I BOB. JINOYAT HUQUQI TUSHUNCHASI,
PREDMETI, METODI, VAZIFALARI VA
PRINSIPLARI
1-§. Jinoyat huquqi tushunchasi
Ma’lumki, jinoyat huquqi tushunchasi bir necha ma’nolarda
qo‘llaniladi, bular: 1) qonun sohasi; 2) huquq tarmog‘i; 3) fan tarmog‘i; 4)
o‘quv predmeti.
Jinoyat huquqi qonun hujjatlari tarmog‘i sifatida O‘zbekiston
Respublikasi qonun chiqaruvchi hokimiyati oliy organi – Oliy Majlis
tomonidan qabul qilinadigan, jinoiy javobgarlikning umumiy asoslari va
prinsiplarini, jinoyat deb hisoblanadigan qilmishlar doirasi, ularni
sodir
etganlik uchun javobgarlik, jazo tayinlash, jazo turlari va hajmi, jinoiy
javobgarlik va
jazodan ozod qilish asoslari, jazo hisoblanmaydigan boshqa
jinoiy-huquqiy ta’sir choralarini belgilovchi huquq normalari tizimini
o‘zida ifoda etadi.
Jinoyat to‘g‘risidagi milliy qonun hujjatlari
JKning 1-moddasiga
ko‘ra Konstitutsiya va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga
asoslangan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksidan
iboratdir. Bu moddaning ahamiyati shundaki, unda faqatgina Jinoyat
kodeksi
bilan belgilanadigan, Konstitutsiya va xalqaro huquqning
umume’tirof etilgan normalariga zid kelmaydigan jinoyat
qonunchiligining
manbalari aniq ko‘rsatilgan. Qonun chiqaruvchi organ, ya’ni Oliy
Majlisning rasmiy hujjati hisoblanuvchi Jinoyat kodeksiga huquqning
mazkur sohasidagi yagona manba maqomini berish, barcha huquqiy
normalarni
bir qonunda jamlash, ularni tizimlilik prinsipidan kelib chiqqan
holda muayyan ketma-ketlikda joylashtirish, barcha
qonunlar haqida yaxlit
tasavvurga ega bo‘lish, huquqni qo‘llovchilarning qonunlardan
foydalanishlari uchun barcha qulayliklarni yaratish imkonini beradi.
Aksariyat hollarda jinoyat huquqi, o‘zining
predmeti, metodi va
vazifalari bilan farqlanuvchi huquq sohasi va O‘zbekiston Respublikasi
huquq tizimining tarkibiy qismi sifatida qaraladi.
7