq ijtimoiy-siyosiy tizimi, dinlarining ijtimoiy hayotdagi o‘rni va ahamiyati jihatidan bir-biridan keskin farq qiluvchi madaniyatni vujudga keltirgan.
Qadimgi Misr xo‘jaligining o‘ziga xosligi diniy tizimning shakl- lanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Bu yerda sun’iy sug‘orishga asoslangan qishloq xo‘jaligi, murakkab irrigatsiya inshoatlarini qurish va ish holatida saqlab turish uchun aholi kuchini davlat miqyosida birlashtirish va uning negizida yagona xo‘jalik tizimini vujudga keltirish talab qilingan. Miloddan avvalgi IV ming yillikning oxirlari – III ming yillikning boshlarida iqtisodiy zarurat ta’sirida Nil vohasi yagona markazga birlashtirilgan.
Markazlashgan davlat boshlig‘i fir’avn deb atalgan. Fir’avn chek- lanmagan siyosiy hokimiyatga ega bo‘lgan va uning shaxsi ilohiylashtirilib, xudo darajasiga ko‘tarilgan. Qadimgi misrliklar fir’avnni xudoning yerdagi timsoli (yerdagi xudo) deb bilganlar. Fir’avn xudo Amon Raning yerdagi ayol bilan muqaddas nikohi natijasida tug‘ilgan xudo sifatida ulug‘langan. Odamlar unga ziyon yetkazishdan qo‘rqib, hatto ismini ham tilga olmaganlar. «Fir’avn» atamasi istiora so‘z bo‘lib, katta uy, buyuk uy degan ma’nolarni anglatadi.
Davlat boshlig‘i shaxsining ilohiylashtirilishi kohinlarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlagan. Ular ruhoniylik bilan birga markaziy va mahalliy davlat hokimiyatining amaldori, sud ishlarini bajaruvchi mansabdor shaxs, munajjimlik, me’morlik, murabbiylik singari dunyoviy ishlarni bajarganlar. Ruhoniylar jamiyatda alohida imtiyozlarga ega toifani tashkil etib, hokimiyatni egallash uchun hatto fir’avn va uning vorislari bilan ham raqobat qilganlar.
Qadimgi misrliklar qudratli xudolar, g‘ayritabiiy kuchga ega mavjudotlar, tabiat kuchlari va hayvonlarga sig‘inganlar. Diniy tizim qo‘shni xalqlar xudolarining qabul qilinishi hisobiga ham kengayib borgan. Har bir shahar va qishloq aholisining sig‘inadigan mahalliy xudosi bo‘lgan. Ularga bag‘ishlab ibodatxonalar qurilgan, qurbonliklar qilingan, diniy bayram va marosimlar o‘tkazilgan.
Qadimgi Misrning shahar-davlatlari yagona markazga birlashti- rilganidan keyin umumdavlat ahamiyatiga ega xudolar guruhi vujudga kelgan. Guruhga bosh xudo rahbarlik qilgan. Bosh xudo sifatida Quyosh xudosi – Amon Ra tan olingan. Miloddan avvalgi III ming yillik oxirlaridan boshlab Fiva shahrining homiysi Amon Raning bosh xudo sifatidagi mavqei yanada mustahkamlangan.
Qadimgi Misrda umumdavlat xudolariga sig‘inishning vujudga kelishi to‘g‘risida turli diniy ta’limotlar mavjud. Ular orasida Geliopol maktabining ta’limoti alohida ahamiyatga ega. Unda to‘qqizta umumdavlat xudosi haqida hikoya qilinadi. Ushbu ta’limot «yenneada» deb ataladi. Unga ko‘ra, dastlab ibtidoiy ummon timsoli sifatida Nun mavjud bo‘lgan. Nundan abadiyat xudosi – Atum ajralib chiqqan. Atum qanotli ilon qiyofasida tasvirlanadi. U xudolar – Shu va Tefnutlarni yaratgan. Ulardan xudolar – Geb va Nut tug‘ilgan. Keyinchalik havo xudosi – Shu osmon ma’budi Nutni yer xudosi – Gebdan ajratgan. Geb va Nut nikohidan o‘lib-tiriladigan tabiat timsoli, narigi dunyo xudosi – Osiris, hosildorlik, suv va shamol ma’budi – Isida, o‘lgan odamlar ruhiga homiylik qiluvchi ma’bud – Neftida, cho‘l xudosi – Set tug‘ilgan. Umumdavlat xudolariga dastlab Atum rahbarlik qilgan. Lekin hokimiyatga da’vogarlik qiluvchi xudolar bilan raqobatda u quyosh xudosi Ra (Amon Ra)ga yengilgan. Miloddan avvalgi III ming yillikning oxiri – II ming yillikning boshlarida Ra o‘z hokimiyatini yanada mustahkamlagan.
Memfis shahri maktabining kosmogonik (grekcha kosmogonia – dunyoning paydo bo‘lishi degan ma’noni anglatadi) ta’limotiga ko‘ra, Ptax (yaratuvchi xudo, Memfisda o‘liklar xudosi sifatida ulug‘lanadi, u mumiyolangan odam qiyofasida tasvirlanadi) borliqni va barcha xudolarni yaratgan. Ptax borliqni so‘z va ijodiy qobiliyati yordamida yaratadi, deb hisoblangan. Ilohiy iroda uning yuragida paydo bo‘lgan. Xristianlikda ham borliqning vujudga kelishi to‘g‘risida shunga o‘xshash ta’limot mavjud. Havariy (apostol) Ioanning yevangeliyasida xudo borliqni so‘z orqali yaratganligi qayd etilgan.
Qadimgi misrliklar xudolarni qudratli va qasoskor g‘ayritabiiy mavjudotlar deb bilganlar. Odamlar xudolarga xizmat qilish uchun yaratilgan, agar ular o‘z burchlarini unutsalar yoki ularni sidqidildan bajarmasalar, xudolarning g‘azabiga duchor bo‘ladilar, deb hisoblangan. Shu bois davlat xazinasi va fuqarolar shaxsiy daromadining juda katta qismi xudolarga bag‘ishlangan, ya’ni ibodatxonalar qurilishi, qurbonliklar va boshqa ko‘plab diniy marosimlarni bajarishga xarajat qilingan. Masalan, fir’avn Xufuning maqbara (piramida)si miloddan avvalgi XXVII asrda yuz mingdan ortiq kishilar tomonidan 20 yil davomida qurilgan.
Xudolar totemizm ta’sirida dastlab asosan xo‘jalikda foydalaniladigan uy hayvonlari qiyofasida tasvirlangan. Keyinchalik diniy ta’limotning takomillashib borishi bilan ular odam yoki yarim odam, yarim hayvon qiyofalarida tasvirlangan. Masalan, Osiris, Isida, Xator kabi xudolar odam qiyofasida, Gor burgut boshli odam, Set xo‘tik boshli, Tot laylak boshli mavjudot qiyofalarida tasvirlangan.
Diniy qarashlarda totemizm bilan birga animizmning ta’siri kuchli bo‘lgan. Bu o‘lgan odamlarni ko‘mish marosimida yaqqol namoyon bo‘lgan. Rivoyatlarda aytilishicha, odamning ruhi o‘lmaydi. Insonda «Ka» va «Ba» ruhlari mavjud. Ular turli vazifalarni bajaradilar. «Ka» ruhi odam vafot etganidan keyin jismda qoladi. «Ba» ruhi esa tanani tark etib, narigi dunyoda safarini davom ettiradi va oxir-oqibatda ilgarigi jasadga qaytib keladi. Shundan keyin odam qayta tiriladi va abadiy rohat-farog‘at hukmron bo‘lgan ilohiy jamiyatda hayotini davom ettiradi.
Odamning qayta tirilishi uchun bir qator vazifalarning hal etilishi talab qilingan. Birinchi navbatda «Ka» ruhini tanada saqlab qolish kerak bo‘lgan. Buning uchun marhumning jasadi mumiyolangan. Agar mumiyo vaqt va tabiat kuchlarining ta’sirida chirib ketsa, qo‘shimcha vosita sifatida qabrga kishining tasviri chizilgan yoki haykali qo‘yilgan. «Ka» ruhining tanada saqlanib qolishi «Ba» ruhining narigi dunyoda xudo bilan savol- javob va turli xavf-xatarlardan muvaffaqiyatli o‘tishiga yordam beradi deb hisoblangan; ikkinchidan, «Ba» ruhi narigi dunyoda kishining tirikligida qilgan ishlari uchun xudo oldida javob beradi deb hisoblangan. Bundan o‘ta olmasa ruhni ajdaho yutib yuborgan, oqibatda uning narigi dunyodagi safari yakunlangan. So‘rovdan ijobiy natija bilan o‘tgan ruh esa tanaga qaytgan va odamning qayta tirilishiga qadar Ialu vodiysi (jannat)ga tushgan.
Qadimgi Misrda siyosiy hokimiyatning markazlashuvi va davlat rahbarining cheklanmagan hokimiyatga ega ekanligi jahonda birinchi bo‘lib yakkaxudolilik ta’limotining yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Miloddan avvalgi XV asrning oxirlarida mamlakatni boshqargan fir’avn Amenxotep IV (oqsuyak zodagonlar va kohinlarning hokimiyatni undan tortib olish uchun kurashiga zarba berish maqsadida) diniy islohot o‘tkazgan. Islohot natijasida ko‘pxudolilik bekor qilingan va yagona xudo Aton (Quyosh)ga sig‘inish joriy qilingan. Eski ibodatxonalar yopib qo‘yilgan va ularning mulklari musodara qilingan. Mamlakatning poytaxti yangi qurilgan Axetaton shahriga ko‘chirilgan. Fir’avn o‘zini Exnaton (Atonga xush yoqadigan) deb atalgan. Lekin islohot uchun hali tarixiy zarurat pishib yetilmagan va jamiyat yakkaxudolikni qabul qilishga ham
tayyor bo‘lmagan. U ko‘proq siyosiy ahamiyatga ega bo‘lib, oqsuyak zodagon va kohinlarning jamiyatdagi iqtisodiy va siyosiy qudratiga zarba berish maqsadida amalga oshirilgan. Shu bois uning muvaffaqiyatsizlik bilan tugashi oldindan ma’lum bo‘lgan. Fir’avn vafot etganidan keyin diniy islohot bekor qilingan va u dahriy deb la’natlangan. Vaqt o‘tishi bilan avvalgi xudolarga sig‘inish yana qayta tiklangan.
Xulosa sifatida qayd etish kerakki, Qadimgi Misr dinining g‘oyalari O‘rta dengiz havzasidagi G‘arb va Sharq xalqlari madaniyatining vujudga kelishi va rivojlanishida juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Ruhning o‘lmasligi, narigi dunyo, kishining xudo oldida javobgarligi va qayta tirilishi kabi fikrlar keyinchalik mintaqada vujudga kelgan yakkaxudolik ta’limotlarining g‘oyalari sifatida qabul qilingan hamda Qadimgi Misr madaniyatining rivojlanishiga ta’sir etgan. Qadimgi Sharq madaniy markazlarining ta’sirida O‘rta dengiz havzasida antik (lotincha antique – qadimgi degan ma’noni anglatadi), ya’ni Yunoniston (Gretsiya) va Rim davlatlarining madaniyati vujudga keldi.

Yüklə 332,77 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   46




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin