Soliq tizimini takomillashtirib borishda, xorijiy mamlakatlarda soliq stavkalarining qo‘llanish mexanizmidan foydalanish, soliqlarni to‘liq va o‘z vaqtida kelib tushushini nazorat qilish tajribalarini o‘rganish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ishlab chiqarish jarayonini boshqarishda, investitsiyalar, ilmiy tekshiruv va tajriba konstruktorlik ishlarini rag‘batlantirish va tartibga solishda davlat tomonidan soliq imtiyozlaridan keng foydalaniladi. Soliq imtiyozlari rag‘batlantirish va maqsadga muvofiq yo‘llanilishiga qarab quyidagilarga bo‘linadi:
- ayrim korxona va tashkilotlarni butunlay soliq to‘lashdan ozod etish;
- yangi tuzilgan korxonalar uchun soliq to‘lash bo‘yicha imtiyozlar berish. Bu imtiyozlar ishbilarmonlik va tadbirkorlik (agar maxsulot ishlab chiqarishga asoslangan bo‘lsa) rivojlanishga ijobiy ta’sir etadi.
Soliq imtiyozlarini qo‘llash mexanizmidagi eng murakkab jarayon bu soliq imtiyozlarini belgilash mezonlarini adolatli tarzda belgilash hisoblanadi. Ammo, qayd etish joizki, soliq imtiyozlarini belgilash jahon amaliyotida har bir mamlakatning iqtisodiy siyosatining mazmun-mohiyatidan kelib chiqib belgilanadi va shu jihatidan u turli davlatlarda turlicha bo‘ladi.