1. Tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar / Xalqaro shartnomalar (bitmlar)]



Yüklə 22,23 Kb.
tarix07.01.2024
ölçüsü22,23 Kb.
#209277
21.06.2022




[OKOZ:

1.19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.09.00.00 Xalqaro iqtisodiy hamkorlik / 19.09.12.00 Qishloq xo‘jaligi sohasidagi xalqaro hamkorlik. O‘simliklar karantini. Veterinariya]

[TSZ:

1.Tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar / Xalqaro shartnomalar (bitmlar)]

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan
Ozarbayjon Respublikasi Hukumati o‘rtasida
Bitim
O‘simliklar karantini va himoyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida
2022-yil 21-iyun, Toshkent
(O‘zbekiston Respublikasi uchun 2022-yil 28-oktabrdan kuchga kirgan)
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, keyingi o‘rinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1951-yildagi O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro konvensiya (keyingi o‘rinlarda — O‘KHXK) doirasida qabul qilingan Fitosanitar choralari bo‘yicha xalqaro standartlarga (keyingi o‘rinlarda — FChXS) muvofiq fitosanitariya choralarini samarali implementatsiya qilish uchun o‘simliklar karantini va himoyasi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirishga intilib,
Tomonlar davlatlarining hududlarini tartibga solinadigan zararli organizmlar olib kirish va tarqalishidan himoya qilish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosidagi fitosanitar xavfni kamaytirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma choralarni ko‘rish istagida,
quyidagilar to‘g‘risida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar o‘z davlatlarining hududlarini tartibga solinadigan zararli organizmlarning kirib kelishidan himoya qilish, shuningdek, Tomonlar davlatlari o‘rtasida savdo hajmining ko‘payishiga ko‘maklashish maqsadida o‘simliklar karantini va himoyasi sohasida hamkorlik qiladilar.
Mazkur Bitimda qo‘llanilgan atamalar, O‘KHXK va FChXSlarda nazarda tutilgan atamalar bilan bir xil ma’noga ega.
Mazkur Bitimdagi “o‘simliklar karantini obyektlarini tashuvchilar”, “karantin ostidagi mahsulot”, “karantin ostidagi yuklar”, “karantin ostidagi materiallar”, “karantin ostidagi tovarlar” va “tartibga solish obyektlari” atamalari bir xil ma’noni bildirib, mazkur Bitim maqsadlari uchun “tartibga solish obyektlari” atamasidan foydalaniladi.
2-modda
Tomonlarning mazkur Bitimni muvofiqlashtirish va uning qoidalarini amalga oshirish uchun mas’ul vakolatli organlari quyidagilar hisoblanadi:
Ozarbayjon Respublikasi Hukumati nomidan — Ozarbayjon Respublikasi Oziq-ovqat xavfsizligi agentligi;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan — O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi.
3-modda
Tomonlar bir-birlarini o‘z davlatlaridagi zararli organizmlardan xoli hududlar hamda zararli organizmlar soni kam bo‘lgan ishlab chiqarish joylari, uchastkalar va hududlar to‘g‘risida xabardor qiladilar.
Tomonlar zararli organizmlardan xoli hududlarni belgilash, shuningdek, uni saqlab qolish uchun samarali fitosanitariya choralarini qo‘llash bo‘yicha o‘zaro tajriba almashadilar.
4-modda
Tomonlar tartibga solinadigan obyektlarni, ularni ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish hamda saqlash jarayonlarida zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan Tomonlar davlatlari uchun tartibga solinadigan zararli organizmlar mavjudligi yoki mavjud emasligini aniqlash maqsadida karantin tekshiruvidan o‘tkazadilar.
Tomonlar o‘z davlatlarining qonunchiligiga muvofiq tasdiqlangan, bir Tomon davlatining hududidan boshqa Tomon davlatining hududiga olib o‘tiladigan tartibga solish obyektlarini import, eksport, reeksport va tranzit qilish bo‘yicha fitosanitariya qoidalariga rioya qilish majburiyatini oladilar.
5-modda
Tomonlar fitosanitar xavf tahlili tizimi sohasida hamkorlik qiladilar hamda yakunlangan fitosanitar xavf tahlili natijalari bilan tanishish maqsadida so‘rov asosida ularni o‘zaro almashishlari mumkin.
6-modda
Bir Tomon davlatining hududidan boshqa Tomon davlatining hududiga eksport qilinadigan yoki bir Tomon davlatining hududi orqali boshqa Tomon davlatining hududiga tranzit bilan olib o‘tiladigan tartibga solinadigan obyektlar yoki uchinchi mamlakatda kelib chiqqan hamda Tomonlardan biri davlatining hududida qayta qadoqlangan, qayta yuklangan yoki qismlarga ajratilgan tartibga solinadigan obyektlar import qiluvchi Tomon davlatining fitosanitariya talablariga muvofiq uning milliy qonunchiligida nazarda tutilgan bo‘lsa, fitosanitariya sertifikati asl nusxasi yoki reeksporg fitosanitariya sertifikati va karantin ruxsatnomasi (import yoki tranzit uchun) bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
Tartibga solinadigan obyektlar partiyalarini identifikatsiya qilish maqsadida fitosanitariya sertifikatlarida mazkur partiyani tashuvchi transport vositasining raqami (nomi) ko‘rsatiladi. Fitosanitariya sertifikatlari 12-sonli FChXSga muvofiq rasmiylashtiriladi.
Fitosanitariya sertifikatining mavjudligi Tomonlarning o‘z davlatlari qonunchiligiga muvofiq tartibga solinadigan obyektlarni karantin tekshiruvidan o‘tkazish huquqini istisno etmaydi.
Basharti tartibga solish obyektlari zararsizlantirilishi bir Tomon davlatining hududida amalga oshirilgan bo‘lsa, ushbu obyektlarni boshqa Tomon davlati hududiga olib kirishga, ularning gazsizlantirilishidan (karantin ostidagi mahsulotdan gazni sun’iy ravishda bartaraf qilish) yoki boshqa Tomon bilan dastlabki kelishuv bo‘yicha karantin ostidagi mahsulotni qabul qilayotgan Tomon davlatining hududida gazsizlantirilishidan so‘ng ruxsat beriladi.
Tartibga solinadigan obyektlarning reeksporti va tranziti 12-sonli FChXSga muvofiq amalga oshiriladi.
7-modda
Bir Tomon davlatining hududidan boshqa Tomon davlatining hududiga tartibga solinadigan obyektlar eksport qilinganda qadoqlash mahsuloti sifatida 15-sonli FChXSga muvofiq maxsus ishlov berilgan yog‘och qadoqlash mahsulotidan foydalaniladi. O‘simlik materiallari (pichan, somon, barglar) import qiluvchi Tomonning oldindan roziligisiz qo‘shimcha qadoqlash materiali sifatida ishlatilmaydi. Boshqa qadoqlash materiallari tuproqdan xoli bo‘lishi lozim.
Tomonlar o‘z davlatlari uchun tartibga solinadigan zararli organizmlar tashuvchisi bo‘lishi mumkin hisoblangan tirik ildizli o‘simliklarni tuproq bilan olib kirilishini taqiqlaydilar.
Tartibga solinadigan obyektlarni bir Tomon davlatidan boshqa Tomon davlatining hududiga olib o‘tish uchun foydalaniladigan transport vositalari to‘liq tozalangan, zarur hollarda, zararsizlantirilgan bo‘lishi lozim.
Tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra urug‘ va ekish materiallari import qilingan holatda, import qiluvchi Tomon davlatining fitosanitariya talablariga muvofiq, eksport qiluvchi mamlakatning ushbu mahsulotlarni yetishtirish joylarida (ko‘chatzorlar, plantatsiyalar) monitoring o‘tkazish ishlari tashkillashtirilishi mumkin.
8-modda
Chegara punktlarida karantin tekshiruvi paytida import qilinayotgan tartibga solinadigan obyektlarni fitosanitariya qoidalari va talablariga nomuvofiqligi bo‘yicha jiddiy holatlar aniqlansa, import qilayotgan Tomon ushbu mahsulotlarni yo‘q qilish yoki qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqiga ega.
Fitosanitariya qoidalari va talablariga jiddiy nomuvofiqliklar quyidagi holatlar hisoblanadi:
tartibga solinadigan zararli organizmlarning aniqlanishi;
fitosanitariya sertifikatlarining mavjud emasligi;
fitosanitariya sertifikatlarida tasdiqlanmagan o‘zgarishlar yoki o‘chirishlar bo‘lganda;
soxta fitosanitariya sertifikatlari aniqlanganda;
olib kirish uchun taqiqlangan yuklar kirib kelganda.
Fitosanitariya talablari buzilishining boshqa holatlarida Tomonlar import qilayotgan shaxslarga aniqlangan nomuvofiqlikni bartaraf etishga imkoniyat beradilar. Shaxslar tomonidan qoidabuzarliklar belgilab berilgan muddat ichida bartaraf etilmagan hollarda, import qiluvchi Tomon tartibga solish obyektlarini qaytarish yoki yo‘q qilish huquqiga ega.
9-modda
Import qilinadigan tartibga solinadigan obyektlarning fitosanitariya qoidalari va talablariga nisbatan nomuvofiqlik holatlari aniqlangan hollarda, import qiluvchi Tomon boshqa Tomonga 13-sonli FChXSga muvofiq qoidabuzarlik turi va ko‘rilgan choralarni o‘zida aks ettirgan notifikatsiya yuboradi.
Notifikatsiya qoidabuzarlik aniqlangan kundan boshlab bir oy davomida yuboriladi. Notifikatsiya sababini tasdiqlashda (masalan, organizmni identifikatsiyalashda) sezilarli kechikish yuz bergan holda, Tomonlar dastlabki notifikatsiyani yuborishlari mumkin.
Notifikatsiya olgandan so‘ng eksport qiluvchi Tomon aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha choralarni ko‘radi va natijalari to‘g‘risida import qiluvchi Tomonni o‘z vaqtida xabardor qiladi.
10-modda
Eksport qiluvchi Tomonning so‘roviga binoan va ijobiy baho berilgan taqdirda, boshqa Tomon eksport qiluvchi Tomondan qabul qilinadigan fitosanitariya choralarini 24-sonli FChXSga muvofiq ekvivalent sifatida tan olishi mumkin.
Tomonlar fitosanitariya choralari ekvivalentligini tan olish tartibini alohida kelishib olishlari mumkin.
11-modda
Tomonlar fitosanitariya sertifikatlarini elektron almashish tizimini joriy etish imkoniyatlarini ko‘radilar. Mazkur tizimni amalga oshirish mexanizmini o‘zaro kelishish maqsadida Tomonlar alohida chora-tadbirlar rejasini kelishishlari mumkin.
12-modda
Mazkur Bitim qoidalarini amalga oshirish bilan bog‘liq amaliy masalalarni hal qilish maqsadida Tomonlar bo‘lib o‘tadigan qo‘shma majlislarni navbatma-navbat o‘zlarining davlatlari hududida yoki zarur hollarda, videokonferensiya rejimida tashkil etadilar.
Yig‘ilishlarning tashkiliy xarajatlari qabul qiluvchi Tomon tarafidan qoplanadi.
Bunday majlislarning joyi, sanasi va kun tartibi Tomonlar tarafidan oldindan belgilanadi.
13-modda
Mazkur Bitimning qoidalari Tomonlar davlatlarining ular ishtirok etadigan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga ta’sir qilmaydi.
14-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra uning ajralmas qismi hisoblanadigan hamda alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan hamda mazkur Bitimning 16-moddasida belgilangan tartibda kuchga kiradigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
15-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qo‘llash bilan bog‘liq kelishmovchiliklar Tomonlar o‘rtasida maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
16-modda
Mazkur Bitim Tomonlar tarafidan Bitim kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki protseduralari bajarilganligi haqida yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim besh (5) yil muddatga tuziladi. Basharti Tomonlardan biri boshqa Tomonni mazkur Bitimni tugatish niyati to‘g‘risida xabardor qilmasa, u o‘z-o‘zidan keyingi besh yillik muddatlarga uzayaveradi.
Mazkur Bitimning amal qilishi Tomonlardan biri boshqa Tomonni uning amal qilishini tugatish niyati to‘g‘risida diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilgan kundan boshlab olti (6) oy o‘tgandan keyin tugatiladi.
Mazkur Bitim kuchga kirgandan keyin 2003-yil 13-iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ozarbayjon Respublikasi Hukumati o‘rtasida o‘simliklar karantini sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimning amal qilishi tugatiladi.
Toshkent shahrida 2022-yil 21-iyunda, ikki asl nusxada, har biri o‘zbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)

Yüklə 22,23 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin