Qadimgi dunyo Sharq va G‘arb falsafasining rivojlanish xususiyatlari va muammolardagi farqlar. Birinchidan, inson muammosini o‘rganishga nisbatan yondashuvlarda G‘arb va Sharq falsafasida tafovutlar mavjud.G‘arb falsafasidan farqli o‘laroq, Sharq falsafasi asosiy e'tiborni inson muammosiga qaratadi. Jumladan “Avesto”da farzand ko‘rish, bolalarni bilimli, odobli, jamiyat uchun foydali insonlar qilib tarbiyalash, kelajakni o‘ylab ish tutish umuminsoniy ma'naviyat ekanligi ta'kidlanadi.
Ikkinchidan, Sharq va G‘arb falsafasida dinga munosabatda ham farqlar mavjud. Sharq falsafasi din bilan uzviy o‘zaro aloqada rivojlanadi: aksariyat hollarda ayni bir falsafiy oqim falsafa sifatida ham, din sifatida ham namoyon bo‘ladi. Bunga braxmanizm, induizm, buddizm, konfutsiychilik, zardo‘shdiylik misol bo‘lishi mumkin. G‘arb falsafasi esa, ko‘proq ilmiy metodologiyaga tayanadi va dindan ajralishga harakat qiladi.
Uchinchidan, G‘arb va Sharq falsafasining kategoriyalar apparati ham o‘ziga xos farqlarga ega. Sharq falsafasida mifologiya va «Rigvedalar» taklif qilgan aksariyat kategoriyalar: in – ayollik asosi va yan – erkaklik asosi, ularning efir bilan birikmasi – si; yoki narsalarga besh moddiy birinchi asos – yer, suv, havo, olov va daraxtning birikmasi sifatida yondashish tabiiy bir hol sifatida qaraladi.
To‘rtinchidan, Qadimgi G‘arb va Sharqda materiyaning tuzilishi haqidagi ta'limotda ham farqlar mavjud. G‘arb antik falsafasida materiyaning diskret tuzilishi haqidagi ta'limot – atomistika vujudga keldi. Uning asoschilari qadimgi yunon faylasuflari Levkipp va Demokrit bo‘lgan, atomistika g‘oyalarini Epikur va qadimgi rim faylasufi Lukretsiy Kar rivojlantirgan. Demokrit dunyo atomlar va bo‘shliqdan iborat deb hisoblagan.
Beshinchidan, G‘arb va Sharq falsafasida bilish muammolarini yechishda farqlar mavjud. G‘arb falsafasida bilish empirik, hissiy va oqilona jarayon sifatidagi emas, balki mantiqiy jarayon sifatida ham qaraladi, ya'ni mantiq muammolari atroflicha o‘rganiladi. Bu muammolarni o‘rganishga Suqrot, Platon, ayniqsa Aristotel ulkan hissa qo‘shgan. Sharq falsafasida esa, mantiq muammolari bilan amalda hind nyaya (sansar, qoida, mulohaza, predmetga kirish, mantiq) maktabigina shug‘ullangan.
Oltinchidan, G‘arb va Sharq falsafasidagi o‘ziga xoslik va farqlar ijtimoiy muammolarni o‘rganish jarayonida ayniqsa bo‘rtib namoyon bo‘ladi. Sharq falsafasida bu o‘tmish, hozirgi davr va kelajak manbai bo‘lgan «dunyoviy inson» muammolari, shuningdek umuminsoniy qadriyatlar, o‘zini o‘zi kamol toptirish, boshqa odamlarni boshqarish uchun zarur bo‘lgan insoniy fazilatlar muhim ahamiyatga ega.
Xullas, Sharq ma'naviy sivilizatsiyasi shaxsning borlig‘iga, uning o‘zlikni anglash tuyg‘usiga va moddiy dunyodan uzoqlashish orqali o‘zini o‘zi kamol toptirishiga murojaat etish ruhi bilan sug‘orilgan bo‘lib, bu Sharq xalqlarining turmush tarzida va madaniy qadriyatlarni o‘zlashtirish usullarida o‘z aksini topgan. G‘arb ma'naviy sivilizatsiyasi o‘zgarishlarga, haqiqatning tagiga yetish yo‘lidagi izlanishlarga ochiq bo‘lgan. Bu izlanishlar turli, shu jumladan ateistik, intellektual va amaliy yo‘nalishlarda kechgan.
Umuman olganda qadimgi dunyo falsafasi keyingi davrlardagi falsafiy tafakkur va madaniyatga, kishilik jamiyatining rivojlanishiga ulkan ta'sir ko‘rsatgan.