5-mavzu. 1970 – 1990-yillarda xalqaro munosabatlar nazariyasidagi o‘zgarishlar reja: Xalqaro munosabatlardagi neoliberal konsepsiyalar. Neorealizmning shakllanishi



Yüklə 52,61 Kb.
tarix07.01.2024
ölçüsü52,61 Kb.
#210555
жахон сиёсати 5-мавзу


5-MAVZU. 1970 – 1990-YILLARDA XALQARO MUNOSABATLAR NAZARIYASIDAGI O‘ZGARISHLAR
Reja:
1. Xalqaro munosabatlardagi neoliberal konsepsiyalar. 2. Neorealizmning shakllanishi.
3. Xalqaro munosabatlarda postmodernistik va neomarksistik qarashlar.
4. Xalqaro integratsiyaning nazariy masalalari.
Hozirgi zamon fransuz geosiyosatchisi Pyer Gallua geosiyosatning fan sifatida rivoj topishining uchta tarixiy bosqichini ajratib ko‘rsatgan:
Protogeosiyosat davri (insoniyat tarixining ilk davrlaridan to Yevropada sanoat inqilobigacha bo‘lgan davr. Bu davr geografik fatalizmga asoslanadi);
Ixtilof geosiyosati davri (sanoat inqilobi davridan boshlab atrof muhitning vahshiylarcha ekspluatatsiya etilishi, global tabiiy falokatlarning insoniyatga tahdid etishigacha bo‘lgan davr);
G‘ayriixtilof geosiyosat davri (tabiat insonlardan “qasos ola boshlaydi”, insonlar bashariyatni xalos qilish, Yer kurrasini kelgusi avlodlarga asrash uchun muvofiqlashtirilgan dunyo siyosatini ishlab chiqish va yurgizish va h.k. yo‘llarni axtara boshlaydi).
Geosiyosatning alohida fan sifatida shakllanishining ibtidosi millatlar va davlatlarning turli geosiyosiy lagerlarga bo‘linishi jarayoniga to‘g‘ri keldi. Bungacha geosiyosat hali uni yaratuvchilarning milliy va davlat mansubligiga, metodologik yondashuviga ko‘ra, qit’alararo geosiyosiy va milliy maktablarga ajralmagan edi.
Taxminan XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab jahonning ba’zi mamlakatlarida milliy geosiyosiy maktablar vujudga kela boshladi va ular o‘z hududlari, qo‘shni yerlar, atrofdagi mamlakatlarning makonlari, inson resurslari, tabiiy-geografik xususiyatlarini, sayyoraning moddiy va ma’naviy boyliklarini o‘rganishga kirishdilar. Tadqiqotchilar o‘sha davrdan boshlab geosiyosatchilarni milliy va davlat mansubiyati, talqin qilgan g‘oya va nazariyalari yo‘nalishiga, qaysi davlatning manfaatlarini aks ettirganiga qarab turli guruhlarga ajratishgan. Ular orasida eng keng tarqalganlari va eng mashhurlari quyidagilardir:
Klassik Yevropa qit’a maktabi; Ingliz-amerika Atlantika markazi;
Rossiya, Xitoy, Yaponiya va boshqa imperiyalarning alohida geosiyosiy markazlari va hozirgi dunyoda mavjud boshqa maktablar.
Bu markazlarning har biri har xil milliy va davlat manfaatlariga asoslangan me’yorlarga tayanib, sayyoraning muhim geosiyosiy, harbiy, geostrategik va siyosiy masalalarini tadqiq etgan va tadqiq qilmoqdalar.
Bundan tashqari, mana yuz yildan oshdiki, mazkur davlatlar va ularning ittifoqlari ishtirokida jahon geosiyosiy va geostrategik masalalari rejalashtirilmoqda, davlatlararo munosabatlar shakllantirilmoqda va boshqarilmoqda, urushlar olib borilmoqda va sulh shartnomalari imzolanmoqda.
Tadqiqotchilar mazkur geosiyosiy maktablarning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida umuman va har biri haqida farqli fikrlar bildirmoqda.
Klassik geosiyosiy strategiyalar asosan davlatning quruqlik, dengiz va havo hududini himoya qilish, atrofdagi mamlakatlar va “g‘ayrimadaniy xalqlar” o‘rnashgan yerlarni o‘zlashtirish, harbiy kuch yordamida imperiya hududini kengaytirish va boshqa geostrategik rejalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, umuman, geosiyosat fan sifatida Yevropada maydonga kelgan va rivojlangan. XIX – XX asrlar klassik geosiyosatining asosiy mutafakkirlari hisoblangan K.Ritter, F.Ratsel, R.Chellen, K.Haushofer va boshqa mualliflar kontinental geosiyosat nazariyasiga asos solganlar. Ular “zaruriy hayotiy makon”, “xartlend”, “dunyo hakami”, “yerlarni bosib olish qonuni”, “O‘rta Yevropa konsepsiyasi”, “kontinental davlat konsepsiyasi”, “qit’a davlatlari bloki g‘oyasi” kabi qator geosiyosiy nazariyalarning asosini ishlab chiqqanlar.
Rossiyalik olim I.Vasilenko millat va milliy hudud g‘oyasiga tayanish vujudga kelgan vaqtidan boshlaboq kontinental geosiyosatning asosiy xususiyatlaridan biri bo‘lgan, deb hisoblaydi. Ingliz-amerika geosiyosatchilari o‘z konsepsiyalarini betaraf makon pozitsiyasidan kelib chiqqan, madaniy va milliy mansublikni e’tibordan soqit qilgan holda rivojlantirgan bir vaqtda yevropaliklar asosiy e’tiborni milliy, ijtimoiy va madaniy omillarni tadqiq qilishga yo‘naltirdilar.
O‘z o‘lkasining milliy-madaniy markazchilik geosiyosatidan kelib chiqqan holda, diniy aqida, tug‘ilgan yer va sof milliy qonga bog‘liqlik negiziga qurilgani kontinental geosiyosatning ikkinchi asosiy xususiyatidir. Bu maktablarning har bir vakili kontinental geosiyosat nazariyasini, eng avvalo, o‘z millati, dini va zaminiga tayangan holda rivojlantirdi.
Aftidan, uzoq muddat milliy davlatiga ega bo‘lishning natijasi shu bo‘ldiki, yevropalik har bir geosiyosatchi o‘z davlatini umumevropa makonining markazi va, binobarin, qit’aning boyliklariga ega bo‘lishga bu davlatning eng ko‘p haqqi bor deb hisoblagan. Tadqiqotchilar kontinental davlatlarni yoshidan kelib chiqqan holda uchta – keksa, yetuk va yosh guruhga ajratgan. Shunga muvofiq ravishda Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Gollandiya, Portugaliya, Daniya, Shvetsiya, Shveytsariya, Rossiyani keksa guruhga, Germaniya, Italiya, Gretsiya, Bolgariya, Belgiya va boshqalarni yetuk guruhga, qolgan davlatlar, chunonchi, Polsha, Avstriya, Ruminiya, Chexoslovakiya va boshqalarni yosh guruhga kiritishgan. Bulardan har birining o‘ziga yarasha talabi va siyosati bor edi.
Bundan tashqari, qit’a davlatlari hududining o‘lchami va egallab turgan tabiiy-geografik makoniga (ya’ni joylashuv yeriga) ko‘ra ham tasnif etilgan. Albatta, hududi katta va aholisi ko‘p bo‘lgan davlatlarning istaklari ham katta bo‘lgan va, binobarin, ularning geosiyosati hujum strategiyasiga asoslangan.
Shuningdek, Yevropa mamlakatlari makon-yerlashuv xarakteristikasiga ko‘ra G‘arbiy Yevropa, Sharqiy Yevropa, Markaziy Yevropa, Skandinaviya va boshqa davlatlarga ajratilgan. Geosiyosiy va geostrategik ma’noda bunday ajratish alohida ahamiyatga ega.
Kontinentalchilarning fikricha, har bir xalq o‘zining takrorlanmas hududiy konsepsiyasini va o‘zi munosib bo‘lgan, faqat unga xos ijtimoiy-madaniy jamiyatni barpo qiladi. Shuning uchun ham ular ingliz-amerika Atlantika maktabi tomonidan targ‘ib etilgan yagona makon, shu jumladan madaniy aynanlik to‘g‘risidagi g‘oyani juda qiyinchilik bilan qabul qilar edilar.
Kontinental Yevropa maktabining geosiyosiy g‘oyalari o‘z davrining turli-tuman masalalarini aks ettirgan va bu bilan geosiyosat fanining aksariyat sohalari va kategoriyalarini qamrab olgan. Bunda, agar XX asrning birinchi yarmida bu maktab yaratuvchilari orasida hali o‘zaro jiddiy qarama-qarshilik tendensiyasi (xususan, nemis-fransuz geosiyosatchilari orasida keskin urush tarafdorlari va gumanist-liberallarni, atlantika va mondialchi nazariyalarning tarafdorlari va muxoliflarini va boshqa jarayonlarni kuzatish mumkin) mavjud bo‘lgan esa, XX asrning intihosidan boshlab ular Yevropa qit’asi bloki g‘oyasini, odatda, bir yoqadan bosh chiqarib, qo‘llab-quvvatlamoqdalar hamda AQShning Atlantika siyosatiga muxoliflik qilmoqdalar.
Kontinental Yevropaga boshqa-boshqa nomlar ostida yondashgan ayrim tadqiqotchilar qit’a geosiyosiy masalalarining ko‘p jihatlarini tadqiq etdilar. Masalan, Chellen Yevropa nazariyotchilari orasida birinchi bo‘lib “o‘q davlatlar”, Nauman – “Oraliq Yevropa”, Haushofer “Berlin – Moskva – Tokio” geosiyosiy bloki tushunchasini ilmiy istilohga kiritdi.
Klassik nemis geosiyosiy nazariyalari: Klassik Yevropa va nemis geosiyosatining asoslarini XIX asr oxirida Fridrix Ratsel va Rudolf Chellen yaratdi, uni XX asrning birinchi yarmida Karl Haushofer, Karl Shmitt va Yevropaning boshqa atoqli geosiyosatchilari davom ettirdi.
Nemis geosiyosat maktabining porloq siymosi hisoblanadigan Fridrix Ratsel (1844-1904) kontinental Yevropa geosiyosat maktabiga va, umuman, geosiyosatning realistik fan sifatida shakllanishiga asos soldi. Nemis geosiyosatchi olimi Otto Maul Fridrix Ratselni geosiyosat fanining haqiqiy asoschisi hisoblab, bunday deb yozgan: “Geosiyosatning taraqqiyotini Ratselsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, shu boisdan ham, masalan, Chellen yoki boshqa birovni geosiyosatning otasi deb aytish mumkin emas, vaholanki ba’zan johillik oqibatida shunday deydiganlar bor. Ratsel geosiyosatning otasidir”.
CH.Darvinning evolyutsiya nazariyasi va sotsial-darvinizm g‘oyalari, K.Ritter, A.Humboldlarning geografik va geosiyosiy nazariyalari F.Ratsel dunyoqarashi hamda geosiyosiy metodologiyasining asosini tashkil etadi. Ko‘pgina tadqiqotchilar sotsiologiyaning asoschisi fransuz olimi O.Kont va ingliz faylasufi G.Spenserning bir qancha konsepsiyalari – evolyutsionizm, geografik muhitning xalqlar, davlatlar taraqqiyotiga ta’siri, siyosiy sistemaning ishlashida, etnoslar va davlatlar hayotida demografik va fazoviy omillarning roli kabi g‘oyalari F.Ratsel qarashlarining shakllanishiga eng ko‘p ta’sir qilgan, deb hisoblaydilar. Ratselning “Yer va hayot. Qiyosiy yershunoslik”, “Xalqshunoslik”, “Siyosiy geografiya” nomli muhim geosiyosiy kitoblarida bu ta’sir ko‘zga ancha yorqinroq tashlanadi.
Ratsel zamonasining ashaddiy millatchilaridan bo‘lgan va, ayrim ma’lumotlarga qaraganda, 1870-1871 yillarda Prussiyaning Fransiyaga qarshi urushida faol ishtirok qilgan.
Ratsel olim sifatida siyosiy geografiyaga asos solib, zamonasining geosiyosiy tafakkuri shakllanishida katta rol o‘ynagan. Germaniyada geografik antropologiya maktabini barpo etgan Ratsel 1875 yildan e’tiboran tabiat va atrof muhitning insonlarga, jamiyatga, hayot tarzining shakllanishi va rivojiga ta’siri masalalarini
o‘rganishga kirishadi. U Darvinning biologik (organik) taraqqiyot nazariyasini insoniyat jamiyatiga tatbiq etar ekan, jiddiy geosiyosiy xulosalar chiqaradi.
“Zaruriy hayotiy makon” geosiyosiy konsepsiyasi Ratsel nomi bilan bog‘liq muhim geosiyosiy nazariyalardan biri hisoblanadi. U “Siyosiy geografiya yoki tijorat, harbiy, davlatlar geografiyasi” (1897) nomli yirik asarida davlatlarning vujudga kelishi va rivojlanishini sistemali tahlil etgan va o‘z geostrategik konsepsiyasini ishlab chiqqan.
Ratsel bu asarida harbiy-strategik konsepsiya tarafdorlari – N.Makiavelli, K.Klauzevits va boshqa geosiyosatchilarning g‘oyalarini rivojlantirib, inson organizmi va davlat orasida o‘xshashlik axtargan.
Ratselning fikricha, davlat – konkret makonda ildiz otgan jonli organizmdir, u tug‘iladi, rivojlanadi, orqaga chekinadi va o‘ladi. Tabiiyki, bu organizm yashash uchun atrofidagi boshqa organizmlar bilan munosabatga kirishadi (jang olib boradi), ularning hayotiy resurslarini egallaydi va yashashda davom etadi. Bu holda hayotiy resurslarini yo‘qotgan xalqning umri poyoniga yetadi.
Davlatni jonli organizm deb bilish Ratsel nazariyasining asosiy qoidalaridan biri bo‘ldi.
Ratsel nazariyasiga muvofiq, davlatning oyoqqa turishi va tuzilishida ayni hayotiy makon muhim siyosiy-geografik omildir. Mavjud makonni suveren idora etish, iqtisodiy, harbiy, ijtimoiy, madaniy va h.k. resurslar ustidan tom nazaorat o‘rnatish davlat mavjudligi va xavfsiz rivojining asosini tashkil etadi.
Ratselning aytishicha, davlatning joylashuv makoni tabiiy chegaralar bilan muhofaza qilingan taqdirdagina mamlakatning rivojiga yordam beradi. Agar xalq o‘z hududida o‘zini tabiiy va xavfsiz his qilsa, u hamisha sobit xarakterli bo‘ladi. Chunki ilk manbadan (makondan) chiqqan xususiyatlar (masalan, ishonch va iroda) endi uning qoniga singib ketgan bo‘ladi.
Olimning aytishicha, makon – hayotiy makon, geobiomuhitdir, u xalqqa hayotiy quvvat beradi. Davlatlar va xalqlarning o‘ziga xos xususiyatlari mana shu geobiomuhitga, xalqlarning undan qanday foydalanishiga bog‘liq. Shuning uchun, geografik ma’noda, davlat albatta uning zamini, hududi bilan bog‘liq holda o‘rganilishi lozim. Hudud (zamin) muayyan quvvat baxsh etibgina qolmay, xalqning xarakterini ham belgilab beradi.
Ratsel konsepsiyasiga ko‘ra, makon o‘zining tabiiy chegaralari va qo‘shnilarning xarakteriga ko‘ra farqlanadi. U bir guruh davlatlarga qilingan bosqinchilik va ularning hududini bosib olish boshqa xalqlar rivojining asosini tashkil etadi, ayni vaqtda xalqning o‘z taqdiri o‘zi yashayotgan hududga bog‘liq ekani tuyg‘usi zaiflashuvi davlat va uning makoni halokatga uchrashining natijasidir, deb da’vo qiladi. Insonning dunyo to‘g‘risidagi qarashlarini u yashayotgan makon belgilab beradi.
Olim “Hozirgi Shimoliy Amerika shaharlari va tamaddunlari xaritasi” (1874) va “Shimoliy Amerika Qo‘shma Shtatlari” (1880) kitoblarida amerikaliklarda makon tuyg‘usining kuchli rivoj topgani sabablarini tadqiq qilgan va Eski Dunyo asta-sekin, ko‘pincha aqlga emas, savqi tabiiyga suyangan holda erishgan hamma narsani amerikaliklar aqlga ish buyurib, tavakkalchilik asosida birdaniga qo‘lga kiritganini qayd qilib o‘tgan.
Ratsel asarlarida “jahon davlati”ning eng muhim manbalari va rivojlanishining mezonlari ko‘rib chiqilgan. U katta davlatlar iloji boricha ko‘p geografik ekspansiyaga intiladi, bu ekspansiya doirasi jahoniy miqyosga ko‘tariladi, degan g‘oyani asoslab bergan ilk nemis klassik geosiyosatchilaridan biri bo‘lgan va mana shundan kelib chiqqan holda, bu jarayonning tabiiy qonuniyati mavjud, degan taxminni ilgari surgan. Ratselning fikricha, Yevropaning qit’a makonlarini birlashtirish va eng yirik qit’a davlati barpo etishga hammadan ko‘ra Germaniyaning tabiiy haqqi bor emish.
O‘zining “Siyosiy geografiya” asarida Ratsel Germaniyaning asosiy iqtisodiy va ijtimoiy mushkilotlariga uning jo‘shqin rivojlanishiga mone bo‘layotgan tor chegaralar, adolatsiz hudud taqsimoti sababchidir, deb yozgan. Olimning fikricha, qudratli davlat barpo etishga intilayotgan mamlakat taqriban 5 million kilometr kvadratlik makonga ega bo‘lishi darkor.
Ratsel “Davlatlarning makoniy kengayishi va hudud ekspansiyasi qonunlari to‘g‘risida” (1901) asarida “Davlatning geosiyosiy shuuri” masalasini keng tadqiq etgan. Bu asari bilan u nemis geosiyosatchilari va davlat arboblariga “dunyoning hozirgi geosiyosiy tuzilishida” mamlakatning o‘rnini belgilashlarida jiddiy yordam berdi.
Ratsel davlatning geosiyosiy ma’nosini, xalqaro va davlatlararo munosabatlar, kurash va urushlardagi o‘rni va rolini, davlatning mavjudligi va rivojida “makonning” moddiy, ma’naviy, psixologik, milliy va boshqa xil ta’sirlarini ochib berishga hamda kelajakdagi Germaniyaning makon-texnologik-hokimiyat tavsifnomasini bayon etishga harakat qildi. Tadqiqotchilarning ko‘pchiligi tomonidan Ratselning bu nazariyasiga nemis ekspansionizmining nazariy va amaliy doktrinasi, deb baho berildi.
Ratsel, shuningdek, geosiyosiy ekspansiyaning yettita qonunini ta’riflab berdi. Muallifning fikricha, ular quyidagilardan iborat:
davlatning makoni uning madaniyati yuksalishi bilan birga kengayib, rivojlanib boradi;
davlat makonining kengayishi uning hayotining boshqa sohalari – g‘oyalar olami, tijorati, ishlab chiqarishi, missionerligi, turli faoliyat sohalarida faolligining yuksalishi va taraqqiy etishi bilan birga yuz beradi;
davlatning rivoji va kengayishi kichik davlatlar va xalqlarning birlashtirilishi hisobiga ro‘y beradi;
chegara – davlatning chekkadagi organidir, u davlatning rivoji, qudrati yoki ojizligi va uning organizmida yuz bergan boshqa o‘zgarishlarning nishonasidir;
davlat atrofdagi yerlarning eng qimmatli elementlarini: sohil bo‘ylari, daryo o‘zanlari, tekisliklar, resurslarga boy rayonlarni jamlash orqali yuksalishga intiladi; davlatlarga o‘z hududini kengaytirishga dastlabki turtki unga qo‘shni
xalqlarning madaniy taraqqiyotidagi farqlar natijasi sifatida tashqaridan beriladi; zaif xalqlar va davlatlarni qo‘shib olish va ishg‘ol etishdan iborat umumiy
tendensiya u davlatdan bu davlatga o‘tib, yanada kuchayib boradi va tobora kattaroq hududlarni ishg‘ol etish bilan asta-sekin yakunlanadi .
Tadqiqotchilar Ratsel tomonidan bayon etilgan ekspansiyaning bu yetti qonuni XIX asr oxirida mavjud bo‘lgan xalqaro munosabatlarni to‘la aks ettirgan, deb hisoblashadi. Mana shu narsa iste’dodli geosiyosatchining diqqatini jalb etgan.
Ratselning geosiyosiy faoliyati va ijodi boshqa muhim sohalarni ham qamrab olgan. Masalan, insoniyat taraqqiyotida dengizning roliga to‘xtalar ekan, olim kishilarning ilk bora dengizga chiqishini “bashariyatning jahon tarixining ibtidosi” sifatida ta’rifladi va geografik determinizm tarafdorlarining g‘oyasini rivojlantirdi. Ratsel insoniyat sivilizatsiyasi rivojida dengizning ahamiyati asta-sekin ortib borishi to‘g‘risidagi fikrni birinchi bo‘lib aytganlardan biri bo‘ldi. “Dengiz – xalqlar qudratining manbai” (1900) kitobida u geosiyosat asoslanadigan geografik determinizm va sivilizatsion yondashuv g‘oyalarini keng tahlil qildi, dengizning roli katta ekani to‘g‘risidagi fikrni ilgari surdi. Ratsel bunday deb yozdi: “Agar xalqshunoslik ilmi faqat dehqonlar va chorvadorlar, ko‘chmanchilar va ovchilar hayoti bilan cheklanib qolsa, u mukammal deb hisoblanishi mumkin emas”. Uning fikricha, dengiz bo‘yida yashovchi xalqlar original guruhga mansubdir: ularning tarqalishi, turmush tarzi, faoliyati o‘ziga xosdir. Dengizchi xalqlar oroldan orolga, sohildan sohilga ko‘chib yurishadi.
Uning fikricha, dengizi bo‘lgan davlatgina, masalan, Rim, Ispaniya, Buyuk Britaniya singari davlatlar haqiqiy dunyo davlati bo‘lishi mumkin.
Ratsel inson hayotida iqlimning ahamiyatini ham tahlil qilar ekan, iqlimning inson xarakteri, madaniyati, turmush tarziga ta’siri masalalariga alohida to‘xtaldi.
Geosiyosiy adabiyotlarda Ratsel umuman butun Yevropa klassik geosiyosatining, xususan, “sivilizatsion yondashuv” va “harbiy-strategik” geosiyosiy nazariyalarning asoschisi deb hisoblanadi.
Harbiy-strategik geosiyosiy nazariyani rivojlantirgan Ratsel XIX asrda ilk bora Yevropada va jahonda davlatlararo aloqalar va xalqaro munosabatlarning muayyan real sistemasini yaratishga harakat qildi.
Ko‘rinyaptiki, Ratsel davlatlarning strategik va siyosiy rivoji qonuniyatlarini, urush va hudud ishg‘oli hodisalarining sabab va oqibatlari, davlat va xalqlar hayotida urushning roli va boshqa geostrategik muammolarni o‘rgangan birinchi realist geosiyosatchi bo‘ldi va muayyan geosiyosiy umumlashmalar chiqardi.
Ratselning fikricha, agar tabiiy muhit (geografik determinizm) insonlar hayotiga ta’sir o‘tkazuvchi birinchi asosiy omil bo‘lsa, madaniy taraqqiyot darajasi va madaniy tafovutlar (ko‘chmanchi yoki o‘troq turmush tarzi, dehqonchilik yoki chorvachilik madaniyati va h.k.) ikkinchi omildir. Xitoy va Hindiston aholisining zichligini, Mo‘g‘uliston va Tibet ko‘chmanchilari, Sharqiy Turkiston xalqlarini misol keltirgan olim dehqonchilik madaniyati keng tarqalgan joylarda aholining zichligi yuqori darajada, hayot barqaror va madaniyat rivojlangan bo‘ladi, degan xulosaga keladi.
Ratselning fikricha, zaif xalqlar ikki holatda: o‘z-o‘zini mahv etgan taqdirda va madaniyati yuksakroq xalqning ta’siri ostida tarix maydonidan chiqib ketadi. Har ikkala sabab o‘zaro bog‘liq va birgalikda sodir bo‘ladi. Olim xalqlar juda kamyob hollarda o‘z-o‘zini mahv qiladi, deb hisoblagan. Ko‘p hollarda xalq yanada kuchliroq xalq tomonidan assimilyatsiya etiladi.
Nemisparast shved olimi Rudolf Chellen (1864-1932) Yevropa va nemis klassik geosiyosat maktabining asosiy yaratuvchilaridan biri hisoblanadi. O‘zini F.Ratselning shogirdi deb hisoblagan Chellen ham geosiyosat tushunchasining mualliflaridan biri bo‘ldi. U geosiyosatga siyosatshunoslikning tarkibiy qismi deb qarab, bu fanni “konkret makonda joylashgan, rivojlanib va doimo kengayib boradigan jonli geografik va biologik organizm – davlat” haqidagi fan deya ta’rifladi.
Birinchi Jahon urushidan va Versal sulh bitimi imzolangandan keyin Chellen ulkan geosiyosatda muhim rol o‘ynaydigan uch geografik omil to‘g‘risidagi tezisini asoslab berdi. U hududning kengayishi, hududiy yaxlitlik va harakat erkinligini bu omillarga oid deb hisobladi.
Chellen dengiz floti va dengiz yo‘llarida hukmron bo‘lgani tufayli Buyuk Britaniya boshqalarga qaraganda ko‘proq harakat erkinligiga ega bo‘lgan, deya tasdiqlagan. Buyuk Britaniyaga hudud kengayishi omili ham xosdir. Biroq, katta mustamlakalari bo‘lishiga qaramay, Britaniya hududiy yaxlitlikka ega emas. Britaniyaning mustamlakalari yer yuzasining 24 foyizini egallashiga qaramay, jahonning turli tomonlariga sochilgani ingliz siyosatining zaif tomonidir. Olimning fikricha, keng hududga ega bo‘lgan Rossiya hududiy jihatdan yaxlitdir. Ammo uning harakat erkinligi yo‘q, chunki keng dengizlarga chiqish imkoni chegaralangan.
Xuddi Ratsel singari, Chellen ham davlatni jonli organizm deb hisoblagan. O‘zining “Davlat hayot shakli sifatida” (1916) asarida mazkur tezisni ilgari surar ekan, u davlat – inson hayotining har xil tomonlarining tasodifiy yoki sun’iy yig‘indisi emas, deb yozgan edi. Davlat yanada teran tarixiy va konkret realliklarga tomir otgan, unga organik rivojlanish xos, u inson singari fundamental tipning ifodasidir. Bir so‘z bilan aytganda, davlat biologik tuzilma yoki donli mavjudotdir.
Agar Ratselning biologik sistemasida davlat quyi tipdagi organizm bo‘lsa, Chellenga ko‘ra, davlat xuddi inson kabi hissiyotli va fikrlovchi mavjudotdir. Shundan kelib chiqqan holda, Chellen har qanday organizmning mohiyati yashash uchun kurashdan iborat, degan xulosa chiqaradi. U davlatning yashashida kuch, quvvat eng muhim omildir, deb qayd qiladi. Chunki qonunlar faqat davlatning kuchi, qudratidan quvvat oladi. Agar qonun davlatga ma’naviy-oqilona elementlar baxsh etsa, kuch unga tabiiy organik turtki beradi.
Ratselning “muhit va davlat – bir butunlikdir” degan fikrini rivojlantirgan Chellenning aytishicha, davlat xususiy sistema o‘laroq quyidagi hayotiy muhim sohalar mutlaqo bo‘lishini taqozo etadi:
davlat – yagona geografik makon; davlat – bir butun xalq;
davlat – yagona xo‘jalik;
davlat – normalari bo‘lgan shakllangan jamiyat;
davlat – hamma uchun majburiy bo‘lgan yagona boshqaruv.
Chellen va Ratselga qadar har qanday davlat va xalq mavjud bo‘lishi uchun uchta muhim tarixiy omil (bu haqda Monteskye va boshqa mutafakkirlar fikr bildirgan) va Vestfal bitimida ko‘rsatilgan to‘rtta asosiy element bo‘lishi kerakligi ma’lum edi. lekin bu ikki nafar geosiyosatchi bashariyatning u davrgacha mavjud
bo‘lgan davlat tushunchasini jiddiy tarzda kengaytirib, sistemalashtirib va nihoyasiga yetkazib, davlat to‘g‘risida haqiqiy ta’limot yaratdilar.
Chellenning ta’limotida fizik-geografik belgilaridan tashqari, davlat o‘z mohiyatini yana to‘rtta shaklda namoyon etadi:
o‘ziga xos faol xo‘jalik faoliyati bilan ajralib turadigan shaklda – iqtisodiy siyosat;
milliy va etnik xususiyatlari mavjud xalq sifatida – demosiyosat;
turli sinflar va kasb egalarining ijtimoiy birligi sifatida – sotsiosiyosat;
o‘z konstitutsion va ma’muriy tuzilmasi bo‘lgan davlat boshqaruvi shaklida – kratosiyosat.
Chellenning fikricha, bir qo‘lda besh barmoq bo‘lgani singari, davlat ham beshta tarkibiy elementdan tashkil topadi, bu elementlar uni yagona quvvatga aylantiradi. Bu kuch tinchlik davrida mehnat qiladi, urush vaqtida bo‘lsa, kurash olib boradi va himoyalanadi.
Kapitalistik ishlab chiqarish usulining erkin raqobatdan davlat-monopolistik kapitalizmiga o‘tishi, shuningdek bo‘lingan dunyoni qaytadan bo‘lib olish uchun boshlangan Birinchi Jahon urushi Chellenning geosiyosiy qarashlariga katta ta’sir ko‘rsatdi. Keyingi yillarda Chellen dunyoni qaytadan bo‘lib olish natijalarini geosiyosatchi olim sifatida faqat nazariy jihatdan tahlil etibgina qolmay, balki fashist diktaturasining o‘rnatilishida amaliy ishtirok ham qilgan. Gitlerning natsional-sotsializm g‘oyasini targ‘ib qilgan, parlamentarizmni yo‘q qilish, imperator hokimiyatini o‘rnatish yoki hokimiyatni bir qo‘lda markazlashtirish tarafdori sifatida chiqqan Chellen siyosiy demokratiya tarixda boshqaruvning oxirgi shakli bo‘lmaydi, deb yozdi.
Germaniyaning qo‘shni davlatlar hududini bosib olishini tabiiy va “qonuniy” deb yozgan Chellen “davlatning muqarrar rivoji” uchun kichik mamlakatlar va xalqlarning vaziyati tabiiy ravishda og‘irlashadi, deb yozdi. Muallifning aytishicha, buyuk davlatlar vujudga kelishi bilan kichik davlatlarning ahvoli og‘irlashadi, chunki “kichik davlatlar... yo chekka joylarga siqib chiqariladi, yoki chegara rayonlariga chekinadi, yoxud yo‘q bo‘lib ketadi. Bu o‘rinda adolat va adolatsizlik tushunchalari tatbiq etilmasligi lozim”. Chellenning da’vosiga ko‘ra, siyosatchi, davlat arbobi bu tabiiy talabga yo‘l ochishda erkin va unga malomat qilishga hech kimning haqqi yo‘q.
Chellenning fikricha, urush xalq ommasiga “ish” va “non” berish uchun olib boriladi. Kuchli davlatlarning hukumatlari uchun erkin tanlash imkoniyati yo‘q. Ular shafqatsiz zaruriyat qonuniga bo‘ysunishga majburdir. Bu esa ularni chegaradan tashqaridagi yaqinlari to‘g‘risida qayg‘urishga undaydi. Boshqa so‘zlar bilan aytganda, urush davlat organizmning rivojini ta’minlaydi va kishilar bu fakt oldida chorasizdir. Davlat organizmning rivoji uchun makon borasida kurash olib borish tabiatning azaliy va abadiy qonuniga tobedir .
Shunday qilib, Chellen fan va siyosatga yangi geosiyosiy atamalar va sharhlar muallifi sifatida kiribgina qolmay, Uchinchi Reyx siyosatining asosini tashkil etgan ko‘pgina konsepsiyalar muallifi sifatida ham nom chiqargan. Yirik nemis olim Karl Haushofer R.Chellenning “Davlat hayot shakli sifatida” kitobiga juda yuksak baho bergan.
Yüklə 52,61 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©www.azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin