1. Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Sud tuzilishi]



Yüklə 40,14 Kb.
tarix22.09.2023
ölçüsü40,14 Kb.
#147315
11 29.07.2016




[OKOZ:

1.17.00.00.00 Odil sudlov / 17.02.00.00 Sud tizimi / 17.02.20.00 Sud amaliyoti va statistikasi]

[TSZ:

1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Sud tuzilishi]

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
QarorI
Sudlar tomonidan voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz bolalar ta’minoti uchun aliment undirishga oid ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasiga ko‘ra, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 96, 100-moddalarida, ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga, shuningdek, voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berishi shartligi belgilangan. “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiya talablari asosida ishlab chiqilgan huquqiy bazada voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz bolalarning moddiy ta’minot olish huquqi aniq belgilab qo‘yilgan. Voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz bolalarning moddiy ta’minot olish huquqini ta’minlash va bu borada O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi normalarining to‘g‘ri va aniq tatbiq etilishi bo‘yicha bir xil sud amaliyotni shakllantirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori bolalarning sog‘lom va barkamol avlod sifatida voyaga yetishida ota-onalar mas’ulligiga va ular o‘zlarining voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalarini ijtimoiy ta’minlashga majbur ekanligiga, ushbu majburiyatni ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan aliment faqat sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrug‘i chiqarish orqali undirilishiga;
aliment to‘lash bilan bog‘liq bo‘lgan nizolarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri hal qilish bolalar manfaatlari himoyasining muhim kafolatlaridan biri hisoblanishini nazarda tutgan holda, qonunlarga qat’iy rioya etish zarurligiga qaratilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Qonunga muvofiq, voyaga yetmagan, shuningdek, voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar ta’minoti uchun aliment taraflarning kelishuviga ko‘ra ixtiyoriy tartibda, shuningdek, sud tartibida undiriladi.
Tushuntirilsinki, aliment ota-onaning birining arizasi yoki da’vosi bilan, agar boshqa ota (ona) voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini bajarmagan holatlarda sud tartibida (sud buyrug‘i yoki sudning hal qiluv qarori bilan) undiriladi.
Voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda, shuningdek, aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilmagan hollarda, voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan aliment undirish haqidagi da’vo bilan voyaga yetmagan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola murojaat qilishga haqli. Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona) va bola alohida yashagan hollarda, voyaga yetmagan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola ota yoki onasiga yoxud ota-onasining har ikkoviga nisbatan da’vo taqdim qilishi huquqiga ega.
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun aliment vasiylik va homiylik organlari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yetim bolalar va bolalar uchun muassasalar, shuningdek, prokuror da’vosiga ko‘ra, sudning hal qiluv qaroriga asosan undiriladi.
Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar ta’minoti uchun aliment ota-onaning birining da’vosi bilan sudning hal qiluv qaroriga asosan undiriladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 3-iyuldagi 12-sonli qarori tahririda)
3. Oila kodeksining 81-moddasi 2-qismiga ko‘ra, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi ota-onani o‘z bolasiga ta’minot berish majburiyatidan ozod qilmaydi. Shu munosabat bilan sudlarga tushuntirilsinki, agarda ota-onalik huquqidan mahrum qilinishida bolaga aliment undirish masalasi hal qilinmagan bo‘lsa, aliment undirish yuzasidan vakolatli shaxs da’vo (ariza) bilan murojaat qilishi mumkin.
4. Oila kodeksining 165-moddasida farzandlikka olinganlar va ularning ota-onasi (ota-onasining qarindoshlari) bir-birlariga nisbatan shaxsiy va mulkiy huquqlarini yo‘qotishlari hamda o‘zaro majburiyatlardan ozod bo‘lishlari belgilanganligi sababli farzandlikka olinganlarning ta’minoti uchun ota-onasidan aliment undirilmasligiga sudlarning e’tibori qaratilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Aliment undirish yuzasidan sud buyrug‘i chiqarish to‘g‘risidagi ariza ham, da’vo ariza ham sudlovga taalluqlilikning umumiy qoidalariga ko‘ra, javobgarning yashash joyi bo‘yicha beriladi, shuningdek, FPK 34-moddasining uchinchi qismiga muvofiq arizachi yoki da’vogarning o‘zi yashab turgan joyda ham taqdim etilishi mumkin.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
6. Voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun aliment undirish haqida sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi ariza, shuningdek, voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalar ta’minoti uchun aliment undirish haqida da’vo ariza berganlik uchun davlat boji O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji” to‘g‘risida”gi Qonuni 8-moddasi 2-bandi, shuningdek, FPK 174-moddasining birinchi qismiga muvofiq undirilmaydi.
(6-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 3-iyuldagi 12-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Sudlar aliment miqdorini kamaytirish, aliment to‘lashdan ozod qilish haqidagi da’vo arizalarini qabul qilishda hamda aliment undirish to‘g‘risidagi hal qiluv qarori yoki buyruq qabul qilishda davlat daromadiga undiriladigan davlat boji miqdorini belgilashda FPK 129-moddasi talablari va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2009-yil 24-noyabrdagi “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyoti to‘g‘risida”gi 14-sonli qarori tushuntirishlariga (xususan, 21-bandi tushuntirishlarga) asoslanishlari lozim.
(6-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Aliment undirish to‘g‘risida sud buyrug‘i berishda, agar qarzdor shu vaqtda ishlamasa yoki uning ish haqi va (yoki) daromadini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim qilinmagan bo‘lsa, davlat boji qonun hujjatlarida o‘rnatilgan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi.
(6-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 3-iyuldagi 12-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 3-iyuldagi 12-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
“8. Sudlarga tushuntirilsinki, Oila kodeksining 99-moddasiga muvofiq voyaga yetmagan bolalarga aliment undirishda aliment miqdorini ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining muayyan (1/4, 1/3, 1/2) qismi miqdorida belgilanadi.
Ushbu to‘lovlar miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga sazovor holatlarni hisobga olgan holda o‘zgartirilishi (kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi) mumkin. Mazkur holatda ham u foizda emas, ish haqi va (yoki) boshqa daromadning muayyan qismi me’yorida belgilanishi lozim.
(8-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
9. Oila kodeksining 100-moddasida ota-onaning voyaga yetgan bolalariga aliment to‘lashi belgilangan bo‘lib, bunda sudlar qonun talabiga ko‘ra, voyaga yetgan bolaning mehnatga layoqatli yoki layoqatsizligi hamda moddiy yordamga muhtojligi yoki muhtoj emasligini aniqlashga e’tibor qaratishlari lozim.
Sudga murojaat qilgan taraf voyaga yetgan bolaning mehnatga layoqatsizligi va yordamga muhtojligi to‘g‘risida dalil (nogironlik haqida TMEK yoki boshqa vakolatli organ xulosasi, moddiy ahvoli to‘g‘risida ma’lumot va boshqa) taqdim etishi lozim. Yordamga muhtoj yoki muhtoj emasligiga esa tegishli ma’lumotlar asosida sudning o‘zi baho berishi lozim.
Sudlar aliment undirishda bolalarning mehnatga layoqatliligini yo‘qotilganlik darajasi va ularning haqiqatdan muhtoj ekanligini, taraflarning moddiy va oilaviy ahvolini e’tiborga olishlari kerak.
10. Oila kodeksining 101-moddasi talabiga muvofiq, ota-onadan voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga undiriladigan aliment miqdori har oyda pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanadi.
Bunda aliment miqdorini aniqlashda, sud aliment to‘lashi shart bo‘lgan ota-onaning oilaviy va moddiy ahvolidan kelib chiqishi, ya’ni sud tomonidan belgilangan miqdor asoslantirilgan bo‘lishi lozim.
11. Sudlar aliment miqdorini aniqlashda, Oila kodeksining 102-moddasida belgilangan tartibga qat’iy rioya etishlari, sud hal qiluv qarorida aliment miqdori har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadning muayyan qismida yoki pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanganligi sababini ko‘rsatishi lozim.
12. Bolaning ta’minoti uchun qo‘shimcha xarajatlarni undirish masalasini hal etishda, sudlar Oila kodeksining 103-moddasida qayd etilgan qo‘shimcha xarajat qanday favqulodda holatlar (bolalarning og‘ir shikastlanishi, kasal bo‘lishi va boshqalar)da kelib chiqqanligini hamda bu bola ta’minoti uchun zarurligini ko‘rsatishi va ularning oilaviy va (yoki) moddiy ahvolini hisobga olib, qisman pul bilan to‘lanadigan qo‘shimcha xarajatlarning qat’iy miqdorini aniqlashi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, neustoyka to‘lash majburiyati (Oila kodeksi 142-moddasining ikkinchi qismi) aliment agar sud hujjatiga asosan undirilgan bo‘lsa vujudga keladi. Aliment to‘lash bo‘yicha kelishuv bajarilmagan hollarda, javobgarlik Fuqarolik kodeksining 327-moddasiga asosan yuzaga keladi.
Sudlarga tushuntirilsinki, aliment undirish to‘g‘risidagi sud hujjati ijrosi jarayonida aliment bo‘yicha qarz vujudga kelishi sababli neustoyka miqdorini hisoblash va undirish davlat ijrochilari tomonidan amalga oshiriladi. Aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv bajarilmagan, aliment bo‘yicha qarz vujudga kelgan taqdirda esa, aliment undiruvchi bank foizlarini undirish yuzasidan sudga da’vo bilan murojaat etishga haqli.
(13-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
14. Oila kodeksining 144-moddasiga muvofiq, sudning hal qiluv qaroriga asosan pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada undirilayotgan alimentlarni indeksatsiya qilish alimentlar ushlab qolinayotgan joyda qonun hujjatlarida o‘rnatilgan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.
Indeksatsiya qilish maqsadida alimentning miqdori sud tomonidan qonun hujjatlarida o‘rnatilgan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining muayyan qismiga mos ravishda pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanadi.
Shunga ko‘ra, qat’iy summada undirilishi lozim bo‘lgan aliment miqdori sud tomonidan qonun hujjatlarida o‘rnatilgan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining muayyan qismiga mos ravishda pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada (eng kam oylik ish haqining teng yarmi, bir baravari, bir yarim baravari va hokazo) belgilanishi lozim.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2020-yil 3-iyuldagi 12-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
15. Sudlarning e’tibori sud hujjati asosan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining muayyan qismida undirilayotgan alimentni qat’iy summada yoki bir vaqtda muayyan qismda va qat’iy summada undirish to‘g‘risidagi manfaatdor tarafning talabi FPK 454-moddasi tartibida emas, da’vo ish yurituvida ko‘rilishi lozimligiga qaratilsin. Chunki bu holatda sud qarorini ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish emas, balki aliment miqdorini o‘zgartirish to‘g‘risida masala hal etiladi.
(15-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
16. Sudlarga tushuntirilsinki, qarzdor aliment undirish to‘g‘risidagi sud buyrug‘ining ko‘chirma nusxasini olgan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddat ichida arz qilingan talabga qarshi e’tiroz bildirsa, FPK 181-moddasi tartibida sud buyrug‘i bekor qilinishi lozim.
Sud buyrug‘i FPK 177-moddasiga asosan ijroga qaratilganidan o‘n kun muddat o‘tganidan so‘ng bildirilgan e’tirozlar muddatni tiklash haqida ariza mavjud bo‘lmasa, sud tomonidan ko‘rilmaydi va arizachiga qaytariladi.
(16-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
17. Agar sudning bola ta’minoti uchun aliment undirish haqidagi hal qiluv qarori yoki buyrug‘i ijro etilishi vaqtida bola aliment to‘layotgan ota(ona)ning tarbiyasi va qarmog‘iga o‘tgan bo‘lsa, undiruvchi esa, aliment olishdan voz kechmagan bo‘lsa, keyingi to‘lanadigan alimentdan ozod qilish masalasi ota(ona) tomonidan tegishli tartibida qo‘zg‘atilgan da’vo asosida sud tomonidan hal etilishiga;
agar undiruvchi yuqorida qayd etilgan holatlarda alimentdan voz kechsa, ijro ish yurituvi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 37-moddasi 2-qismini 1-bandiga asosan tugatilishi lozimligiga sudlarning e’tibori qaratilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
18. Aliment miqdorini kamaytirish yoki aliment to‘lashdan ozod qilish haqidagi da’volar FPK 33-moddasiga ko‘ra, javobgar doimiy yashab turgan yoki doimiy mashg‘ul bo‘lgan joydagi sudga beriladi.
(18-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun undirilayotgan aliment miqdori sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra, o‘zgargan taqdirda alimentning yangi miqdorda undirilishi sudning bu haqdagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
19. Oila kodeksining 105, 115-moddalarida belgilangan holatlarda aliment miqdorini kamaytirish, aliment to‘lashdan ozod qilish hamda sudning bir necha hujjatlari bo‘yicha undiriladigan aliment miqdorini belgilash to‘g‘risidagi arizalarni hal etishda, mazkur ishlarni ko‘rishda barcha undiruvchilar jalb qilinishi lozim.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
20. Voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz shaxslarga ta’minot berish majburiyatlari belgilangan Oila kodeksining 122-moddasiga muvofiq, ota-onasi yo‘q bo‘lgan yoki ulardan ta’minot ololmaydigan voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj shaxslarga ta’minot berish sud tomonidan ularning qarindoshlari:. bobo, buvi, nevara, aka-uka, opa-singil, shuningdek o‘gay ota va o‘gay ona, o‘gay o‘g‘il va o‘gay qiz hamda doimiy tarbiyada bo‘lgan shaxslar zimmasiga yuklatilishi mumkin.
Bunda, sudlar aliment miqdorini, qarzdorning hamda undiruvchi (da’vogar)ning moddiy va oilaviy ahvolini hisobga olgan holda, har oyda pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilashlari lozim.
21. Voyaga yetmagan bola ota-ona qarmog‘idan olinib, bolalar tarbiya muassasasiga joylashtirilgan har qanday holatda, bolalarga ta’minot berishda ota-ona majburiyatlarining tengligidan kelib chiqib, Oila kodeksi 107-moddasiga asosan ota-onasining har biridan aliment bolaning foydasiga undirilib, bola nomiga ochilgan bank hisob-varag‘ida jamlanadi.
22. Oila kodeksining 136-moddasi 4-qismiga ko‘ra, agar ta’minot uchun mablag‘ olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar ko‘rilganligi, ammo aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning uni to‘lashdan bosh tortganligi oqibatida aliment olinmaganligi sud tomonidan aniqlansa, o‘tgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab uch yillik muddat doirasida undirib olinishi mumkinligiga sudlarning e’tibori qaratilsin.
Aliment to‘lashdan bosh tortish deganda, shaxsning aliment to‘lash majburiyatini aybli ravishda bajarmasligi, xususan aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzish haqidagi taklifni rad etish, turar joyini va (yoki) ish joyini yashirish tushunilishi sudlarga ko‘rsatib o‘tilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
23. Sudlarning e’tibori, aliment undirish haqidagi ish bo‘yicha da’vogarning da’vodan voz kechishi yoki taraflar kelishuv bitimi tuzishi munosabati bilan ish yuritish tugatilishiga, agar bu bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zid bo‘lmasa, yo‘l qo‘yiladi. Holat o‘zgarganda, da’vogarning aliment undirish to‘g‘risidagi talab bilan sudga qayta murojaat qilishi istisno etilmaydi.
Sud hujjatlariga binoan aliment undirilishi yuklatilgan shaxs tomonidan jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida aliment to‘lamaslik holati aniqlansa, sud jinoyat ishini qo‘zg‘atish masalasini hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda bu haqda prokurorga xabar qilishi shart (FPK 275-moddasining beshinchi qismi).
(23-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi 34-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
24. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari ushbu toifadagi ishlar bo‘yicha sud amaliyotini muntazam ravishda umumlashtirib borish, ularni qonun bilan belgilangan muddatlarda ko‘rish va sud hujjatlarini o‘z vaqtida ijroga qaratishga qaratilgan choralarni ko‘rsin.
(24-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi 17-sonli qarori tahririda)
Oliy sud raisi Sh. GAZIYEV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi D. KAMILOV
Toshkent sh.,
2016-yil 29-iyul,
11-son

Yüklə 40,14 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin