Mavzu: Idrok. Reja



Yüklə 38,92 Kb.
səhifə5/6
tarix03.06.2022
ölçüsü38,92 Kb.
#60573
1   2   3   4   5   6
Mavzu Idrok. Reja

Idrokning konstantligi
Idrokning konstantligi shundan iboratki, bironta narsani idrok qilishdan hosil bo‘lgan obraz, idrokning fizik sharoiti o‘zgarib tursa ham, doimo shu obraz holicha qolaveradi. Idrokning konstantligi ko‘rish idroklarida, narsalarning katta-kichikligini, ularning shakli va ranglarini idrok qilishda, ayniqsa, yaqqol ko‘rinadi. Bizga ma’lumki, biror narsadan uzoqlashsak, uning ko‘zimiz to‘r pardasidagi surati (aksi) kichrayadi, ammo shu narsaning obrazi bu bilan o‘zgarmaydi, o‘zgarganda ham bilinar-bilinmas o‘zgaradi. Masalan, ayni bir qalamni 20 sm va 1 m masofadan turib idrok qilinsa ham, baribir uning uzunligi o‘zgarganligi sezilmaydi, holbuki uning ko‘z to‘r pardasiga tushgan surati o‘zgaradi, ya’ni qalamni 20 sm masofadan turib
ko‘rishga nisbatan 1 m masofadan ko‘rilganda, qalamning ko‘z to‘r pardasiga tushadigan surati 5 marta qisqaradi. Shu qalamning sezilarli darajada kaltaroq ko‘rinishi uchun uni hiyla uzoq masofadan turib ko‘rish kerak bo‘ladi. To‘g‘ri burchakli stol bizdan 1 m yoki 10 m uzoqroqda
tursa ham biz unga to‘g‘ridan yoki yondan qarasak ham, uning kattaligi va shaklining aksi ko‘z to‘r pardasida har safar o‘zgarib turishiga qaramay, baribir hamisha o‘z shakli va katta-kichikligini o‘zgartirmagandek, boyagicha idrok qilinaveradi. Kosaga to‘g‘ridan qarasak, shakli dumaloq ekanini ko‘ramiz, ammo ana shu kosaga yondan qarasak, qarash burchagi
o‘zgarganligidan uning ko‘z to‘r pardasiga tushgan surati tuxumsimon cho‘zinchoqroq shaklda bo‘ladi. Biz esa doimo uni dumaloq shaklida idrok qilamiz. Bu safar ham narsaning idrok qilinayotgan shakli, uning haqiqiy, obyektiv shakliga muvofiq bo‘lib, doimo to‘g‘ri idrok qilinadi. Ayni shu kabi konstantlik ranglarni sezishda ham ro‘y beradi. Yorug‘lik darajasi turli xil bo‘lganda ham narsalarning rangi, narsalar qaytargan yorug‘lik nurlarining fizik tarkibi o‘zgarishiga qaramay, biz doimo bir tusda idrok qilaveramiz. Masalan, oq qog‘oz elektr chirog‘ining sarg‘ish nurida ham, yoki u yashil barglar soyasida yotsa ham baribir u bizga
oppoq bo‘lib ko‘rinaveradi. Holbuki, bu ikki vaziyatda ham qog‘oz yuzidan qaytariladigan nurlarning fizik tarkibi o‘zgaradi. Yozuv qog‘ozi qosh qoraygan paytda ham oppoq, qora bosma harf bilan yozilgan xat esa quyosh yorug‘ida ham qop-qora bo‘lib ko‘rinaveradi, holbuki qosh
qoraygan paytda qog‘oz yuzidan qaytarilgan nurlarning kuchi, quyosh yorug‘ida bosma xatdan qaytarilgan nurlarga qaraganda zaifroqdir. Ma’lumki, bir parcha ko‘mirdan tushki vaqtda qaytariladigan nurlar miqdori tong yorishish paytida bundan qaytariladigan nurlar miqdoriga
qaraganda bir necha marta ko‘pdir. Holbuki, ko‘mir tush vaqtida ham qop-qora, bo‘r esa tong otarda ham, g‘ira-shira paytda ham, hatto tunda ham, baribir oppoq bo‘lib ko‘rinadi.
Konstantlik hodisasi shuni ko‘rsatadiki, biz narsalarni ko‘rib turgan paytimizda, ularning ko‘z to‘r pardasiga tushgan suratiga aynan muvofiq holda ko‘rmay, balki shu narsalar haqiqatda qanday mavjud bo‘lsa, shu holda ko‘ramiz. Idrokning konstantligi odamning tajribasi jarayonida, amaliy faoliyatida vujudga kelib, mustahkamlanadi. I. P. Pavlov ko‘z bilan ko‘rib
idrok etish konstantligi uchun fiziologik asos bo‘lib xizmat qiladigan muvaqqat bog‘lanishlarga oid reflektor faoliyatning tashkil toppish xususiyatlarini ochib berdi, «bironta narsaning haqiqiy katta-kichikligi to‘g‘risida tasavvur hosil qilmoq uchun, – deb yozadi Pavlov, – shu narsaning ko‘z to‘r pardasiga tushgan surati ma’lum katta-kichiklikka ega bo‘lmog‘i va ko‘z soqqasining sirti va ichki muskullarining ma’lum ravishda birlashib ishlamog‘i talab qilinadi. Ko‘z to‘r pardasi va ana shu muskullardan keluvchi qo‘zg‘alishlarning muayyan kombinatsiyasi, muayyan kattalikda bo‘lgan narsani teri sezgisi orqali idrok etishdan hosil bo‘lgan qo‘zg‘alishlar bilan bir necha marta ayni vaqtda to‘g‘ri kelaverib, narsaning haqiqiy kattaligidan hosil bo‘lgan shartli qo‘zg‘ovchi bo‘lib qoladi» (Полное собрание сочинений, III tom, 1-kitob, 121-
bet).I. P. Pavlov aytib o‘tgan ko‘z muskullari harakati bilan narsaning ko‘z to‘r pardasiga tushgan surati o‘rtasida ana shu tariqa hosil bo‘lgan bog‘lanishlar doimo turmushda mustahkamlanib turadi, shuning uchun ham bu bog‘lanishlar idrok konstantligini nerv-fiziologik tomondan belgilab beradi. Konstantlik hodisasi voqelikni bilishda, tevarak-atrofdagi muhitni
fahmlab, kunda amaliy ish ko‘rishda juda katta ahamiyatga egadir. Idrokimizda konstantlik bo‘lmaganida edi, biz har bir qimirlashimizda, boshimizni salgina burganimizda, yorug‘lik o‘zgarib turganida, narsalar o‘z joylaridan andakkina siljiganida ham xuddi shu narsalarni har gal
butunlay boshqa-boshqa, yangi notanish narsalardek idrok qilardik, biz hatto o‘z narsalarimizni ham ulardan hatto yarim metr uzoqlashgan taqdirda, taniy olmasdik.
Illuziyalar
Ba’zi hollarda narsalar noto‘g‘ri, yanglish idrok qilinishi mumkin. Narsalarni bu tariqa noto‘g‘ri idrok qilishni illuziya deb ataladi. Masalan, agar biz 28-rasmda ko‘rsatilganidek, ko‘rsatkich va o‘rta barmog‘imizni chalishtirib, no‘xat yoki bironta dumaloq narsani chalishtirilgan ikkala barmog‘imizning uchi bilan bosib turib, ayni bir vaqtda aylantiraversak (biz no‘xatni aylantiraylik), barmoqlarimiz tagida bitta emas, balki ikki no‘xat bordek his qilamiz. Ana shu holda bir narsaning ikki bo‘lib sezilishini Aristotel (Arastu) illuziyasi deyiladi. Og‘irligi aynan
teng, ammo kattaligi har xil bo‘lgan ikki buyumni ketma-ketiga ushlab turilsa, kattasi yengilroq, ikkinchisi og‘irroqdek tuyuladi. Metalldan ishlangan 1 kg tarozi toshi, 1 kg paxtadan og‘irroqdek his qilinadi. Bu hol geometrik illuziyalar deb nom berilgan illuziyalarda, ayniqsa, yaqqol
ko‘rinadi. Masalan, uzunligi baravar bo‘lgan ikki chiziqning chetlariga ikki xil burchaklar chizilsa, illuziya paydo bo‘ladi, ya’ni burchaklari tashqariga qaratilgan chiziqqa nisbatan burchaklari ichkari tomonga tilgan chiziq kaltaroq bo‘lib ko‘rinadi. Bir nechta parallel chiziqlar ustidan qiya chiziqlar chizilsa, bu chiziqlar parallel emas, balki har xil tomonga qarab ketgan chiziqlardek tuyuladi (29-rasm). Ikkita teng burchakdan bittasi chiziqlar bilan to‘latilsa, ikkinchisiga qaraganda kattaroq bo‘lib ko‘rinadi. Ikkita baravar doira shaklini chizib, bulardan birini shu doiradan kattaroq, ikkinchisini esa o‘zidan kichikroq, doiralar ichiga olinsa, ikkinchi doira kattaroq ko‘rinadigan bo‘lib qoladi. Illuziyaning yuqorida keltirilgan namunalari hamma aqli raso odamlarda albatta bo‘ladigan illuziyalardandir. Bunday illuziyalarning muayyan
qonuniyatlari bor. Masalan, yuqorida bayon qilingan Aristotel illuziyasining paydo bo‘lish sababi shuki, bunda bitta narsa barmoq uchlarimizning terisi yuzidagi shunday ikki nuqtaga tegadi, odatdagi tabiiy sharoitda esa bitta narsa ana shu ikki nuqtaga hech qachon birdaniga
tegib turmaydi. Og‘irligi baravar bo‘lib, kattaligi har xil bo‘lgan buyumlardan kichikrog‘i kattarog‘iga qaraganda og‘ir ko‘rinishining sababi shundaki, odam hajmi kattaroq buyumning hajmi kichikroq buyumdan og‘ir ekanini o‘z tajribasida doimo sinab kelgan, binobarin, hajmi har xil buyumlarni ko‘z bilan idrok qilganda beixtiyor shu tajribasiga tayanadida, kattaroq buyumni ushlaganida ko‘proq zo‘r beradi, kichikroq buyumni qo‘liga olganida uncha zo‘r bermaydi, natijada og‘irligi baravar bo‘lgani bilan zo‘r berish yoki muskullarning qarshilik ko‘rsatishi uchun sarf qilingan kuch darajasi har xil bo‘lganligidan kichikroq buyum og‘irroqdek his qilinadi. Idrok qilib turgan shaxsning psixikasida ro‘y beradigan o‘zgarishlar bilan tug‘iladigan tasodifiy illuziyalar ham bo‘ladi. Masalan, cho‘lda suvsagan kishi uzoqda yarqirab turgan sho‘rxok yerni ko‘l deb o‘ylashi (lekin bu illuziyani sahrodagi sarobdan farq qila bilish kerak) yoki o‘rmondagi to‘nka odamning ko‘ziga bironta yirtqich hayvonga o‘xshab ko‘rinishi va hokazo shu kabi illuziyalar jumlasidandir. Gap nutq sohasida ham illuziyalar ko‘p uchrab turishi hammaga ma’lum. Bu xil illuziyalar shundan iboratki, birovning nutqidagi ayrim so‘zlar boshqa tovush tarkibidagi yoki boshqa bir ma’noda aytilgan so‘zdek eshitiladi. Bunday hollarda odamlar odatda «yaxshi eshitmay qoldim», «boshqacha tushunibman» deb gapiradilar. Eshitish organining sog‘ bo‘lishiga qaramay, birovning nutqini noto‘g‘ri eshitish sababi suhbatdoshlardan birining gap borayotgan narsa haqida yetarli ma’lumoti bo‘lmasligida yoki e’tibori boshqa narsaga chalg‘ib ketib, gapni chala eshitganligidadir. Illuziyani gollutsinatsiyadan farq qilish
lozim. Illuziya shu onda sezgi organlarimizga ta’sir qilib turgan bir narsani yanglish, noto‘g‘ri idrok qilish bo‘lsa, gollutsinatsiya yo‘q narsalarni, tashqi ta’sirotsiz «idrok qilinishidir»: o‘rni tagida yo‘q narsaning ko‘zga bordek ko‘rinishi, yo‘q ovozlarning quloqqa eshitilishi, yo‘q
narsalarning isi dimoqqa urilishi va boshqa shu kabilar gollutsinatsiya mahsulidir. Gollutsinatsiya shaxsning go‘yo biror narsani ko‘rgandek, eshitgandek, ushlagandek, is bilgandek va boshqa shu kabi tasavvuridir, xolos. Gollutsinatsiya ko‘pincha kasallikdan darak beruvchi alomatdir, u nerv sistemasi bironta zaharli narsa (alkogol, kokain, nasha) bilan ta’sirlanganda, nerv sistemasini buzadigan kasalliklar oqibatida ro‘y beradi.Ba’zi hollarda bosh miya yarim sharlari qobig‘idagi ba’zi asab markazlarining zararlanishi natijasida odatlanilgan harakatlarni bajarish qobiliyati buziladi yoki yo‘qoladi. Buni psixologiyada apraksiya (yunoncha –harakatsizlik) deb ataladi. Apraksiya – psixologik nuqson bo‘lib, u elementar harakatlarni idrok qilish harakatini, sezgirlikni, nutqiy buzilishiga, mehnat va o‘qishni tushuna olmaslikka sabab bo‘ladi.
Idrokning sifatlari Idrokka xos sifatlar ajratiladi. Idrokning tezligi, to‘laligi, ravshanligi va aniqligi yoki to‘g‘riligi uning sifatlaridandir. Idrokning tezligi idrok qilinayotgan narsaning sezgi organlarimizga ta’sir qila boshlagan paytdan, to bu narsa obrazini anglab olgunimizgacha o‘tgan vaqt bilan o‘lchanadi. Buni anglash odatda: «Bu falon narsa ekan» yoki «Men falon narsani ko‘rayapman, eshityapman va hokazo» deb tasdiqlash (gapirish)da ifodalanadi. Obrazning aniqlab olinishi yana organizm idrok qilinayotgan narsani tanish (oriyentirovka) yuzasidan qilgan harakat reaksiyasida ham namoyon bo‘lishi mumkin. Idrokning tezligi idrok asosida yotgan sezgilarning tezligiga baravar, yoxud hiyla sekinroq ham bo‘lmog‘i mumkin. Idrokning u yoki bu darajada sekin o‘tishi ma’lum darajada appersepsiya bilan ham belgilanadi. Idrokning tezligi soniyaning o‘n, yuz va mingdan bir qismi, ba’zan esa soniyalar bilan o‘lchanadi.
Mazmun jihatdan idrok to‘la yoki to‘la bo‘lmasligi mumkin. Idrokning to‘laligi narsaning ayni idrokda aks etgan belgilarining miqdori va xilma-xilligi bilan xarakterlanadi. Idrok qanchalik to‘la va sermazmun bo‘lsa, u shuncha aniq bo‘ladi. Mazmunan to‘liq bo‘lmagan idrok obrazlari
ayni vaqtda tussiz va siyqa bo‘ladi. Idrokning aniqligi idrok obrazlari idrok qilinayotgan narsalarga qanchalik muvofiq bo‘lishida bilinadi. Idrokda faqat idrok qilinayotgan narsaning ayni vaqtda mavjud bo‘lgan belgilari aks ettirilsa, u aniq idrok bo‘ladi. Idrokning mazmunida idrok qilinayotgan narsada yo‘q bo‘lgan belgilar ham bo‘lsa, u noaniq idrok bo‘ladi. Bunday belgilar biron sabab bilan avval idrok qilingan narsalardan olib qo‘shiladi yoki xayolda yaratiladi. Yuqorida aytilganidek, har xil illuziyalar ana shunday noaniq idroklar jumlasidandir.
Butun psixik hayotimizda, faoliyatimizning hamma sohalari va xususan o‘qish-o‘qitishda idrokning ahamiyati kattadir. Shuning uchun hamisha idrokning sifatiga alohida e’tibor berish lozim bo‘ladi. Psixik hayotimizning butun boyligi sezgi va idroklarimiz orqali hosil bo‘lgan
mazmundan voqe bo‘ladi. Idrok olamni bilish faoliyatimizning boshlang‘ich, asosiy momentidir. Idrok qilish yo‘li bilan hosil bo‘lgan ma’lumotlar xotiramizda saqlanib qoladi va so‘ngra ongimizning oliy jarayonlari – tafakkur, xayol, iroda faoliyati uchun asos bo‘ladi. Tasavvurlarimizning qanchalik to‘la va ravshan bo‘lishi idrokning sifati bilan belgilanadi. Idrok xilma-xil hissiyot va xususan estetik hislar manbayi bo‘lib xizmat etadi. Shu tuyg‘u hissiyotlarning xususiyatlari tegishli idroklarning u yoki bu sifatlariga hiyla darajada bog‘liq bo‘ladi. Idrok sifat atrof-tevarakdagi sharoitni to‘g‘ri va tez tushunib olish, inson faoliyatining
har xil turlari – o‘yin, mehnat, sport mashqi va musobaqalari uchun ahamiyati kattadir. Xususan, ta’lim-tarbiya ishida idrokning sifatini e’tiborga olish katta ahamiyatga egadir. O‘qituvchi bergan har bir o‘quv materialini o‘zlashtirish uchun o‘quvchi avvalo uni idrok qilmog‘i, ko‘rmog‘i, eshitmog‘i kerak. O‘quvchi idrok qilgan narsasini esda qoldiradi, tushunib oladi. O‘quvchi o‘quv materialini qanchalik tez, to‘la, ravshan va aniq idrok qilsa, u bu materialni shunchalik yengil va to‘g‘ri tushunib, fahmlab oladi, shunchalik oson, to‘la va mustahkam bilib oladi. Shuning uchun o‘qish o‘qitishda idrokning sifatiga oid xususiyatlarni e’tiborga olish, o‘quv materialini eng yaxshi usulda idrok qilishni ta’min etish lozim, o‘qish-o‘qitish ishini shunday tashkil etish kerakki, o‘quvchilar materialni tez, to‘la, ravshan va aniq idrok qila oladigan bo‘lsin. Buning uchun o‘quvchilar idrokning sifati qanday sabablarga bog‘liq ekanini bilishi kerak.
Idrokning sifati – uning tezligi, to‘laligi, ravshan va aniqligi – tashqi shartlar, organik va psixik shartlar bilan belgilanadi. Biz idrok qilayotgan narsa va hodisalarning xossalari idrokning sifatini belgilovchi tashqi yoki obyektiv shartlardir. Aniq va chiroyli qilib ishlangan rasm, kitob harflarining aniqligi, ravshan va to‘g‘ri talaffuz qilingan nutq tez, oson, to‘la va aniqroq idrok qilinadi. Idrok qilinayotgan paytdagi sharoit ham idrok sifatini ta’minlovchi obyektiv shartlar jumlasidandir. Masalan, ko‘rish idroki uchun joyning yaxshi yoritilgan bo‘lishi, eshitish idroki uchun – jim-jitlik alohida ahamiyatga ega. Ko‘rish yoki eshitish lozim bo‘lgan narsalarga nisbatan masofa ham shunday shartlardandir. Nerv sistemasi va sezgi organlarining holati idrok sifatini belgilovchi organik shartdir. Umuman idrokning yaxshi sifati nerv sistemasi va sezgi organlarining sog‘lom, tetik bo‘lishiga bog‘liqdir. Nerv sistemasi kasal, charchagan yoki biror zahar ta’sirida buzilgan bo‘lsa, idrokning sifati pasayadi; idrok qilish sekinlashadi, idrok obrazlari xiralashadi, ba’zan esa juda ravshandek bo‘lsa ham aslida noaniq, noto‘g‘ri bo‘ladi.
Sezgi organlarida biror nuqson bo‘lsa, idrokning sifati ham o‘zgaradi. Masalan, eshitish va ko‘rish organi zaif bo‘lganda eshitish va ko‘rish idroki to‘la va aniq bo‘lmaydi. O‘qish-o‘qitish ishida ko‘rish va eshitish organlari, ayniqsa, katta ahamiyatga ega. Shuning uchun o‘qituvchi
har bir o‘quvchining sezgi organlari (tibbiyot tekshirishiga qarab) qanday holatda ekanini bilishi kerak. Ko‘zi yaxshi ko‘rmaydigan yoki qulog‘i yaxshi eshitmaydigan o‘quvchilarni oldingi partalarga o‘tkazish zarurdir. Shunday hollar uchraydiki, ayrim o‘quvchilar dars materialini puxta esga olib qola olmaslik yoki, uni o‘qib ololmaslikdan emas, balki yaxshi eshita olmasliklari yoki ko‘ra olmasliklari oqibatida o‘zlashtira olmaydilar. Mavjud tasavvurlar, tajriba va bilimlar, tafakkurning taraqqiyot darajasi, diqqatning faolligi, kishining hislari, qiziqish-havaslari va manfaatlari idrokning sifatini belgilovchi subyektiv yoki psixik shartlardandir.
Biror sohada tajriba, bilim kam bo‘lsa, shu sohaga doir yangi narsani idrok qilishi sekinlashadi, idrok chala, xira va noaniq bo‘ladi. Odamning qaysi bir sohada tajriba va bilimi qanchalik ko‘p bo‘lsa, u shu sohadagi narsalarni shunchalik tez idrok qiladi, idroki esa, mazmunan to‘la,
ravshan va aniq bo‘ladi.Yuqorida ko‘rsatib o‘tilganidek, idrokning sifati uchun his-tuyg‘ular,
diqqat va tafakkurning ahamiyati katta. Idrokning aniqligi, ravonligi, fahmlanganligi diqqat va tafakkurning taraqqiyot darajasiga bog‘liq. Illuziyalar tafakkur orqali tekshiriladi, aniqlanadi va shu tariqa idrokning aniqligiga erishiladi. Shuning uchun pedagog yangi materialni bayon
qilishda avvalo o‘quvchilarda mavjud tasavvur va bilimlarini hisobga olishi kerak. Didaktikaning «ma’lumdan noma’lumga» degan asosiy qoidasidan, avvalo, o‘quvchilarning o‘quv materialini tez, to‘la, aniq idrok qilishni ta’minlash maqsadida foydalanish lozim. O‘quvchilar
idrokining to‘la, ravshan va aniq bo‘lishi uchun o‘qituvchi ta’lim jarayonida o‘quvchilarning diqqatini to‘la jalb qilish va tarbiyalashga, shuningdek, ularda kishiga nisbatan ijobiy hissiyot va qiziqishlar yaratish uchun harakat qilishi lozim.

Yüklə 38,92 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin